Qosimov Qobil Qosimovich 1946-yil 23-mayda Toshkent shahrida dunyoga kelgan. Olim 1961-yilda 144-maktabni tamomlab, oʻsha yili Benkov nomidagi rassomchilik bilim yurtiga oʻqishga kirgan, mazkur dargohni 1964-yilda tugatib, shu yildayoq Nizomiy nomidagi Toshkent davlat pedagogika instituti (hozirgi Nizomiy nomidagi Toshkent davlat pedagogika universiteti) fizika-matematika fakulteti rasm-chizmachilik boʻlimiga oʻqishga kiradi va shu oliy taʼlim muassasasini 1969-yilda tugatadi.
Olim Qobil Qosimov 1965–1966- yillarda 144-maktabda chizmachilik fani oʻqituvchisi, 1965–1966-yillarda Toshkent davlat pedagogika instituti chizmachilik kafedrasi laboranti, 1969–1969-yillarda rasm-chizmachilik kafedrasi oʻqituvchisi boʻlib ishlagan. 1969–1970-yillarda harbiy xizmatni oʻtagan. Harbiy xizmatdan keyin 1976-yilgacha Toshkent davlat pedagogika kafedrasi oʻqituvchisi, 1976–1981-yillarda Qori Niyoziy nomidagi Oʻzbekiston pedagogika fanlari ilmiy-tadqiqot instituti estetik tarbiya sektori ilmiy xodimi, 1981–1982-yillarda Qori Niyoziy nomidagi Oʻzbekiston pedagogika fanlari ilmiy-tadqiqot instituti Raʼno Uzoqova nomidagi Denov pedagogika bilim yurti tasviriy sanʼat fani oʻqituvchisi, 1984–1987-yillarda Nizomiy nomidagi Toshkent davlat pedagogika instituti rasm-chizmachilik fakulteti amaliy sanʼat kafedrasi oʻqituvchisi, 1982–1984-yillarda rasm-chizmachilik fakulteti amaliy sanʼat kafedrasi dotsenti, 1987–1997-yillarda Toshkent davlat pedagogika instituti rasm-chizmachilik aspirant boʻlib faoliyati yuritgan. Aynan olimning tashabbusi bilan Nizomiy nomidagi Toshkent davlat pedagogika institutida amaliy sanʼat kafedrasi tashkil etilgan.
1997–1998-yillarda Respublika “Hunarmand” uyushmasida direktor oʻrinbosari, boʻlim mudiri, 2000-yilgacha respublika “Musavvir” ilmiy ishlab chiqarish markazining ijodiy boʻlim boshligʻi va bosh rassomi, 2000–2002-yillarda Respublika “Usto” birlashmasi direktori oʻrinbosari vazifasida ishlagan.
1983-yilda “Художественно- эстетическое воспитание учащихся средствами кружковых занятий по дереву в общеобразовательных школах Узбекистана” (“Oʻzbekiston umumta’lim maktablarida oʻquvchilarni yogʻoch toʻgarak mashgʻulotlari vositasida badiiy-estetik tarbiyalash) nomzodlik dissertatsiyasini yoqlab, pedagogik fanlari nomzodi darajasini va dotsent ilmiy unvonini olgan.
60 ga yaqin ilmiy ishlar muallifi. Shuningdek, “Yosh rassom”, “Guliston”, “Gulxan”, “Sanʼat”, “Oʻzbekiston sanʼati” jurnallarida maqolalari hamda “Naqqoshlik” (1982-y.), “Naqqoshli – xalq naqqoshligi toʻgaragi” (1990-y. oʻzbek va rus tillarida) “Ustazoda naqqosh Saidahmad Mahmudov” (1993-y.), “Oʻzbekiston xalq badiiy hunarmandchiligi va amaliy bezak sanʼati” (1998-y. oʻzbek, rus, ingliz tillarida) kitoblari nashr qilingan. Olim Karim Mahmudovning “Mehmonnoma” kitobi (1989-y.), Toshkentdagi Alisher Navoiy nomidagi Adabiyot muzeyi, Samarqand, Buxoro, Termizdagi binolarning bezak ishlarida rassom, naqqosh usta sifatida ishtirok etgan.
Faoliyati davomida amalga oshirgan ishlari uchun olim “Mustaqillik” koʻkrak nishoni, Xalq taʼlimi va Madaniyat vazirliklarining faxriy yorliqlari taqdirlangan. Taniqli olim Qobil Qosimov 2012-yil14-may kuni 66 yoshida vafot etgan.