Onarqulov Karimberdi Egamberdiyevich – Farg‘ona davlat universiteti professori, Fizika-matematika fanlari doktori. Farg‘ona fizika maktabining peshqadam vakili. Respublikada ilmiy-pedagogik kadrlar tayyorlashga katta hissa qo‘shgan yetuk olim.
Onarqulov Karimberdi Egamberdiyevich 1958-yil 7-mayda Farg‘ona viloyati Beshariq tumani Chorboqto‘rong‘i qishlog‘ida ishchi oilasida tug‘ilgan. 1975-yilda Beshariq tumanidagi 6-umumiy o‘rta ta’lim maktabini, 1979-yilda Farg‘ona davlat pedagogika instituti fizika-texnika fakultetini imtiyozli diplom bilan tamomlagan va institutning ilmiy laboratoriyasida kichik ilmiy xodim lavozimida ish boshlagan.
1981-1983-yillarda Moskva shahridagi amaliy fizika ilmiy-tadqiqot institutida stajyor-tadqiqotchi sifatida faoliyat olib borgan.
1984-1986-yillarda O‘zFA fizika-texnika instituti aspiranti bo‘lib, 1987-yilda “Qo‘rg‘oshin xalqogenidlari asosidagi yupqa pardalardagi fizikaviy jarayonlarni o‘rganish” mavzusida nomzodlik dissertatsiyasini Kishinev davlat universiteti qoshidagi ixtisoslashgan Ilmiy kengashda muvaffaqiyatli himoya qilib, fizika – matematika fanlari nomzodi ilmiy darajasini olgan. 1987-yildan xo‘jalik shartnomasi asosidagi ilmiy tadqiqot ishlarida katta ilmiy xodim lavozimida ishlay boshlagan. 1988-yildan “Umumiy fizika” kafedrasi o‘qituvchisi, katta o‘qituvchisi, dotsenti lavozimlarida ishlab, o‘quv ishlari bo‘yicha faoliyatini ilmiy tadqiqot ishlari bilan birga muvaffaqiyatli ravishda olib borgan. O‘zbekiston Fanlar Akademiyasi mukofoti sovrindori (1988).
Ilmiy tadqiqot ishlarini davom ettirib, 2000-yilda “Qo‘rg‘oshin tuzlari asosidagi yupqa pardali infraqizil qabul qilgichlardagi fizikaviy jarayonlarga tashqi ta’sirlarni tadqiqi” mavzusida doktorlik dissertatsiyasini himoya qilgan va fizika-matematika fanlari doktori ilmiy darajasini olgan.
1994-1996, 1999-2002, 2011-2024-yillarda Farg‘ona davlat universiteti Fizika kafedrasi mudiri, 2002-2004-yillarda o‘quv bo‘limi boshlig‘i, 2004-2007-yillarda o‘quv ishlari bo‘yicha prorektor lavozimlarida ishlagan, hamda o‘quv jarayonini takomillashtirish va samaradorligini oshirish bo‘yicha ijobiy natijalarga erishgan. U “Molekulyar fizika”, “Energiya turlarini o‘zgartirish va ular asosidagi qurilmalar”, “Yarim o‘tkazgichlar fizikasi”, “Fizikaning dolzarb muammolari” kabi fanlardan talabalarga saboq berib kelmoqda. 1994-yilda dotsentlik, 2004-yilda esa professor ilmiy unvonlari berilgan.
Yarimo‘tkazgichlar fizikasi bilan bog‘liq yo‘nalishdagi ko‘plab tadqiqotlar muallifi sifatida respublika ilmiy jamoatchiligi o‘rtasida munosib mavqega ega.
Malayziya xalqaro Islom universiteti (Kuala-Lumpur), Yevroosiyo universiteti (Astana), Ufa neft-gaz universiteti kabi top-1000 talik universitetlarida ma’ruzalar o‘qigan.
Farg‘ona davlat universitetida ilmiy maktab yaratgan. Olimning yarimo‘tkazgichlar fizikasi, umumiy fizika, fizika o‘qitish metodikasi muammolari bo‘yicha olib borgan izlanishlari 2 ta ixtiro uchun patent, 2 ta darslik, 4 ta o‘quv qo‘llanma, 4 ta monografiya, 20 ga yaqin o‘quv-uslubiy qo‘llanma, 200 dan ortiq ilmiy maqolalarda o‘z aksini topgan.
Ilmiy rahbarligida 6 nafar, xususan, 1 ta nomzodlik (R.Raxmonqulov (FarDU)), 5 ta falsafa doktori (S.Zaynobidinova (FarDU), G.Raxmatov (FarDU), Q.G‘aynazarova(FarDU)), Sh.Yuldashev (FarDU), T.Azimov (FarDU) dissertatsiyalari himoya qilingan.
Hozirda ilmiy rahbarligida 10 ga yaqin tadqiqotchi doktorlik (DSc) va falsafa doktori (PhD) dissertatsiyalari ustida ilmiy izlanish olib bormoqda.
“Science and Innovation” xalqaro ilmiy jurnali, “FarPI ILMIY-TEXNIKA” jurnali, “FarDU ILMIY-XABARLAR” jurnallari tahrir hay’ati a’zosi.
Uzoq yillardan beri Andijon davlat universiteti huzuridagi ixtisoslashgan ilmiy Kengash, O‘zbekiston Milliy Universiteti qoshidagi Yarimo‘tkazgichlar fizikasi va mikroelektronika ilmiy-tadqiqot instituti huzuridagi ilmiy Kengash, Farg‘ona politexnika instituti huzuridagi ixtisoslashgan ilmiy Kengash, Farg‘ona davlat universiteti huzuridagi ixtisoslashgan ilmiy Kengash, Namangan muhandislik - texnologiya instituti huzuridagi ixtisoslashgan ilmiy Kengash hamda ilmiy seminarlarda a’zo.
4 ta doktorlik, 8 ta nomzodlik, 20dan ortiq fizika-matematika fanlari bo‘yicha falsafa doktori (PhD) dissertatsiyalariga rasmiy taqrizchilik qilgan.
Yosh avlodni tarbiyalash, ilmiy-tadqiqot ishlari hamda ilmiy-pedagogik kadrlar tayyorlashdagi samarali faoliyati va shaxsiy hissasi uchun Farg‘ona viloyati hokimining, Oliy ta’lim vazirligining faxriy yorliqlari bilan taqdirlangan, “O‘zbekiston Mustaqilligiga 30 yil” ko‘krak nishoni bilan mukofotlangan.
Professor Onarqulov Karimberdi Egamberdiyevich o‘z orzu-intilishlari, fidoiy mehnatlari va ilmiy izlanishlari bilan yosh avlodga haqiqiy ilmiy ijodkorlik namunasi bo‘lib kelmoqda. Yarimo‘tkazgichlar fizikasi, mikroelektronika va termoelektrik materiallar sohalarida olib borayotgan ishlari bilan birga O‘zbekiston ilmiy maydonida pedagog, tashkilotchi, jurnallar tahririyati a’zosi sifatida o‘z o‘rnini mustahkam egallagan, nafaqat Farg‘ona davlat universiteti, balki milliy va xalqaro ilm-fan hamjamiyatlarida ham taniqli shaxs hisoblanadi.