Akram Odilovich Ochilovning asosiy maqsadi: yurt ravnaqi, xalqimiz farovonligi va yoshlarimiz kelajagini taʼminlash yoʻnalishlarida fidokorona xizmat qilish.
Asosiy prinsipi: adolatlilik, masʼuliyatlilik, Yangi Oʻzbekistonning porloq istiqboliga ishonch, haqiqiy olimlik aqidalariga rioya qilish, kreativ fikrlash, yuksaklikka intilish.
Asosiy shiori: Vatanni, millatni va ota-onani tanlab boʻlmaydi. Shunga koʻra u Oʻzbekistondek maftunkor va betakror mamlakatda tugʻilganidan, oʻzbek millatiga mansubligidan va xalqimiz orasida “El vijdoni” nomini olgan muhtaram padari buzrukvori rahmatli Odilxon Ochilov va “Kitobsevar onaxon” nomini olgan volidayi muhtaramasi rahmatli Xursandoy Ochilovaning farzandi ekanligidan hamisha baxtiyor va faxrlanib yashaydi.
A.O. Ochilovning qisqacha tarjimai holi va mehnat faoliyati.
Ochilov Akram Odilovich, 1963-yil 20-sentyabrda Qashqadaryo viloyatining Koson tumani Pudina qishlogʻida tugʻilgan. 1980-yilda Koson tumanidagi 76-maktabni oltin medal bilan, 1985-yilda Toshkent irrigatsiya va qishloq xoʻjaligini mexanizatsiyalashtirish injenerlari instituti (hozirgi «TIQXMII» Milliy tadqiqotlar universiteti)ni “Gidromelioratsiya” mutaxassisligi, 2006-yilda Qarshi muhandislik-iqtisodiyot instituti (hozirgi Qarshi davlat texnika universiteti)ni “Iqtisodiyot” taʼlim yoʻnalishi boʻyicha imtiyozli diplomlar bilan tugatib, mehnat faoliyatini 1985-1986-yillarda TIQXMII Qarshi filialida laboratoriya mudiri lavozimidan boshlagan.
U 1988-yilda Moskva gidromelioratsiya instituti (hozirgi Moskva davlat tabiatni muhofaza qilish universiteti) da stajirovkada, 1989-1991-yillarda shu institutda maqsadli aspiranturada oʻqib, 1991-yilda “Gidrotexnika qurilishi” ixtisosligi boʻyicha nomzodlik dissertatsiyasini aspirantura muddati tugashidan avval himoya qilgan va texnika fanlari nomzodi ilmiy darajasiga ega boʻlgan. 1991-2008-yillarda TIQXMII Qarshi filialida Gidrotexnika inshootlari kafedrasi assistenti, dotsenti; Agrotexnologiya markazi metodisti; Agroiqtisodiyot kafedrasi katta oʻqituvchisi, dotsenti; Marketing xizmati boʻlimi boshligʻi; Iqtisodiyot va menejment kafedrasi dotsenti lavozimlarida ishlagan. 2009-2010-yillarda Qarshi davlat universiteti moliya-iqtisodiyot ishlari prorektori; 2010-2019-yillarda Qarshi davlat universiteti Iqtisodiyot nazariyasi, Kasb taʼlimi, Mehnat taʼlimi kafedralari dotsenti lavozimlarida ishladi.
A.O. Ochilov 2003-2014-yillarda jamoatchilik asosida Tadbirkorlar va ishbilarmonlar harakati – Oʻzbekiston Liberal-demokratik partiyasi tashkiliy qoʻmitasi raisi oʻrinbosari, OʻzLiDeP Siyosiy Kengashi aʼzosi, OʻzLiDeP Qarshi shahar kengashi raisi, III- va IV- chaqiriq Xalq deputatlari Qarshi shahar kengashi deputati vazifalarida ishladi. Hozirgi kunda OʻzLiDeP aʼzosi.
A.O. Ochilov 2019-yil 18-yanvarda Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti huzuridagi ilmiy darajalar beruvchi DSc.27.06.2017.I.16.01 raqamli ilmiy kengashda i.f.d., professor Sh.N. Zaynutdinov ilmiy rahbarligida 08.00.13 – Menejment ixtisosligi boʻyicha “Yuqori malakali kadrlar tayyorlashni boshqarish samaradorligini oshirish” mavzusi asosida doktorlik dissertatsiyasi (DSc)ni himoya qilib, iqtisodiyot fanlari doktori ilmiy darajasiga ega boʻldi.
Iqtisodiyot fanlari doktori (DSc) dissertatsiyasining ilmiy yangiliklari Oʻzbekiston Respublikasining “Yoshlarga oid davlat siyosati toʻgʻrisida”, “Taʼlim toʻgʻrisida” (yangi tahriri, OʻRQ №637, 2020-yil 23-sentyabr), “Ilm-fan va ilmiy faoliyat toʻgʻrisida” (OʻRQ 576, 2019-yil 29-oktyabr), “Innovatsion faoliyat toʻgʻrisida” (OʻRQ-630-son, 2020-yil 24-iyul)gi qonunlari va Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Oliy taʼlim muassasalarida taʼlim sifatini oshirish va ularning mamlakatda amalga oshirilayotgan keng qamrovli islohotlarda faol ishtirokini taʼminlash boʻyicha qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi Qarori (PQ-3775, 2018-yil 5-iyun; A.O. Ochilovning ilmiy taklifi: oliy taʼlim muassasalarida bakalavrlarni uch yilda, magistrlarni bir yilda tayyorlash) loyihasini ishlab chiqishda qabul qilingan.
Oʻquv-uslubiy sohada bakalavriat taʼlim yoʻnalishlari talabalari, magistratura mutaxassisliklari magistrantlari va soha mutaxassislari uchun “Personalni boshqarish (hammuallif A.V. Babkin – SPbPU)”, “Инновационный менеджмент (hammualliflar K.A. Barmuta – DGTU, D.A. Artemenko – FU pri Pravitelstve RF)”, “Innovatsion menejment va tadbirkorlik” (hammualliflar D.X. Nabiyev, M.S. Saidov va b.), “Экономическая теория (hammualliflar J.Sh. Tuxtabayev, S.Ye. Barikin (SPbPU) va b.)”, “Mikroiqtisodiyot (hammualliflar J.Sh. Tuxtabayev, E. Ostanov), «Makroiqtisodiyot (hammualliflar J.Sh. Tuxtabayev va b.) «Korxonalarni inqirozga qarshi boshqaruv (hammualliflar M.S. Saidov va b.”) fanlari boʻyicha darsliklar; “Davlat boshqaruvida inson resurslari”, “Yangi strategiya va raqobatbardoshlik: firmalar, klasterlar va iqtisodiy rivojlanish”, “Экономика промышленности (hammuallif O.V. Myasnikova) fanlaridan oʻquv qoʻllanmalari, shuningdek 30 dan ortiq fanlar boʻyicha oʻquv-uslubiy majmualar, sillabuslar va uslubiy qoʻllanmalar yaratdi.
Ilmiy-tadqiqot ishlari yoʻnalishida, 2011-yildan hozirgi kunga qadar 10 ta monografiya (shu jumladan 3 ta yakkamualliflikda)si, jami 150 b.t. (bosma toboq) hajmidagi 250 dan ortiq maqola va tezislari jahonning 20 dan ortiq xorijiy mamlakatlari (shu jumladan AQSH, Rossiya, Buyuk Britaniya, Kanada, Fransiya, Italiya, Ispaniya, Gretsiya, Germaniya, Chexiya, Slovakiya, Indoneziya, Hindiston, Eron, Braziliya, Turkiya, Ruminiya, Armeniya, Belarus, Ukraina, Ozarboyjon, Qirgʻiziston, Qozogʻiston va Oʻzbekiston Respublikasining nufuzli ilmiy jurnallari va konferensiya materiallarida chop etilgan. Eng nufuzli maqolalari Web of Science, Scopus, RINS, Google Scholar kabi xalqaro texnik bazalarda indekslangan.
2020-yildan “Ilmiy jurnallar va xalqaro konferensiyalar” Internet tashkiliy-ommabop guruhi va kanali ilmiy maslahatchisi. Bu guruh Oʻzbekiston Respublikasi olimlari va ilmiy-tadqiqotchilarining ilmiy maqolalari va tezislarini rivojlangan mamlakatlarning 60 dan ortiq Scopus, Web of Science toifali, impakt-faktorli va Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Attestatsiya Komissiyasi tavsiya etgan nufuzli ilmiy jurnallarda chop ettirish uchun tayyorlash, tahrirlash, tarjima qilish xizmatlari bilan shugʻullanadi.
Oʻzbekiston Respublikasida ilmiy darajali kadrlarni tayyorlash yoʻnalishida, 2019-yildan boshlab hozirgacha Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti, Buxoro davlat universiteti, Buxoro muhandislik-texnologiya instituti (hozirgi Buxoro davlat texnika universiteti), Qarshi muhandislik iqtisodiyot instituti (hozirgi Qarshi davlat texnika universiteti), “Toshkent irrigatsiya va qishloq xoʻjaligini mexanizatsiyalashtirish injenerlari instituti” Milliy tadqiqot universiteti, Samarqand iqtisodiyot va servis instituti, Qoraqalpoq davlat universiteti, Urganch davlat universiteti va Qarshi davlat universiteti huzuridagi 08.00.04 – Qishloq xoʻjaligi iqtisodiyoti», 08.00.05 – “Xizmat koʻrsatish tarmoqlari iqtisodiyoti”, 08.00.11 – “Marketing”, 08.00.12 – “Mintaqaviy iqtisodiyot” 08.00.13 – “Menejment”, 08.00.15 – “Kichik biznes va tadbirkorlik”, 08.00.17 – Turizm va mehmonxona faoliyati ixtisosliklari boʻyicha iqtisodiyot fanlari boʻyicha falsafa doktori PhD, fan doktori DSc ilmiy darajalar beruvchi Ilmiy kengash (doimiy, bir martalik)lar aʼzosi, Ilmiy seminar raisi, rais oʻrinbosari, taqrizchi va opponent sifatida jamoatchilik asosida faoliyat olib bormoqda.
Jahonning TOP-1000 talikdagi OTMlari bilan Qarshi davlat universitetining xalqaro hamkorligini akademik mobillik, xorijiy stajirovka, malaka oshirish va hammualliflikda oʻquv adabiyotlari, monografiya va maqolalar chop ettirish, qoʻshma taʼlim dasturlari boʻyicha kadrlar tayyorlash, hamkorlikda yuqori va oliy malakali kadrlar tayyorlash kabi yoʻnalishlarda yoʻlga qoʻyish, mustahkamlash va rivojlantirish maqsadida M.V. Lomonosov nomidagi Moskva davlat universiteti (MGU), Iqtisodiyot oliy maktabi (VSHE) Ilmiy-tadqiqot universiteti, Patrisa Lumumba nomidagi Rossiya xalqlar doʻstligi universiteti (RUDN), G.V. Plexanov nomidagi Rossiya iqtisodiyot universiteti (REU), RF Hukumati huzuridagi Moliya universiteti (FU), Sankt-Peterburg davlat universiteti (SPbGU), Buyuk Pyotr Sankt-Peterburg politexnika universiteti (SPbPU), Qozon Federal universiteti (KFU), Belarus davlat universiteti (BelGU), Belarus Milliy-texnika universiteti (BelNTU), Italiya Kattaneo universiteti, Don davlat texnika universiteti (DGTU), Janubiy Federal universitet (YUFU), Moskva davlat pedagogika universiteti (MGPU), shuningdek 10 dan ortiq Yevropa, Rossiya, Qozogʻiston va Qirgʻiziston Respublikasi OTMlari va ilmiy-tadqiqot institutlari bilan integratsion faoliyatni amalga oshirib kelmoqda.
Soʻnggi 3-yilda A.O. Ochilov TOP-1000 talikdagi OTMlari professor-oʻqituvchilari bilan hamkorlikda 2 ta darslik, 2 ta oʻquv qoʻllanma, 3 ta monografiya, Scopus va Web of Science jurnallarida chop etilgan va xalqaro texnik bazalarda indekslangan 6 ta maqola, respublika OAK roʻyxatidagi va xalqaro nufuzli jurnallarda jami 20 ta maqola chop ettirdi.
U Oʻzbekiston Respublikasi OAK tomonidan iqtisodiyot fanlari boʻyicha PhD va DSc doktorlik dissertatsiyalari asosiy natijalarini nashr etishga tavsiya etilgan “Taʼlimda ijtimoiy-gumanitar fanlar” (Toshkent davlat texnika universiteti), QarDU xabarlari (Qarshi davlat universiteti) va xorijiy π-Economy (Rossiya, SPBPU), Ekonomicheskiy professionalniy jurnal (Rossiya, Moskva), V sentre ekonomiki (Rossiya, Moskva) jurnallarining tahririyat aʼzosi.
A.O. Ochilov bundan tashqari respublika OTMlari professor-oʻqituvchilari va ITMlari ilmiy xodimlarining ilmiy unvonlar olishlari uchun Prezident asarlarini oʻrganish boʻyicha OAK ruxsati asosida QarDUda tashkil etilgan “Davlat va jamiyat qurilishi tizimini takomillashtirish, qonun ustuvorligi, iqtisodiyotni rivojlantirish va liberallashtirish hamda ijtimoiy rivojlanishning ilmiy asoslari va amaliy yoʻnalishlari” maxsus imtihon komissiyasi aʼzosi; Qashqadaryo va Buxoro viloyatlarida faoliyat olib boruvchi OTMlarida bitiruvchi bakalavrlar va magistrlar bilimini baholash boʻyicha tuzilayotgan YADAS komissiyasi raisi (aʼzosi), oliy malakali kadrlarni tayanch doktorantura (doktorantura, mustaqil izlanuvchilik)ga oʻqishga qabul qilish, ular faoliyatini monitoring qilish, BMI va MD larni himoya qilish boʻyicha imtihon komissiyasi raisi (aʼzosi) sifatida ham faol ishtirok etib kelmoqda.
Xorijiy stajirovka va malaka oshirish yoʻnalishlarida, xalqaro konferensiyalarni tashkil etish yoʻnalishlarida, universitetda yaratilgan imkoniyatlardan samarali foydalangan holda 2024-yilda Buyuk Pyotr Sankt-Peterburg politexnika universitetida xorijiy stajirovka va malaka oshirish kursini muvaffaqiyatli oʻtadi. Ikki haftalik xizmat safaridan samarali foydalanib, 144 soatlik malaka oshirish kursini oʻtdi, xalqaro konferensiyada maʼruza qildi, ochiq mehmon darslari (otkritie gostevie leksii) oʻtdi, konferensiyada Oʻzbekistonlik olimlar shubasini boshqardi, seminar-trening oʻtkazdi, yetuk professorlar maʼruzasini tingladi, keyuinchalik hammualliflikda Scopus bazasida indekslanadigan 2 ta maqola va xalqaro nufuzli jurnallarda 8 ta maqola chop ettirishga, xalqaro grantlar va hamkorlikda ilmiy darajali kadrlar tayyorlashga, qoʻshma dasturlar asosida yuqori malakali kadrlar tayyorlash yuzasidan shartnomalar tuzishga erishdi.
2020-yildan hozirgacha har yili 3-4-marta Rossiya, Belarus, Qozogʻiston, Qirgʻiziston va Oʻzbekiston Respublikasida xorijiy olimlar bilan hamkorlikda xalqaro konferensiyalarni tashkil qilib, oʻtkazib kelmoqda.
2025-yilda Qarshi davlat universitetida professor A.O.Ochilovning bevosita tashabbuskorligi va tashkilotchiligi asosida “Yashil energetika va yashil iqtisodiyot” nomli xalqaro konferensiyada jahonning 10 dan ortiq mamlakati va Oʻzbekiston Respublikasidan 200 dan ortiq olimlar, professor-oʻqituvchilar, doktorantlar, ilmiy-tadqiqotchilar, magistrantlar va talabalar maʼruza, maqola va tezislar bilan ishtirok etishdi. Konferensiya materiallari Oʻzbekiston Respublikasi Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligi huzuridagi OAK roʻyxatiga kiritilgan Yashil iqtisodiyot va taraqqiyot jurnalining navbatdan tashqari sonida hamda SCIENCE & INNOVATION jurnallarining 2 tomlik toʻplamida chop etildi va qisqa muddatda xalqaro texnik bazalarda indekslandi.
Soʻnggi yillarda professor A.O. Ochilovning tashabbusi va bevosita ishtirokida Iqtisodiyot kafedrasiga tegishli fanlar boʻyicha Iqtisodiyot fakulteti talabalarini oʻqitishga TOP-1000 talikdagi professor-oʻqituvchilarni jalb qilish yuzasidan salmoqli ishlar olib borilmoqda. 2024-yilda universitetga xorijiy OTMlaridan 10 nafar, 2025-yil 1-iyun holatida 7 nafar professor-oʻqituvchi jalb etilgan boʻlsa, ulardan taʼlim importi asosida talabalarga bepul dars oʻtib berish orqali universitetga xorijiy investitsiya kiritish ishlari ham amalga oshirilmoqda.
Maʼnaviy-maʼrifiy sohada, A.O. Ochilov vatanparvarlik, millatlararo totuvlik, Oʻzbekiston xalqiga, ota-onaga va ustozlarga ehtirom, hayot sarhadlari, sogʻlom turmush tarzi, doʻstlik, oilaviy munosabatlar, tadbirkorlikka yoʻnaltirish va boshqa dolzarb mavzularda sheʼrlar yozadi, sheʼrlari “Oʻzbekiston ovozi”, “Qashqadaryo”, “Efirda Qashqadaryo”, “Universitet”, “Adolat kuchi”, “Mirishkor mashʼali”, “Muhandis-iqtisodchi”, “Voha” gazetalari sahifalarida chop etilgan.
Professor A.O. Ochilov mamlakat qonunlari, Prezident hujjatlari va Hukumat qarorlari talablari asosida jamiyat farovonligini oshirish, mintaqa iqtisodiy ko’rsatkichlarini oshirish, hududlarda ijtimoiy-maʼnaviy muhitni sogʻlomlashtirish, uzluksiz ta’lim tizimida ta’lim sifati va samaradorligini oshirish, oliy ta’lim muassalari va yirik korxonalar integratsiyasini kengaytirish, kichik biznes va tadbirkorlikni rivojlantirish, mahalla institutini yanada qoʻllab-quvvatlash, yoshlar, oila va xotin-qizlar bilan ishlash tizimini yangi darajaga olib chiqish; “Bir ziyoli bir mahallada maʼnaviy homiy”, “Kelajakka bir qadam”, “Dolzarb 90 kun” dasturlarida belgilangan vazifalarni tashabbuskorlik va masʼuliyat bilan amalga oshirib kelmoqda.
Professor A.O. Ochilov oliy va yuqori malakali kadrlar tayyorlash boʻyicha salmoqli ishlarni amalga oshirib kelmoqda. 2025-yil may oyiga qadar ilmiy rahbarligidagi shogirdlaridan 3 nafar ilmiy tadqiqotchi iqtisodiyot fanlari boʻyicha falsafa doktori (PhD) ilmiy darajasini, 20 nafar magistr (shu jumladan 2 nafar xorijiy magistr) akademik darajasini oldi. Hozirgi kunda uning ilmiy rahbarligida 5 nafar tayanch doktorant va 2 nafar mustaqil izlanuvchi (1 nafari Rossiyalik olim bilan hamkorlikda)lar, 4 nafar magistrant (2 nafari TOP-1000 talikdagi OTM professori bilan hamkorlikda)lar ilmiy-tadqiqot ishlarini olib bormoqdalar.
A.O. Ochilov 2019-yil sentyabr oyidan boshlab QarDU “Iqtisodiyot va servis” kafedrasining professori, 2023-yil may oyidan boshlab hozirgi vaqtgacha Qarshi davlat universitetining “Iqtisodiyot” kafedrasining mudiri vazifasida ishlab kelmoqda. Hozirgi kunda kafedrada 3 nomda bakalavriat taʼlim yoʻnalishi, 2 nomda magistratura mutaxassisligi boʻyicha yuqori malakali kadrlar, 2 nomda tayanch doktoranturada va mustaqil-izlanuvchilik institutida oliy malakali kadrlar tayyorlanmoqda. 2024-yil oktyabr oyidan boshlab Oʻzbekiston Respublikasi Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligi huzuridagi OAK Rayosati Qarori asosida universitetga 08.00.05 – “Xizmat koʻrsatish tarmoqlari iqtisodiyoti”, 08.00.13 – “Menejment” ixtisosliklari boʻyicha (08.00.04 – Qishloq xoʻjaligi iqtisodiyoti», 08.00.17 – Turizm va mehmonxona faoliyati ixtisosliklari boʻyicha bir martalik) iqtisodiyot fanlari boʻyicha falsafa doktori (PhD) ilmiy darajasini beruvchi Ilmiy kengash faoliyati boshlangan boʻlib, A.O. Ochilov Ilmiy kengash qoshidagi Ilmiy seminar raisi sifatida faoliyat koʻrsatib kelmoqda. Bugungi kunga qadar 8 ta darslik, 5 ta oʻquv qoʻllanma, 10 ta monografiya, 300 dan ortiq maqola, 10 ta Scopus va Web of Science bazalarida indekslangan maqola yozgan; 5 ta jurnal (shu jumladan 3 ta xorijiy) jurnal tahririyat aʼzosi, 2 ta Ilmiy Kengash va 2 ta Ilmiy seminar aʼzosi, 1 ta seminar raisi, PhD va DSc ilmiy darajasini olgan 18 nafar tadqiqotchiga rasmiy opponentlik qilgan; tayanch doktorant, mustaqil izlanuvchi, iqtidorli talaba va magistrant shogirdlari bilan ishlamoqda.
Professor A.O. Ochilov mehnat faoliyati davrida Oʻzbekiston Respublikasi mustaqilligining 15, 20-yilligi esdalik nishonlari, Oʻzbekiston Respublikasi Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi (hozirgi Oʻzbekiston Respublikasi Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi) va rektorning buyruqlari asosida koʻp marta ragʻbatlantirilgan. Professor A.O. Ochilov 2023-yilda Qarshi davlat universitetida 750 nafar professor-oʻqituvchi oʻrtasida umumiy reytingda 2-oʻrinni, 2024-yilda 1-oʻrinni egalladi, shuningdek, u rahbarlik qilayotgan Iqtisodiyot kafedrasi 2023-yilda 44 kafedradan 5-oʻringa, 2024-yilda 1-oʻringa munosib topildi. Mazkur muvaffaqiyatlar Qarshi davlat universiteti rektori tomonidan universitet Kengashida eʼtirof etilib, kafedraga zamonaviy rusumli monoblokli 6 ta kompyuter majmuasi va kafedra mudiriga moddiy rag‘batlantirish berildi.
A.O. Ochilov iqtisodiyot va menejment fanlari bilimdoni, yuqori salohiyatli iqtisodchi olim, mehnat faoliyati davomida universitet rahbariyati tomonidan yuklatilgan oʻquv, oʻquv-uslubiy, ilmiy-tadqiqot, maʼnaviy-maʼrifiy (ustoz-shogird), tashkiliy-marketing, tarmoq jadvali asosidagi va jamoatchilik yoʻnalishlaridagi barcha topshiriq va vazifalarni muntazam ravishda aʼlo darajada vijdonan bajarib kelmoqda. U xorijiy hamkorlar, respublika iqtisodchi olimlari, viloyat faollari, universitet jamoasi va talabalar orasida masʼuliyatli, keng dunyoqarashli, tashabbuskor, maʼnaviy yetuk va kreativ fikrlovchi pedagog-oʻqituvchi, talabchan rahbar xodim hamda isteʼdodli shoir sifatida eʼtibor qozongan.
Qarshi davlat universiteti “Iqtisodiyot” kafedrasi mudiri, iqtisodiyot fanlari doktori (DSc), professor, Oʻzbekiston Respublikasi Xalqaro Turon Fanlar Akademiyasining akademigi Ochilov Akram Odilovich toʻgʻrisida yozar ekanmiz, Akram Odilning quyidagi toʻrtliklari yodimizga tushdi:
Ne qilsang, bugun qil, ertaga kechdir
Bugun bor, ertaning kelmogʻi hechdir
Oʻrgan, yarat, oʻrgat, armonda qolma
Eshiklar orasi kichik tirqichdir!
Ilming sening shamchirogʻing, joning agar shishadur
Ahli maʼrifat esa, jonlar ichra peshadur
Koʻkda tilsim, yerda tilsim, tilsimlar yer qaʼrida,
Aqling charxla, ilm oʻrgan, har tilsimni teshadur!