Olim

NARIMANOV ABDUJALIL ABDUSAMATOVICH

Qishloq xo‘jaligi fanlari doktori, professor

Narimanov Abdujalil Abdusamatovich – qishloq xo‘jaligi fanlari doktori, professor, genetik, seleksioner va urugʻshunoslik sohasida xalqaro miqyosda e’tirof etilgan olim. 2017-yildan buyon O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Genetika va o‘simliklar eksperimental biologiyasi instituti direktori sifatida faoliyat yuritib kelmoqda. Uning ilmiy va professional faoliyati O‘zbekiston qishloq xo‘jaligini rivojlantirishga, yangi ekin navlarini yaratishga va ilmiy kadrlarni tayyorlashga muhim hissa qo‘shdi.



Narimanov Abdujalil Abdusamatovich 1963-yil 5-aprelda Buxoro viloyati, Qorako‘l tumanida tug‘ilgan. Millati – o‘zbek. 1980-yilda Samarqand Qishloq xo‘jalik institutiga o‘qishga kirdi va 1985-yilda uni muvaffaqiyatli ( Imtiyozli diplom) tamomladi. 1985-1988-yillarda “Союзхлопок” ilmiy-ishlab chiqarish birlashmasida aspirantura tahsilini davom ettirdi. 1989-yilda o‘simliklar fiziologiyasi  ixtisosligi bo‘yicha nomzodlik dissertatsiyasini, 2005-yilda esa “G‘oza urug‘chiligi nazariyasi va amaliyotini takomillashtirish” mavzusida qishloq xo‘jaligi fanlari doktori (DSc) dissertatsiyasini himoya qildi. 1995-yilda “O‘simliklar fiziologiyasi” ixtisosligi bo‘yicha katta ilmiy xodim, 2019-yilda esa umumiy genetika bo‘yicha professor ilmiy unvonlariga sazovor bo‘ldi. Umumiy mehnat staji 42 yil, ilmiy va pedagogik faoliyati esa 38 yilni tashkil etadi.



Narimanov Abdujalil Abdusamatovichning mehnat faoliyati qishloq xo‘jaligi va ilmiy-tadqiqot sohasida keng qamrovli bo‘lib, quyidagi muhim lavozimlarda faoliyat yuritgan.



1985-yilda ВАСХНИЛ O‘rta Osiyo bo‘limining O‘zbekiston G‘allachilik ilmiy-tadqiqot institutida ilmiy xodim. 1985-1988-yillarda “Союзхлопок” ilmiy-ishlab chiqarish birlashmasida aspirant va ilmiy xodim. 1988-1991-yillarda O‘simliklar eksperimental biologiyasi institutida katta ilmiy xodim. 1991-1992-yillarda O‘zbekiston Qishloq xo‘jalik fanlari akademiyasi prezidenti yordamchisi. 1992-1995-yillarda Markaziy nazorat urug‘chilik stansiyasi direktor o‘rinbosari va direktori. 1995-1996-yillarda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat va jamiyat qurilishi akademiyasi tinglovchisi. 1996-2000-yillarda Respublika birlamchi urug‘chilikni tashkil qilish va urug‘shunoslik stansiyasi direktori. 2000-2001-yillarda "Oʻzdavurug‘nazoratmarkaz” – Qishloq xo‘jaligi ekinlari urug‘larini sertifikatsiyalash va sifatini nazorat qilish davlat markazi boshlig‘i. 2001-2017 yillarda Qishloq xo‘jalik ekinlari navlarini sinash Davlat komissiyasi texnik ekinlar boshqarma boshlig‘i. 2017-h.v.: O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Genetika va o‘simliklar eksperimental biologiyasi instituti direktori.



Uning rahbarligida institut O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tashabbuslari doirasida “Faol tadbirkorlik, innovatsion g‘oyalar va texnologiyalarni qo‘llab-quvvatlash yili” dasturini muvaffaqiyatli amalga oshirdi. Institutda ilmiy-tadqiqot ishlarini rivojlantirish, xalqaro hamkorlikni kengaytirish va yosh kadrlarni tayyorlash bo‘yicha muhim yutuqlarga erishildi.



A.A. Narimanov rahbarligida institut faoliyatining samaradorligi respublika miqyosida yuqori natijalarga erishdi. Jumladan, 2021-yilda Respublika ilmiy tashkilotlarining ilmiy va innovatsion faoliyati natijalari bo‘yicha milliy reytingida 116 dan ortiq ilmiy tashkilotlar orasida faxrli 2-o‘rinni egallagan bo‘lsa, 2022-yil natijalari bo‘yicha 120 dan ortiq tashkilotlar o‘rtasida 6-o‘rinni egalladi. 2023-yil natijalariga ko‘ra esa, xalqaro ilmiy nashrlar bazasi bo‘lgan Springer Nature talqiniga koʻra eng samarali foydalangan top o‘ntalik tashkilotlari ro‘yxatiga kirgan.



Narimanov Abdujalil Abdusamatovich genetik, urug‘shunoslik va seleksiya sohasida keng ko‘lamli tadqiqotlar olib bordi. Uning ilmiy faoliyati “Web of Science” ma’lumotlar bazasida Hirsh indeksi 7 bo‘lib, 250 dan ortiq iqtiboslarga ega. U 200 dan ortiq ilmiy ishlar, 5 ta monografiya va darsliklar va 20 ta patent muallifi va hammuallifidir.



Uning rahbarligida g‘ozaning “Yuksalish”, “Afsona”, “Samara”, “Gulshan”, “Imkon”, “Marvarid”, “Niso” moshning “Ishonch”, “Istiqbol-32”, soyaning “Ehtiyoj” va bug‘doyning “Havas” kabi yangi navlari yaratilib, O‘zbekistonning turli viloyatlarida keng miqyosda qo‘llanildi. Masalan, 2023-yilda “Yuksalish” navi Surxondaryo viloyatida 5000 gektardan ortiq maydonda, “Afsоna” navi Samarqand va Jizzax viloyatlarida 500 gektarda ekilib, yuqori hosildorlik ko‘rsatdi. “Mehnat” navi 12267 gektar maydonda, “AN-Bayaut-2” navi esa, Jizzax va Sirdaryo viloyatlarida 4000 gektarda muvaffaqiyatli sinovdan o‘tdi.



A.A. Narimanov tomonidan ishlab chiqilgan “Urug‘larning unish tezligi” uslubi qisqa muddatda to‘liq ko‘chat olish va hosildorlikni bashorat qilish imkonini berdi. U urug‘chilik nazariyasi va amaliyotidagi tizimli yondashuvi bilan yangi ilmiy maktab tashkil qildi. Uning rahbarligida 4 ta fan doktori, 5 ta falsafa doktori, 10 dan ortiq magistr va bakalavrlar tayyorlandi.



Narimanov Abdujalil Abdusamatovich mahalliy va xalqaro miqyosda ko‘plab ilmiy loyihalarga rahbarlik qildi. Jumladan, 1997-1999-yillarda “Jizzax va Sirdaryo viloyatlarida seleksiya-urug‘chilik va g‘oʻza navlarini joylashtirish zanjiri mexanizmini ishlab chiqish va yaratish” mavzusidagi loyiha natijasida Jizzax va Sirdaryo viloyatlarida  g‘o‘za seleksiyasi va urug‘chilik tizimi uchun samarali mexanizm ishlab chiqildi. Bu g‘o‘za navlarini joylashtirish jarayonini optimallashtirdi va mahalliy sharoitlarga mos navlarni joriy etish va hosildorlikni oshirish imkoniyati yaratildi. Urug‘lik chigit sifat ko‘rsatkichlarini aniqlashning yangi-  inovatsion usullari ishlab chiqildi va amaliyotga tavsiya etildi.



2012-2014-yillarda QXA-8-12 “Urug‘lik sifatini paxta tolasining texnologik ko‘rsatkichlari orqali aniqlash uslubini ishlab chiqish” mavzusidagi loyiha natijasida paxta tolasi va urug‘i sifati o‘rtasidagi bog‘liqlik aniqlandi. Paxta qabul punktlarida urug‘lik sifatini tola sifati orqali baholashning yangi uslubi ishlab chiqildi, bu urug‘chilik jarayonlarida sifat nazoratini yaxshiladi.



“G‘allachilikda ikkinchi reproduksiya urug‘larining ekinboplik va hosildorlik xususiyatlarini aniqlash asosida urug‘chilik samaradorligini oshirish” mavzusidagi loyiha (2012-2013) natijasida ikkinchi reproduksiya urug‘larining ekinboplik xususiyatlari elita urug‘lari bilan teng ekani isbotlandi. Bu fermerlar uchun arzonroq urug‘lardan foydalanish imkonini berdi, iqtisodiy samaradorlikni oshirishga xizmat qildi.



2012-2016-yillarda KF5-006 “Turli ekologik sharoitlarda g‘ozaning yangi navlari moslashuvchanligi va barqarorligini aniqlash” mavzusidagi loyiha natijasida g‘oza navlarining turli ekologik sharoitlarda barqarorligini aniqlash uchun maxsus formula asosida uslub ishlab chiqildi. Bu yangi navlarni davlat sinovidan o‘tkazishda ularning iqtisodiy va ekologik barqarorligini baholash imkoniyati yaraldi.



KU8-088 “Urug‘lik sifatini aniqlashning hosildorlikni belgilovchi yangi uslubini ishlab chiqish” mavzusidagi loyiha (2015-2017) natijasida urug‘larning unish tezligini aniqlash uslubi ishlab chiqildi, bu qisqa muddatda to‘liq ko‘chat olish va hosildorlikni bashorat qilish imkonini berdi. Ushbu uslub urug‘chilik jarayonlarini samarali boshqarishga yordam berdi.



FA-A-QX-2018-28 “IV tip tolali seleksion ashyo olish jarayonlarini qisqartirish uchun g‘oza nav namunalarini baholash” mavzusidagi loyiha (2018-2020) ni amalga oshirish natijasida turli duragay avlodlarning gullar va koʻsaklar soni bo‘yicha yuqori ko‘rsatkichlari aniqlandi. Tola sifati va dala tajribalari natijalari asosida seleksiya jarayonlari qisqartirildi, bu yangi g‘oza navlarini yaratishni tezlashtirdi.



Mahalliy loyihalar bilan bir qatorda xalqaro miqyosidagi loyihalarda ham faol ishtirok etdi. Jumladan, 2005-2009-yillarda Osiyo taraqqiyot bankining 1 mln. AQSh dollari miqdoridagi “Donli ekinlar hosildorligini oshirish” loyihasi natijasida O‘zbekiston qishloq xo‘jalik ekinlar navlarini sinash tizimi takomillashtirildi, moddiy texnik  asosi mustahkamlandi, yangi nav sinash stansiiya (NSS) va nav sinash uchastkalar (NSU)  tashkil etildi hamda ularning nizomi ishlab chiqildi. Buning natijasida qator boshoqli ekinlardan “Chillaki” “Andijon-4” “Sanzar”, g‘o‘zai “Sulton”, “C-6524”, “Buxoro 102” “Porloq” “Ravnaq”   va boshqa qator  yuqori hosildor, tez pishar, issiqlik va sho‘rlanishga chidamli  bug‘doy va g‘o‘za navlari amaliyotga joriy etildi. Bu loyiha xorijdan donli ekinlar importini keskin kamaytirishga xizmat qildi, O‘zbekiston qishloq xo‘jaligining o‘zini-o‘zi ta’minlash darajasini oshirdi.



2022-2023-yillarda Xitoyning Shinjon “Ekologiya va geografiya” va Pekin “Geografiya va resurslar” institutlari bilan “Suv tejamkor texnologiyasi” loyihasi doirasida suv tejamkor texnologiyalarni joriy etish bo‘yicha ilmiy tadqiqotlar olib borildi va qo‘shma laboratoriya tashkil qilish bo‘yicha kelishuvga erishildi. Bu loyiha qishloq xo‘jaligida suv resurslaridan samarali foydalanishni rivojlantirishga xizmat qildi.



Hozigi kunda A.Narimanovning rahbarligida amalga oshirilayotgan FL-8323102126  “G‘o‘za genofondidagi nav-namunalarning Luteovirus va Geminivirus viruslari hamda yuqori harorat (heat shock) ga bardoshliligini genetik o‘rganish asosida qimmatli donorlarni aniqlash” nomli fundamental tadqiqot loyihasi  g‘oza navlarining genetik xilma-xilligini o‘rganish va ularning viruslar hamda ekstremal harorat sharoitlariga chidamliligini aniqlashga qaratilgan.



Ushbu tadqiqot doirasida gʻo‘za genofondidagi turli nav-namunalar Luteovirus va Geminivirus viruslariga qarshi genetik barqarorlik nuqtai nazaridan tahlil qilinadi. Shuningdek, global iqlim o‘zgarishi sharoitida muhim omil hisoblangan yuqori harorat (heat shock)ga bardoshli genetik xususiyatlar o‘rganiladi. Narimanov Abdujalil Abdusamatovich Fransiyaning Agronomiya, veterinariya va o‘rmonchilik ilmiy markazi bilan hamkorlikda “GMO organizmlarni aniqlash” va “Turg‘un organik birikmalarni tadqiq qilish” laboratoriyalarini tashkil qilish bo‘yicha kelishuvga erishdi. Bu esa o‘z navbatida O‘zbekistonning biotexnologiya va molekulyar genetika sohasidagi ilmiy salohiyatini oshirishga xizmat qilmoqda.  Bugungi kunda iqtisodiy va ekologik jihatdan o‘ta muhim bo‘lgan   urug‘-u tabiiy tuksiz  goʻza navlarini yaratish borasida tadqiqotlar olib bormoqda.



Narimanov Abdujalil Abdusamatovichning ma’naviy-ma’rifiy faoliyati uning ilmiy va professional ishlariga muhim qo‘shimcha sifatida o‘zbek jamiyatining axloqiy va madaniy rivojlanishiga xizmat qiladi. U O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Genetika va o‘simliklar eksperimental biologiyasi instituti direktori sifatida nafaqat ilmiy sohada, balki jamoatchilik va ma’naviy-ma’rifiy faoliyatda ham faol ishtirok etib, katta hurmat qozongan.



A.A. Narimanov institutda ma’naviy-ma’rifiy ishlarning rivojlanishiga katta e’tibor qaratib, xodimlar va yosh olimlar o‘rtasida vatanparvarlik, mas’uliyat va ilmiy axloq qadriyatlarini targ‘ib qiladi. U muntazam ravishda muhim ijtimoiy va davlat bayramlari munosabati bilan ma’ruzalar o‘tkazib, xotin-qizlarning jamiyatdagi o‘rni, mustaqillik ahamiyati, konstitutsiyaviy qadriyatlar va ustoz-murabbiylar hurmati kabi mavzularda so‘zlaydi. Ushbu ma’ruzalar orqali u yosh avlodda vatanparvarlik tuyg‘usini mustahkamlash, jamiyatda axloqiy va ma’naviy qadriyatlarning muhimligini targ‘ib qilishga hissa qo‘shadi.



Shuningdek, A.A. Narimanov institutda o‘tkazilgan qator xalqaro ilmiy-amaliy konferensiyalarni faol tashkil qilishda faol ishtirok etibqilishi, ilmiy jamoatchilikni fundamental fan va amaliyot integratsiyasi atrofida birlashtirishga xizmat qildi. U o‘zbek xalqining ma’naviy merosini asrash, yoshlarni ilmiy faoliyatga jalb qilish va ularning intellektual salohiyatini oshirishga qaratilgan tadbirlarni tashkil etishda muhim rol o‘ynadi. Uning samimiy, mas’uliyatli va vatanparvar yondashuvi institut xodimlari va keng jamoatchilik orasida yuqori e’tirofga sazovor bo‘ldi.



A.A. Narimanovning ma’naviy-ma’rifiy faoliyati nafaqat ilmiy jamoatchilikni, balki yosh olimlar va talabalarni ham ilhomlantirib, ularning vatan oldidagi mas’uliyatini oshirishga xizmat qiladi. Uning bu yo‘nalishdagi ishlari O‘zbekistonning ilmiy va ma’naviy rivojlanishiga muhim hissa qo‘shmoqda.



Narimanov Abdujalil Abdusamatovich O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Genetika va o‘simliklar eksperimental biologiyasi instituti direktori sifatida muntazam ravishda xalqaro va respublika miqyosidagi ilmiy-amaliy konferensiyalarni tashkil etishda faol ishtirok etadi va tahrir kengashlariga raislik qiladi. Ushbu konferensiyalar ilmiy jamoatchilikni birlashtirish, fundamental fan va amaliyot integratsiyasini rivojlantirish, shuningdek, qishloq xo‘jaligi, genetika va seleksiya sohasidagi yangi tadqiqot natijalarini muhokama qilish uchun muhim platforma bo‘lib xizmat qiladi.



Uning rahbarligida tashkil etilgan konferensiyalar orqali mahalliy va xalqaro olimlar o‘z tajribalarini almashadilar, innovatsion g‘oyalar va texnologiyalarni joriy etish yo‘llari muhokama qilinadi. A.A. Narimanov tahrir kengashi raisi sifatida ilmiy materiallarning sifatini ta’minlash, nashrlarning xalqaro standartlarga muvofiqligini nazorat qilish va konferensiya mavzularining dolzarbligini ta’minlashda muhim rol o‘ynaydi. Bu tadbirlar nafaqat O‘zbekiston ilmiy jamoatchiligini, balki xalqaro olimlar hamjamiyatini ham jalb qilib, mamlakatning ilmiy salohiyatini global miqyosda targ‘ib qilishga xizmat qiladi.



Narimanovning bu faoliyati yosh olimlarni ilmiy-tadqiqot ishlariga jalb qilish, ularning professional o‘sishini rag‘batlantirish va O‘zbekistonning ilmiy rivojlanishiga hissa qo‘shishda muhim ahamiyatga ega. Uning tashkilotchilik qobiliyati va ilmiy mas’uliyati konferensiyalarning yuqori darajada o‘tishini ta’minlaydi, bu esa mamlakatda ilmiy-ma’rifiy muhitni mustahkamlashga yordam beradi. Shuningdek, O‘zbekiston Milliy universiteti, Toshkent Davlat Agrar universiteti, Toshkent Kimyo Texnologiya instituti, Andijon va Farg‘ona Davlat universitetlari bilan hamkorlik shartnomalari tuzdi, yosh kadrlarni ilmiy-tadqiqot ishlariga jalb qilishda muhim yutuqlarga erishdi.



Narimanov Abdujalil Abdusamatovich o‘zining ilmiy va jamoatchilik faoliyatidagi muhim yutuqlari uchun bir qator nufuzli mukofotlar bilan taqdirlangan. U O‘zbekiston Respublikasining mustaqillik yubileylari munosabati bilan 2011-yilda “O‘zbekiston Mustaqilligiga 20 yil” esdalik nishoni, 2016-yilda “O‘zbekiston Mustaqilligiga 25 yil” esdalik nishoni va 2021-yilda yana “O‘zbekiston Mustaqilligiga 25 yil” esdalik nishoni bilan e’tirof etildi. Shuningdek, 2023-yilda O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasining 80 yilligiga bag‘ishlangan esdalik nishoni bilan taqdirlandi. Uning ilmiy sohadagi ulkan hissasi e’tiborga olinib, 2025-yilda O‘zbekiston Respublikasi “Turon” fanlar akademiyasining Akademigi unvoni berildi. Ushbu mukofotlar Narimanovning O‘zbekistonqishloq xo‘jaligi rivojiga qo‘shgan beqiyos hissasini aks ettiradi.



Narimanov Abdujalil Abdusamatovich – O‘zbekiston qishloq xo‘jaligi sohasida muhim o‘rin tutuvchi olim va rahbar. U genetika, seleksiya va urug‘chilik sohasida innovatsion uslublar ishlab chiqdi, yangi ekin navlarini yaratdi va xalqaro hamkorlikni rivojlantirdi. Uning ilmiy maktabi orqali tayyorlangan kadrlar mamlakat ilmiy salohiyatini oshirishga xizmat qilmoqda. A.Narimanovning mas’uliyatli, innovatsion va samimiy yondashuvi uni nafaqat ilmiy jamoatchilik, balki keng doiradagi hamkasblari orasida hurmatga sazovor qildi.