Olim

AZIZOV QUDRATULLA XUSANOVICH

Texnika fanlari nomzodi, professor

   Azizov Qudratulla Xusanovich – texnika fanlari nomzodi, professor, Moskva avtomobil-yo‘llari instituti va Jizzax politexnika instituti faxriy professori, “Yo‘l ustalari ustozi” va “Toshshaharyo‘lovchitrans” faxriy xodimi. Azizov Qudratulla Xusanovich 1948-yil 23-mayda Toshkent shahrida ishchi oilasida tavallud topdi. 1956-1966-yillari Toshkent shahridagi 82,59-o‘rta maktablarda o‘qidi. Toshkentda 1966-yil 26-apreldagi zilzila oqibatlarini tugatishda 4-qurilish boshqarmasida ishlab, poytaxtimizni yangidan tiklashda o‘z hissasini qo‘shdi. 1967-yilda politexnika institutining qurilish fakultetiga o‘qishga kirib, 1972-yilda uni tamomlab aloqa yo‘llari muhandisi bo‘ldi.



   1972-yilda Toshkent avtomobil-yo‘llar institutining “Yo‘llarni qidirish va loyihalash” kafedrasiga assistent lavozimida ishlash uchun taklif qilindi va o‘z ilmiy-pedagogik faoliyatini boshladi. 1972-1988-yillarda Toshkent avtomobil-yo‘llar institutida assistent, aspirant, katta o‘qituvchi, dekan muovini, kafedra dosenti lavozimlarida ishlagan. 1988-1994-yillarda “Yo‘llarni qidirish va loyihalash” kafedrasi mudiri lavozimida ishlagan. 1994-1995-yillar Moskva avtomobil-yo‘llari isntitutida katta ilmiy xodim, 1995-2000-yillar Toshkent avtomobil-yo‘llar institutining yo‘lovchilarni tashish va harakat xavfsizligi kafedrasi dotsenti lavozimida faoliyat yuritgan. Q.X.Azizov 2000-2013-yillarda Toshkent avtomobil-yo‘llar institutining Harakat xavfsizligini tashkil etish kafedrasi mudiri lavozimida mehnat faoliyatini olib borgan. 2013-2020-yillar Toshkent avtomobil yo‘llarini loyihalash, qurish va ekspluatasiyasi instituti, 2020-yildan hozirgi vaqtga qadar Toshkent davlat transport universitetining Avtomobil yo‘llarini qurish va ekspluatasiya qilish kafedrasida professor lavozimida sermahsul ishlab kelmoqda. Q.X.Azizov bilimlarini mustahkamlash va soha bo‘yicha dunyoda bo‘layotgan yangiliklarni o‘rganish uchun 1978-yil Moskva avtomobil yo‘llar instituti, 1993-yil Germaniya, Finlandiya, Dinapak, 1994-yil Finlandiya, Xelsinki, 1995-yil Moskva avtomobil yo‘llar institutlarida stajirovka o‘tagan.



   Fidoyi ustoz bir qator ilmiy unvonlar olish bilan bir qatorda ta’lim tizimida ko‘rsatgan xizmatlari uchun 1979, 1985, 1988, 1994, 2002, 2008 yillar O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi faxriy yorliqlari, 2008 yil “O‘zavtoyo‘l DAK” “Yo‘l ustalari ustozi” va “Toshshaharyo‘lovchitrans” faxriy xodimi, 2009 yil Toshkent avtomobil-yo‘llar instituti faxriysi, 2011 yil “O‘zbekiston Respublikasi Mustaqilligiga 20 yil” esdalik nishoni bilan taqdirlanganlar. K.X.Azizov mehnat faoliyati davomida 20 ga yaqin davlat grantlarida ishtirok etgan.  Shuningdek olim 12 ta darslik, 3 ta monografiya, 12 ta o‘quv qo‘llanma, 17 ta elektron qo‘llanma, 100 ta uslubiy qo‘llanma, 300 dan ortiq ilmiy maqolalar chop ettirgan. Avtomobil yo‘llari sohasi uchun 30 ta me’yoriy hujjat ishlab chiqishda qatnashgan, bugungi kunda ham avtomobil yo‘llarida muhim bo‘lgan harakat xavfsizligini tashkil etish bo‘yicha 14 ta davlat standarti ishlab chiqishda faol qatnashmoqda.