Ismoil Ibroximovich Safarov 1954-yil 10-avgustda Buxoro viloyati, Vobkent tumanida tug‘ilgan. 1972-yilda Toshkent davlat milliy dorilfununining “Amaliy matematika va mexanika” fakultetiga o‘qishga kirib, 1977-yilda mazkur universitetni muvaffaqiyatli tugatgan.
Ish faoliyatini O‘zbekiston Fanlar Akademiyasining Mexanika va inshootlarni seysmik mustahkamligi ilmiy tekshirish institutida laborantlikdan boshlab, keyinchalik kichik ilmiy xodim, katta ilmiy xodim darajasiga ko‘tarilgan.
1979–1982-yillarda Moskva shahridagi Elektron mashinalar qurilishi institutining kunduzgi bo‘lim aspiranturasida o‘qigan va nomzodlik dissertatsiyasini himoya qilgan. 1983–1989-yillarda O‘zbekiston Fanlar Akademiyasi Mexanika va inshootlar seysmik mustahkamligi institutida katta ilmiy xodim lavozimida ishlagan. 1989-1992-yillarda Moskva elektron mashinalar qurilishi institutida doktoranturada bo‘lib, doktorlik dissertatsiyasini himoya qilgan.
1992-yildan boshlab I.I.Safarov o‘z ilmiy-pedagogik faoliyatini Buxoro oziq-ovqat va yengil sanoat texnologiyasi institutida davom ettirgan. 1993-2005-yillarda ushbu institutda “Mashinashunoslik” kafedrasi mudiri bo‘lib ishlagan.
1996–2005-yillarda O‘zbekiston Fanlar Akademiyasi Buxoro mintaqaviy ilmiy markazi direktori bo‘lib ishlagan. Mintaqada ilm fani rivojlantirishda munosib hissa qo‘shgan. 2006-2015-yillarda Buxoro oziq-ovqat va yengil sanoat texnologiyasi instituti “Oliy matematika” kafedrasi mudiri lavozimida mehnat qilgan.
2015-yildan Toshkent kimyo-texnologiya instituti “Oziq-ovqat sanoati mashina jihozlari – mexanika asoslari” kafedrasi professori, 2017–2022-yillarda shu institutning “Oliy matematika” kafedrasi mudiri lavozimida ishlagan, hozirgi kunda ushbu kafedra professori lavozimida faoliyat yuritib kelmoqda.
2006-yil “Iste’dod” jamg‘armasi granti g‘olibi sifatida M.V.Lomonosov nomidagi Moskva davlat universitetida malaka oshirishda bo‘lgan.
U 2004-yilda “Yilning eng yaxshi ilmiy rahbari” respublika tanlovida g‘olib bo‘lgan, 2008 yilda Xalqaro Fanlar Akademiyasining a’zosi etib saylangan.
I.I.Safarov 2022-yilda O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 30 yilligi ko‘krak nishoni, 2024-yilda “Oliy ta’lim a’lochisi” ko‘krak nishoni bilan taqdirlangan.
Uning rahbarligida 5 ta doktorlik va 27 ta nomzodlik dissertatsiyalari himoya qilingan. I.I.Safarov tomonidan 400 dan ortiq ilmiy ishlar, xususan, 23 ta monografiya (11 tasi Germaniyada, 3 tasi AQShda, 1 ta Angliya, 1 ta Hindiston, 1 tasi Rossiyada, 6 tasi O‘zbekistonda) 170 dan ortiq xorijiy va respublika ilmiy jurnallarida, 250 dan ortiq xorijiy va respublika ilmiy anjuman to‘plamlarida maqolalar nashr etgan.
I.I.Safarov hammualliflikda 4 ta darslik, 7 ta o‘quv qo‘llanma chop etgan. U oliy ta’limda chet el tajribalaridan foydalanib, dars o‘tish jarayonida zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini qo‘llab innovatsion yondashuv orqali dars o‘tish bo‘yicha hammualliflikda o‘quv qo‘llanma chop etgan.
Ismoil Ibroximovich Safarov respublika va xorijda o‘z o‘rniga ega bo‘lgan yirik olim, bir qator ilmiy nazariya va kashfiyotlar muallifi. Xususan, u harakatlanuvchi apparatlarda o‘rnatilgan vibratsiyani kamaytirish bo‘yicha fanda “Troyanovskiy – Safarov” usuli deb nomlangan yangi usul tavsiya etgan. Energiya dissipatsiyasini boshqarish bo‘yicha yangi samarasi topgan.
Yer osti inshootlarining zilzilabardoshligi uchun “arka samarasi” deb nomlangan, fanda Safarov nomi bilan yuritiladigan yangi samara kashf etgan. To‘lqinni ponali sohada tarqalishda yangi to‘lqin mavjudligini aniqlagan. I.I.Safarov dissipativ bir jinsli bo‘lmagan mexanik sistemalar nazariyasining muallifi hisoblanadi. U mamlakatimiz va xorijda bir qancha ilmiy loyihalarga rahbarlik qilgan hamda qatnashib kelmoqda.