Valijon Qodirov ta’limning barcha bo‘g‘inlari – maktabgacha, umumiy o‘rta va oliy ta’lim bosqichlari, malaka oshirish muammolari bilan birdek teng shug‘ullanib kelayotgan respublikamizdagi yagona metodist olimdir. Shuningdek, adabiyotshunoslik, tilshunoslik, tarjima nazariyasi, mumtoz adabiyot, pedagogika sohalari yuzasidan ham monografiya, qo‘llanmalar yaratgan, maqolalar chop ettirgan. Uning hammualliflikda umumta’lim maktablari uchun yaratgan darsliklari, qo‘llanmalari yurtimiz va qo‘shni davlatlar ta’lim tizimida yigirma yildan ortiq davrda qo‘llanib kelinmoqda.
Qodirov Valijon Abdurahmonovich, 1963-yil 16-sentyabrda Farg‘ona viloyati Toshloq tumanida tug‘ilgan. Millati – o‘zbek.
1984-1989-yillari Andijon davlat tillar pedagogika instituti (ADTPI)da o‘qib, imtiyozli diplom bilan tamomlagan. 1989-1992-yillarda Oʻzbekiston Respublikasi fanlar akademiyasi Til va adabiyot institutida aspiranturada tahsil olib, ADTPIda mehnat faoliyatini davom ettirdi, 1993-yili “Hozirgi zamon o‘zbek g‘azallari poetikasining ayrim xususiyatlari” mavzusidagi nomzodlik dissertatsiyasini muvaffaqiyatli himoya qildi va O‘zbekiston Respublikasi Oliy attestatsiya komissiyasining 1993-yil 25-noyabrdagi qarori bilan filologiya fanlari nomzodi ilmiy darajasiga ega bo‘ldi. Umumta’lim maktablari Ona tili va adabiyot fani o‘qituvchilariga ham adabiyotshunoslik, ham metodika fanlaridagi ilmiy va amaliy yangilanishlar, zamonaviy yondashuvlar yuzasidan o‘qigan ma’ruzalaridan kelib chiqib, Andijon viloyat pedagogik xodimlar malakasini oshirish institutiga rahbariyati taklifi bilan Ona tili va adabiyot o‘qitish metodikasi kafedrasi mudiri lavozimiga ishga o‘tdi. Ilmiy-pedagogik faoliyatni amaliyot bilan teng olib borish, metodika yo‘nalishida tadqiqot olib borishni ko‘zlab, Andijon tumanidagi O‘zbek-turk o‘g‘il bolalar litseyida, keyinchalik uning negizida tashkil qilingan Kuyganyor akademik litseyida Ona tili va adabiyot oʻqituvchisi sifatida ham faoliyat olib bordi.
Shu yillari milliy pedagogika hamda mumtoz ta’lim asoslarini o‘rganish maqsadida Andijondagi Sayyid Muhyiddin Mahdum nomidagi o‘rta maxsus Islom bilim yurtida ishladi, ilmiy kuzatuv, izlanishlarda bo‘ldi.
2005-yilda Andijon davlat universiteti filologiya kafedrasida katta oʻqituvchisi lavozimida ishga kirishib, baqamti ravishda Andijon va Farg‘ona viloyatlari pedagogik xodimlarni qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish institutlarida ishlab metodika bo‘yicha ilmiy izlanishlar, tadqiqotlarni amalga oshirdi. Mazkur izlanishlar natijasi o‘laroq 2019-yil 24-sentyabrda 13.00.02 – Ta’lim va tarbiya nazariyasi va metodikasi (o‘zbek adabiyoti) ixtisosligi bo‘yicha “Mumtoz adabiyoti namunalarini o‘qitishning ilmiy-metodik asoslari” mavzusidagi doktorlik dissertatsiyasini himoya qildi va O‘zbekiston Respublikasi Oliy attestatsiya komissiyasining 2019-yil 19-dekabrdagi qarori bilan V.Qodirovga pedagogika fanlari doktori (DSc) ilmiy darajasi berildi.
2019-2022-yillari ADU maktabgacha pedagogika, Til va adabiyot kafedralari professori v.b. bo‘lib, 2023-yildan Andijon davlat pedagogika instituti Maktabgacha ta’lim metodikasi va Til va adabiyot kafedralari professori lavozimida ishlab kelmoqda.
Valijon Qodirov 25 yildan ortiq davrda respublikamizning ko‘plab viloyatlarida, Qirg‘iziston va Qozog‘iston Respublikalaridagi o‘zbek tili va adabiyoti o‘qituvchilari malakasini oshirish kurslarida onlayn hamda oflayn formatda “Mahorat darsi”, “Ochiq dars”larni izchil o‘tkazib keladi. 2018-2020-yillarda Farg‘ona, Andijon, Sirdaryo, Jizzax, Qashqadaryo, Surxondaryo, Navoiy va Buxoro viloyatlari umumta’lim maktabi o‘qituvchilari hamda OTM talabalarining talab va istaklariga ko‘ra “Ona tili va adabiyot o‘qitishdagi murakkabliklar va ularning yechimlari” mavzusida qisqa muddatli malaka oshirish kurslari hamda seminar-treninglar o‘tkazgan. Bu orqali olim respublikamizda ilk bor pedagogik tur tajribasi va an’anasiga asos soldi. Bu tajriba 2024-yilda “Metodist” ilmiy-innovаtsion, metodik jurnаl tahririyati tomonidan davom ettirilib, an’ana tusini oldi.
Metodist olim umumta’lim maktablari uchun yaratilgan quyidagi darsliklarni yaratishda hammuallif sifatida ishtirok etgan:
Ona tili (5-sinf). 2004-2020-yillarda 4 marta nashr etilgan.
Adabiyot (7-sinf). 2005-2020-yillarda 4 marta nashr etilgan.
Adabiyot (9-sinf). 2007-2020-yillarda 4 marta nashr etilgan.
Adabiyot (6-sinf). Qirgʻiziston Respublika ta’lim oʻzbek tilida olib boriladigan maktablar uchun. 2008-2020-yillarda 2 marta nashr qilingan.
Adabiyot (7-sinf). Qirgʻiziston Respublika ta’lim oʻzbek tilida olib boriladigan maktablar uchun. 2009-2020-yillarda 2 marta nashr qilingan.
Adabiyot (8-sinf). Qirgʻiziston Respublika ta’lim oʻzbek tilida olib boriladigan maktablar uchun. 2010-2020-yillarda 2 marta nashr qilingan.
Ushu darsliklar yuzasidan o‘qituvchilar uchun hammualliflikda 3 ta metodik qo‘llanma chop ettirgan.
Keyingi yillarda maktabgacha ta’lim muammolari bilan ham tizimli shug‘ullanib kelayotgani samarasi o‘laroq “Nutq o‘stirish metodikasi” nomli oliy ta’lim muassasalari maktabgacha ta’lim yo‘nalishi talabalari uchun darslik nashr ettirdi. Ko‘rinadiki, metodist olim ikkita davlat – O‘zbekiston va Qirg‘iziston Respublikalari ta’lim tizimi uchun qator darsliklar yaratgan olimdir.
Valijon Qodirov hammualliflikda yaratgan “Ona tili” (5-sinf) darsligi uchun “Yilning eng yaxshi darsligi va o‘quv adabiyoti” Respublika tanlovining g‘olibi sifatida Oliy va o‘rta maxsus, Xalq ta’limi vazirliklari hamda “Iste’dod” jamg‘armasining diplomi bilan taqdirlangan. Shuningdek, “Til va adabiyot ta’limi”, “Преподавание языка и литературы” jurnallari tahririyati tomonidan o‘tkazilgan “Eng ijodkor pedagog-tadqiqotchi” tanlovida “Eng yaxshi tahliliy maqola” nominatsiyasi bo‘yicha faxriy yorliq va pul mukofoti bilan taqdirlangan. Pedagogika sohasidagi samarali mehnatlari, erishgan yutuqlari uchun “Xalq ta’limi fidoyisi” nishoni bilan taqdirlangan. O‘z vaqtida ko‘p yillik samarali va halol mehnati hamda o‘z xizmat vazifasiga bo‘lgan sadoqati uchun O‘zbekiston Respublikasi Xalq ta’limi vazirligi (J.Yo‘ldoshev) tomonidan “Faxriy yorliq” bilan taqdirlangan.
Bulardan tashqari u Ona tili va adabiyot, Milliy g‘oya va ma’naviyat asoslari fanlaridan o‘qituvchi va o‘quvchilar uchun 15 ga yaqin metodik qo‘llanma, hamroh kitob yozgan. Adabiyot o‘qitish metodikasiga oid “Mumtoz adabiyot: o‘qitish muammolar va yechimlar”, adabiyotshunoslikka oid “Andijon adabiy gurungi”, maktabgacha ta’lim metodikasi faniga doir “Qo‘g‘irchoq teatri vositasida maktabgacha katta yoshdagi bolalarda axloqiy-estetik sifatlarni shakllantirish” uchta monografiya chop ettirgan.
Ayni paytda olim amaliy loyihalarning faol ishtirokchisi va eksperti sifatida ham e’tirof qozongan. U O‘zbekiston Respublikasining “Fundamental va amaliy tadqiqotlar ilmiy-texnika dasturlarini shakllantirish va amalga oshirish tartibi to‘g‘risida”gi Nizomga muvofiq Andijon davlat universiteti rektorining 2020-yil 22-iyundagi № 04-68 buyrug‘i bilan FZ-202001064 “Oliy ta’lim muassasalari negizida maktabgacha ta’lim tashkilotlarining zamonaviy didaktik metodikasi ta’minotini yaratish” amaliy loyihada ilmiy-ijodiy guruh rahbari sifatida faoliyat olib borgan. Amaliy loyihaga iqtidorli yosh tadqiqotchilar va magistrlarni ham jalb etgan. Respublikaning turli OTMlarida amalga oshirilgan metodika, filologiya va tarix yo‘nalishidagi amaliy loyihalarga ekspert sifatida xulosalar bergan.
Pedagog olimning respublikamizda ta’lim asoslarini yaratish borasidagi ilmiy-ijodiy faoliyati ham e’tiborga molik. U O‘zbekiston Respublikasi Xalq ta’limi vazirining 2020-yil 5-martdagi 67-son buyrug‘i hamda 2020-yil 31-martdagi “Umumiy o‘rta ta’limning Milliy o‘quv dasturini ishlab chiqish to‘g‘risida”gi 92-sonli buyrug‘i asosida Respublika ta’lim markazi tomonidan umumta’lim maktablari o‘quv fanlaridan Milliy o‘quv dasturlarini yaratish bo‘yicha tashkil qilingan ijodiy jamoa tarkibida Ona tili fanidan ishchi guruh rahbari sifatida ishtirok etdi. Uning rahbarligida mazkur fan bo‘yicha quyidagi me’yoriy hujjatlar tayyorlandi: 1. Ilg‘or xorijiy tajribalar asosida Ona tili fanini o‘qitish konsepsiyasi. 2. Ona tilidan 1-11-sinflar uchun o‘quv dasturlari. 3. Ona tili fanini o‘qitish metodologiyasi. 4. Ona tili fanidan baholash mezonlari. 5. Ona tili bo‘yicha sinflar kesimida diktantlar to‘plami. 6. PISA xalqaro baholash dasturi uslubidagi topshiriqlar.
Valijon Qodirov ilmiy-pedagogik faoliyatda ham faol olimdir. Juda ko‘plab bitiruv malakaviy ishlar, yigirmadan ortiq magistrlik dissertatsiyalari uning murabbiyligida yozilgan. Hozirda u adabiyot o‘qitish metodikasi (13.00.02 – Ta’lim va tarbiya nazariyasi va metodikasi), adabiyotshunoslik (10.00.02 - o‘zbek adabiyoti), maktabgacha ta’lim metodikasi (13.00.08. – Maktabgacha ta’lim va tarbiya nazariyasi va metodikasi), pedagogika (13.00.01 – Pedagogika nazariyasi. Pedagogik ta’limotlar tarixi), tarjimashunoslik (10.00.06 – Qiyosiy adabiyotshunoslik, chog‘ishtirma tilshunoslik va tarjimashunoslik) ixtisosliklari bo‘yicha falsafa doktori (PhD) hamda fan doktori (DSc) ilmiy darajalarini olish uchun yozilayotgan dissertatsiyalarga ilmiy rahbar/maslahatchilik qilmoqda. Hozirgacha mazkur yo‘nalishlarda bir qancha shogirdlari himoya qildilar.
Valijon Qodirov respublika va xalqaro miqyosdagi nufuzli ilmiy anjumanlarda qatnashib keladi. Xususan, 2021-yilning 24-26-noyabr kunlari Turkiya Respublikasi Anqara shahridagi G‘ozi universitetida Xalqaro Turkiy dunyo pedagoglari kongressida O‘zbekiston pedagogik jamoasi nomidan tashkiliy qo‘mitada xalqaro hamkorlik bo‘yicha vakil sifatida qatnashdi.
Shuningdek, Turkiya Prezidenti administratsiyasi homiyligida Turkiya Yozuvchilar uyushmasi Istanbul boʻlimi, Halidi Maarif ilm-fan va madaniyat uyushmasi va Hashimi nashriyot uyi tomonidan 2022-yil 30-noyabrdan 4-dekabrgacha o‘tkazilgan Turkiy ajdodlarning arab tilida chop ettirilgan kitoblariga bag‘ishlangan 7-Xalqaro madaniyat kunlari hamda Xalqaro Mavlidi Sharif Simpoziumida ishtirok etgan. Unda Alisher Navoiyning “Hayrat ul-abror” dostonidagi na’t qismi yuzasidan ma’ruza bilan chiqish qilgan. Ikkala Anjuman tashkiliy qo‘mitasi tomonidan sertifikatlar berilgan.
Respublikamizdagi nufuzli ilmiy nashrlar samarali faoliyatida ham olimning xizmatlari bor. Ayni damda u “Til va adabiyot ta’limi” Andijon pedagogika instituti “Ilmiy xabarnoma”si,
Valijon Qodirov ijtimoiy-siyosiy hayotda ham faoldir. Oʻzbek tilining xalqimiz ijtimoiy hayotida va xalqaro miqyosdagi obroʻ-e'tiborini tubdan oshirish, unib-oʻsib kelayotgan yoshlarimizni vatanparvarlik, milliy an'ana va qadriyatlarga sadoqat, ulugʻ ajdodlarimizning boy merosiga vorislik ruhida tarbiyalash, mamlakatimizda davlat tilini toʻlaqonli joriy etishni ta’minlash maqsadida, shuningdek, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Oʻzbek tilining davlat tili sifatidagi nufuzi va mavqeyini tubdan oshirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2019-yil 21-oktyabrdagi PF-5850-son Farmoniga muvofiq ishlab chiqilgan “Oʻzbekiston Respublikasida 2020-2030-yillarda oʻzbek tilini rivojlantirish hamda til siyosatini takomillashtirish konsepsiyasi”da belgilangan vazifalar ijrosini ta’minlash uchun “Oʻzbek tilini 2020-2030 yillarda rivojlantirish konsepsiyasini amalga oshirish boʻyicha Davlat dasturi” hamda “Yo‘l xaritasi”ni ishlab chiqishda Respublika ishchi guruhida Andijon viloyatidan a’zo sifatida qatnashdi.
Qodirov Valijon Abdurahmonovich tomonidan 180 dan ortiq ilmiy, ilmiy-metodik ish e’lon qilingan: 3 ta monografiya, 7 ta darslik, 23 ta uslubiy qo‘llanma, 2 ta DGU, 1ta o‘quv qo‘llanma, ko‘plab ilmiy maqolalar shular jumlasidandir. Hozirda metodika, adabiyotshunoslik, pedagogika yo‘nalishida beshta monografiya ustida ishlamoqda.
Valijon Qodirov oilali, 3 farzandning otasi, 5 ta nabiraning bobosidir.