N.Sherboyev 1945-yil 15-iyunda Jizzax viloyati, Zomin tumanining O‘rta qishlog‘ida dehqon oilasida tavallud topgan.
Shu qishloqda joylashgan boshlang‘ich maktabda, so‘ngra qo‘shni Hayitqultepa qishlog‘ida joylashgan 7 yillik 10-maktabda, oxirida esa qishlog‘iga eng yaqin bo‘lgan Yom qishlog‘idagi 3-o‘rta maktabda ta’lim olib, maktabni 1961-yili tugatgan. O‘sha yili Yangiyer tumani, Farhod sovxozining 3-bo‘limida joylashgan 29-o‘rta maktabda boshlang‘ich sinf o‘qituvchisi bo‘lib, mehnat faoliyatini boshlagan.
N.Sherboyev 1963-yili Toshkent davlat pedagogika institutining fizika-matematika fakultetining kunduzgi bo‘limiga o‘qishga kirgan.
Ikkinchi kursda o‘qib yurgan vaqtlarda harbiy xizmatga chaqirilib, 1964-1967-yillari Sovet armiyasi safida xizmat qilgan. 1967-yili harbiy xizmatdan qaytib kelib, yana matematika fakultetida o‘qishini davom ettirib, 1970-yilda institutni imtiyozli diplom bilan tugatgan.
1968-1972-yillari Toshkent davlat pedagogika instituti kasaba uyushma qo‘mita raisi vazifasida ishlagan. 1971-1972-yillarda umumiy matematika kafedrasida o‘qituvchi bo‘lib faoliyat olib borgan.
N.Sherboyevga, asosan, ilmiy ishga sababchi bo‘lib, maslahat bergan, ustozlarga yo‘l-yo‘riq ko‘rsatgan bag‘ri keng yetuk zabardast olim bilan bo‘lib o‘tgan hangomasini keltirib o‘tamiz.
Bu bir umr yoddan chiqmaydigan suhbatni N.Sherboyev domla faxr va mag‘rurlik bilan eslaydilar.
1971-1972-o‘quv yillari edi, institutimizning ikkinchi qavati yo‘lagida umumiy fizika kafedrasining mudiri P.Q.Habibullayev bilan uchrashib qoldim. U kishi bilan munosabatlarimiz juda yaxshi edi. “Ha, rais qalaysiz?, bir piyola choy ichmaymizmi?” dedilar.
Bizdan o‘ttiz qadamlar narida Rahmatilla akani choyxonasi bor edi. Men tezda choy va shirinliklar olib keldim va birga gaplashib o‘tirdik. Po‘lat aka “Sizni kafedraga olib qolishdi. Endi nimalar bilan shug‘ullanmoqchisiz yoki kasaba uyushmalar qo‘mitasining raisi bo‘lib ishlayverasizmi?” -deya so‘roqqa tutdi. Men hali bu haqida o‘ylab ko‘rmaganligimni bildirdim.
Po‘lat aka: “Boshimdan o‘tganlarini gapirib beray” dedilar.
Bir paytlari men hozirgi milliy universitetining fizika fakultetini bitirib, shu universitetning komsomol tashkilotining birinchi kotibi bo‘lib ishlar edim, deya gap boshladilar.
Bir kuni Obid Sodiqov (shu universitetda kafedra mudiri, keyinchalik O‘zbekiston Fanlar Akademiyasining Prezidenti, SSSR Fanlar Akademiyasining akademigi) meni kabinetiga chaqirib qoldilar.
“Ha bola! Qachongacha kotib bo‘lib yurasan, agar o‘sib borsang, Toshkent shahar Komsomol komiteti yoki viloyat komsomol komiteti kotibi bo‘lishing mumkin, lekin undan yuqoriga chiqa olmaysan, chunki undan yuqoridagi kotiblik lavozimlarining egalari bor, seni u joylarda o‘tkazishmaydi.Shuning uchun senga maslahatim, bu ishingdan bo‘shab olib, ilm bilan shug‘ullansang, maqsadga muvofiq bo‘ladi, ilmni sendan hech kim tortib ololmaydi”, deya nasihat qildilar. Men domlaning gaplarini tahlil qilib, shunday xulosa chiqardim va ishdan bo‘shash haqida o‘yladim va ariza berdim, lekin meni ishdan bo‘shatmadilar. Kayfiyatim buzilib, ishdan ko‘nglim sovidi. 6 oydan so‘ng o‘zlari meni ishdan bo‘shatib yuborishdi. Keyin zo‘rg‘a fizika kafedrasiga oddiy laborant bo‘lib, ishga joylashdim. Mavzu olib ilmiy ish bilan shug‘ullanib, nomzodlik ishimni yoqlab oldim. So‘ngra institutga ishga keldim. Mana hozir doktorlik ilmiy ishini yakunlash arafasida turibman. Shuning uchun men Obid Sodiqovdan bir umr minnatdorman! U kishi miyig‘ida kulib: - “Sizga nasihatim shuki, tezda ilmiy ishga mavzu olib, shug‘ullanishni boshlab yuboring, kasaba uyushmasi qo‘mitasidagi ishingizni topshiring, qo‘mitada ishlasangiz ilmiy ish qilishga hafsalangiz pasayib boradi. Hozir matematikaning boshqa sohalarga tatbiqi faol rivojlanib boryapti, iloji boricha, o‘sha soha bilan shug‘ullanishga harakat qiling!” deb maslahat berdilar.
Men ajoyib inson Po‘lat Qirg‘izboyevich Habibullayevning (o‘sha vaqtda fizika-matematika fanlari nomzodi, dotsent, umumiy fizika kafedrasining mudiri, keyinchalik fizika-matematika fanlari doktori, professor, Andijon paxtachilik instituti rektori, O‘zbekiston Fanlar Akademiyasining akademigi, O‘zbekiston markaziy qo‘mitasida fan va o‘quv yurtlari bo‘limi boshlig‘i, O‘zbekiston Fanlar Akademiyasining Prezidenti, SSSR Fanlar Akademiyasining akademigi, O‘zbekiston Oliy Soveti prezidiumi raisi) maslahatlaridan darrov xulosa qilib, o‘sha davrda institut ilmiy ishlar bo‘yicha prorektor S.I.Afoninaning qabuliga kirib, ilmiy ish bilan shug‘ullanish niyatim borligini aytdim.
S.I.Afoninaning o‘zlari matematik bo‘lganliklari tufayli meni to‘g‘ri tushundi va : “Ariza berib ko‘ring, agar imtihonlarni topshirsangiz, aspiranturaga qabul qilamiz. Ungacha ilmiy rahbar masalasini o‘ylab ko‘ramiz” – dedilar. Men institut kasaba uyushmalari qo‘mitasining raisidan bo‘shash to‘g‘risida ariza berdim. Shu joyda P.K.Habibullayev to‘g‘risida sobiq SK KPSSning sekretari bo‘lib ishlagan Nuriddin Akromovich Muxitdinovning 1994-yil, A.Qodiriy nashriyoti “Kremlda o‘tgan yillarim” kitobida yozilganlarini keltirmoqchimiz: 1935-yili Stalin Moskvada bir guruh ilg‘or paxtakorlarni qabul qiladi. O‘sha paytda Po‘lat akaning onasi Sanobar aya ham o‘sha yig‘inda ishtirok etadi va rus tilida juda qoyilmaqom ma’ruza qiladi. Uning to‘g‘risida jami ma’lumotlarni Iosif Stalinga yetkazilgan edi. Sanobar aya ma’ruzani tugatgach, Stalin va Voroshilovga o‘zbek choponi va do‘ppisini kiydirgan. Sanobar aya qo‘lida chaqalog‘i bilan borgan edi. Stalin:”-O‘g‘lingizga qanday ism berdingiz? – deya so‘rab qoladi. Unga Po‘lat deb ism berdim, ya’ni ruschada “stal” Stalin degani bu! – deya javob qiladi. Kitobda xuddi shu lahza ifoda etilgan surat ilova etilgan.
O‘zimizning jaydari tilimizda aytganda Po‘lat Qirg‘izboyevich Habibullayev butun dunyoni titratgan, SSSR day katta davlatning dohiysiga aylangan I.V.Stalinning nazriga tushgan ajoyib, bag‘rikeng o‘z sohasining mohir, yetuk va buyuk, olimi, juda ko‘plab shogirdlar yetishtirgan xalqparvar, vatanparvar davlat arbobidir. Respublikamizning jonkuyar insonlaridan biri edilar.
Mana shu ajoyib insonning maslahati bilan N.Sherboyev ilm dunyosiga kirishib, baxtini topganlar.
N.Sherboyev 1974-1975-yillari TDPU ning matematika metodikasi kafedrasining kunduzgi bo‘limi aspiranturasida o‘qiganlar. 1975-yili Milliy universitetining dotsenti, fizika-matematika fanlari nomzodi Aleksandr Petrovich Domoryad rahbarligida ilmiy ishini yakunlab, fan nomzodligi uchun dissertatsiyasini himoya qiladi.
N.Sherboyev 1976-1977-yillari TDPU matematika fakulteti dekani muovini lavozimida ishlaganlar.
Shunday katta fakultetda o‘quv ta’lim-tarbiya ishlarini yuqori saviyada tashkil qilish, o‘quv jarayonining samaradorligini oshirish, Respublikamiz xalq ta’limi tizimi uchun yuqori malakali yetuk matematika va informatika o‘qituvchilari tayyorlash va maktablarni ushbu mutaxassislar bilan to‘liq ta’minlash ishlariga munosib hissa qo‘shdilar.
N.Sherboyev 1977-1987-yillari matematika metodikasi kafedrasi mudiri lavozimida ishlaganlar. Ushbu 10 yillikda ko‘plab darsliklar, o‘quv qo‘llanmalar, monografiyalar, ilmiy-metodik maqolalar chop etildi. Kafedra a’zolari va ilmiy izlanuvchilardan 8 kishi nomzodlik dissertatsiyalarini muvaffaqiyatli himoya qildilar. O‘sha vaqtlari Respublikada matematika metodikasidan maxsus ixtisoslashgan ilmiy kengash faqat TDPUning matematika fakultetiga berilgan edi. Shu sohaga taalluqli hamma ilmiy dissertatsiyalar ushbu ilmiy kengashda himoya qilinar edi. N.Sherboyev shu ilmiy kengash a’zosi va kafedra mudiri sifatida bu ilmiy kengash ishida va seminarlarida faol ishtirok etganlar.
N.Sherboyev 1987-1989-yillari TDPU ning katta ilmiy xodimi lavozimiga o‘tib doktorlik ilmiy ishini o‘z muddatida yakunlaganlar. Yakunlangan doktorlik dissertatsiyasi matematika kafedralari yig‘ilishlarida va matematika fakultetining ilmiy kengashida muhokama qilinib himoyaga tavsiya etilgan.
Bajarilgan bu ilmiy ish matematikaning tibbiyot sohasiga tatbiqi bo‘lganligi tufayli asosiy materiallar “xom-ashyolarni” shifokorlardan olingan. Bunda asosiy manbalar makoni hozirgi Respublika shoshilinch tibbiy yordam markazi, Respublika ko‘krak jarrohlik xirurgiyasi markazi, Eski ToshMI va Yangi ToshMI klinikalari edi. Ilmiy natijalar olingandan keyin tibbiyot xodimlari bilan muhokama va munozaralar o‘tkazilgan. Shifokorlarning anjumanlarida, seminarlarida, konferensiyalarida ishning ilmiy natijalari muhokama qilinib, olingan ilmiy natijalar, xulosa va tavsiyalar tibbiyot hamda kibernetika institutining ilmiy jurnallarida maqola sifatida e’lon qilinib borilgan. Ushbu ilmiy natijalar, xulosalar va tavsiyalar asosida N.Sherboyev va uning ustoz-shogirdlarining bir qancha kitob va monografiyalari vujudga kelgan. Izlanishlar har xil eksperement ilmiy tadqiqotlar yordamida erishilgan ilmiy yangiliklar nashr etilgan, monografiyalar to‘liq bayon etilgan.
1. Математическиe методы моделирования и ЭВМ в решении медико-биологичеcких Задач. г.Ташкент. 12 п.л 1987 г.
2. Методи создания компьюторной системы отимизации управления лечебно-диагноcтическим процессом. Фан.Ташкент 1989 г.
3. Методы оптимального управления сложными саморегулируюшими системами. Фан. Ташкент. 13 п.л 2011 г.
N.Sherboyev tomonidan chop etilgan ilmiy ishlarda diagnostika va davolash jarayonlarini boshqarishda matematik usullarini va matematik modellarni tatbiq etish, ulardan optimal foydalanish va original usullarni qo‘llash masalalari yetarlicha mukammal bayon etilgan. Bemorlardan olingan ma’lumotlar yetarli bo‘lmagan hollarda immitatsion matematik modellar yordamida to‘ldirish usullari ishlab chiqilgan. Bularning natijasida bemorni magnitoterapiya, fizioterapiya va boshqa usullar yordamida aniq diagnoz qo‘yish va aniq davolash kurslari o‘tkazish imkoniyatlari ortib borgan.
N.Sherboyev “Исследование принципов построения и методов применения проблемно-ориентировованного комплекса математических моделей физиологоческих систем организма” nomidagi ilmiy doktorlik dissertatsiyasini yakunlab, matematika kafedralari, matematika fakulteti, institut ilmiy kengash yig‘ilishlarida muhokamalardan o‘tkazib, himoya uchun shu soha bo‘yicha mavjud maxsus ixtisoslashgan ilmiy kengashga topshirish mumkin degan qarorni oladilar.
Bu sohaga doir maxsus ixtisoslashgan ilmiy kengash SSSR da faqat Moskva va Sankt-Peterburg (sobiq Leningrad) shaharlarida mavjud ekanligi ma’lum bo‘ladi. O‘rganishlar Leningraddagi maxsus ixtisoslashgan ilmiy kengashda himoyaga navbatda turganlar soni juda ko‘p emasligi, lekin bu ilmiy kengashda, asosan, harbiy sohalar bilan bog‘liq bo‘lgan yopiq ilmiy ishlar himoya qilinishi ma’lum bo‘ldi. Kafedra ilmiy ishni qabul qilishi uchun Leningraddagi sotsial-gigiyena ilmiy tekshirish institut ilmiy kengashining ijobiy yig‘ilish qarorini olishini tavsiya qiladi. Leningrad elektrotexnika universiteti kafedrasi seminarlarida bir necha marta ilmiy izlanuvchilar kelishib, o‘zlarining nomzodlik dissertatsiyalarini muvaffaqiyatli himoya qilib ketishganlar.
N.Sherboyev bir qancha vaqtlar Kibernetika ilmiy ishlab chiqarish kompleksi qoshidagi ixtisoslashgan maxsus ilmiy kengash a’zosi bo‘lib faoliyat yuritgan. N.Sherboyev Oliy Attestatsiya komissiyasi huzuridagi eksper, komissiyasining a’zosi sifatida ilmiy ishlarni ekspertizalardan o‘tkazishda faol ishtirok etganlar,
N.Sherboyev 120 dan ortiq monografiya, ilmiy-uslubiy, o‘quv, o‘quv-uslubiy, ma’naviy-ma’rifiy qo‘llanmalar, maqolalar, tezislar va boshqalarni nashrdan chiqarganlar.
N.Sherboyev sobiq SSSR va Respublika miqyosida o‘tkazilgan ilmiy-amaliy anjuman va konferensiyalarda o‘zining ilmiy dialoglari bilan faol ishtirok etganlar.
N.Sherboyev SSSR Oliy va o‘rta maxsus ta’limi vazirligi huzuridagi o‘quv metodik komissiyasi a’zosi sifatida oliy o‘quv yurtlarida o‘qish jarayonining sifatini oshirishga o‘z hissasini qo‘shganlar. Shuningdek, N.Sherboyev Respublikadagi ilmiy kengashlarda himoya qilinayotgan bir qancha nomzodlik, doktorlik dissertatsiyalarida opponentlik qilgan.
N.Sherboyev Vazirlik Mahkamasining yo‘llanmasi bilan 1996-1997-yillari Jizzax Davlat pedagogika institutida o‘quv ishlari bo‘yicha prorektor vazifasida ishlab, o‘quv jarayonini tekshirishda faol ishtirok etdilar. Shundan so‘ng xalq ta’limi vazirligini kollegiyasi qarori bilan N.Sherboyev Respublika hunar ta’limi xodimlari malakasini oshirish institut rektori etib tayinlandi. Shu davrdagi hunar ta’limi beradigan o‘quv yurtlarining sifatini oshirishga o‘zining munosib hissasini qo‘shgan.
N.Sherboyev 1998-1999 - yillari O‘rta maxsus, kasb-hunar ta’limini rivojlantirish institutning direktor muovini bo‘lib ishlaganlar.
N.Sherboyev 2001-2016 - yillari Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti “Oliy matematika” kafedrasining professori vazifasida ishlab, xalq xo‘jaligida yetuk kadrlar tayyorlash jarayoniga o‘zining munosib hissasini qo‘shgan.
N.Sherboyev 2003-2004 - yillar oralig‘ida Toshkent irrigatsiya va qishloq xo‘jaligi mexanizatsiyalash injenerlari institutida markaz direktori bo‘lib ishlagan.
N.Sherboyev Kadrlar tayyorlash milliy dasturida belgilangan vazifalarni ta’lim sohasiga joriy qilishga keng ko‘lamli ishlarning tashkilotchisi sifatida ham tanilgan edilar.
N.Sherboyev o‘z faoliyati davomida chop etilgan 120 dan ziyod ilmiy ish, ilmiy maqola va risolalar, o‘quv-uslubiy qo‘llanmalardan o‘quv va ilmiy tadqiqot sohalarida keng foydalanib kelinmoqda.
N.Sherboyev 1966-yilgi zilziladan keyin Toshkentni qayta qurishdagi faol ishtiroki uchun Respublika Oliy Prezidiumining “Faxriy yorlig‘i” bilan taqdirlangan. N.Sherboyev 1980-yili Xalq ta’limi a’lochisi unvoniga sazovor bo‘lgan.
N.Sherboyev qaysi lavozimlarda ishlashidan qat’iy nazar ilmiy va pedagogik faoliyatda faol ishtirok etishni eng ulug‘, oliy maqsadlardan biri deb hisoblab, butun tajriba va mahoratini, bilim va kuchini ta’lim-tarbiya tizimida chuqur islohotlar olib borishga, darslarni noan’anaviy usullarda o‘tishga, fan va texnikaning imkoniyatlaridan keng foydalanib, o‘quvchilar bilan saviyasini yanada oshirishga qaratdi.
N.Sherboyev mehnatsevar, shogirdlariga mehribon, iste’dodli olim, ilmga chanqoq yoshlarning sevimli ustozi sifatida uzoq yillar davomida ko‘pchilikka namuna bo‘lib, ilmiy-tadqiqot ishlarni tashkil etishda yosh o‘qituvchilarga o‘z maslahatlarini berib kelmoqda.
N.Sherboyev o‘zidagi diyonat, o‘z-o‘ziga talabchanligi, ilm va ijodga e’tiqod kabi xislatlarni shogirdlariga ham o‘rgatishga harakat qilib keladi.
N.Sherboyev oilali, turmush o‘rtog‘i Gulnoraxon tarix fani o‘qituvchisi, farzandlarining hammasi oliy ma’lumotli. Bugungi kunda N.Sherboyev 13 nafar nabiraning sevimli “dodasi” bo‘lib, ularning ilmli, tarbiyali yoshlar bo‘lib yetishishiga mas’ul bo‘lib yuribdilar.
Ular Respublikamizning ravnaqiga, yangilanayotgan O‘zbekistonning rivojlanishiga o‘z hissalarini qo‘shib kelmoqdalar.
Hozirgi unda N.Sherboyev Toshkent shahridagi Kimyo Xalqaro universitetining aniq fanlar kafedrasining professori vazifasida faoliyat ko‘rsatib kelmoqda. Zero, katta hayot yo‘lini bosib o‘tgan, samarali mehnati, mehr-oqibati, bilimi bilan hamkasblari, do‘stlari, yirik olimlar, minglab talabalar hurmat-e’tiborini qozongan. Nazarqul Sherboyevdan yoshlarimiz qancha ibrat olsa, unga ergashsa, buning oqibati faqat yaxshilik bo‘ladi.
Baxt kaliti mehnatda, ezgulikda, zahmatda deb bilgan Nazarqul Sherboyev kabi olim insonlar borki, hayotimiz go‘zal va farovon.