Matnazar Shomurotovich Raximov 1968-yilning 11-iyunda, Xorazm viloyatining Qo‘shko‘pir tumanida ishchi oilasida tugʻilgan. Bugungi kunda yurtimizning taniqli olimiga aylangan Matnazar Raximovning bu darajaga yetishida otasi Shomurot ota va uy bekasi bo‘lgan onasi Saodat onaning xizmatlari beqiyosdir. Ularning o‘g‘it va duolari bilan 1985-yilda poytaxtga yo‘l olgan M. Raximov 1992-yil Toshkent Davlat universiteti (O‘zMU)ning Biologiya fakultetini tamomlagan (biolog, biologiya va kimyo o‘qituvchisi).
M.SH. Raximov 1997-yilda 03.00.08-Zoologiya ixtisosligi bo‘yicha “Sovki (sem. Noctuidae) antropogennix landshaftov Xorezmskogo Oazisa (fauna, biologiya, ekologiya)” mavzusidagi nomzodlik dissertatsiyasini himoya qilib, biologiya fanlari nomzodi ilmiy darajasini olgan bo‘lsa, 2009-yilda “Zoologiya” ixtisosligi bo‘yicha dotsent ilmiy unvonini olgan. 2019-yilda 03.00.06-Zoologiya ixtisosligi bo‘yicha “Shimoli-sharqiy O‘zbekiston kollembolalar turkumi faunasi, tarqalish xususiyatlari va ekologiyasi” mavzusida fan doktori dissertatsiyasini himoya qilgan, biologiya fanlari doktori ilmiy darajasini va 2021-yilda shu ixtisoslik bo‘yicha professor ilmiy unvonini olgan. 2018-yildan Rossiya oziq-ovqat xavfsizligi akademiyasi akademigi hisoblanadi.
Ilmiy sohadagi faoliyatini 1992-yilda Toshkent davlat universiteti kunduzgi bo‘lim aspirantidan boshlagan va 1997-yilgacha bo‘lgan davrda shu universitet “Umurtqasiz hayvonlar zoologiyasi” kafedrasi katta laboranti va assistenti lavozimlarida faoliyat yuritgan.
1997–1999-yillarda O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi zoologiya instituti kichik va katta ilmiy xodimi lavozimlarida ishlagan. 1999–2002-yillarda Toshkent davlat universiteti biologiya-tuproqshunoslik fakulteti ilmiy xodimi, 2002–2011-yillarda shu fakultetda magistratura va sirtqi bo‘limi hamda o‘quv ishlari bo‘yicha dekan o‘rinbosari, 2011-2015-yillarda Mirzo Ulug‘bek nomidagi O‘zbekiston Milliy universiteti “Zoologiya va ixtiologiya” kafedrasi dotsenti, 2016-yildan hozirgi vaqtga qadar “Zoologiya” kafedrasi mudiri lavozimida faoliyat yuritib kelmoqda. Kafedradagi pedagogik faoliyati davomida “Zoologiya”, “Entomologiya”, “Hasharotlar ekologiyasi”, “Bioxilma-xillik” kabi fanlardan ma’ruza, amaliy va seminar mashg‘ulotlarini olib bormoqda.
Universitetdagi faoliyati davomida F.4.29. “Turli tipdagi tuproqlardagi tuproq umurtqasiz hayvonlarni o‘rganish” 2003-2007-yillarga mo‘ljallangan amaliy loyiha kichik ilmiy xodimi;
F-5-30 “O‘zbekistonning sanoat hududlarida zaharlangan tuproqlarning hosildorligini oshirishda tuproq umurtqasiz hayvonlarining rolini kompleks o‘rganish” 2012-2016-yillarga mo‘ljallangan amaliy loyiha katta ilmiy xodimi;
“Uzb-Ind-021-86-raqamli” O‘zbekiston-Hindiston qo‘shma amaliy loyihasida katta ilmiy xodimi sifatida tadqiqotlar olib borgan. Hozirgi kunda “O‘zbekistonda chigirtkalardan noan’anaviy to‘yimli oqsil hamda nutriyentlar olishning texnologiyasini ishlab chiqish” mavzusi doirasida olib borilayotgan amaliy loyihada katta ilmiy xodim lavozimida faoliyat olib bormoqda.
Ish faoliyati davomida 250ga yaqin ilmiy ish chop etilgan bo‘lib, ular orasida hammualliflikda chop etilgan “Zoologiya” va “Bioxilma-xillik” darsliklari, “Ornitologiya”, “Zoologiya” “Zoologiyadan o‘quv dala amaliyoti” o‘quv qo‘llanmalarini alohida tilga olish mumkin. Shu jumladan 2 ta monografiya, 5 ta uslubiy ko‘rsatma va 80dan ortiq mahalliy va xorijiy jurnallarda ilmiy maqolalar (40 ga yaqin xorijiy, 7 ta Scopus bazasida kirgan jurnallarda), 120 dan ortiq Xalqaro va Respublika ilmiy-amaliy konferensiya materiallari to‘plamlarida tezislar chop etilgan.
M.SH. Raximov “Ustoz-shogird” tizimida iqtidorli talabalar, magistrlar, doktorantlar va izlanuvchilar bilan samarali ishlar olib borishni yo‘lga qo‘ygan, jumladan, uning rahbarligida 5 nafar biologiya fanlari bo‘yicha falsafa doktori, 50 nafardan ortiq magistrlar dissertatsiya ishlarini muvaffaqiyatli himoya qilgan va 2022-2023 o‘quv yilida 1 nafar magistranti prezident stependiyanti bo‘lgan.
Hozirda 1 nafar fan doktori (DSc), 3 nafar tayanch doktorantga rahbarlik qilib kelmoqda. So‘nggi 3 yil davomida 10 ga yaqin fan doktorlik dissertatsiya ishlariga rasmiy opponentlik qilgan.
So‘nggi 2 yil davomida dunyoning TOP-1000 talik universitetlari qatorida turuvchi M.Auyezov nomidagi Janubiy-Qozog‘iston davlat universiteti va Osh davlatining universiteti talabalariga ham ma’ruzalar o‘qib kelgan.
2020-yildan “Mamun” axborotnomasi jurnali va 2023-yildan “Urganch davlat pedagogika institutining” AXBOROTNOMASI (ilmiy-nazariy, metodik) jurnalning tahrir hay’ati a’zosi hisoblanadi. M.Sh. Raximov O‘zbekiston Respublikasi Oliy attestatsiyasi komissiyasi Biologik tadqiqotlar va biotexnologiyalar bo‘yicha ekspert kengashi a’zosi sifatida faoliyat olib bormoqda.
M.Sh. Raximov tomonidan ilk bor O‘zbekiston agrotsenozlari tuproqlarida yashovchi kollembolalarining faunasi va ekologiyasi mavzusida tadqiqotlar olib borgan va shu yo‘nalish bo‘yicha maktab tashkil etgan. Bu maktabda hozirgi kunda 2 nafardan ortiq biologiya fanlari bo‘yicha falsafa doktorlari, 10 nafarga yaqin magistr talabalar faoliyat olib bormoqda.
Hozirda ushbu maktabni kengaytirish yuzasidan ishlar olib borilmoqda.