Olim

QAXXOROVA MATLYUBA MANOFOVNA

Falsafa fanlari doktori, professor

Matlyuba Qaxxorova Jamiyatimizda tinchlik va barqarorlikni, millatlararo totuvlik va bag‘rikenglikni ta’minlash, yosh avlodni sog‘lom va barkamol insonlar etib voyaga yetkazish, ularni vatanparvarlik, milliy va umuminsoniy qadriyatlarga hurmat ruhida tarbiyalashda alohida fidoyilik ko‘rsatgan insonlardan biri sifatida 2008-yil “Yil o‘qituvchisi”, 2009-yil Respublika “Ma’naviyat targ‘ibotchisi” tanlovining Respublika bosqichi g‘olibi, 2014 yil “Xalq ta’limi a’lochisi”, 2017-yil “Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 25 yilligi” hamda Davlat mustaqilligining 15, 25 yillik va “Mehr-saxovat” ko‘krak nishonlari bilan mukofotlangan.



Shuningdek, 2023-yili diniy-ma’rifiy soha samaradorligini oshirishga munosib hissa qo‘shgan fidokor xodim sifatida “Diniy bag‘rikenglik” ko‘krak nishoni bilan taqdirlandi.



Respublika “Targ‘ibot guruhi” rahbari, Respublika “Oqila ayollar" harakati va "Ayol ma'rifati" jamoatchilik kengashi hamda “Ma’rifat” targʻibotchilari jamiyati a’zosi, Respublika Oila va xotin-qizlar davlat qo‘mitasi eksperti, “Zulfiya” davlat mukofoti komissiyasi a’zosi, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlis Senatining “Yoshlar, xotin-qizlar, madaniyat va sport masalalari” qo‘mitasining Xotin-qizlarning jamiyatdagi rolini oshirish, gender tenglik va oila masalalari bo‘yicha respublika komissiyasi a’zosi sifatida faoliyat yuritib kelmoqda.



Umumiy mehnat staji 35 yil.



Qaxxorova Matlyuba Manofovna 1992-yilda Farg‘ona davlat universitetini tamomlagan. Oʻz mehnat faoliyatini 1992-1993-yillarda Toshkent shahar Yashnabod tumanidagi 30-umumiy o‘rta ta’lim maktab o‘qituvchisi, 1993-2018-yillarda Nizomiy nomidagi Toshkent davlat pedagogika (instituti) universiteti “Demokratik jamiyat qurish nazariyasi va amaliyoti” kafedrasida laborant, o‘qituvchi, katta o‘qituvchi, dotsent, professor lavozimlarida ishlagan. Xususan, mazkur kafedrada 22 yil oʻz mehnat faoliyatini davom ettirdi.



2005-2006-yillarda Nizomiy nomidagi TDPU “Milliy istiqlol g‘oyasi va ma’naviyat asoslari” kafedrasi mudiri vazifasini bajaruvchisi, 2006-2018-yillarda Nizomiy nomidagi TDPU “O‘zbekistonda demokratik jamiyat qurish nazariyasi va amaliyoti” kafedrasi mudiri, 2018-2024-yillar davomida O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi “Xalqaro munosabatlar va ijtimoiy fanlar” kafedrasi professori lavozimida ishlagan.



M. Qaxxorova 2024-yildan O‘zbekiston Respublikasi Din ishlari bo‘yicha qo‘mitasi raisining o‘rinbosari lavozimida faoliyat olib bormoqda.



M.Qaxxоrova mehnat faoliyati davomida sohadagi mohir pedagog-olima, tashabbuskor tashkilotchi, tajribali rahbar sifatida tanilgan.



Matlyuba Qaxxorova 2000 yilda O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan fan arbobi, professor X.A.Shayxova rahbarligida “Vorislik xulq-odob qadriyatlarini shakllantirishning muhim omili sifatida” mavzusida nomzodlik dissertatsiyasini himoya qilib, falsafa fanlari nomzodi ilmiy darajasini olgan. 2006-yilda dotsent unvonini olgan va 2002-2011-yillarda “Jamiyat ma’naviy-axloqiy muhiti: muammo va yechimlar” mavzusida doktorlik dissertatsiyasi ustida tadqiqot olib borgan. 2012-yilda doktorlik dissertatsiyasini muvaffaqiyatli himoya qilib, 2012-yilda falsafa fanlari doktori ilmiy darajasini, 2020-yilda professor unvonini olgan.



M. Qaxxorova ilmiy-pedagogik faoliyati bilan bir qatorda, bir necha yillar davomida qator tashkiliy va jamoatchilik ishlarida ham faol ishtirok etib kelgan. Xususan, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi qoshidagi OAKda tarix, falsafa va ijtimoiy-siyosiy fanlar bo‘yicha ilmiy daraja va ilmiy unvonlarga tavsiya etuvchi ekspertlar guruhida a’zo, Oliy va o‘rta ta’lim vazirligi gumanitar fanlar va san’at yo‘nalishi bo‘yicha ilmiy metodik ishlarni muvofiqlashtiruvchi kengashda a’zo, O‘zMU, NamDU, O‘zXIA qoshidagi Falsafa bo‘yicha fan doktori (nomzodi) ilmiy darajasini beruvchi ixtisoslashgan ilmiy kengashda a’zo, O‘zbekiston Respublikasi Fan va texnologiyalar agentligi qoshida tashkil etilgan ekspertlar guruhida a’zo sifatida faoliyat ko‘rsatgan. O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat va jamiyat qurilishi akademiyasi va “Iste’dod” jamg‘armasi tinglovchilariga “Muloqotlar madaniyati”, “Ma’naviyat va ma’rifat asoslari” kurslaridan ma’ruzalar o‘qigan. O‘zXIA va FarDU jurnallarida tahrir hay’ati a’zosi.



M.Qaxxorovaning ilmiy tadqiqotlari   asosan, axloq, ma’naviy-axloqiy muhit, milliy, ma’naviy, axloqiy tarbiya, ma’naviyat, milliy ma’naviyatning falsafiy tahliliga bag‘ishlangan 200 ga yaqin ilmiy ishlari e’lon qilingan. Jumladan, 6 ta monografiya, 10 ta risola, 2 ta darslik va 150 dan ortiq ilmiy maqola va ilmiy-uslubiy qo‘llanmalar chop etilgan.



M. Qaxxorova ilmiy rahbarligida 2 nafar fan doktori (DSc), 13 nafar fan nomzodlari (PhD), 6 ta magistr va 30 dan ortiq bitiruvchilarni tayyorlangan.



7 ta doktorlik (DSc)  va 12 ta (PhD),  dissertatsiyalarga rasmiy opponentlik qilgan. Hozirda 2 nafar fan doktori, 3 nafar falsafa doktorligi bo‘yicha izlanuvchilar uning ilmiy maslahatchi va rahbarligida dissertatsiyalarini himoya qilish arafasida.



M.Qahhorova Respublika “Targ‘ibot guruhi” rahbari sifatida turli davlat tadbirlarida faol qatnashib, respublika boʻylab seminar-treninglar oʻtkazish bilan bir qatorda, mamlakatimizda ma’naviy-ma’rifiy ishlar samaradorligini oshirish, keng koʻlamli bunyodkorlik islohotlarini targʻib etishdagi amalga oshirilayotgan tashabbuskorligi uchun “Yilning eng faol ma’naviyat targʻibotchisi” respublika tanlovi gʻolibi diplomi bilan taqdirlagan. Shuning bilan bir qatorda, xalqaro va millatlararo munosabatlarni shakllantirishda bir qancha mamlakat vakolatxonalarida doʻstona hamda bagʻrikenglik aloqalarini oʻrnatishda faol qatnashib keladilar.



2019-yil davlat siyosiy hayotida katta burilish yasagan, vatandoshlarimizni Suriya davlatidan qaytarish “Mehr” insonparvarlik operatsiyasida ham M.Qahhorova respublika “Targ‘ibot guruhi” a’zosi, ekspert sifatida jabrlanganlarni faol hayotga qaytarishda interfaol seminar-treninglar oʻtkazishda oʻz hissasini qoʻshdi.



Hozirda koʻplab telekoʻrsatuvlarda (Oʻzbekiston, Madaniyat va ma’rifat, Oilaviy, Mahalla, Sevimli, Yoshlar, Milliy) oila, xotin-qizlarning jamiyatdagi ijtimoiy-siyosiy oʻrni, iqtisodiy erkinligi, gender tengligi, korrupsiyaga qarshi kurash, jamiyatdagi faol siyosiy oʻzgarishlar, beshta tashabbus va iqtisodiy strategiya, inson, bolalar hamda ayollar huquqlari va ularni himoya qilish kabi masalalar bilan bogʻliq interfaol, yangi texnologik uslublarga tayangan holda ilmiy-amaliy, koʻp yillik xalqaro tajribaga asoslangan bilim va tafakkur bilan faol ishtirok etib kelmoqda.



U turli vazirlik va idoralar, tashkilot va korxonalarda hamda oliy va o‘rta-maxsus ta’lim muassasalarida tashkil etilgan respublika miqyosidagi uchrashuv va seminarlar, konferensiyalar, davra suhbatlarida dolzarb mavzulardagi ma’ruzalari bilan faol ishtirok etib kelmoqda.



M. Qaxxorova rahbarligida “Xotin-qizlarning radikallashuvi, ularning yot g‘oyalar va mutaassiblikka berilishining oldini olish masalalari” mavzularida Toshkent shahar, Surxondaryo, Qashqadaryo, Jizzax, Sirdaryo, Buxoro, Farg‘ona, Samarqand viloyatlaridagi muammoli mahallalarda ijtimoiy-ma’naviy ko‘makka muhtoj bo‘lgan xotin-qizlar bilan yakka tartibda profilaktik suhbat va psixologik seminar-trening mashg‘ulotlari o‘tkazilib, ularning dunyoqarashida ijobiy o‘zgarishlar kuzatildi.



Shuningdek, “Jaholatga qarshi ma’rifat” g‘oyasi asosida o‘tkazilgan ma’naviy-ma’rifiy tadbirlarda yot g‘oyalar ta’siriga tushib qolgan xotin-qizlar va yoshlarni sog‘lom ijtimoiy hayotga qaytarish hamda missionerlikka qarshi kurashish, o‘z joniga qasd qilishning og‘ir gunoh ekanligini va bunday holatlarning oldini olish borasida ma’ruzalar bilan faol ishtirok etib kelmoqda.



Shu bilan birga, “Milliy libos – ma’naviyat ko‘zgusi” mavzusida hamda ijtimoiy-ma’naviy himoyaga muhtoj, maxsus hisobdan chiqarilgan shaxslarning ayollari va oilaning boshqa a’zolari bilan manzilli targ‘ibot tadbirlarida qatnashib kelmoqda.



Jamoatchilik asosida ijtimoiy-ma’naviy muhit barqarorligi hamda diniy-ma’rifiy sohalarni rivojlantirishga qaratilgan ko‘plab normativ-huquqiy hujjatlar va amaliy chora-tadbirlar loyihalarini tayyorlashda qatnashib kelmoqda. Xususan, 2005 yildan “Olima uyushmasi”, 2019 yildan “Targ‘ibot guruhi”, 2022 yildan “Oqila ayollar harakati”, 2024 yildan “Ayol ma’rifati”jamoatchilik Kengashining Respublika tarkibiy Kengashi a’zosi sifatida faol ishtirok etib kelmoqda.



amlakatimizda aholi, ayniqsa yoshlarni har tomonlama yetuk – ma’naviy-axloqiy va jismoniy barkamol etib tarbiyalash, ularni turli yot g‘oyalardan himoya qilish borasida amalga oshirilayotgan dasturlar va strategiyalarni hayotga tatbiq etishda faol ishtirok etmoqda.



U boy amaliy tajribaga va ko‘nikmalarga ega, tashkilotchilik sir-sinoatlarini puxta egallagan holda, bugungi kunda jamoa xodimlari uchun o‘rnak bo‘lib kelmoqda.



Shuningdek, to‘g‘ri va aniq vazifalar belgilab, eng zamonaviy dasturlar, o‘z izlanishlari va bilimlari asosida qo‘mitada ish faoliyatini samarali tashkil etmoqda.



M. Qaxxorova o‘ziga yuklatilgan barcha lavozimlarda mas’uliyat bilan yondashishi, halolligi, tashabbuskorligi hamda mehnatsevarligini namoyon qilib, tajribali rahbar va ayni paytda talabchan, mohir tashkilotchi sifatida jamoada hurmat-e’tibor qozongan.