Olim

MURTAZAYEVA RAXBARXON XAMIDOVNA

Tarix fanlari doktori, professor

Raxbarxon Murtazayeva ilm-fanga, yoshlar ta’lim-tarbiyasiga  umrini baxshida etgan olima. Professor, tarix fanlari doktori R. Murtazayeva talabalik davridan hozirgi kunga qadar Mirzo Ulug‘bek nomidagi O‘zbekiston Milliy universitetida faoliyat ko‘rsatadi.



Samimiy xayrixohlik va beminnat hurmatga ega bo‘lgan Rahbarxon Murtazayeva universitetda uzoq va samarali, halol va pok, jonkuyarlik va fidoiylik bilan faoliyat yuritib kelmoqda. R.X. Murtazayeva yarim asrdan ziyod shu qanchadan-qancha ulug‘ olimlar, fan jonkuyarlari, tom ma’nodagi buyuk ustozlar o‘tgan Milliy universitetning haqiqiy ustunlaridan birini tashkil etadi. Uning butun ongli hayoti, ijodi, faoliyati shu dargoh bilan chambarchas holda kechdi. R.X. Murtazayeva doimo jonajon universitetga sadoqat bilan munosabatda bo‘lib, uning rivoji uchun butun kuch-g‘ayratini ayamaydi. Shu boisdan ham u hukumat, vazirlik, turli jamoat tashkilotlarning qator nishonlari, faxriy yorliqlari va tashakkurnomalariga ega bo‘ldi.



R.X. Murtazayeva mamlakatimiz ilmiy jamoatchiligi orasida “O‘zbekistonda millatlararo munosabatlar tarixi va bag‘rikenglik” ilmiy yo‘nalishiga asos solgan yetuk olima sifatida tan olingan.



Tarix fanlari doktori, professor R.X. Murtazayeva 1950-yil 20-mart kuni Namangan shahrida, ziyoli xonadonda tavallud topgan. 1972-yilda Toshkent davlat universitetining tarix fakultetini imtiyozli diplom bilan tamomlagan. Ma’lumoti bo‘yicha mutaxassisligi – tarixchi.  1972-1975-yillarda ToshDU aspiranturasida tahsil olgan. 1975-yili “O‘zbekiston mehnatkashlarini baynalmilal ruhida tarbiyalash” mavzusida nomzodlik, 1990-yili “O‘rta Osiyo respublikalaridagi millatlararo munosabatlarning iqtisodiy asoslari” mavzusida doktorlik dissertatsiyalarini himoya qilgan. 1979-yili dotsentlik, 1993-yili professorlik ilmiy unvonlarini olgan.



Shu vaqtga qadar chop etilgan ilmiy ishlar soni 500 taga yaqin. Tadqiqot mavzusiga oid ba’zi-bir nashrlari: Муртазаева Р.Х. Экономические основы национальных отношений в республиках Средней Азии. – Ташкент, 1989. – 10 п.л; Муртазаева Р.Х. Ўзбекистонда миллатлараро муносабатлар  ва бағрикенглик - Тошкент: Университет, 2007. – 11,5 п.л.; Муртазаева Р.Х. Толерантность – как интегрирующий фактор в многонациональном Узбекистане. – Ташкент. Узбекистан, 2010. – 14 п.л.; Муртазаева Р.Х. Маҳалла – миллатлараро тотувлик ва бағрикенглик маскани.- Тошкент: Мумтоз сўз, 2016. – 5 б.т.;  Murtazayeva R.X. O‘zbekiston tarixi (Oliy o‘quv yurtlarining nomutaxassis fakultetlari talabalari uchun darslik). – Toshkent: Akademiya, 2020. – 29,5 b.t.  (Hammualiflikda); O‘zbekistonning eng yangi tarixi. Nomutaxassis yonalishlar uchun darslik (Hammualiflikda) - Toshkent: Alfraganus, 2022. - 18 b.t. va boshqalar.



Prof.R.X. Murtazayeva rahbarligida jami 46 ish himoya qilingan. Ulardan 11 nafar fan doktorlari va DSc lar hamda 22 nafar fan nomzodi, 13 nafar PhD falsafa doktorlariga ilmiy rahbarlik qilgan.



Uning tashabbusi bilan respublikada ilk bora 2006-yil O‘zbekiston Milliy universiteti huzurida “Millatlararo totuvlik va bag‘rikenglik” ilmiy markazi tashkil qilingan. Markaz respublika miqyosidagi soha mutaxassislarini birlashtiradi, yoshlarni mavzuga oid ilmiy tadqiqotlar olib borishga chorlaydi.  Mazkur markaz tomonidan har yili 16-noyabr - Xalqaro tolerantlik (bag‘rikenglik) kuniga bag‘ishlab turli darajadagi tadbirlar tashkil etiladi. Prof. R.X. Murtazayeva ilmiy yo‘nalishining yana bir muhim jihati u O‘zbekiston demografiyasi bilan shug‘ullangan va 1996-yildan beri tarixiy-demografiya masalalariga o‘z e’tiborini qaratgan. Demograflar bilan hamkorlikda yaratilgan kitoblar ilmiy jamoatchilik tomonidan tan olingan.  (Ата-Мирзаев О, Гентшке В., Муртазаева Р. Узбекистан многонациональный: историко-демографический аспект. -  Ташкент: Изд. мед. лит, 1998. – 10 п.л.; Ата-Мирзаев О, Гентшке В., Муртазаева Р., Солиев А. Историко-демографические очерки урбанизации Узбекистана. - Ташкент: Университет, 2002. – 8 п.л.; Муртазаева Р.Х. Миграционные процессы в Узбекистане в конце ХХ – начале ХХI веков: исторические события и новые тенденции.  - Германия: Lambert, 2015. –– 15,6 п.л. va boshqalar). Natijada sohada yangi tarixiy-demografik ilmiy yo‘nalish yaratilgan.



Shu mavzu yuzasidan xalqaro (Этнодемографические процессы в Узбекистане. – Ташкент, 2005. Книга I.  – 18,9 п.л.; Книга II. - 13 п.л.; Урбанизационные процессы в Узбекистане: история и современность. – Ташкент, 2010. Часть I. – 20 п.л.; Часть II. – 14 п.л.; Межнациональные отношения и толерантность в Узбекистане: исторический опыт и современность. – Ташкент, 2016. – 18 п.л.) konferensiyalar o‘tkazilgan,   respublika (O‘zbekistonda millatlararo munosabatlar: tarix va hozirgi zamon. – Toshkent, 2003. – 29,5 b.t.; Bag‘rikenglik - jamiyat barqarorligining asosi. – Toshkent, 2003.– 18,5 b.t.; Yoshlar tarbiyasida tolerantlik - davr talabi. – Toshkent, 2008. – 20 b.t.; O‘zbekiston tarixi fanidagi innovatsiyalar: nazariya va amaliyot. – Toshkent, 2013. – 25 b.t.; O‘zbekistonda tinchlik–osoyishtalik, xavfsizlik va millatlararo hamjihatlilikni mustahkamlash – mamlakat taraqqiyotining poydevori. – Toshkent, 2013. – 17,25 b.t.; O‘zbekistonning jahon hamjamiyati bilan o‘zaro do‘stlik va hamkorlik aloqalarini mustahkamlashda xalq diplomatiyasining tutgan o‘rni va roli. – Toshkent,  2017. - 13,75 b.t.; Mustaqillik yillarida O‘zbekiston Milliy universitetning taraqqiyoti. - Toshkent, 2022. - 11,75 b.t.; Shanxay hamkorlik tashkiloti davlatlari: tarixiy mushtaraklik va hamkorlik istiqbollari. - Toshkent, 2023. - 8 b.t.; O‘zbekiston milliy universitetning ilm-fan rivoji va jamiyat taraqqiyotida tutgan o‘rni. -Toshkent, 2023. - 12 b.t.  va boshqalar) ilmiy-amaliy konferensiyalar o‘tkazilgan.



Yuqorida nomi qayd etilgan ilmiy yo‘nalish yuzasidan prof. R.X. Murtazayeva tomonidan yaratilgan dastur va o‘quv qo‘llanma (O‘zbekistonda millatlararo munosabatlar  va bag‘rikenglik. - Toshkent: Universitet, 2007. – 11,5 b.t.) asosida ushbu fan  respublika 16 ta universitetlari tarix fakultetlarida 5A120300 – “O‘zbekiston tarixi” ixtisosligiga joriy etilib, ilm-fan va ta’lim integratsiyasini amalga oshirishda o‘z hissasini qo‘shgan.



Bir necha yillardan buyon prof. R.X. Murtazayeva davlat fundamental grantlariga rahbar sifatida ham samarali faoliyat olib bormoqda. Xususan,  “Узбекистан многонациональный: историко - демографический аспект” (1996-1998 yy.);  “Урбанизационные процессы в Узбекистане: исторический аспект” (2000-2002-yillar); “Ta’lim tizimida O‘zbekiston tarixi fanini o‘qitishni takomillashtirishning yangi resurslari majmuasini yaratish va uni amaliyotga tatbiq etish” (2009 – 2011-yillar); “O‘zbekiston tarixi fanidagi  innovatsiyalarni oliy ta’lim tizimiga tatbiq etish” (2012-2015-yillar); “Fuqarolik jamiyatini rivojlantirilishida mahalla institutining o‘rni va uni ommaviy axborot vositalarida yoritilishi (Toshkent shahri namunali mahallalari misolida misolida)” (2015-2016-yillar); “O‘zbekiston ijtimoiy-siyosiy va ma’naviy taraqqiyotida tolerantlik tamoyilining tutgan o‘rni (qadimgi davrdan to hozirgi vaqtga qadar)” (2017-2020 yy.); “Toshkent shahri mahallalarida “Xalq bilan muloqot va inson manfaatlari yili” Davlat dasturida belgilangan vazifalarni amalga oshirishda olima ayollarning ishtirokini takomillashtirish (Toshkent shahri Olmazor tumani mahallalari misolida)” (2017-2018 yy.). Shuningdek, bugungi kunda xalqaro grant a’zosi “O‘zbekistondagi polyak diasporasi tarixi  (1867-1946 yillar)” (2023-2025-yillar).



Jahon miqyosida millatlararo munosabatlar, bag‘rikenglik, diasporologiya  ilmiy yo‘nalishda tanilgan olimalarni bibliografik lug‘atida prof.R.X. Murtazayevani nomi qayd etilgan. (The Researchers of Russian Diaspora: Biobibliographical Reference Book. /Vip. 2 — Moskva; Berlin: Direkt-Media, 2020. 257-261).



1999-yildan 2012-yilga qadar prof. R.X. Murtazayeva O‘zMU qoshidagi K.067.02.12 – raqamli 07.00.01 – O‘zbekiston tarixi ixtisosligi bo‘yicha ixtisoslashgan kengashni uzluksiz tarzda boshqarib keldi. Ta’kidlash joizki, ushbu kengash respublika oliy o‘quv yurtarini ilmiy-pedagogik kadrlar bilan ta’minlash ishiga munosib hissa qo‘shdi.



O‘zbekistonda olib borilayotgan oqilona milliy siyosat bevosita R.X. Murtazayevaning xorijiy davlatlardagi chiqishlarida o‘z aksini yaqqol namoyon qilmoqda. Masalan, 2008-yilda may oyida ikki hafta davomida Pekinda joylashgan Markaziy Millatlar universitetida mutaxassislar, aspirant, doktorantlarga  qator ma’ruzalar o‘qigan. 2013-yildan hozirgi kungacha Qozog‘iston xotin-qizlar pedagogika universiteti professori (jamoatchilik asosida) sifatida ma’ruzalar o‘tkazib kelmoqda. Nyu-Yorkda (AQSH) 2009 va 2013-yillar o‘zbek xalqi bag‘rikengligi va o‘zbek mahallasi haqidagi ma’ruzalar jamoatchilikda katta qiziqish uyg‘otdi. Shuningdek, prof. R.X. Murtazayeva Qozog‘iston (Almati, Astana, Turkiston 1996, 2008, 2009, 2011, 2012, 2014, 2018, 2022), Italiya (Boloni, 1996), Rossiya (Saransk, 2007, Tomsk 2012), Xitoy (Pekin, 2008), Shveysariya (Davos, 2013), AQSH (Nyu-York, 2009, 2013, 2016), Polsha (2023) xalqaro anjumanlarda o‘z ma’ruzalari bilan ishtirok etgan.         



Prof. R.X. Murtazayeva tashabbuskor, izlanuvchan, yuqori salohiyatli va zehnli olimalardan biridir. Uning mazkur fazilatlari ToshDU (O‘zMU) tarix fakulteti fakultetlararo O‘zbekiston tarixi (2011-yildan O‘zbekiston tarixi kafedrasi) mudiri (1993-2014-yillar), O‘zMU I – prorektori (1995-2004-yillar) lavozimlarida faoliyat ko‘rsatgan vaqtida yaqqol namoyon bo‘lgan.



Professor R.X. Murtazayevaning 21 yillik O‘zbekiston tarixi kafedrasiga rahbarligi davrida mazkur dargoh respublika turdosh kafedralari orasida tayanch kafedraga aylandi. Kafedradagi ijodiy ma’naviy muhit, ishchanlik, o‘zaro hamjihatlik va xayrixohlik ruhini yuzaga kelishda shaxsan mudirning alohida hissasi mavjud bo‘lgan. Kafedrada “barcha ilmiy darajaga ega bo‘lishi lozim” degan mudir iborasi bir shiorga aylandi. Professor R.X. Murtazayeva yoshlarni ilm bilan shug‘ullanishga tegishli shart-sharoitlar yaratib berdi. Ularni arxiv, kutubxonalarga borishi, ilm bilan mashg‘ul bo‘lishlari imkoniyat yaratdi.



Professor R.X. Murtazayevaning shu kabi sa’y-harakatlari bois 2009-yilga kelib kafedradagi ilmiy salohiyat 100%ni tashkil qildi. Olima mudirligi davrida kafedra tashabbusi bilan qator xalqaro va respublika miqyosidagi ilmiy anjumanlar tashkil etildi. Tez orada O‘zMU “Fakultetlararo O‘zbekiston tarixi” kafedrasi respublikadagi eng namunali kafedralar biriga aylandi. Professor R.X. Murtazayeva o‘z vaqtida universitet rektori, taniqli olim va jamoat arbobi, akademik T.N.Dolimov tashabbusi bilan ToshDU tarixini chuqur o‘rganish va unga “Milliy” maqomini berish borasidagi komissiyada ham faoliyat ko‘rsatgan edi.



Shu bois universitet tarixi masalasi keyinchalik ham Rahbarxon Xamidovnaning qator shogirdlari uchun ham tadqiqot mavzusi bo‘lib qoldi. Professor R.X. Murtazayeva o‘zbek tarixshunosligida o‘z ilmiy maktabini yaratgan olima bo‘lib hisoblanadi.



Professor R.X. Murtazayeva Milliy universitet Birinchi prorektori lavozimini egallagan ilk o‘zbek ayoli bo‘lib hisoblanadi. Olimaga xos qat’iyat, to‘g‘rilik, adolat, uzoqni ko‘ra bilish, tashkilotchilik, halollik aynan uning shu mas’ul lavozimda uzoq vaqt ishlashiga poydevor sifatida xizmat qildi. Mazkur davrda universitetda amalga oshirilgan ko‘plab o‘zgarishlarda o‘n yildan ziyod Birinchi prorektor lavozimida turgan R.X. Murtazayevaning o‘rni va roli yuqori darajada bo‘lgan.



Prof. R.X. Murtazayevaning jamoatchilik faoliyati:




  • Xalq deputatlari Toshkent shahar Kengashi deputati. 1999-2004-yillar

  • O‘zbekiston xotin-qizlar «Olima» uyushmasining raisi (2009- hozirgi kungacha). 

  • O‘zMU huzuridagi “Millatlararo totuvlik va bag‘rikenglik” ilmiy markazning rahbari (2006-yildan to hozirgi kungacha).

  • OAK ro‘yxatiga kirgan “O‘zMU xabarlari” tahririyat hay’ati a’zosi

  • OAK ro‘yxatiga kirgan “O‘tmishga nazar” xalqaro ilmiy elektron jurnal muharriri

  • O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi huzurida  Gumanitar fanlar ta’lim yo‘nalishi bo‘yicha o‘quv-uslubiy komissiya raisi (2008-2021-yillar)

  • 2011-2016-yillarda Zulfiya nomidagi Davlat mukofoti komissiyasi a’zosi sifatida ilm-fan yo‘nalishi bo‘yicha faoliyat olib borgan

  • Qozog‘iston Respublikasi FA ning Ch.Ch. Valixonov nomidagi tarix va etnologiya instituti "edu.e-history.KZ" jurnali tahririyat hay’ati a’zosi.

  • Qozog‘iston davlat xotin-qizlar Pedagogika universiteti professori (jamoatchilik asosida).

  • O‘zbekiston-AQSH do‘stlik jamiyati a’zosi.



Prof. R.X. Murtazayeva 2009-yildan to hozirgi kunga qadar O‘zbekiston xotin-qizlar “Olima” uyushmasi raisi sifatida faoliyat ko‘rsatib kelmoqda va uyushma o‘zining tarkibida ilmiy unvonga ega olimalarni birlashtiradi.



Uyushmaning O‘zbekiston Respublikasi Fanlar Akademiyasi, OO‘Yu,  12 ta viloyat, Qoraqalpog‘iston va Toshkent shahrida hamda oliy ta’lim muassasalarda boshlang‘ich tashkilot va filiallari mavjud bo‘lib, hozirgi kunda uyushma keng qamrovli ijtimoiy harakatga aylandi.



2013-yilda R.X. Murtazayeva rahbarligida respublika “Olima” uyushmasining 25-yillik faoliyatida ilk bor xalqaro olima xotin-qizlar tashkilotiga a’zo bo‘lib kelmoqda (OWSD – rivojlanayotgan davlatlardagi olima ayollar tashkiloti).



R.X. Murtazayevaning tashabbusi bilan 2010-yildan beri keng jamoatchilik tomonidan e’tirof etilgan “Ilm yulduzlari” intellektual ko‘rik-tanlovi o‘tkazilib kelinmoqda. Ushbu ko‘rik-tanlov iqtidorli yosh qizlar ilmiy salohiyatini oshirish mexanizmlaridan biri bo‘lib kelmoqda. “Ilm yulduzlari” ko‘rik - tanlovini respublika yosh qizlar o‘rtasida o‘tkazish dolzarbligi va muhimligi 2013-yilda “Obod turmush yili” Davlat dasturida ham o‘z o‘rnini topgan. 



Prof. R.X. Murtazayeva “Adolat” sotsial-demokratik partiyasi a’zosi hamdir. Uning samarali va fidoiy sa’y-harakatlari tegishli tarzda mukofotlangan. Xususan, u 1995-yil “Shuhrat” medali bilan mukofotlangan. “O‘zbekiston mustaqilligining 10 yilligi”, “O‘zbekiston Respublikasi mustaqilligiga – 20 yil”, “O‘zbekiston mustaqilligiga – 25 yil” esdalik nishoni, 2020-yil O‘zbekiston OO‘MTVning “Oliy ta’lim a’lochisi” va 2022-yil “Mehnat faxriysi” I-darajali ko‘krak nishonlari bilan taqdirlangan. Shuningdek, u Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi, O‘zbekiston xotin-qizlari qo‘mitasi va boshqa qator muassasalarning faxriy yorliqlari bilan taqdirlangan.



Respublika oliy o‘quv yurtlarida o‘rganilgan 2017-2021-yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasi “Xalq bilan muloqot va inson manfaatlari yilida” amalga oshirishga oid Davlat dasturini o‘rganish bo‘yicha ilmiy-uslubiy risolaning 5.1 “Xavfsizlik, diniy bag‘rikenglik va millatlararo totuvlikni ta’minlash sohasidagi ustuvor yo‘nalishlar” bobini mualliflardan biri bo‘lganligi, yana bir bor R.X. Murtazayeva o‘zining sohasi bo‘yicha tan olingan, faol faoliyat qilayotgan olima ekanligini isbotlaydi.



Raxbarxon Xamidovna Murtazayeva bag‘rikeng va olijanob inson sifatida qaysi lavozimda faoliyat ko‘rsatmasin doimo beg‘araz yordam, xayr-saxovat, do‘stona, beminnat ko‘mak berish tarafdori bo‘lgan. Bu xususda Raxbarxon Xamidovnani yaqindan bilgan do‘stu-dugonalari, xizmatdoshlar, shogirdlar o‘z hayotiy tajribalaridan ko‘plab xayrli voqeliklarni maroq bilan so‘zlab berishlarini ko‘pchilik yaxshi biladi. Umr mazmunini ilm, fidoyilik, halollik, jonkuyarlik va samimiylik bilan belgilagan Ustoz tom ma’noda kamolotga intilayotgan har bir inson uchun namuna bo‘lishi hayotiy tajriba xulosasi bo‘lib hisoblanadi.