Musayeva Dilfuza Maxmudovna Markaziy Osiyo farmakologlari va klinik farmakologlari assotsiatsiyasi bosh direktori, Buxoro viloyati tibbiy ijtimoiy ekspertiza komissiyasi a’zosi, Innovatsion vazirlik qoshidagi ilm-fanni rivojlantirish mintaqaviy Kengashi a’zosi, Buxoro viloyati xokimligi farmatsevtika ishini nazorat qilish komissiyasi a’zosi sifatida faoliyat yuritmoqda.
Shuningdek, Abu Ali ibn Sino nomidagi Tojikiston davlat tibbiyot universiteti faxriy professori va 6D.KOA-03 dissertatsion Kengashi qoshidagi 14.03.06 – farmakologiya, klinik farmakologiya ixtisosligi seminar a’zosi.
S.D. Asfendiyarov nomidagi Qazaqstan milliy tibbiyot universiteti faxriy professori va 6D110100, 8D10103, 8D141 - «Tibbiyot» dissertatsion Kengashi a’zosi, B.N. Yelsin nomidagi Qirg‘iziston-Rossiya Slavyan universiteti qoshidagi D. 14.20.608 - dissertatsion Kengashi ekspert guruhi a’zosi va ushbu universitet faxriy professori sifatida ham faoliyat yuritib, ilm-fan bo‘yicha xalqaro aloqalarning mustahkamlanishida o‘z hissasini qo‘shmoqda.
D.M. Musayeva O‘zbekiston Respublikasi Oliy attestatsiya komissiyasi ro‘yxatiga kiritilgan “Tibbiyotda yangi kun” ilmiy-referativ, ma’naviy-ma’rifiy jurnali va “Eurasian Journal of Otorhinolaryngology - Head and Neck Surgery” jurnallari, shuningdek S.D. Asfendiyarov nomidagi Qazaqstan milliy tibbiyot universitetining “Vestnik KazNMU” xalqaro ilmiy-amaliy jurnali va Rossiya Federatsiyasi Orenburg davlat tibbiyot universitetining “Neyrodinamiks” nomli xalqaro ilmiy-amaliy jurnali redkollegiyasi a’zosi hamdir.
D.M. Musayeva o‘z mehnat faoliyatini 1994-yili Buxoro davlat tibbiyot institutida kafedra assistenti lavozimida boshladi. U 1995-1998-yillarda Buxoro davlat tibbiyot institutida farmakologiya va klinik farmakologiya yo‘nalishiga aspiranturani o‘tab, 1999 yilda tibbiyot fanlari bo‘yicha nomzodlik dissertatsiyasini muvaffaqiyatli himoya qildi va tibbiyot fanlari nomzodi ilmiy darajasini, 2006 yilda esa dotsent ilmiy unvoniga ega bo‘ldi; 2024 yilda tibbiyot fanlari doktori – DSs ilmiy darajasini va 2025 yilda professor ilmiy unvoniga sazovor bo‘ldi.
D.M. Musayeva 2000-2021-yillarda Buxoro davlat tibbiyot instituti Farmakologiya va klinik farmakologiya kafedrasi mudiri, shu davr ichida Buxoro davlat tibbiyot instituti marketing bo‘limi boshlig‘i va ilmiy bo‘lim boshlig‘i lavozimlarida ham o‘z mehnat faoliyatini davom ettirdi.
D.M. Musayeva rahbarligida kafedrada ilk bora o‘quv jarayonlariga zamonaviy interaktiv texnologiyalar, IT texnologiyalari kiritildi. U rahbarligida talabalar farmakologiya fani va klinik farmakologiya fani bo‘yicha qator xalqaro nufuzli olimpiadalar, konferensiya va tanlovlarda ishtirok etib, faxrli o‘rinlarni egallashdi. Jumladan 2 nafar talaba Qozog‘istonda bo‘lib o‘tgan Xalqaro tanlovda “Yilning eng yaxshi talabasi” oltin medaliga ega bo‘ldi; innovatsion loyihalari bilan qatnashgan 1 nafar talaba “Uchinchi renesans yoshlar nigohida” Respublika tanlovining Buxoro viloyati bosqichida 1-o‘rinni, Respublika bosqichida 3-o‘rinni egalladi; “Inno week” innovatsion loyihalar Respublika tanlovida 1 nafar talaba 3-o‘rinni egallashdi.
D.M. Musayeva tashabbuskorligi va tashkilotchiligi tufayli Buxoro davlat tibbiyot institutida ilk bor Farmakologiya fanidan Xalqaro olimpiada muvaffaqiyatli o‘tkazildi va u an’anaga aylantirildi.
D.M. Musayeva 2018-yil oktyabr oyida respublikada farmakologiya va farmatsevtika sohasini rivojlantirish uchun Xitoy Respublikasi tomonidan tashkil etilgan malaka oshirish kurslarini o‘tab qaytdi.
Milliy qadriyatlarimizni tiklash maqsadida D.M. Musayeva tashabbusi bilan respublikamizda o‘sadigan dorivor giyohlardan “Choy marosimi”ni institut va viloyat miqyosida o‘tkazish an’anaviy tus oldi.
Shu bilan bir qatorda O‘zbekistonda, ayniqsa Buxoro vohasida o‘sadigan dorivor o‘simliklardan dori turlarini tayyorlash bo‘yicha qator loyihalar va ilmiy ishlar muallifi.
D.M. Musayeva O‘zbekistonda Farmakoterapiyani inson genetik xususiyatlariga ko‘ra personallashtirish bo‘yicha ilk ilmiy izlanishlar muallifi hamdir. O‘z faoliyati davomida u 100ga yaqin Respublika va Xalqaro konferensiyalar, kongresslarda ma’ruzalar bilan faol qatnashdi.
D.M. Musayeva rahbarligida davlat buyurtmasi asosida klinik farmakologiya mutaxassisligi bo‘yicha 15 nafar klinik ordinatorlar, farmakologiya mutaxassisligi bo‘yicha 10 nafar magistrlar tayyorlandi va respublika tibbiyot texnikumlari farmakologiya fani o‘qituvchilari malakasini oshirishda faol ishtirok etmoqda. D.M. Musayeva tomonidan 500 dan ortiq maqolalar Respublika va Xalqaro jurnallarda, shuningdek Scopus va bazasida indeksatsiyalanuvchi jurnallarda maqolalar chop etgan; 50dan ortiq o‘quv qo‘llanmalar va darsliklar, tibbiy risolalar va tavsiyanomalar chop etgan.
D.M. Musayeva rahbarligida 6 ta nomzodlik va 2 ta doktorlik dissertatsiyalari muvaffaqiyatli himoya qilingan. U Buxoro davlat tibbiyot instituti DSc.04/29.02.2024.Tib.93.01 raqamli Ilmiy Kengash qoshidagi kafedralararo seminar a’zosi.
U respublikada ilk bora farmakologlar va klinik farmakologlarning Respublika, keyinchalik esa Xalqaro konferensiya va kongresslari tashabbuskori bo‘lib, ushbu anjumanlarni tashkil etish va o‘tkazish hozirgi vaqtda an’anaviy davom etmoqda.
D.M. Musayeva tashabbuskorligida respublika farmakologlari va klinik farmakologlari uyushmasi tashkil etilib, u rais o‘rinbosari lavozimida faoliyat ko‘rsatmoqda. Shuningdek, D.M. Musayeva tashabbuskorligida Markaziy Osiyo farmakologlari va klinik farmakologlarining xalqaro assotsiatsiyasi tashkil etildi va u bosh direktor etib tayinlandi.
D.M. Musayeva 2021-yilda Qozog‘istonda bo‘lib o‘tgan Xalqaro tanlovda “Yilning eng yaxshi ustozi” oltin medaliga sazovor bo‘ldi. 2023-yilda “Olima ayollar” tashabbuskor amaliy va innovatsion loyihalar viloyat tanlovida 2 o‘rin sohibasi bo‘ldi.
Uzoq yillar davomidagi faolligi uchun va xalqaro aloqalarni rivojlantirgani uchun D.M. Musayeva Rossiya Federatsiyasining Orenburg davlat тиббиёт университети ва tibbiyot universiteti va Kursk davlat tibbiyot universiteti, Qozog‘iston farmakologlari assotsiatsiyasi va Tojikiston davlat tibbiyot universiteti, Hindiston farmatsevtika instituti, Turkiyaning Marmara universiteti, Toshkent tibbiyot akademiyasi, Toshkent Farmatsevtika tibbiyot instituti hamda Buxoro davlat tibbiyot instituti tomonidan qator “Tashakkurnoma”lar va “Faxriy yorliq”lar bilan taqdirlangan.
U o‘zining ishchanligi, tashabbuskorligi, tashkilotchiligi, hamda samimiyligi, kamtarinligi, Vatanga bo‘lgan muhabbati, izlanuvchanligi, professional sohasiga sadoqati va yurtiga bo‘lgan mehri bilan keng jamoatchilik, oilasi va kollektivi orasida katta hurmat qozongan.