Olim

NORQULOV DO‘STMUROD TOSHPO‘LATOVICH

Falsafa fanlari doktori, professor

Turon Fanlar akademiyasi akademigi, falsafa fanlari doktori, Toshkent Davlat tibbiyot universiteti professori Norqulov Do‘stmurod Toshpo‘latovich 1952-yil 21-avgustda Qashqadaryo viloyati Kasbi tumani Oqjangal qishlog‘ida tug‘ilgan. 1969- yili Qashqadaryo viloyati Kasbi tumanidagi D.I.Mendeleyev nomidagi o‘rta maktabni imtiyozli ravishda tamomlagan. O‘rta maktabni tamomlagan yili, ya’ni 1969-yili Toshkent Davlat universiteti (hozirgi Mirzo Ulug‘bek nomidagi O‘zbekiston Milliy universiteti) falsafa-iqtisod bo‘limining falsafa ixtisosligiga o‘qishga kirib, 1974-yili uni falsafa o‘qituvchisi mutahassisligi bo‘yicha tugallagan.



1974-yili D.T. Norqulovni Toshkent Davlat universiteti (O‘zMU) taqsimot komissiyasi Toshkent Davlat tibbiyot instituti (hozirgi Toshkent Davlat tibbiyot universiteti) Falsafa kafedrasida ishlashga yo‘llanma beradi va o‘sha yili kafedrada o‘qituvchilik lavozimida pedagogik faoliyatini boshlagan. Pedagogik faoliyati bilan birgalikda falsafa fanlari doktori, professor Miraxmad Anarqulovich Abdullayev ilmiy rahbarligida ilmiy-tadqiqot ishlarini olib borib, 1983-yilning 16-iyunida “Bo‘sh vaqt – qishloq mehnatkashlari madaniy-texnik saviyasini oshirishning muhim omili” mavzusida 09.00.04-Ijtimoiy falsafa ixtisosligidan falsafa fanlari nomzodi ilmiy darajasini olish uchun nomzodlik dissertatsiyasini muvoffaqiyatli himoya qilgan.



D.T. Norqulov 1984-yil Toshkent Davlat tibbiyot instituti Falsafa kafedrasi o‘qituvchisi lavozimidan katta o‘qituvchisi lavozimiga o‘tkazilgan. 1989-yildan Toshkent Davlat Agrar universiteti “Falsafa va huquq” kafedrasi dotsenti lavozimiga ishga qabul qilindi va 1998-yilgacha shu universitetda dotsent lavozimida faoliyat olib borgan.



1998-yil 16-iyuldan Ikkinchi Toshkent Davlat tibbiyot instituti “Falsafa va huquq” kafedrasiga mdirlik lavozimiga ishga taklif qilinib, 2016-yil 2-sentyabrigacha kafedra mudiri lavozimida faoliyat yuritgan. D.T. Norqulov nomzodlik dissertatsiyasini ximoya qilib, tasdig‘ini olgan kundan boshlab doktorlik dissertatsiyasi ustida ilmiy tadqiqot ishlarini olib borgan va 2000-yil 21-dekabrda “Vaqt – jamiyat madaniy-ma’naviy ravnaqi omili: nazariya va amaliyot” mavzusida 17.00.08-Madaniyat nazariyasi va tarixi ixtisosligidan doktorlik dissertatsiyasini himoya qilgan.



D.T. Norqulov doktorlik dissertatsiya ishida insonning vaqtga bo‘lgan munosabati, uning vaqtdan qanday tarzda foydalanishi, islohotlarning borishini, uning natijalarini ko‘p jixatdan belgilab berishi masalalariga e’tibor qaratgan. Vaqt tushunchasi shunchaki falsafiy tushuncha bo‘lib qolmasdan, ijtimoiy, siyosiy-iqtisodiy, tarixiy madaniy ma’noga ham egadir. Vaqtga ana shunday yondashgan paytdagina uning ijtimoiy, siyosiy, madaniy-ma’naviy mazmuni va mohiyatini hamda jamiyatning madaniy-ma’naviy rivojlanishi, bir-biri bilan bog‘liqligi to‘laroq, yaxlit va aniq konseptual asosga ega bo‘lishi, insonning vaqtni idrok etishi, unga nisbatan tasavvuri ham o‘zgarishi kabi masalalarga e’tiborini qaratgan va o‘rgangan.



D.T. Norqulov ilmiy rahbarligida Azamat Xudoyqulov “Jamiyat ijtimoiy rivojlanishida iqtisodiy ongning roli” (2005), Yuldosh Maxmudov “O‘zbekiston jamiyati ma’naviy yangilanishida huquqiy ongning o‘rni” (2010), Nafosat Zikirova “Markaziy Osiyo davlatlarida milliy taraqqiyot modellari (ijtimoiy-falsafiy tahlil)” (2019), D.Qoraboyeva “Tarixiy-madaniy meros fenomeni va uning milliy o‘zlikni anglashga ta’siri” (2023), N.Abduraxmonova “Qishloq axolisining huquqiy madaniyatini yuksaltirishning ijtimoiy-falsafiy jihatlari” (2023) mavzularida dissertatsiya ishini tayyorlab, falsafa fanlari bo‘yicha falsafa doktori ilmiy darajasiga ega bo‘lishgan. A.Razzoqov “Xususiy, korporativ va milliy manfaatlarni uyg‘unlashtirishning ijtimoiy-falsafiy xususiyatlari” (PhD) mavzucida falsafa fani bo‘yicha ilmiy tadqiqotlar olib bormoqdalar va himoya qilish arafasidadir. Bundan tashqari, bir nechta tadqiqotchilar D.Norqulov rahbarligida tadqiqot ishlarini olib bormoqda.



D.T. Norqulov 30 dan ortiq nomzodlik va doktorlik dissertatsiyalarini himoya qilgan tadqiqotchilarga rasmiy opponentlik qilgan. Ilmiy faoliyati davomida 200 dan ortiq ilmiy maqolalar, tezislar, risolalar, o‘quv, o‘quv-uslubiy qo‘llanmalar, darslik va monografiyalar nashr etgan. Jumladan, “Mehnat, turmush va bo‘sh vaqt” – Toshkent: “Fan” 1993-y., “Vaqt va inson” – Toshkent: “Falsafa va huquq” 2006 y., “Mustaqil O‘zbekiston: ma’naviy yangilanish va huquqiy ong” – Toshkent: “Falsafa va huquq” 2011-y., “Tarixiy-madaniy meros va milliy o‘zlikni anglash” – Toshkent: “Fan va texnologiyalar nashriyot-matbaa uyi” 2022-y., “Orzularga hamohang hayot” – Toshkent: “Fan ziyosi” 2022 y., “Jamiyat rivojida falsafiy ongning ta’siri” – Toshkent: “Fan va texnologiyalar” 2023 y., “Qishloq aholisi huquqiy madaniyatini yuksaltirish: nazariya va amaliyot” – Toshkent: “Voris-nashriyot” 2024-y., “Ezgulikka talpingan insonlar” – Toshkent: “Voris-nashriyot” 2024-y., “Oqjangal va oqjangalliklar” – Toshkent: “Voris-nashriyot” 2025 y.  monografiyalar muallifi.



Bu kitoblarda insonni har tomonlama kamol toptirishda, turmush sharoitini yaxshilashda, yoshlar tarbiyasida vaqtning, ayniqsa, bo‘sh vaqtning o‘rni, O‘zbekiston jamiyati ma’naviy yangilanishida huquqiy ongning roli, Yangi O‘zbekistonda tarixiy-madaniy merosni asrash, unga tayanish va shu asosda milliy taraqqiyotga erishish davlatimiz siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan biri ekanligi masalalari tahlil etilgan.



D.T. Norqulov Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi huzuridagi Ijtimoiy-ma’naviy tadqiqotlar instituti va O‘zbekiston Milliy universiteti huzuridagi fan doktori (DSc) va falsafa doktori (PhD) ilmiy darajalarini beruvchi Ilmiy Kengash va Ilmiy seminarlari hamda AQShning “The American Journal of Social Science and Education Innovations” hamda Ispaniyaning “International Journal of Culture and Modernity” nomli nufuzli ilmiy jurnallari tahririyati a’zosi.



D.T. Norqulov mamlakatimiz miqyosida sog‘liqni saqlash sohasida kechayotgan tub islohotlarni hayotga tadbiq qilishdagi faol ishtiroki, bilimli, iqtidorli tibbiyot sohasi mutahassislarini tayyorlashda qo‘shayotgan salmoqli hissasi uchun O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash xodimlari kasaba uyushmasi markaziy kegashi, Toshkent tibbiyot akademiyasi rahbariyati tomonidan bir necha marta faxriy yorliq, tashakkurnomalar bilan;



Mamlakatimiz taraqqiyoti uchun yetuk faylasuf, psixolog, sotsiolog, siyosatshunos mutaxassislarni tarbiyalashdagi xizmatlari, yoshlarga vatanparvarlik ruhida ta’lim-tarbiya berishdagi faolligi, ilm-fan rivojiga qo‘shgan salmoqli hissasi uchun 2015 yilda O‘zbekiston Milliy universiteti Falsafa fakulteti tashkil etilganligiga 35 yil to‘lishi munosabati bilan Milliy universitet rektorati tomonidan tashakkurnoma bilan, shuningdek, Maxpirat nomidagi O‘rta Osiyo xalqlari tarixi instituti va Turon fanlar akademiyasi tomonidan yosh avlodni komil inson qilib tarbiyalashdagi samarali faoliyati uchun 2020-yil 27-sentyabrda va 2021-yil 26-sentyabrda faxriy yorliqlar bilan, Turon fanlar akademiyasi tashkil etilganligining 10 yilligi munosabati bilan, akademiyadagi faolligi e’tiborga olinib, “Turon fanlar akademiyasi 10 yilligi ko‘krak nishoni” bilan taqdirlangan.



Hozirgi kunda Toshkent Davlat tibbiyot universiteti Ijtimoiy fanlar kafedrasida professor lavozimida faoliyat yuritmoqda.