Olim

QOSIMOV NOZIM KOZIMOVICH

Filologiya fanlari nomzodi, professor, “Turon” fanlar akademiyasi akademigi

Nozim Qosimov 1993-yili Davlat stipendiati, 2021-yil O‘zbekiston Respublikasi Mustaqilligining 30 yilligi esdalik nishoni, 2022-yil “Madaniyat va san’at fidokori” ko‘krak nishoni bilan taqdirlangan.



Umumiy ish staji 30 yil. O‘zbekiston davlat xoreografiya akademiyasi Ilmiy ishlar va innovatsiyalar bo‘yicha prorektori va “San’at nazariyasi va tarixi” kafedrasi professori lavozimida faoliyat yuritib kelmoqda.



N.Qosimov o‘z mehnat faoliyatini 1994-yili Abdulla Qodiriy nomidagi Toshkent davlat madaniyat instituti Xalq ijodiyoti fakultetining Orkestr dirijyorligi kafedrasi o‘qituvchisi va institut kasaba uyushmasi raisi lavozimida boshlagan. 



1986-1989-yillarda Qo‘qon shahar san’at bilim yurtida, 1989-1994-yillarda Abdulla Qodiriy nomidagi Toshkent davlat madaniyat institutining Xalq ijodiyoti fakultetida, 1994-1998-yillarda shu institut aspiranturasida o‘qigan. 1994-2012-yillarda Toshkent davlat madaniyat institutida o‘qituvchi, katta o‘qituvchi, dotsent, professor, fakultet dekani, birlashgan kasaba uyushmasi qo‘mitasi raisi, 2012-2022-yillarda O‘zbekiston davlat san’at va madaniyat instituti hamda O‘zbekiston davlat konservatoriyasi o‘quv ishlari prorektori va professori,  O‘zbekiston davlat xoreografiya akademiyasi Yoshlar masalalari va ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha birinchi prorektori va professori, Nizomiy nomidagi Toshkent davlat pedagogika universiteti professori, 2022-2023- yillarda O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligi boshqarma boshlig‘i lavozimida faoliyat ko‘rsatib, respublikamizda oliy ta’lim sifatini oshirish hamda ilm-fanni rivojlantirishga o‘z hissasini qo‘shib kelmoqda.



1998-yilda O‘zR FA Alisher Navoiy nomidagi Til va adabiyot instituti qoshidagi ixtisoslashgan himoya kengashida filologiya fanlari doktori, professor Bahodir Sarimsoqov rahbarligida “O‘zbek xalq laparlari (janr spetsifikasi va badiiyati)” mavzusida nomzodlik dissertatsiyasini himoya qilgan. 2003-yilda  dotsent, 2011-yilda professor hamda 2023-yilda “Turon” fanlar akademiyasi akademigi ilmiy unvonlarini olgan.



 N.Qosimov o‘z ilmiy faoliyati davomida o‘zbek xalq laparlarining janr xususiyatlari, janrning kelib chiqish tarixi va tadrijiy taraqqiyoti, laparlarning ijro o‘rni va shakllari, laparlar tasnifi va badiiyati masalalarini tadqiq etgan. Folklor musiqa ijrochiligi, etnomuzikologiya, xalq lirikasining folklor-etnografik  jamoalar repertuaridagi talqini hamda xalq qo‘shiqchiligi va cholg‘u ijrochilik san’atining hozirgi holatini o‘rganish bilan ham shug‘ullanadi.  



Fan jonkuyari, zahmatkash olim folklor musiqa asarlarini to‘plash, notaga olish va nashr ettirish borasida ham samarali ishlarga qo‘l urdi. “Beshik bolasi”, “Yorug‘ bo‘lsin yo‘lingiz”, “Jim – jim taka – taka, jim – jim – tak”, “Qizgina”, “Qumri kelmaydi”, “Oh yalli, yalli”, “To‘y muborak”, “Ukajon”, “Ufarga – yu, uforga”, “Chamanda gul, zor - zor”, “Yagonamsan”, “Yorga bino qo‘ysam, ketaman deydi”, “Yor dedim”, “Shirin jonim”, “Chakri – chakri”, “Shaydini shaydo”, “Ozod Vatan”, “Olma guli gul ekan”, “Navro‘z”, “Shutir bacha”, “Zang - zang”, “Xiva dudori”, “Shaqildoq”, “Kashta tikdim sanama”, “Qoshlari qora” singari o‘ttizga yaqin xalq qo‘shiqlarini notaga olgan. 



Uning muallifligida 100 dan ortiq ilmiy va publitsistik maqolalar, monografiya, darslik va o‘quv qo‘llanmalar yaratilib, 30 dan ziyod xalq kuyi va qo‘shiqlari notaga olingan. 20 dan ortiq musiqiy asarlarni orkestr jamoalari uchun cholg‘ulashtirgan. Bir qator ijodiy ishlar muallifidir. O‘tgan yillar davomida respublikamizdagi bir qator folklor-etnografik hamda ashula va raqs ansambllari bilan ijodiy hamkorlikni yo‘lga qo‘ygan.



  “Yilning eng yaxshi darsligi va o‘quv adabiyoti muallifi” respublika tanlovida “Folklor musiqa ijrochiligi” nomli o‘quv qo‘llanmasi g‘olib deb topilgan. O‘tgan yillar mobaynida 50 dan ortiq o‘quv adabiyotlariga mas’ul muharrirlik qilib, yuzdan ortiq adabiyotlarga va turli ilmiy hamda ijodiy ishlarga  taqrizlar bergan. Shuningdek, professor-o‘qituvchilarning an’anaviy, respublika hamda xalqaro miqyosda o‘tkazib kelinayotgan ilmiy-nazariy va ilmiy-amaliy anjumanlarda o‘z chiqishlari bilan faol qatnashib kelmoqda.



        Nozim Qosimov oliy ta’limdagi pedagoglik faoliyatida ko‘plab shogirdlar tayyorlagan. Uning shogirdlari bugungi kunda respublikamizning turli viloyatlarida o‘zbek xalq cholg‘ulari ansambli hamda folklor-etnografik ansambllarini tashkil etish va targ‘ib etishda jonbozlik ko‘rsatib kelmoqda. Shogirdlarining bir qismi pedagoglik faoliyatini davom ettirib,  oliy va o‘rta maxsus o‘quv yurtlari hamda maktablarda turli lavozimlarda ishlab kelmoqda, bir qismi esa ijodiy yo‘nalishlarda qator muvaffaqiyatlarga sazovor bo‘lgan.



O‘zbekiston Respublikasi Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi, Madaniyat vazirligi va boshqa turli tashkilotlar tomonidan tuzilgan ishchi va ekspert guruhlari tarkibida ham bir necha yillardan beri faol qatnashib keladi. 



N.Qosimov faoliyati davrida o‘quv, ilmiy-tadqiqot va ma’naviy-ma’rifiy ishlarini takomillashtirish, Davlat ta’lim standartlarini yaratish, namunaviy va ishchi o‘quv rejalari hamda fan dasturlarini tayyorlash masalalariga alohida e’tibor qaratib kelmoqda. Shuningdek, o‘tgan yillar davomida professor-o‘qituvchilar malakasini oshirish, qayta tayyorlash, ta’lim muassasalari va ishlab chiqarish tashkilotlari bilan hamkorlik aloqalarini yo‘lga qo‘yish, xorij tajribalarini o‘rganish, yangi ta’lim yo‘nalishlari va mutaxassisliklarini ochish bo‘yicha ham takliflarni tayyorlashda faol ishtirok etdi.



Yuqoridagilar bilan bir qatorda N.Qosimov vazirlikdagi faoliyati davomida bir yarim mingdan ziyod mutaxassislarning malakasi oshirildi, badiiy ta’lim yo‘nalishlarida faoliyat yuritayotgan o‘rta maxsus ma’lumotga ega bo‘lgan 110 nafar pedagog va mutaxassislar qayta tayyorlash kurslarida o‘qitildi, faoliyatidagi samarali mehnatlari uchun 83 nafar pedagog xodimlar “Madaniyat va san’at fidokori” ko‘krak nishoni, 60 nafardan ziyodi tashakkurnoma 



va qimmatbaho sovg‘alar bilan taqdirlandilar. Yaponiya, Rossiya, Ozarbayjon, Tojikiston, Qozog‘iston kabi mamlakatlardagi turdosh ta’lim muassasalari va ijodiy jamoalar bilan yaqin hamkorlik aloqalari o‘rnatilib, ta’lim va ilm-fan sohasida turli anjuman va uchrashuvlar tashkil etildi. 2022-2023-o‘quv yilida O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligi tizimidagi oliy ta’lim muassasalari va filiallarida tahsil olayotgan 16 nafar talaba  Davlat stipendiyalarini qo‘lga kiritdi. Bolalar musiqa va san’at maktablari uchun 19 nomdagi o‘quv qo‘llanma va notalar to‘plamlari 158 965 nusxada chop ettirilib, ta’lim jarayonlariga yo‘naltirildi. O‘zbekiston Respublikasi Oliy attestatsiya komissiyasining 2023-yil 21-iyul 341/1-son bayonnomasiga asosan O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat  vazirligi tizimidagi oliy ta’lim muassasalarida faoliyat olib borayotgan 51 nafar San’at arboblari, Xalq hofizlari, Xalq artistlari va Xizmat ko‘rsatgan artistlarga professor va dotsent ilmiy unvonlari topshirildi.



Prezidentimiz tashabbuslari bilan tashkil etilgan “Madaniyat va ma’rifat karvoni” tadbirlarida ham faol ishtirokchi sifatida respublikamizning bir qator tuman va shaharlarida o‘zining chiqishlari bilan faoliyat olib bordi. 



N.Qosimov doimiy ravishda o‘z malakasini, siyosiy, ma’naviy-ma’rifiy 



va ilmiy-nazariy saviyasini oshirish ustida qat’iyat va sabr-toqat bilan ishlaydi. Muammoli vaziyatlarni tizimli tahlil qilish, muammo yechimining turli variantlarini ishlab chiqish layoqatiga, mustaqil fikr, sog‘lom tafakkur va qat’iy pozitsiyaga ega. Qaror qabul qilishda kollegial yondashuv elementlaridan unumli foydalana oladi. O‘z fikr va qarashlarini puxta, izchil bayon etadi.  Mehnatsevarligi, halolligi, o‘ziga va boshqalarga nisbatan talabchanligi bois hamkasblari hamda talabalar hurmatiga sazovor bo‘lgan.



U har ishda tashabbuskor, jur’atli, to‘g‘ri so‘z, o‘z do‘stlariga doimo mehribon va g‘amxo‘r. Oilali, uch nafar farzandning otasi.