Olim

SODIQOV IBROHIM SALIXOVICH

Texnika fanlari doktori, professor

   Sodiqov Ibrohim Salixovich – texnika fanlari doktori, professor. Xalqaro avtomobil va yo‘llar ta’limi xalqaro assotsiatsiyasi (MAADO), Xalqaro Yevropa pedagoglar tashkiloti (IGIP) a’zosi, «Yo‘l sohasidagi fan va texnika» xalqaro ilmiy-texnik jurnalining tahrir hay’ati a’zosi. Moskva avtomobil-yo‘llar instituti faxriy professori, O‘zbekiston yo‘lsozlari ustalarining faxriy ustozi, Xalqaro Yevropa muhandis-pedagogi, Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligidagi asosiy tashkiloti huzuridagi – qatnashchi davlatlarning avtomobil-yo‘l kompleksi bo‘yicha kadrlarni tayyorlash, ixtisoslik qayta tayyorlashda va malakasini oshirish bo‘yicha jamoat Kengashning a’zosi.



   Ibrohim Salixovich Sodiqov 1952-yil 5-yanvarda Toshkent shahrida tavallud topgan. 1969-yilda Toshkent politexnika institutiga o‘qishga kirib, 1974-yilda Toshkent avtomobil-yo‘llari institutini “Avtomobil yo‘llari” ixtisosligi bo‘yicha bitirib, “Aloqa yo‘llari muhandisi” kvalifikasiyasini olgan. I.S.Sodiqov institutni tugatgandan keyin 1974-1976-yillarda Toshkent avtomobil-yo‘llar instituti “Avtomobil yo‘llarini qidirish va loyihalash” kafedrasi stajyor-o‘qituvchisi, assistenti lavozimlarida faoliyat yuritdi. I.S.Sodiqov 1976-1979-yillarda Toshkent avtomobil-yo‘llar instituti aspiranturasida tahsil olib, 1982-yilda MADIda professor V.V.Silyanov rahbarligida “Bir xil satxda kesishuvchi yo‘llarning chorrahasini ko‘chirilgan chapga burilish bilan loyihalash” mavzusida nomzodlik dissertasiyasini himoya qildi. 1979-1985-yillarda Toshkent avtomobil-yo‘llar instituti “Avtomobil yo‘llarini qidirish va loyihalash” kafedrasi assistenti, katta o‘qituvchisi lavozimida, 1985-1992-yillarda kafedra dotsenti lavozimlarida faoliyat olib bordi. I.S.Sodiqov 1992-1995-yillarda Toshkent avtomobil-yo‘llar instituti doktoranturasida tahsil olib, 2001-yilda professor V.V.Silyanov rahbarligida “Avtomobil yo‘llarining transport-ekspluatasion sifatlarini prognozlash va boshqarish” mavzusida doktorlik dissertasiyasini Toshkent shahrida himoya qildi. I.S.Sodiqov 1995-2000-yillarda Toshkent avtomobil-yo‘llar instituti “Yo‘l qurilishi” fakulteti dekani, 2000-2001-yillarda institutning iqtisodiyot va tadbirkorlik ishlari bo‘yicha prorektori, 2001-2003-yillarda institutning akademik liseylar va kasb-hunar kollejlari bilan ishlash bo‘yicha prorektori lavozimlarida faoliyat olib bordi. I.S.Sodiqov 2003 2012 yillarda Jizzax politexnika institutining rektori lavozimida faoliyat yuritdi va keng miqyosda institutni rivojlantirdi. 2012 2013-yillarda Toshkent avtomobil-yo‘llar instituti “Avtomobil yo‘llari va aerodromlar” kafedrasi professori lavozimida xizmat qilib, xorijdagi universitetlar taklifi bilan 2013-2017 yillarda Lugansk milliy agrar universiteti “Yer boshqaruvi va avtomobil yo‘llarini qurilishi va geodeziya” kafedrasi professori lavozimida xizmat qilib, xorijiy talabalarga “Avtomobil yo‘llari” fanidan dars berdi.



   2005- yilning mart oyida Jizzax Politexnika instituti bilan Yaponiyaning Saytama Universiteti o‘rtasida xalqaro hamkorlikni yo‘lga qo‘yish masalalari bo‘yicha xizmat safarida bo‘lib qaytdi. U “Avtomobil yo‘llarining transport va ekspluatasion sifatlari”, “Avtomobil yo‘llarining rivojlanish tarixi va aloqa yo‘llari (1-kitob va 2-kitob)” darsliklarining muallifidir. Professor I.S.Sodiqov 170 dan ortiq ilmiy ishlar, 7 ta darslik, 3 ta o‘quv qo‘llanma, 2 ta monografiya muallifi, 2 ta patent, 18 ta uslubiy ishlanma va 30 dan ortiq yo‘l-transport kompleksi uchun me’yoriy hujjatlar muallifi.