Olim

QOʻSHIYEV HABIBJON HOJIBOBOYEVICH

Biologiya fanlari doktori, professor

Qo‘shiyev Habibjon Hojiboboyevich 2017-yilda “O‘zbekiston respublikasi Konstitutsiyasining 25 yilligi ko‘krak nishoni”, 2021-yilda O‘zbekiston Mustaqilligining 30 yilligi” esdalik nishoni bilan taqdirlangan, Vazirlar Mahkamasining 2015-yil 24-fevraldagi 32-sonli qaroriga asosan o‘tkazilgan “Oliy ta’lim muassasasining eng yaxshi pedagogi” tanlovi Respublika bosqichining “Eng yaxshi pedagog tadqiqotchi” nominatsiyasi g‘olibi, 2006-yilda “Iste’dod”, 2002-yilda “Ustoz” jamg‘armasi granti sovrindori, 2000-yilda “Iste’dod” jamg‘armasining “Yilning eng yaxshi o‘qituvchisi” tanlovi g‘olibi bo‘lgan. 1995-yilda fan va texnikaning rivojlanishiga qo‘shayotgan hissasi uchun O‘zbekiston Respublikasi Yoshlar Ittifoqi MQning I darajali diplomi bilan taqdirlangan.



Universitetda faoliyati davomida “Eksperimental biologiya” ilmiy laboratoriyasini tashkil etgan hamda “Agrobiotexnologiyalar va biokimyo ilmiy tadqiqot instituti” asoschisidir. Ilmiy, ilmiy-pedagogik faoliyati davomida o‘zining ilmiy maktabini yaratgan. Bugungi kunda tarkibida 7 ta ilmiy laboratoriyasi bo‘lgan o‘zi asos slogan “Agrobiotexnologiyalar va biokimyo ilmiy tadqiqot instituti” direktori, biologiya kafedrasining professori lavozimida faoliyat ko‘rsatmoqda.



Umumiy mehnat staji 36-yil, ushbu lavozimda 2023-yilning iyul oyidan buyon faoliyat ko‘rsatmoqda. 1995-yilda nomzodlik, 2011-yilda doktorlik dissertatsiyasini himoya qilgan, professor (2015). U yetuk olim, jonkuyar ustoz hamda fan, ta’lim va ishlab chiqarish integratsiyasi mexanizmini takomillashtirishda faollik ko‘rsatayotgan fidoiy mutaxassisdir. Ilmiy salohiyatni yuksaltirishga alohida e’tibor beradi. Iqtisodiyotni barqaror rivojlanishida yuqori malakali mutaxassislar tayyorlash tizimini takomillashtirish va ilm-fan yutuqlarini birinchi o‘ringa qo‘yadi.



Habibjon Hojiboboyevich 6 ta monografiya, 2 ta darslik, 5 ta o‘quv qo‘llanma, 4 ta risola, 23 ta patent, 14 ta o‘quv-uslubiy majmua va ko‘rsatmalarning muallifi, 500 ga yaqin ilmiy maqola va axborotlari respublika va xalqaro miqyosdagi ilmiy jurnal va to‘plamlarda chop etilgan. Uning rahbarligida 1 ta fundamental, 5 ta amaliy, 3 ta innovatsion va 4 ta xalqaro ilmiy loyihalar hamda 10 dan ortiq xo‘jalik shartnomasi amalga oshirilgan. Olib borgan tadqiqotlari natijalari va ishlanmalari asosida Respublika fanining rivoji va yutuqlariga alohida hissa qo‘shgan.



O‘zining ilk mehnat faoliyatini 1989-yildan ushbu universitetda ilmiy xodim, o‘qituvchi lavozimlarida ishlashdan boshlagan. 1992‑1994-yillarda O‘zR FAning bioorganik kimyo institutida aspiranturada tahsil olgandan so‘ng Umumiy biologiya kafedrasida katta o‘qituvchi, dotsent, kafedra mudiri lavozimlarida, 2009‑2012-yillarda ilmiy ishlar prorektori lavozimida faoliyat ko‘rsatgan. 2013-2015-yillarda tabiatshunoslik fakulteti, 2016-2017-yillarda Tabiiy fanlar fakulteti dekani, 2017-2018-yillarda o‘quv ishlari prorektori, 2018-2021-yillarda Biologiya kafedrasi professori, o‘zi tashkil qilgan “Eksperimental biologiya” ilmiy laboratoriyasining mudiri, 2021-2022-yillarda o‘quv ishlari prorektori, 2022-2023-yillarda Biologiya kafedrasi professori, “Eksperimental biologiya” ilmiy laboratoriyasining mudiri, 2023-yil noyabrdan o‘zi asos solgan “Agrobiotexnologiyalar va biokimyo ilmiy tadqiqot instituti” direktori, biologiya kafedrasining professori lavozimlarida faoliyat ko‘rsatib kelmoqda



U tabiiy birikmalar asosida biosinergetik preparat va ishlanmalar yaratish, amaliyotga joriy etish va regenerativ mahsulot yaratish bilan bog‘liq holda yaratgan “Yashil texnologiya” ilmiy ishlanmasi amaliyotga joriy qilingan. Ushbu texnologiya tizimida yaratgan innovatsion ishlanmasi Sirdaryo viloyatini iqtisodiy rivojlantirish dasturiga kiritilib, ushbu texnologiya asosida bugungi kunda 1000 gektardan ortiq sho‘rlanish tufayli foydalanishdan chiqib ketgan ekin maydonlari ekologik qayta tiklanib, xorijiy investitsiyalar asosida Shirinmiya o‘simligidan tayyorlangan xom ashyoni qayta ishlash zavodi qurilib ishga tushirilgan. Ushbu zavodda tayyorlanayotgan mahsulot chetga eksport qilinmoqda.



Ilmiy rahbarligida 24 ta nomzodlik, PhD, 4 ta doktorlik, DSc dissertatsiyalari himoya qilingan, rahbarligida faoliyat ko‘rsatayotgan 8 nafar tadqiqotchi-izlanuvchisi Germaniyaning Xoxenxaxem, Slovakiyaning Qishloq xo‘jaligi, Turkiyaning akkreditsiya markazi, Sank-Peterburg ilmiy markazi hamda Chexiyaning hayot va faoliyat universitetlarida tadqiqotlar olib borib malakalarini oshirgan, 4 nafar talaba nomli davlat stipendiati, 7 nafar talaba xalqaro grantlar, 3 nafar talaba respublika miqyosida o‘tkazilgan tanlovlar g‘olibi bo‘lgan.



O‘zMU (1998, 2008, 2025), ToshDAU (2003), Moskva davlat universiteti (2002), ICARDA xalqaro tashkiloti (2004), Rossiya FAning o‘simlikshunoslik instituti (2008), Portugaliyaning Lissabon universiteti (2011), Koreyaning xalqaro rivojlantirish instituti (2013), O‘zR Bosh ilmiy-metodik markazi (2015), Germaniyaning Gyottingen universiteti (2016), Xitoy Xalq Respublikasining Shandong Fanlar Akademiyasida (2024) malaka oshirgan. Olib borayotgan ilmiy tadqiqot ishlari natijalari asosida Almata, Toshkent, Turkiya, Suriya, Pokiston, Moskva, Vashington, Sankt-Peterburg, Dubay, Buxoro, Tallin, Lissabon, Koreya, Iordaniya, Germaniya, Gretsiya, Xitoy va shu kabi qator shahar va mamlakatlarda bo‘lib o‘tgan xalqaro miqyosdagi anjumanlarda ma’ruzalar qilib universitet nomini ko‘pgina davlatlarga tanitgan. U olib borgan tadqiqotlari asosida ICARDA, IWMI, ICBA, JIRCAS xalqaro tashkilotlari va fondlar hamda Germaniyaning Gyottingen universiteti diqqatini jalb etib, shartnomaviy hamkorliklarni yo‘lga qo‘ydi.



U universitetdagi faoliyati asosida tashqi investitsiyalarni jalb etgan holda tarkibida “Sho‘rga chidamli o‘simliklar genbanki”, “O‘simliklar biotexnologiyasi”, “Chidamlilik biologiyasi”, “O‘simlik va tuproq tarkibini moleklyar/elementar tahlili”, “Molekulyar genetika” yo‘nalishlariga ega bo‘lgan tashkil etgan “Eksperimental biologiya” laboratoriyasi va uning bazasida tashkil etilgan ilmiy tadqiqot instituti ta’lim, fan va ishlab chiqarish o‘rtasida innovatsion korporativ hamkorliklarni yo‘lga qo‘yishda o‘z samarasini berdi.



Respublika miqyosida Fan, ta’lim va ishlab chiqarish o‘rtasida innovatsion korporativ hamkorliklar mexanizmini takomillashtirish bo‘yicha 2010-2017-yillarda Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligining ishchi guruhi a’zosi, ishchi guruh raisi sifatida faoliyat ko‘rsatib, respublikaning oliy ta’lim muassasalarida seminar-treninglar tashkil etdi va tegishli so‘ralgan maslahatlar asosida amaliy yordam berilishida ishtirok etdi.



O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 20.05.2011-yildagi “Oliy ta’lim muassasalarining moddiy-texnik bazasini yaxshilash bo‘yicha chora va tadbirlar haqida hamda yuqori malakali mutaxassislar tayyorlash” to‘g‘risidagi PQ-1533 raqamli Qarori hamda 2012-yil 24-iyuldagi “Oliy malakali ilmiy va ilmiy-pedagogik kadrlar tayyorlash va attestatsiyadan o‘tkazish tizimini yanada takomillashtirish to‘g‘risida”gi PF-4456-son Farmoni talablari ijrosi bo‘yicha Respublika miqyosida olib borilayotgan ishlarning faol tashkilotchilaridan biridir. H.H.Qo‘shiyev tomonidan Oliy ta’lim muassasalari bazasida “O‘quv‑ilmiy kompleks(lar)” tashkil etish bo‘yicha mexanizm hamda ta’lim jarayonini “4+2 dastur” ishlab chiqilgan.



Bugungi kunda uning tomonidan ishlab chiqilgan mexanizm va “4+2 dastur” Respublika miqyosida OTM tizimida joriy etilmoqda. Shuningdek, Oliy ta’lim vazirligi tasarrufidagi oliy ta’lim muassasalarida fundamental, amaliy va innovatsion tadqiqot dasturlari asosida bajarilayotgan ilmiy loyihalar tanlovi va monitoringi bo‘yicha ekspertlar guruhi a’zosi va raisi sifatida faoliyat ko‘rsatgan.



Guliston davlat universitetida 2021-2022-yillarda o‘quv ishlari prorektoriligi davrida ta’lim jarayonini boshqarishni raqamlashtirishga alohida e’tibor berdi va dars jadvalini to‘liq raqamli tizimga o‘tkazilishini yo‘lga qo‘ydi. Bu tizim respublikaning barcha OTMda tatbiq etildi. Shuningdek, ta’lim jarayonini amaliyot btlan bog‘lash bo‘yicha universitetda o‘zi ishlab chiqqan “4+2 dastur”ni joriy etdi. Bu dastur ham respublikaning barcha OTMda tatbiq etildi.



2006-yildan buyon universitet bazasida tashkil etilgan “Sirdaryo mintaqaviy tadqiqot markazi”ga, 2016-yildan esa viloyat miqyosida tashkil etilgan “Sirdaryo viloyat hududiy innovatsion faoliyat va texnologiyalar transferi markazi”ga rahbarlik qildi. Markazda mintaqa muammolari bilan bog‘liq holda tadqiqotlarni olib borishni tashkil etish va muvofiqlashtirish bo‘yicha kengashga raislik qildi.



H.Qo‘shiyev “O‘simliklarning o‘sish‑rivojlanishida biotik va abiotik omillar ta’sirini o‘rganish” yo‘nalishi bo‘yicha o‘z maktabini yaratgan. Uning tarbiyalagan shogirdlari O‘zR FA institutlarida, Oliy ta’lim muassasalarida rektor, kafedra mudiri, kafedra dotsenti, professori lavozimlarida va ishlab chiqarish korxonalari va muassasalarda hamda ushbu maktab laboratoriyalarida, xorijiy mamlakatlarning (Tojikiston, Germaniya, Singapur) OTMda, ilmiy markazlarida turli lavozimlarda ishlamoqdalar va tadqiqotlar olib olib bormoqdalar.



“PlantStress”, “Biosaline” xalqaro ilmiy uyushmalari va TEMPUS Milliy ekspertlar guruhi a’zosi. Respublikada fan, ta’lim va ishlab chiqarish o‘rtasida innovatsion korporativ hamkorliklar mexanizmini takomillashtirishda faol ishtirok etadi.



Faoliyati davomida xalqaro hamkorliklarni rivojlantirishga alohida e’tibor bergan.



Modda almashinuv siklida o‘simlik ildiz tuklarida ajraladigan organik kislotalar tuproq tarkibi va minerallardan elementlarni kompleks hosil qilish asosida o‘zlashtirishdagi molekulyar mexanizmini o‘rgangan. O‘simliklarning o‘sishi va rivojlanishi bosqichida abiotik omillar ta’sirini boshqarish bilan bog‘liq holda tuproq tarkibidagi elementlarning ekvivalent nisbatlari va o‘simliklar organlari o‘rtasidagi bog‘liqliklarni aniqlagan.



O‘zlashtirilmay qolgan ionlar asosida  tuproqning sho‘rlanish darajasi ortishi hodisasini isbotlagan. Aniqlagan molekulyar mexanizm asosida tuproq sho‘rlangan tuproqlarni ekologik qayta tiklash texnologiyasini yaratgan.



O‘simliklarning o‘sishi va rivojlanishida stimulyatorlik, fungitsidlik va bakteriotsidlik xususiyatiga ega bo‘lgan glitsirizin kislotasining hosil bo‘lish mexanizmini aniqlagan:



Tabiiy birikmalar asosida o‘simiklarning o‘sishi va rivojlanishini avjlantiruvchi, hosildorligi va hosil sifatini oshirishda ahamiyatli bo‘lgan biosinergistik preparatlar yaratib, o‘simliklar turlarining biologik xususiyatlariga ko‘r personallashtirilgan tizimni ishlab chiqqan.



O‘simliklarning rivojlanishini avjlantiruvchi va zamburug‘li kasalliklarga qarshi samarali ta’sir etuvchi preparatlarni molekulyar-genetik tahlil qilish asosida molekulyar-genetik mexanizmini m-RNK polimerizatsiyasi asosida aniqlagan (Cuprotgk, Cuproglits, GK-Co, GK-Mo):



O‘simliklarning o‘sishi va rivojlanishida personallashtirilgan biopreparatlarni qo‘llash, tuproq tarki va ozuqa elementlari bilan o‘simliklarning rivojlanishi o‘rtasidagi bog‘liqliklarni aniqlash asosida regenerativ o‘simlik va regenerativ mahsulotlar olish texnologiyasini ishlab chiqqan.