Muxitdinova Badea Muslixiddinovna 1978-yil 2-may kuni Samarqand shahrida, ziyoli oilasida tug‘ilgan, millati – o‘zbek, oilali.
1999-yilda Samarqand davlat universiteti o‘zbek filologiyasi fakulteti bakalavr bosqichini, 2001-yilda shu fakultet magistraturasini bitirgan. 2001-yilda amaliy tilshunoslik, o‘zbek tili va adabiyotini o‘qitish metodikasi kafedrasi assistenti, 2012-2015-yillarda kafedra katta o‘qituvchisi, dotsenti, kafedra mudiri, 2016-yildan 2023-yilgacha ilmiy ishlar bo‘yicha fakultet dekan o‘rinbosari, 2023-yildan o‘zbek tili va adabiyoti kafedrasi professori lavozimlarida ishlab kelmoqda.
B.M.Muxitdinova filologiya fakultetining o‘quv-uslubiy, moddiy-texnik bazalarini boyitishda, yoshlarga ta’lim-tarbiya berishning innovatsion usullarini joriy etishda yetakchilik qilib kelmoqda.
U “Sayidahmad Vasliy Samarqandiy merosi va uning adabiy muhitdagi o‘rni” mavzusida 2009-yil nomzodlik, 2024-yili “XIX asr oxiri – XX asrning boshlarida adabiy zullisonaynlik an’anasi (Saidahmad Vasliy Samarqandiy asarlari misolida)” mavzusida O‘zbek adabiyoti ixtisosligi bo‘yicha filologiya fanlari doktori (DSc) dissertatsiyasini himoya qilgan.
2003-2007-yillarda Samarqand davlat universitetida bajarilgan “Sharq mumtoz adabiyotida komil inson konsepsiyasi (“Xamsa”larning birinchi dostonlari asosida” mavzusidagi 5.1.17-raqamli fundamental loyihada kichik ilmiy xodim lavozimida faoliyat yuritgan. B.Muxitdinova ushbu grant asosida chop etilgan “Komil inson – adabiyot ideali” (Toshkent, Ma’naviyat nashriyoti, 2005), “Maktubot” (Toshkent, Movarounnahr nashriyoti, 2006), “Nurli qalblar gulshani” (Toshkent, ”Fan” nashriyoti, 2007), G‘aribiyning “Shoh Bahrom va Dilorom” dostoni (Toshkent, ”Fan” nashriyoti, 2008) kitoblarini nashrga tayyorlashda munosib hissa qo‘shgan.
2007-2011-yillarda bajarilgan “Qo‘lyozma manbalarning milliy-ma’naviy va adabiy meros targ‘ibotidagi ahamiyati” mavzusidagi OT-F2-003-raqamli fundamental loyihada katta ilmiy xodim lavozimida faoliyat yuritgan. B.Muxitdinova tomonidan loyihani bajarish davomida Samarqand viloyati va Samarqand shahri hududida tarqalgan, ammo hanuz fanga noma’lum bo‘lgan ko‘plab qo‘lyozma asarlar yig‘ilgan, Samarqand davlat universiteti bosh kutubxonasi Sharq qo‘lyozmalari bo‘limida, Sadriddin Ayniy uy muzeyida, shuningdek, ko‘plab xususiy kutubxonalarda saqlanayotgan fan, madaniyat, tarix va adabiyotning turli sohalariga oid qo‘lyozmalarni o‘rganishda, ularning fondini yaratishda asosiy vazifani bajargan. Fazliy Namangoniy, Qoriy Ho‘qandiy, Salohiddin maxsum Salohiy, Sa’dullo Xitoyi, Dilafgor Kattaqo‘rg‘oniy kabi olimlar asarlari o‘rganilgan. XX asr naqshbandiya tariqatining yirik vakili Xoja Abul Valixon hayoti va faoliyatiga bag‘ishlangan Sayidahmad Vasliy Samarqandiyning “Nazm us-silsila” asarini “Yangi asr avlodi” nashriyotida nashr ettirgan. Urgut shahrida madrasayi oliya qurdirgan shayx Xoja Muhiddinxon Urgutiy (q.s.)ning yuksak tarbiyaviy, ma’rifiy qimmatga ega bo‘lgan “Maktubot” va manoqib xarakteridagi “Tuhfat ul-axdon” asarlarini nashrga tayyorlashda va “Yangi asr avlodi” nashriyotida chop etilishiga hissa qo‘shgan.
2017-2020-yillarga mo‘ljallangan “Temuriylar davrida yaratilgan “Xamsa”larning komparativistik tadqiqi” mavzusidagi OT-F1-138-raqamli fundamental loyiha a’zosi sifatida faoliyat yuritgan. B.Muxitdinova tomonidan loyiha doirasida 2017-2020-yillarda “Temuriylar davrida yaratilgan “Xamsa”larning komparativistik tadqiqi” mavzuidagi 3 ta maqolalar to‘plami, 1 ta darslik, 2 ta o‘quv qo‘llanma, 7 ta monografiya nashr ettirish ishlarida qatnashgan. Loyiha doirasida “Temuriylar davrida yaratilgan “Xamsa”larning komparativistik tadqiqi va ularning Sharq adabiyoti taraqqiyotidagi o‘rni” mavzusida xalqaro onlayn ilmiy-nazariy anjuman o‘tkazishda jonbozlik ko‘rsatgan.
Samarqand davlat universitetida davlat budjetidan davlat noyob obyekti sifatida moliyalashtirilgan “Navoiy muzeyi”da 2015-yildan katta laborant lavozimida faoliyat yuritmoqda. B.Muxitdinova joriy yil davomida grant doirasida faoliyat olib borayotgan tadqiqotchilar bilan birgalikda “Navoiy muzeyi”da saqlanayotgan qadimiy nodir qo‘lyozmalar, badiiy, ma’rifiy-falsafiy asarlar chuqurroq o‘rganilib, ko‘plab tadqiqotlar yaratilgan. Vatanimiz hududida saqlanayotgan navoiyshunoslikka doir qo‘lyozma asarlar topilgan va muzey fondiga kiritilgan; monografiya, ilmiy jurnal va gazetalarda maqolalar, xalqaro konferensiyalarda, respublika anjumanlari materiallari to‘plamlarida maqolalar e’lon qilingan.
2025-yildan AL-9224104777-sonli “Temuriylar davrida yaratilgan “Xamsa” dostonlarining ilmiy va ommabop nashrlari” mavzusidagi amaliy loyiha a’zosi sifatida ham faoliyat yuritib kelmoqda. Loyiha doirasida “Xamsa”larning qo‘lyozma va toshbosma variantlarining faksimel, ilmiy, tahliliy, ommabop nashrlari amalga oshiriladi. “Xamsa” dostonlari qo‘lyozma nusxalarining tavsifi, ushbu adabiy-tarixiy manbalarning tatbig‘i va tadqiqi yuzasidan ilmiy-nazariy ishlari olib borilib, shoir asarlari manbalarining ilmiy va ommabop nashrlarini amalga oshirish va ulardan foydalanish prinsiplari ishlab chiqiladi.
B.Muxitdinova rahbarligida yigirmaga yaqin bakalavrlik malakaviy bitiruv ishi hamda 10 dan ziyod magistrlik dissertatsiyasi himoya qilingan. 4 ta PhD dissertatsiyasiga rahbarlik qilmoqda, 1 nafar tadqiqotchi uning rahbarligida filologiya fanlari boʻyicha falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasini muvaffaqiyatli himoya qildi.
B.M.Muxitdinova ilmiy-pedagogik kadrlar salohiyatini oshirish uchun iqtidorli yoshlarni tanlash, ularni ilmiy sohaga yo‘naltirish borasida o‘zining ilg‘or fikrlari bilan ishtirok etib kelmoqda. U talabalarning respublika tanlovlari g‘oliblari va stipendiatlarini tayyorlashga ham munosib hissa qo‘shib kelmoqda. U universitet bo‘yicha “O‘zbek tili” fanidan fakultetlararo o‘tkazilgan Respublika fan olimpiadasining I bosqichlarida hamda filologiya fakultetida “O‘zbek tili va adabiyoti” fani bo‘yicha rais sifatida ishtirok etib kelgan. Bir qancha iqtidorli talabalari “O‘zbek tili” fanidan faxrli o‘rinlarni egallagan. 2022-yilda iqtidorli talaba Abruyeva Moxigul uning rahbarligida Alisher Navoiy nomidagi davlat stipendiyasi sohibi bo‘lgan. Universitet talabalarini nufuzli tanlovlarga tayyorlashdagi xizmatlari uchun Faxriy yorliq bilan taqdirlangan.
B.M.Muxitdinova universitet, fakultet va kafedraning o‘quv, ilmiy, ma’naviy-ma’rifiy ishlarini tashkil etishda faol ishtirok etib, o‘zining bilimli, tashabbuskor tashkilotchi, jonkuyar pedagog ekanligini namoyon qilib kelmoqda. U 2018-2024-yillargacha ilmiy ishlari bo‘yicha fakultet dekan o‘rinbosari, universitet rektori tomonidan tashkil etilgan ishchi guruhlari a’zosi sifatida ilmiy kengash va dekanlar yig‘ilishi muhokamasiga qo‘yiladigan masalalarni o‘rganib, tegishli xulosalar bergan.
B.M.Muxitdinova tayanch doktorantura va doktorantura hamda mustaqil tadqiqotchilikka qabulni tashkil etishda komissiya a’zosi, 2021-yildan 2023-yilgacha Jizzax davlat pedagogika universiteti huzuridagi filologiya fanlari bo‘yicha ilmiy darajalar beruvchi PhD.03/04.06.2020.Fil.113.02 raqamli Ilmiy kengash qoshidagi hamda 2024-yildan Sharof Rashidov nomidagi Samarqand davlat universiteti huzuridagi filologiya fanlari bo‘yicha ilmiy darajalar beruvchi DSc.03/05.06.2023.Fil.02.11 raqamli Ilmiy kengash qoshidagi seminar a’zosi sifatida faoliyat yuritib kelmoqda.
B.M.Muxitdinova filologiya fakultetida har yili o‘tkazilib kelinayotgan “Til va adabiyot ta’limi muammolari”ga bag‘ishlangan xalqaro va respublika miqyosidagi ilmiy konferensiyalarni tashkil etish, shuningdek, uning o‘tkazilishida faol ishtirok etib keladi. “Alisher Navoiy”, “Til.Ta’lim.Tarjima” kabi nufuzli xalqaro ilmiy jurnallarning tahririyat a’zosi.
B.M.Muxitdinova filologiya fakultetidagi ilmiy-pedagogik faoliyati davomida bakalavr va magistrantlar uchun o‘qitiladigan qator ixtisos kurslari, maxsus tanlov fanlardan o‘quv dasturlar tuzgan, bu fanlardan ma’ruza matnlari va o‘quv qo‘llanmalar tayyorlagan. Xususan, B.M.Muxitdinovaning 100 dan ortiq ilmiy ishlari bo‘lib, 3 ta monografiya, 2 ta ilmiy risola, 1 ta darslik, 1 ta o‘quv qo‘llanma, Oʻzbekiston Respublikasi adliya vazirligining 3 ta DGU guvohnomasi, 5 ta uslubiy qo‘llanmalari nashr qilingan. “O‘zbek adabiyotini o‘qitish metodikasi” nomli o‘quv qo‘llanmasi hamda barcha ta’lim sohalarining rus guruhlarida o‘qitiladigan “O‘zbek tili” darsligi o‘quv jarayoniga tatbiq etib kelinmoqda. Uning 2 ta maqolasi Scopus bazasining Q2 darajasidagi ilmiy jurnalda hammualliflikda nashr etildi va indekslandi.
U doimiy ravishda o‘z ilmiy salohiyati va pedagoglik kasbiy mahoratini oshirish ustida ish olib bormoqda va yetuk malakali kadrlar tayyorlashga o‘z hissasini qo‘shib kelmoqda.
B.M.Muxitdinova “Barkamol avlod yili” Davlat dasturini muvaffaqiyatli amalga oshirishdagi alohida xizmatlari hamda ilmiy-tadqiqot faoliyatida erishgan yutuqlari uchun Samarqand viloyat hokimligining xotin-qizlar qo‘mitasi tomonidan ta’lim-tarbiya sohasidagi samarali mehnati, jamoat ishlaridagi faol ishtiroki hamda o‘z xizmat vazifasiga bo‘lgan sadoqati hamda universitet talabalarini nufuzli tanlovlarga tayyorlashdagi xizmatlari uchun universitet rahbariyati, O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi tomonidan “Faxriy yorliq”lar bilan taqdirlangan.