Olim

MUQIMOV KAMIL

Fizika-matematika fanlari doktori, professor, O‘zRFA akademigi

Kamil Muqimov 1940-yil 14 fevralda Buxoro viloyatining G‘ijduvon tumanida tug‘ilgan. U “Do‘stlik” ordeni (2024y.), “Mehnat Faxriysi” ko‘krak nishoni (2023y.), Buxoro davlat universitetining bozor iqtisodiyoti sharoitidagi dinamik rivojlanishi va yangi loyihalarni qo‘llagani uchun Fransiyaning oltin medali (2000 y.) va bir qator Faxriy yorliqlar bilan taqdirlangan. 

Mehnat faoliyatini 1964-yilda Lomonosov nomidagi Moskva davlat universitetining fizika fakultetini tamomlagandan so‘ng O‘zbekiston SSR Fanlar akademiyasi Kibernetika institutida ilmiy xodim sifatida boshlagan. O‘sha yili Lomonosov nomidagi Moskva davlat universitetining fizika fakultetining aspiranturasiga o‘qishga kirdi.

1969-yilda “Ba’zi yumshoq magnit polikristalli ferritlarning gisterezis halqasi shaklini o‘rganish” mavzusida nomzodlik dissertatsiyasini muvaffaqiyatli himoya qilgan.

  

1967-1970-yillarda Toshkent davlat universiteti “Fizika” fakultetida assistent, 1970-1975-yillarda katta o‘qituvchi va dotsent, 1975-1992-yillarda Toshkent davlat universiteti “Optika” kafedrasi mudiri, Fizika fakulteti dekani lavozimlarida ishlagan. Bu davrda uning rahbarligida universitetda “Magnitooptika” yangi ilmiy yo‘nalishi yaratildi. 

 

1992-yilda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining farmoniga asosan Buxoro davlat universitetining birinchi rektori etib tayinlandi. Bu lavozimda 2005-yilga qadar faoliyat ko‘rsatdi. 2005-2021-yillarda Mirzo Ulug‘bek nomidagi O‘zbekiston Milliy universiteti huzuridagi “Amaliy fizika” ilmiy-tekshirish institutida “Optika” laboratoriyasi mudiri lavozimida ishladi. 2021-yildan hozirgacha – Mirzo Ulug‘bek nomidagi O‘zbekiston Milliy universiteti huzuridagi “Nanotexnologiyalarni rivojlantirish markazi” direktori vazifasida ishlamoqda. Umumiy mehnat faoliyati 61 yil.

Komil Muqimov 1988-yilda “Ferrimagnit dielektriklarda magnitоoptik hodisalar” mavzusida doktorlik dissertatsiyasini himoya qildi. 2017-yilda uning “Mitti bunyodkorlar yoxud nanotexnologiyalar nima” nomli ilmiy-ommabop kitobi (44200 nusxada) chop etilgan va respublikaning barcha maktablariga tarqatildi. 

 

Akademik K.M. Muqimovning 300 ga yaqin ilmiy maqolalari, o‘quv qo‘llanma va monografiyalari nashr etilgan. U 12 ta nomzodlik dissertatsiyasiga rahbarlik va 4 fan doktori dissertatsiyasiga ilmiy maslahatchi bo‘lgan.

K.Muqimov mamlakatimizdagi ilm-fan va ta’limning yetuk olimlari, tashkilotchilaridan biri sanaladi. 1994-yilda O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasining muxbir a’zosi, 2000-yilda esa haqiqiy a’zosi etib saylangan. 



 K. Muqimov tashabbuslari bilan Buxoroda O‘zR FAning ilmiy markazi tashkil qilindi, dunyoning nufuzli universitetlari AQShning Merilend va Garvard universiteti, Fransiyaning Parij – Syud 11 va Nitssa, Grenobl universitetlari, Koreyaning Seul universiteti va KOICA tashkiloti, Angliyaning Kembrij universiteti, Misr Arab Respublikasining Ayn-shams, Qohira universitetlari bilan o‘quv-ilmiy va xalqaro TEMPUS granti asosida hamkorlikda kadrlar tayyorlash sohasida aloqalar o‘rnatildi.



Universitetda iqtisodiyot va agrar fakultetlari ochildi, 36 yo‘nalishda bakalavr, 18 mutaxassislikda magistratura, 23 ixtisoslikda aspirantura va 4 ixtisoslik bo‘yicha doktorantura ochishga erishildi va zamon talablariga javob beradigan kadrlar tayyorlash yo‘lga qo‘yildi. Davlat ilmiy-texnika dasturlarida bajariladigan fundamental, amaliy va innovatsion loyihalar bo‘yicha 30 dan ortiq davlat va 20 dan ortiq xalqaro grantlar olishga erishildi. 



Ta’lim tizimida yangilik bo‘lgan test tizimini joriy qilish uchun respublika davlat test markazi tomonidan o‘tkazilgan konferensiyaning tashkilotchisi sifatida muvaffaqiyatli tashkil qilib, OTMlarga qabul imtihonlarini shaffofligini ta’minlash maqsadida joriy qilingan yangicha test tizimi respublikada birinchilar qatorida Buxoro davlat universiteti (6 ta yo‘nalish)da amalga oshirildi. 

Uning tashabbusi va rahbarligida universitetda 10 dan ortiq xalqaro, 50 ga yaqin ilmiy-nazariy konferensiyalar o‘tkazildi. Xalqaro ilmiy anjumanlarda dunyoning 41 davlatidan mashhur fizik olimlar, shu sohaning mutaxassislari qatnashib, chuqur ilmiy ma’ruzalar qilinib, muhim yechimlarga erishildi.

 

Elektron kutubxona tashkil qilish, nufuzli chet el davlatlarining kutubxonalaridan (Fransiya, Germani-ya) elektron nusxalarni foydalanish yo‘lga qo‘yildi. Buxoro davlat universiteti Respublika oliy o‘quv yurtlari ichida reyting bo‘yicha kuchli beshlikka kiritildi.



K. Muqimov professor-o‘qituvchilarga haq to‘lashni differensiyalashgan usulini birinchilardan bo‘lib Buxoro davlat universitetida joriy qilinishini ta’minlab, ta’lim muassasasining ilmiy salohiyati sezilarli oshishi va respublikada yetakchi o‘rinlarga chiqishiga erishdi. 

Uning tashabbusi bilan Markaziy Osiyoda yagona bo‘lgan “Magni-tooptika, magnetiklar spektrokopiyasi” ilmiy maktabi yaratildi.

Universitetda ilmiy ishlarni rivojlantirish maqsadida 2 ta ilmiy jurnal: “Buxoro davlat universiteti ilmiy axborotlari” va “Pedagogik mahorat” jurnallari muntazam nashr etilishi yo‘lga qo‘yildi. Keyinchalik respublika miqyosida birinchi marta “Psixologiya” jurnali chop etila boshlandi.

 

K.M. Muqimov raxnomoligida universitet olimlari quyidagi yo‘nalishlarda ilmiy-tadqiqot ishlarini olib bordilar. Jumladan: 

– Noan’anaviy energiya manbalaridan foydalanish bo‘yicha ilmiy-tadqiqot ishlarida mevalarni va dorivor o‘simliklarni quyosh energiyasidan foydalanib quritish qurilmalari yaratildi va ularning ish rejimlari o‘rganilib, natijalari ishlab chiqarishga tavsiya etildi. Bu ilmiy yo‘nalish bo‘yicha 3 ta nomzodlik dissertatsiyasi muvaffaqiyatli himoya qilindi; 

 

– Quyosh suv chuchitgichi misolida, suv chuchitgichi qurilmasining foydali ish koeffitsiyentini oshirish yo‘llari o‘rganildi. Tiniq izolyatsiyaning qatma-qat quyilishi va bug‘-havo aralashmasi sirkulyatsiyasining amalga oshirilishi, qurilmada bug‘lanish va kondensatsiya jarayonini yaxshilashga olib keladi. Qurilmada avvaldan mavjud qiya pog‘onali qurilmalarga nisbatan 15% samaradorlik yuqori bo‘lishi ta’minlangan. Shu ilmiy ish asosida 2 ta nomzodlik dissertatsiyasi muvaffaqiyatli himoya qilindi.2 monografiya va o‘quv qo‘llanma chop etildi; 



– Past haroratli gelioqurilmalar, quyosh muzlatgichlari va quyosh suv chuchitgichlarining energetik tahlili o‘tkazilgan. Bu qurilmalar uchun issiqlik va energetik hisoblashlar amalga oshirilib, ularda issiqlik va massa almashinuv jarayonlarini yaxshilash imkoniyatlari mavjudligi tadqiq qilingan. Bu yo‘nalishda 1 ta doktorlik va 2 nomzodlik ishlari himoya qilindi, 1 patent olindi, monografiya chop qilindi; 



– K.M. Muqimov oliy ta’lim muassasalariga qabul kvotalarini test tizimii asosida qabul qilish tizimini takomillashtirish, bo‘yicha Respublika Davlat Test Markazi bilan hamkorlikda o‘tkazilgan konferensiyaning tashkilotchisi bo‘lgan. 



– 1995-yildan Buxoro davlat universitetida professor-o‘qituvchilarga differensiyallashgan reyting tizimi asosida haq to‘lashni birinchilardan bo‘lib joriy qilingan. 



– 1996-yil K.M. Muqimov tashabbusi bilan BuxDUda “Oliy ta’lim tizimida talabalar bilimini baholashning reyting tizimini joriy qilish” mavzusida Respublika miqyosidagi konferensiya o‘tkazilgan. Universitetda talabalar bilimini baholashning reyting tizimi joriy qilingan. 



 – 2002-2004-yillarda ikki marta “Yadro fizikasining istiqbollari” mavzusida xalqaro konferensiya o‘tkazildi, bu konferensiya Toshkentda O‘zR FAning yadro fizikasi ilmiy tadqiqot instituti, Samarqand davlat universiteti va Buxoro davlat universiteti bilan hamkorlikda o‘tkazildi. Ushbu konferensiyada dunyoning 41 mamlakatidan mutaxassis olimlar qatnashdi va tegishli ijobiy xulosalar qilindi; 



 – Fizika o‘qitish samaradorligini oshirish uchun yangi pedagogik texnologiyalardan, shu jumladan, interfaol usullardan foydalanish bo‘yicha ilmiy-tadqiqot ishlari olib borildi. “Fizika ta’limida davriylik qonuniyati” mavzusida ilmiy-tadqiqot ishlari natijalari viloyat o‘rta maxsus kasb-hunar ta’limi va xalq ta’limi tizimi jarayoniga tatbiq etishga tavsiya etilgan va 1 ta doktorlik va 2 ta nomzodlik dissertatsiya ishi himoya qilindi, 2 patent olindi, darslik, o‘quv qo‘llanma va monografiya chop etildi; 



– Axborot kommunikatsion texnologiyalarni o‘quv jarayoniga tatbiq etish yo‘nalishida ilmiy-tadqiqot ishlari olib borildi. Mazkur yo‘nalishda 3 nomzodlik va 2 doktorlik dissertatsiyalari himoya qilindi, 2 patent olindi, 1 darslik, 2 o‘quv qo‘llanma chop etildi; 



 – Chizmachilik va tasviriy san’atning fanlararo aloqadorligi hamda zamonaviy o‘qitish usullari sohasida ilmiy-tadqiqot ishlari olib borildi. Ushbu yo‘nalishda 1 doktorlik (D.Qo‘chqorova) va 3 nomzodlik dissertasiyalari himoya qilindi;



– Hududiy marketing yondashuvida “O‘zbekistonda turistik oqimlarni oshirish yo‘llari” mavzusida O‘zbekiston turizm sohasini bozor munosabatlariga moslashtirishga qaratilgan turistik hududlashtirish siyosatini amalga oshirish, Respublikada xalqaro turizmni rivojlantirish, xalqaro turistik xizmatlar bozorini o‘rganish, turistik hududlashtirish yo‘nalishida ishlar amalga oshirildi. Ushbu yo‘nalishda 3 nomzodlik dissertatsion ishlari muvaffaqiyatli himoya qilindi; 



– Kichik biznes va xususiy tadbirkorlikni rivojlantirish borasida ilmiy tadqiqot ishlari amalga oshirildi. Mazkur yo‘nalishda 1 ta doktorlik ishi va 2 ta nomzodlik dissertatsiyalari himoya qilindi; 



– “Tabiiy va sintetik polimerlar asosida kompozitsion materiallar yaratish va ularni qo‘llash” yo‘nalishida respublikamizda mavjud bo‘lgan xom-ashyolar: guruch kraxmali, poliakril amid, akril emulsiyasi va Na-KMS asosida turli kompozitlar tayyorlanib, ularning fizik-kimyoviy va texnologik xossalari o‘rganildi. Olingan ilmiy ish natijalariga asoslangan holda yuqori samaradorlikka ega bo‘lgan ohorlovchi va quyuqlashtiruvchi kompozitsion materiallar yaratilib, ularning texnologik asoslari ishlab chiqildi. Olingan ilmiy ish natijalari respublikamizning to‘qimachilik va yengil sanoat sohasida keng qo‘llanilmoqda. Shu ilmiy ish asosida 1 doktorlik, 8 nomzodlik dissertatsiyasi himoya qilindi va 5 patent olindi, 3 monografiya darslik, 2 o‘quv qo‘llanma chop etildi;



– «Geterohalqali (met)akril mono-merlarining sintezi, polimerlanishi va sopolimerlanishi qonuniyatlari hamda fizik-kimyoviy xossalarini o‘rganish» yo‘nalishida polimerlar kimyosi ilmiy-nazariy asoslari bilan bog‘liq masalalar geterohalqali (met)akril monomerlar misolida o‘rganildi; 



– Sintez qilingan bir qator ligand va kompleks birikmalarning tuzilishi va xossalari o‘rganildi. Uchta yangi moddaning kristall tuzilishi PCA usuli bilan talqin qilindi va 12 modda monokristallari RSA uchun O‘zR FA o‘simlik moddalar instituti laboratoriyasiga topshirildi. Ushbu yo‘nalishda 1 nomzodlik dissertatsiyasi himoya qilindi; 



– «Razrabotka biotexnologicheskix sposobov ochistki vody ot razlichnyx zagryazneniy» ilmiy-tadqiqot yo‘nalishi asosida Buxoro va Navoiy viloyatlari korxonalaridan chiqadigan oqova suvlariga xlorokok yashil suv o‘tlari hamda yuksak suv o‘simliklari ekilib, ularning o‘sishi, rivojlanishi va hosildorligi hamda oqava suvlarini tozalash darajasi, ishlab chiqarish miqyosida o‘rganildi va bu texnologiya ishlab chiqarishga tavsiya qilingan. Ushbu yo‘nalishda 1 doktorlik va 4 nomzodlik ishlari himoya qilindi, 2 patent olindi,darslik va o‘quv qo‘llanma chop etildi; 



 

K.M. Muqimovning tashabbusi bilan universitetda bajarilayotgan ilmiy tadqiqot ishlarining samaradorligi va natijalarini xalq xo‘jaligining turli sohalarida qo‘llash fan va ishlab chiqarishning innovatsion korporativ (o‘zaro manfaatli) hamkorligining samarali mexanizmini yo‘lga qo‘yish yuzasidan yaxshi natijalarga erishildi.



 Yuqori malakali kadrlar tayyorlash va ularni ish o‘rinlari bilan ta’minlash jarayonida ishlab chiqarishning rolini kuchaytirish, universitet tizimida amalga oshirilayotgan tadqiqotlarning natijaviy samaradorligini yanada oshirish, professor-o‘qituvchilar va mutaxassis-olimlar tomonidan olib borilayotgan ilmiy-tadqiqot faoliyati natijasida yaratilayotgan ilmiy-texnologik ishlanmalarning tegishli sohalarga korporativ hamkorligini ta’minlash borasida universitet huzurida “Biotexnologiya muammolari”, “Geliofizika va quyosh energiyasidan foydalanish”, “Geliopoligon”, “Cho‘l ekosistemasi muammolari” kabi ilmiy laboratoriyalari tashkil etildi. 



 Shuningdek “Ekologik markaz”, “Psixologik xizmat ko‘rsatish markazi”, “Sotsiologik tadqiqotlar markazi” “Innovatsion ilm-ta’lim texnologiyalari markazi” va h.k. samarali faoliyat ko‘rsatib ilm-fan yutuqlarini hayotga, bevosita ishlab chiqarishga tatbiq etishda universitet rektori akademik Komil Muqimovning jonkuyarligi alohida ahamiyat kasb etdi.

 

K. Muqimovichning tashabbusi bilan 1992-1993 o‘quv yilidan ta’lim uzluksizligi va ilm-fanni rivojlantirish uchun iqtidorli yoshlarni shu sohaga jalb qilish maqsadida Respublikada birinchilardan bo‘lib universitet huzurida maktab-gimnaziya tashkil qilindi. Akademik litsey va kasb-hunar kollejlarida, bakalavriat va magistraturada o‘qiydigan iqtidorli yoshlarni mustaqil ishlashi, ularni ilmiy ishlarga yo‘naltirish va qiziqtirish maqsadida universitetda “Yoshlar Akademiyasi” tashkil qilindi, ularda 521 nafar iqtidorli o‘quvchi-talabalar faoliyat ko‘rsatdi.



Bugungi kunda u O‘zbekiston Milliy universiteti qoshidagi Nanotexnologiyalarni rivojlantirish markazi rahbari lavozimida ishlar ekan, o‘zining kasbiy tajribasi va innovatsion texnologiyalar sohasida to‘plangan bilimidan foydalanib, shogirdlari bilan birgalikda 2030-yilgacha O‘zbekistonda nanotexnologiyalarni rivojlantirish konsepsiyasi”ni amalga oshirishni taklif qildi. 



 K. Muqimov “Uzbekskiy fizicheskiy jurnal”, “Fan va texnologiyalar taraqqiyoti” ilmiy-texnikaviy jurnali va “Pedagogik mahorat” jurnali tahririyati a’zosi. 2017-yildan hozirgacha Samarqand davlat universiteti qoshidagi PhD va DS ilmiy darajalarini berish bo‘yicha ilmiy kengash a’zosi. 

Toshkent shahri va Buxoro viloyatidagi maktablarda keng ko‘lamli o‘quv va kasb-hunarga yo‘naltirish ishlarini olib boradi, turli davlat tadbirlarida faol ishtirok etadi, seminar-treninglar o‘tkazadi, bilim va tajribasi bilan o‘rtoqlashadi.

K. Muqimov uzoq yillar davomida fan va innovatsion texnologiyalar sohasida xalqaro ilmiy aloqalarni rivojlantirishga faol yordam berib kelmoqda. U AQSh, Buyuk Britaniya, Fransiya, Janubiy Koreya, Misrdagi tadqiqot markazlarida bo‘lgan. Ayni paytda Nanotexnologiyalarni rivojlantirish markazi Xitoy, Janubiy Koreya, Eron, Rossiya, Belarus olimlari bilan faol hamkorlik qilmoqda