Olim

QOBILOVA ZEBOXON BAKIROVNA

Filologiya fanlari doktori, professor

Filologiya fanlari doktori, professor Qobilova Zeboxon Bakirovna 1974-yil 6-oktyabrda Farg‘ona viloyati Dang‘ara tumanida ziyoli oilasida tug‘ilgan. U yuqori malakali, ilmiy salohiyatli olima.



U 29 yildan buyon ta’lim tizimida faoliyat yuritib kelmoqda.  Ushbu yillar davomida  Z.Qobilova oʻz ishiga yuksak mas’uliyat bilan yondashadigan, bilimli va tajribali pedagog sifatida oʻzini namoyon qildi.



1996-yilda Qoʻqon davlat pedagogika institutini tamomlab, mazkur institutning o‘zbek adabiyoti  kafedrasida oʻqituvchi lavozimida ish faoliyatini boshlaydi. O‘tgan yillar davomida filologiya fakulteti oʻquv ishlari boʻyicha dekan muovini, fakultet dekani, kafedra  professori lavozimlarida, 2024-yildan hozirgi vaqtga qadar Qoʻqon universiteti ilmiy ishlar va innovatsiyalar boʻyicha prorektori vazifasida faoliyat olib bormoqda.



 U yetuk mutaxassis sifatida talabalarga “Oʻzbek adabiyoti tarixi”,  “Hozirgi adabiy jarayon”, “Qiyosiy adabiyotshunoslik”, “Ilmiy tadqiqot metodologiyasi”, “Notiqlik san’ati va liderlik”, “Adabiyot nazariyasi”, “Oʻzbek adabiyotshunosligi tarixi” fanlaridan  ilmiy-nazariy, oʻquv-uslubiy jihatdan yuqori saviyada dars oʻtib kelmoqda. Talabalar bilan samarali ishlash, ularni mustaqil fikrlashga undash, ilmiy tadqiqotlarga jalb qilish borasida katta muvaffaqiyatlarga erishgan.



Z.Qobilovaning  hozirga qadar “Hikoyalarda folklor an’analari”, “Rauf Parfi – ruhiyat musavviri”, “Javondagi javohir”, “Mumtoz adabiyot muammolari”, “Amiriy va Furqat”, “Amiriy va Fazliy”, “Firoq va sogʻinch dostoni”, “Qulayotgan togʻlar iztirobi”, “Milliylik aks etgan she’riyat”, “Ulugʻ maqsadlarga Alloh ham yordir”, “Obod manzillar” kabi 200 dan ortiq ilmiy, uslubiy va publitsistik maqolalari nashr qilingan boʻlib, ularda oʻzbek tili va adabiyotining dolzarb masalalari tadqiq etilgan.  



Uning hozirga qadar bir qator monografiyalari chop etilgan boʻlib, ularda qoʻyilgan masalalar adabiyotshunoslikda qaror topgan yangicha tamoyillar asosida tadqiq etilgan. Xususan, “Amiriy she’riyati” monografiyasida Qoʻqon xoni Amir Umarxonning adabiy merosi poetik jihatdan tahlil qilingan.



“Badiiy ijodda ta’sir va izdoshlik” nomli monografiyasida adabiy an’ana, adabiy ta’sir, adabiy izdoshlik kabi nazariy tushunchalar Amiriy ijodi misolida dalillangan.   



  “Navoiy va Amiriy” monografiyasida esa Amiriyning Alisher Navoiyga adabiy izdoshlik masalalari yoritilgan.



  “Amiriy va Muqimiy” nomli monografiyasida Muqimiyning Amiriydan ta’sirlangan jihatlari ilmiy asosda koʻrsatib berilgan.



Z.Qobilovaning 2025 – yilda nashr etilgan “Jamiyat va adabiyot” monografiyasida esa adabiyotning jamiyatga ta’siri, ijtimoiy muammolarni yoritishdagi roli, ijodkor mas’uliyati haqida so‘z boradi.



Shuningdek, Z.Qobilovaning “Hozirgi adabiy jarayon fanidan amaliy mashgʻulotlar oʻtkazishda innovatsion texnologiyalardan foydalanish”, “Zamonaviy oʻzbek adabiyoti”, “Adabiyot nazariyasi”, “Oʻzbek adabiyotshunosligi tarixi”, “Oʻzbek adabiyoti tarixi” nomli oʻquv qoʻllanmalari ham chop etilgan boʻlib, ularda adabiyot nazariyasining muhim masalalari, adabiyotshunoslikning vujudga kelishi, taraqqiyot bosqichlari, adabiyotshunoslik janrlari, har bir davr adabiyotshunosligi vakillari ijodi masalalari keng yoritilgan, innovatsion metodlar va texnologiyalar adabiyot oʻqituvchilari uchun tavsiya etilgan.



Z.Qobilova 2022-yilda davlat buyurtmasiga muvofiq bajarilgan №AL-322103020 raqamli “Qoʻqon adabiy muhiti ijodkorlarining hayoti va ijodi boʻyicha web-sayt va elektron platforma yaratish” mavzusidagi loyihaning rahbari boʻlib, loyiha doirasida Qoʻqon adabiy muhitida faoliyat yuritgan ijodkorlar va shu muhitda ijod qilgan, ammo adabiy merosi adabiyot ixlosmandlariga noma’lum boʻlgan 70 dan ortiq ijodkorlar keng jamoatchilikka tanishtirildi, ularning ijod namunalari toʻplandi, tabdil qilindi va chop ettirildi.



Bundan tashqari, Amiriy devonining 2 jildligi, “Hamza va XX asr adabiyoti”, “Dangʻara: Istiqloldan istiqbolga”, “Qoʻqon adabiy muhiti antologiyasi”, “She’r va sharh”, “Amiriy gulshani”, “Xon devoni”, “Turkiy adabiyot durdonalari” 100 jildligining 11-jildi -  Muqimiy, Furqat, Hamza asarlari saylanmasi kitoblari Z.Qobilova tomonidan  nashrga tayyorlangan va chop etilgan.



“Oʻzbekkino” milliy agentligi tomonidan suratga olingan “Qoʻqon shamoli” tarixiy-badiiy filmi ssenariy muallifi Zebo Qobilovadir.



Shavkatli shoh va shoir Amir Umarxon shaxsiyati va uning oʻzbek davlatchiligida tutgan oʻrni, adabiy muhit tashkilotchisi sifatidagi faoliyatiga bagʻishlangan “Qoʻqon shamoli” tarixiy-badiiy filmi bundan uch asr oldingi Qoʻqon xonligining eng   yorqin va ziddiyatli davrini tasvirlaydi hamda XVIII asr oxiri — XIX asr boshlaridagi ijtimoiy-siyosiy hamda adabiy muhit, oʻsha davr chigalliklari haqida hikoya qiladi.



“Qoʻqon shamoli” — bu nafaqat tarixiy voqealarni aks ettiruvchi film, balki milliy ong, ijtimoiy adolat, siyosiy hushyorlik va birlik gʻoyalarini targʻib qiluvchi asar hisoblanadi. Film orqali tomoshabin oʻz tarixidan saboq oladi va bugungi kun uchun chuqur falsafiy xulosa chiqaradi. Bu kartina “Yilning eng yaxshi filmi” deb topilib, “Oltin kabutar” mukofotiga ega boʻlgan.



Oʻzbekiston Qahramoni Lola Murodovaning hayoti va faoliyatiga bagʻishlangan “Matonat saboqlari” deb nomlangan hujjatli filmning ssenariy muallifi ham Zebo Qobilovadir.



Zebo Qobilova turkiy tilli davlatlarda oʻtkazilib kelinayotgan til va adabiyot anjumanlari hamda simpoziumlarining tashkilotchilaridan biri hisoblanadi. 



U oʻz sohasining yetuk mutaxassisi sifatida Respublikamizda  faoliyat olib borayotgan Ilmiy kengashlar a’zosi.



Z.B.Qobilova Qoʻqon universitetining ilmiy salohiyatli kadrlar bilan boyitish ishida jonbozlik koʻrsatib kelmoqda. Joriy yilning oʻzida universitetda 17 nafar  oʻqituvchilar  ilmiy ishlarini muvaffaqiyatli himoya qilib, ilmiy darajaga ega boʻldilar. Universitet jahonning 100 dan ortiq davlatlar bilan ilm-fan va innovatsiyalar boʻyicha hamkorlik o‘rnatgan va mazkur universitet turkiy davlatlar oliy oʻquv yurtlarining (TURKUNIB) “Oʻrxun” dasturiga kiritilgan.



Xalqaro TURKSOY tashkiloti bilan hamkorlik yaxshi yo‘lga qo‘yilgan bo‘lib, mazkur tashkilot homiyligi ostida Zebo Qobilova muharrirligida “Boburshoh” konferensiyasi materiallari Turkiyada chop etildi.  TURKSOY bilan hamkorlikda yana  Hazrat Alisher Navoiy tavalludiga bagʻishlangan anjuman yuqori saviyada o‘tkazildi.



O‘zRFA Sharqshunoslik instituti,  Misr Arab Respublikasidan qator olimlar bilan hamkorlikda “Ahmad al-Fargʻoniyning dunyo astronomiya ilmiga qoʻshgan hissasi” mavzusida ilmiy-amaliy konferensiya, Oʻzbekiston Milliy universiteti, Xitoy Xalq Respublikasining Siyan shahridagi Shensi pedagogika universiteti (Shaanxi Normal University) hamda Qoʻqon universiteti (Kokand University) hamkorligida “Birgalikda Qoʻqon-Siyan-Zomin turizm hamkorligini yaratamiz” mavzusida Oʻzbekiston-Xitoy yosh tadqiqotchilarining xalqaro forumi, “Ta’limda yangicha yondashuv — innovatsiya sari qoʻyilgan qadam”, “Tepaqoʻrgʻon arxeologik yodgorligini ochiq osmon ostidagi muzeyga aylantirish: muammo va yechimlar” mavzularidagi ilmiy-amaliy anjumanlarni yuqori saviyada oʻtkazilishida  ham Z.Qobilovaning alohida oʻrni bor. 



U kasbiy faoliyatida fidoyilik, halollik, intiluvchanlik, oʻz ustida doimiy ishlash kabi fazilatlari bilan ajralib turadi. Talabalar orasida mehribon va talabchan ustoz sifatida e’tirof etiladi.



 Universitet talaba-yoshlarini ma’naviy yetuk shaxs sifatida kamol toptirishda, milliy an’analar, qadriyatlar, Vatanga sodiqlik va uning taqdiri uchun daxldorlik hissini singdirishda, ularda yot gʻoya va qarashlarning salbiy ta’siriga nisbatan mafkuraviy immunitetni shakllantirishga qaratilgan chora-tadbirlarni amalga oshirishda Z.Qobilova jonbozlik qilib kelmoqda. Universitet jamoasi oʻrtasida kitobxonlik madaniyatini yuksaltirishga qaratilgan “Badiiy asar ma’rifati”, “Birgalikda oʻqiymiz”, “Kitob javoningizga“ loyihalari, “Soʻz sehri” mushoira klubi faoliyati Z.Qobilova tashabbusi bilan amalga oshirilmoqda.



Z.Qobilova oʻz sohasining yetuk mutaxassisi sifatida OʻzRFA Oʻzbek tili, adabiyoti va folklori instituti, Fargʻona davlat universitetlarida kengash a’zosi, Qoʻqon universiteti huzuridagi filologiya fanlari boʻyicha falsafa doktori ilmiy darajalarini beruvchi Ilmiy kengashlarda raisi sifatida ham faoliyat olib bormoqda.



U koʻplab yosh olimlarga ustozlik qilib kelmoqda. Hozirga qadar uning rahbarligida 8 ta falsafa doktori dissertatsiyasi muvaffaqiyatli himoya qilingan, 5 nafar  olim doktorlik dissertatsiyasi ustida ishlamoqda. Bakalavriat va magistratura bosqichi talabalarining  4 nafari Prezident hamda Alisher Navoiy nomidagi davlat stipendiyasi sohibi boʻlgan.



Yana bir shogirdi Sharofat Ismoilova 2020-yilda “Yosh kitobxon” tanlovida ishtirok etib, tanlovning Respublika bosqichida 1-oʻrinni egallagan va SPARK avtomashinasi sovrinini qoʻlga kiritgan.  



Z.Qobilova “Oʻzbekkino” Milliy agentligi tomonidan “Xalq yuragi” turkumidan suratga olingan “Muqimiy. Soʻzki haq boʻlsa…” va “Gʻurbatda Furqat bor ekan taqdirda” filmida qimmatli fikrlari bilan ishtirok etdi. Oʻzbekiston tarixi telekanali “Real fakt” koʻrsatuvida Qoʻqon universiteti oʻqituvchilari bilan Ashurali Zohiriy hayoti va ijodi boʻyicha jamoatchilikka ma’lum boʻlmagan ma’lumotlarni taqdim etdi.



Bundan tashqari, Ozarbayjon Respublikasi “Madaniyat” telekanalining “Sahar chogʻi” koʻrsatuvlarida ishtirok etib, Qoʻqon adabiy muhiti ijodkorlari hayoti va ijodini adabiyot ahliga tanishtirib, ommalashtirishga xizmat qildi.



 Fargʻona telekanalida “Nazm va navo” loyihasining yoʻlga qoʻyilishi ham Z.Qobilova nomi bilan bogʻliq. U “Oʻzbekiston” teleradiokanalining “Gʻazal boʻstoni”, “Ma’rifiy suhbatlar” turkum eshittirishlarida doimiy ishtirok etib kelmoqda.



Z.Qobilova “Xalq ta’limi a’lochisi” koʻkrak nishoni, “Oʻzbekiston mustaqilligining 25 yilligi” esdalik nishoni, Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti tomonidan ta’sis etilgan “Muhammad Aminxoʻja Muqimiy” koʻkrak nishonlari bilan taqdirlangan.



U har ishda tashabbuskor, toʻgʻri soʻz, ma’naviy yetuk, hurmatga ega pedagog va rahbar. Salohiyatli, keng bilim va dunyoqarashga ega ma’rifatli inson.



Zebo Bakirovna intiluvchan, mehnatkash, muammoli vaziyatlarda maqbul yechimni topa oladi. Shuningdek, ta’lim sifatini oshirishga ham munosib hissa qoʻshib kelmoqda. Uning erishgan yutuqlari, ijobiy natijalari koʻplab yosh oʻqituvchilar uchun ibrat boʻlib kelmoqda.