Muradulla Normuradov Fizika-matematika fanlari doktori, professor. Xalqaro oliy ta’lim akademiyasi a’zosi. 50 yillik mehnat stajiga ega. O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti farmoni bilan 2003-yilning avgustida professor Muradulla Normuradov “El-yurt hurmati” ordeni bilan taqdirlangan.
Muradulla Normuradov mamlakatimizda amalga oshirilayotgan siyosiy islohotlar jarayoniga ham faol ishtirok etmoqda. U 1997-2014-yillar davomida Xalq deputatlari Qashqadaryo viloyati kengashi deputatligiga saylangan. 1999-2004-yillar mobaynida Muradulla Normuradov Oliy majis deputati, 2005-2009-yillarda esa Oliy Majlis Senati a’zoligiga Senator bo‘lib saylangan.
2003-yildan 20 yil davomida O‘zbekiston Respublikasi Oliy majlisining Inson huquqlari bo‘yicha Ombudsmanning Qashqadaryo viloyatida Mintaqaviy vakili sifatida fuqarolar huquqlarini himoya qilgan.
1997-yil fevral oyida Muradulla Normuradov O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining qarori bilan Qarshi muhandislik-iqtisodiyot instituti rektori lavozimiga tayinlangan. 2009-2013-yillarda Qarshi davlat universiteti rektori vazifasida faoliyat yuritgan. M.Normuradov universitet rahbari sifati ta’lim jarayoni, ilm-fan rivojlanishi, ayniqsa, ulkan qurilish va obodonlashtirish ishlarida namuna bo‘ladigan islohotlarni amalga oshirgan. Jumladan, oliygohda ta’lim jarayonini optimallashtirish, ma’naviy tarbiyaviy ishlarni modernizatsiya qilish, ilmiy izlanishlarga innovatsion tus berish, talaba va professor-o‘qituvchilarga zarur shart-sharoitlarni yaratish, iqtidorli talabalarni qo‘llab-quvvatlash, ishlab chiqarish korxonalari bilan integratsiyani yo‘lga qo‘yish kabi qator muammolarni hal etgan. Dastlab ahvolni o‘nglash maqsadida “Homiylar kengashi” tuzildi. Universitetda isitish va ta’mirlash ishlariga 4 milliarddan ortiq mablag‘ jalb qilingan.
Professor Muradulla Normuradov fizikaviy elektronikaning qattiq jismlar sirt yuzalarining xossa va xususiyatlarini kichik quvvatli aktiv ionlar ta’sirida o‘zgartirish va boshqarish sohasidagi yirik olim sifatida respublikamiz va chet ellik hamkasblarlari orasida katta obro‘ga ega. 1990-yillarda professor M. Normuradov rahbarligida ilmiy maktab shakllangan. Bu ilmiy maktabda fan nomzodlari va doktorlari tayyorlana boshlangan.
Muradulla Normuradov oliy ta’limning qaysi bosqichida mehnat qilmasin doimo yoshlar bilan ustoz-shogird tizimida talaba, magistr, doktorantlar qurshovida faoliyat yuritdi. Keyingi yillarda Qarshi davlat universiteti Nazariy va eksperimental fizika kafedrasining professori sifatida fizikaning dolzarb yo‘nalishlaridan biri nanoelektronika sohasida magistratura va doktoranturani tashkil etishda jonbozlik ko‘rsatgan. Hozirgi vaqtda universitetda Muradulla Normuradov tomonidan “Mikro va nanoelektronika” ilmiy tadqiqot laboratoriyasi tashkil etilgan.
Ilmiy laboratoriyada uning rahbarligida 4 nafar doktorant, 3 ta mustaqil tadqiqotchi fizikaning dolzarb sohasi “Nanotexnologiya” yo‘nalishida ilmiy tadqiqotlar olib bormoqda. Uning rahbarligida 10 ta nomzodlik va 4 ta doktorlik dissertatsiyasi himoya qilingan.
300 dan ortiq ilmiy maqola va o‘quv-uslubiy qo‘llanmalar muallifi. 50 dan ortiq maqolalari chet eldagi (Germaniya, Fransiya, Rossiya va boshqa mamlakatlar) Scopus va Web of science xalqaro ma’lumotlar bazasiga kiruvchi ilmiy jurnallarda e’lon qilingan. 2 ta darslik, 3 ta o‘quv qo‘llanma va 4 ta monografiyasi chop etilgan.
O‘zbekiston Respublikasi Olif ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi huzuridagi Oliy attestatsiya komissiyasi qoshida tashkil etilgan fizika-matematika fanlari bo‘yicha falsafa doktori (PhD) 01.04.04 – Fizik elektronika ixtisosligi bo‘yicha Ilmiy kengash raisi sifatida faoliyat yuritib kelmoqda.
Muradulla Normuradov universitetning moddiy-texnik bazasini mustahkamlash, o‘quv jarayonlarining sifatini ko‘tarishda zarur bo‘lgan yuqori salohiyatli kadrlar tayyorlashga katta e’tibor qaratmoqda. 2018-yilda Jahon banki Akademik Innovatsiyalar Fondi tomonidan e’lon qilingan “Oliy ta’lim muassasalarining moddiy texnik bazasini mustahkamlash” loyihasi tanlovida ishtirok etib, g‘oliblikni qo‘lga kiritdi (muddati 2019-2021-yillar, mablag‘i 130.000 AQSh dollarini tashkil etadi). Loyiha doirasida tashkil etilgan “Mikro va nanoelektronika” ilmiy tadqiqot laboratoriyasida fizik elektronika, yarimo‘tkazgichlar fizikasi, quyosh fizikasi sohalarida magistrlik va doktorlik ilmiy tadqiqot ishlari bajariladi. Yuqori kurs talabalari ham ilmiy tadqiqot ishlariga jalb etiladi. O‘zbekiston Respublikasi innovatsion rivojlanish vazirligi tomonidan e’lon qilingan fundamental loyihalar bo‘yicha Muradulla Normuradov “Nanoo‘lchamli termoelektrik BaSi2 va Mn4Si7 plyonkalarini hosil bo‘lishi va ularning xossalari” mavzusida grant g‘olibi bo‘lgan. Loyiha muddati 2021-2025-yillar. Loyihaning umumiy moliyaviy hajmi 4 milliard 465 million so‘m.
2023-yilda Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi tomonidan e’lon qilingan innovatsion loyihalar bo‘yicha M.Normuradov rahbarligida “Energiya tejovchi texnologiyalarda foydalaniladigan metall silitsidi va yarimo‘tkazgich birikmalar asosidagi nanoo‘lchamli plyonkalarning optik va elektrofizik xossalari” mavzusida grant qo‘lga kiritdi. Ushbu loyiha 2 yilga mo‘ljallangan bo‘lib, qiymati 2 mlrdga teng.
Malakali kadrlar tayyorlashdagi xizmatlari va ilm-fan taraqqiyotiga qo‘shgan munosib hissasi uchun Muradulla Normuradov 2003-yilda Xalqaro Oliy ta’lim Akademiyasi a’zoligiga saylangan.
Qarshi Davlat Universitet jamoasi Muradulla Normuradovning universitetda ilm-fanni rivojlantirishda va yosh avlodni yuqori salohiyatli kadrlar qilib tarbiyalash ishlarida munosib hissa qo‘shishiga ishonadi.