Olim

XOLLIYEV ASKAR ERGASHOVICH

Biologiya fanlari doktori, professor

   Xolliyev Askar Ergashovich, biologiya fanlari doktori, professor. 1959-yil 27-oktabrda  Buxoro viloyati  Qorako‘l tumanida tug‘ilgan.1976-yilda o‘rta maktabni tugatgan. 1981-1985 yillarda SamDU biologiya fakultetini imtiyozli diplom bilan tugatgan.1988-yilda SamDU aspiranturasiga kirib, 1991-yilda nomzodlik dissertatsiyasini muddatidan oldin himoya  qilgan.1998-yilda dotsent ilmiy unvonini olgan. 2001-yildan hozirgacha Buxoro davlat universitetida faoliyat yuritib kelmoqda. 2016-yilda doktorlik dissertatsiyasini himoya qilib, 2020-yilda professor unvoniga ega bo‘lgan. Ayni paytda BuxDU Botanika va o‘simliklar fiziologiyasi kafedrasi mudiri lavozimida ishlab kelmoqda. Ilmiy-pedagogik faoliyati 40 yil. Biologiya fanlari doktori, professor A.E. Xolliyev o‘z sohasi bo‘yicha yirik biolog-ekolog olimlardan biridir. Atoqli olim mustaqillik yillarida fitofiziologlar maktabi an’analari va xazinasini boyitish borasida samarali ilmiy faoliyat olib borib, yoshlarning ilmiy salohiyatini yuksaltirishga, mamlakatimizda biologiya, o‘simliklar fiziologiyasi va ekologiya fanlarining rivojlanishini ta’minlashga katta hissa qo‘shib kelmoqda.



   Uning tajribalarga asoslangan qator eksperimental tadqiqotlari, jumladan, g‘o‘za, bug‘doy va boshqa dukkakli don ekinlarining fiziologiyasi, suv almashinuvi, ekofiziologiyasi va abiotik stressorlarga chidamlilik fiziologiyasi masalalariga bag‘ishlangan fundamental va amaliy hamda ilmiy ishlari o‘zbek fitofiziologlar maktabining xalqaro miqyosda e’tirof etilishiga sazovor bo‘lgan. Olimning ekologik fiziologiya bo‘yicha keng ko‘lamli tadqiqotlari ekologiya, biologiya va paxtachilik hamda donchilik fani rivojida muhim ahamiyat kasb etgan. Global iqlim o‘zgarishlari, jumladan, havo haroratining oshishi, kuzatilayotgan suv tanqisligi va qurg‘oqchilik, cho‘llanish va sho‘rlanish jarayonlarining tezlashishi kabi ekologik stressorlarning tirik organizmlarga salbiy ta’siri va uni yumshatish  bo‘yicha amalga oshirilgan tadqiqotlar jamoatchilik o‘rtasida katta e’tibor qozongan.



   Bugungi kunda ekologik fiziologiya muammolariga oid tadqiqotlarni amalga oshirishda A.E.Xolliyevning ilmiy asarlariga murojaatlar soni o‘zbek va xorij olimlari tomonidan 500 taga yetgan. O‘tgan yillar davomida Angliya, Fransiya, Germaniya, Rossiya, Qozog‘iston va Turkmanistonda o‘tkazilgan xalqaro ilmiy anjumanlarda ma’ruza qilgan. Olim Buxoro davlat universiteti huzuridagi Ilmiy darajalar beruvchi PhD.03/.30.12.2019.V.72.02 raqamli Ilmiy kengash raisi va unga qarashli Ilmiy seminarning hamda O‘zRFA Genetika va o‘simliklar eksperimental biologiyasi instituti va O‘zbekiston milliy universiteti huzuridagi ilmiy darajalar beruvchi (Dsc) 29.08.2017.V.53.01 raqamli Ilmiy kengash va ilmiy seminar a’zosi.



   A.E.Xolliyev 2017- yildan buyon BuxDU huzuridagi “O‘simliklar fiziologiyasi va biokimyosi” fani bo‘yicha tayanch doktorantlardan kirish va malakaviy imtihonlarni qabul qilish komissiyasi raisi. A.E.Xolliyev qator yillardan buyon respublikamizda yetuk mutaxassis sifatida ilmiy kadrlarni tayyorlashda munosib hissa qo‘shib kelmoqda. A.Xolliyev  10 dan ortiq falsafa doktori (PhD) va fan doktori (Dsc) dissertatsiya ishlariga opponentlik qilgan, 50 ga yaqin dissertatsiya avtoreferatlariga taqriz bergan. Darslik va o‘quv qo‘llanmalarga taqrizchi bo‘lgan va yaratilayotgan darslik va o‘quv qo‘llanmalarga ekspert xulosalari berib, respublikamizda biologiya va ekologiya fanlari sohasini  oliy malakali kadrlar bilan boyitishda faollik ko‘rsatmoqda. A.E.Xolliyev 6 ta monografiya, vazirlik grifi bilan 2 ta darslik va 5 ta o‘quv qo‘llanmalar muallifidir. 200 ga yaqin ilmiy, ilmiy-ommabop maqolalari mamlakatimiz va xorijiy mamlakatlarning nufuzli 8 ta scopus bazasiga kiritilgan ilmiy jurnallarida chop etilgan. O‘nlab magistrlik, yuzlab bitiruv-malakaviy ishlari, ayni paytda esa to‘qqizta falsafa doktori (PhD) ilmiy ishlariga rahbarlik qilib kelmoqda va ikki nafar shogirdi (PhD) ilmiy darajasini olgan.



   2018-2021 yillar davomida A.E.Xolliyev tomonidan nashr etilgan “O‘simliklarning noqulay abiotik omillarga chidamlilik xususiyatlari”, “G‘o‘za va boshqa ekinlarga qurg‘oqchilik ta’sirining ekofiziologik asoslari”, “O‘simliklarda sho‘rga chidamlilikning nazariy asoslari”, “Sho‘rlanish va g‘o‘za navlarining mahsuldorligi”, “G‘o‘za va boshqa ekinlarga sho‘rlanish ta’sirining ekofiziologik asoslari” nomli monografiyalar, boshqa qo‘llanma va metodik tavsiyalar hamda ilmiy maqolalar soha mutaxassislari uchun muhim ilmiy manba sifatida xizmat qilmoqda. Uning tashabbusi bilan ekologiya va geografiya, Botanika va o‘simliklar fiziologiyasi kafedrasi qoshida “Ekologik fiziologiya” ilmiy laboratoriyasi tashkil qilingan hamda yetarli darajada zamonaviy asbob va uskunalar bilan jihozlangan. “Olot va Qorako‘l tumanlari sho‘rlangan tuproq hamda noqulay iqlim sharoitlarida g‘o‘za, g‘alla va boshqa ekinlarning ekologik (sho‘rlanish, qurg‘oqchilik, yuqori harorat va kuchli garmsel shamol) stressorlarga moslashishi hamda chidamliligini oshirish usullari va uning texnologik asoslarini yaratish” mavzusidagi amaliy-innovatsion loyiha bo‘yicha shogirdlari bilan keng miqyosda tadqiqot ishlarini amalga oshirib kelmoqda. Respublikamiz sug‘oriladigan yerlarining agromeliorativ holatini yaxshilash, tuproq sho‘rlanishining oldini olishda qo‘llaniladigan agrotexnik tadbirlarni takomillashtirish, sho‘rlangan tuproq sharoitiga moslashgan qishloq xo‘jaligi ekinlari navlarini yaratish va amaliyotga joriy etish, sho‘rlangan va qurg‘oqchil tuproq hamda iqlim sharoitlarida qishloq xo‘jalik ekinlarining chidamlilik va hosildorlik darajasini ifodalovchi fiziologik va biokimyoviy xususiyatlarini hamda navlarning o‘ziga xos moslashish javob reaksiyalarini ilmiy asoslash, ekinlarning noqulay ekologik stressorlarga nisbatan chidamlilik usullari va uning texnologik asoslari aynan  A.E.Xolliyev rahbarligida yaratilgan. Buxoro viloyati sharoitida noqulay ekologik omillar-chang bo‘ronlari va issiq garmsel shamollarning salbiy ta’sir kuchini kamaytirish borasida A.E.Xolliyev maktabi jadal ravishda ilmiy izlanishlar olib bormoqda. Prezidentimiz tomonidan e’lon qilingan “Yashil makon” va “Yashil yillik” umummilliy loyihani amalga oshirish borasida A.E.Xolliyev tomonidan “Olot va Qorako‘l tumanlari hududida noqulay ekologik stressorlarning salbiy ta’sirini yumshatishda terak- ihotazorlar barpo etishning ilmiy va amaliy asoslari (muammo, taklif va yechimlar)” mavzusida loyiha ishlab chiqilgan va amalga oshirilmoqda.



   Olim viloyat tumanlari maktab va mahallalarida keng ommaga ekologik muammolarning kelib chiqishi va uni bartaraf etish yo‘llari, ekologik ta’lim va tarbiya, ekologik madaniyat  va atrof-muhit muhofazasi masalalari bo‘yicha ma’naviy-ma’rifiy, targ‘ibot ishlarini  ommaviy axborot vositalari orqali ham muntazam ravishda amalga oshirmoqda. A.E.Xolliyev ko‘p qirrali yetuk olim, mohir pedagog, jonkuyar ustoz, tashkilotchi va yuksak madaniyatli inson sifatida el-yurt hurmatiga sazovor bo‘lgan.