Nasimxon Asqarovich Rahmonov 1952 - yil Farg‘ona viloyatini Buvayda tumanidagi Jov qishlog‘ida tug‘ilgan. 1969-yilda tumandagi Nayman qishlog‘ida 20–o‘rta maktabni bitirgan va shu maktabda yoshlar yetakchisi (pionervojatiy) bo‘lib ishlagan. 1970-yilda Farg‘ona davlat pedagogika institutiga o‘zbek tili va adabiyoti fakultetiga o‘qishga kirib, 1974 - yilda tamomlagan.
1974-1975 yillarda Quvasoy shahridagi 20-o‘rta maktabda o‘zbek tili va adabiyoti fanidan dars bergan. 1975-yilda Toshkentga kelib, “O‘qituvchi” nashriyotida korrektor bo‘lib ishga kirgan. 1976 -77 yillarda Buvayda tumanidagi 8-maktabda o‘qituvchi bo‘lib ishlagan. 1976-yilda harbiy xizmat safida xizmat qilgan. 1977-yilda harbiy xizmat safidan qaytgach, uning keyingi ilmiy va ijodiy faoliyati Toshkentdagi qator ilmiy muassasalar, Oliy ta’lim tizimidagi o‘quv yurtlari bilan bog‘liq holda kechgan. 1977-1979 yillari “O‘qituvchi” nashriyotida korrektor, o‘zbek tili va adabiyoti bo‘limi muharriri bo‘lib ishlagan.
1979-yilda O‘zbekiston Fanlar akademiyasi qo‘lyozmalar institutiga (sobiq) ishga o‘tdi va u yerda kichik ilmiy xodim, muzey bo‘limi mudiri (hozirgi O‘zbekiston Fanlar akademiyasi Alisher Navoiy nomidagi davlat Adabiyot muzeyi mudiri), katta ilmiy xodim, bosh ilmiy xodim lavozimlarida xizmat qilgan. Ayni paytda u professor (keyinchalik akademik) Alibek Rustamov rahbarligida islomdan oldingi qadimgi turkiy yodgorliklar bo‘yicha “Kultigin yodnomasi poetikasi” mavzuida nomzodlik dissertatsiyasi ustida ish olib borgan.
U nomzodlik dissertatsiyasini 1984 - yilda himoya qildi. Nasimxon Rahmonov mazkur muassasada institut direktorining ilmiy ishlar bo‘yicha o‘rinbosari, direktor vazifalarida xizmat qilgan. 1998-2001 - yillari O‘zbekiston Fanlar akademiyasi Abu Rayhon Beruniy nomidagi Sharqshunoslik institutida yetakchi ilmiy xodim lavozimida ish olib borgan. 2001 - yildan Mirzo Ulug‘bek nomidagi O‘zbekiston Milliy universitetiga ishga o‘tib, kafedra professori, Jurnalistika fakultetining dekani lavozimlarida xizmat qilgan. Yangi tashkil etilgan Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universitetining o‘zbek mumtoz adabiyoti va matnshunoslik tarixi kafedrasida professor lavozimida ishlagan. Qisqa muddat O‘zbekiston san’at va madaniyat institutida Tillar kafedrasi professori bo‘lib xizmat qilgan. Hozirda O‘zbekiston Milliy universitetida professor lavozimida ishlab qelmoqda.
N.A. Rahmonov 1984 - yilda “Kul tigin yodnomasi (VIII asr) poetikasi” mavzusida nomzodlik, 1991 - yilda “O‘rxun-yenisey yozma yodgorliklari va turkiy eposlar munosabati” mavzusida doktorlik dissertatsiyasini himoya qilgan. 1993 - yilda professor ilmiy unvonini olgan.
N.A. Rahmonovning ilmiy faoliyati bevosita qadimgi turkiy xalqlarning madaniy, ijtimoiy-siyosiy va etnik tarixi bilan ham bog‘langani bois, uning tadqiqotlarida bevosita qadimgi va ilk o‘rta asrlarda yashagan turkiy xalqlarning ijtimoiy, madaniy, siyosiy va etnik tarixiga oid kuzatuvlari ham kitobxonlarning e’tiborini ko‘p tortadi. Qizg‘in bahs-munozaralarga sabab bo‘lib keladi. Ayniqsa, O‘zbekiston televideniyesining “O‘zbekiston tarixi” kanalidagi qator chiqishlarida O‘zbekistondan va Markaziy Osiyoning turli hududlaridan topilgan qadimgi turkiy yozuv yodgorliklari, turkiy qavmlarning etnik tarixi yuzasidan olib borgan eshittirishlari xalqimizga manzur bo‘lmoqda. Uning “Ruhiyatdagi nur murodi” nomli monografiyasida, “O‘zbek tili tarixi” darsligiga (hammuallif prof. Q.Sodiqov) “O‘zbek adabiyoti tarixi” (Eng qadimgi davrlardan XV asrning birinchi yarmigacha) nomli darsligidagi obzor mavzularda ana shunday materiallarni ko‘plab kuzatish mumkin. Uning serqirra faoliyati o‘zbek xalqining o‘tmish madaniyatini, tarixini, adabiyoti va tilini xalqimiz teran anglashiga katta xizmat qilib kelmoqda.
Shuningdek, N.Rahmonov “Toshga bitilgan kitoblar” (1983), “Inson ruhining sadosi” (1986), “Bitiglar olamida” (1990), “Turk xoqonligi” (1993), “O‘zbekistonning ko‘hna turkiy-run yozuvlari”, “Madaniyatshunoslik” (1 - nashri 2011 yil, 2 - nashri 2015 yil; hammuallif tarix fanlari doktori M.Abdurahmonov) o‘quv qo‘llanmasi va boshqa qator kitoblari O‘zbekistonda turkologiyaning yangi sohasiga asos solinganidan dalolat beradi. Hozirgacha 31 nomdagi kitob va 300ga yaqin ilmiy va ilmiy-ommabop maqolalar muallifi.
Nasimxon Rahmonov faqat O‘zbekistonda emas, balki xorijda ham yaratgan tadqiqotlari bilan mashhurdir. Xususan, ko‘plab maqolalari va kitoblari e’tirof etilgan. Ikki jildlik “Turk dunyosi adabiyoti” (Anqara 2002, hammualliflikda) uch jilddan iborat “O‘zbek adabiyoti tarixi” (Almati, SSK, 2021) nomli, qo‘llanma va darsliklari fikrimizga dalildir. Shu bilan birga, u qadimgi turkiydan hozirgi o‘zbek tiliga tabdil qilib chop ettirgan katta hajmdagi ikki kitobdan iborat “Oltun yorug” asari (1 kitob - 2009, “Fan” nashriyoti; 2 kitob – 2013, “Mumtoz so‘z” nashriyoti) va shu asarning qayta ishlangan va tuzatilgan nashri (“Zabarjad media” nashriyoti, 2025) O‘zbekistonning, qolaversa, O‘rta Osiyo, Ozarbayjon va Rossiya turkiy xalqlarining ma’naviy hayotida katta voqea bo‘lganini turkologlar alohida ta’kidlaydilar.
Nasimxon Rahmonovning xizmatlari turli xalqaro tashkilotlar tomonidan munosib taqdirlangan. 2017 - yilda Turkiya strategik tadqiqotlar markazining mukofoti, 2018 - yilda Xalqaro turk akademiyasining (Qozog‘iston) kumush medali, 2020 - yilda Qozog‘iston xalqlari Assambleyasining (Ostona) “Birlik” Oltin medali bilan taqdirlangan. N.Rahmonov hozirda O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasining a’zosi, O‘zbekiston Milliy universiteti huzuridagi ilmiy darajalar beruvchi ilmiy kengash (10.00.01 -O‘zbek tili; 10.00.02 – O‘zbek adabiyoti) raisi.
U ko‘plab xorijiy mamlakatlarda ma’ruzalari bilan ishtirok etib kelmoqda. Uning maqolalari Rossiya, Turkiya, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Ozarbayjon kabi bir qator xorijiy mamlakatlarda chop etilgan.