Olim

SHIRINOVA RAIMA HAKIMOVNA

Filologiya fanlari doktori, professor

Raima Shirinova 2016-yili “Oʻzbekiston mustaqilligiga 25 yil” esdalik nishoni, 2017-yilda “Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 30 yilligi” koʻkrak nishoni, 2019-yilda Fransiya davlatining “Palmes Asadémique” ordeni, 2021-yilda “Xalqlar doʻstligi” koʻkrak nishoni, 2023-yilda “Oliy taʼlim aʼlochisi” koʻkrak nishoni bilan taqdirlagan.

Umumiy mehnat staji — 32 yil.  Shirinova Raima Hakimovna Oʻzbekiston Xotin-qizlar «Olima» uyushmasi raisi oʻrinbosari, «Oʻzbekiston-Fransiya» doʻstlik jamiyati ijrochi direktori va OWCD xalqaro tashkilotining Markaziy Osiyo milliy filiali rahbari, oʻzining tarjimashunoslik, oʻzbek-fransuz adabiy aloqalari va zamonaviy tilshunoslik sohasidagi yirik ilmiy ishlari bilan tanilgan va bugungi kunda ilmiy hamda akademik sohalarda faol jamoatchi sifatida faoliyat yuritib kelmoqda.

 

R.Shirinova oʻz mehnat faoliyatini 1993-yilda Toshkent davlat universitetining Roman-german filologiyasi fakulteti, fransuz tili filologiyasi yoʻnalishini tamomlab, ushbu oliygohda laborant sifatida ishlashdan boshladi. U 1994-yilda Toshkent davlat universiteti tabiiy fakultetlar uchun nemis va fransuz tili kafedrasi kabinet mudiri sifatida ishlagan boʻlsa, 1995-yilda ushbu oliy taʼlim muassasasining gumanitar fakultetlar uchun nemis va fransuz tili kafedrasi oʻqituvchisi, keyinchalik esa Mirzo Ulugʻbek nomidagi Oʻzbekiston Milliy universiteti nemis va fransuz tili kafedrasi katta oʻqituvchisi boʻlib ham faoliyat yuritadi.U 2005-yilda Oʻzbekiston Milliy universitetida huquqshunoslik yoʻnalishida sirtqi taʼlim shaklida tahsil oladi. 2008-yilda — Mirzo Ulugʻbek nomidagi Oʻzbekiston Milliy universiteti ijtimoiy-siyosiy fanlar, biznes va huquqshunoslik yoʻnalishlari boʻyicha chet tillari kafedrasi dotsent vazifasini bajaruvchisi, 2008-2010-yillarda ijtimoiy-siyosiy fanlar, biznes va huquqshunoslik yoʻnalishlari boʻyicha chet tillari kafedrasi mudiri vazifasini bajaruvchisi, 2010-2013-yillarda universiteti ijtimoiy gumanitar yoʻnalishlar boʻyicha chet tillari kafedrasi mudiri, 2013-2014-yillarda fransuz filologiyasi kafedrasi mudiri vazifasini bajaruvchisi, 2014-2019-yillarda fransuz filologiyasi kafedrasi mudiri kabi turli lavozimlarda oʻz mehnat faoliyatini davom ettirdi.

 

U turli tashkilotlarda ishlash bilan bir qatorda 2017-yildan hozirga qadar Millatlararo munosabatlar va doʻstlik aloqalari qoʻmitasi, Oʻzbekiston-Fransiya doʻstlik jamiyatining ijrochi direktori (jamoatchilik asosida), «Oʻzbekiston-Fransiya» doʻstlik jamiyati ijrochi direktori va OWSD xalqaro tashkilotining Markaziy Osiyo milliy filiali rahbari, 2019-yildan hozirga qadar Mirzo Ulugʻbek nomidagi Oʻzbekiston Milliy universiteti xalqaro aloqalar boʻyicha prorektori sifatida ishlab kelmoqda. “Olima” uyushmasi raisi oʻrinbosari sifatida oʻzining ilmiy, akademik sohadagi bilim va tajribasi bilan oʻrtoqlashib, jamoatchilik asosida faol mehnat qilib kelmoqda. Uzoq yillardan beri ilm-fanda ayollarning rolini oshirish va xalqaro tanilishini taʼminlash boʻyicha koʻplab 

tadbirlar, seminarlar va konferensiyalar tashkil qilgan. 

 

Ayniqsa, Barqaror Rivojlanish Maqsadlarining strategiyalarini amalda tatbiq etish boʻyicha keng koʻlamli ishlarni amalga oshirish uchun oʻz sohasining mutaxassislari bilan birgalikda turli xil konferensiyalar va treninglar ham tashkil qilib kelmoqda.

 

R.Shirinovaning va u tashkil etgan universitetlar reytingi maktabining xalqaro maydondagi yutuqlari ham eʼtiborga molik. 2019-yildan hozirga qadar Mirzo Ulugʻbek nomidagi Oʻzbekiston Milliy universiteti xalqaro aloqalar boʻyicha prorektori sifatida universitetning xalqaro tan olinishi, mamlakatimizning otaxon oliy taʼlim muassasasining nufuzini oshirish uchun saʼy harakat qilib kelmoqda.Ayniqsa, ikkita eng yirik reyting agentligi — Quasquarelli Symonds World University Rankings, Times Higher Education reytinglarida katta natijalarga erishildi. 2024-yil iyun oyida eʼlon qilingan QS World University Rankings tahlillari boʻyicha oliygoh TOP-1000 universitetlar safidan joy oldi. Mazkur reytingning xorijiy oʻqituvchilarning ulushi koʻrsatkichi boʻyicha dunyo reytingida 177-oʻrinni egallagan boʻlsa, Markaziy Osiyo oliy oʻquv yurtlari orasida 2-oʻrinni band etdi. Bu natijalar universitetning global miqyosda ilmiy  va Times Higher Education (THE) xalqaro oliy taʼlim tahliliy agentligi joriy-yilda 2025-yil uchun dunyoning eng yaxshi universitetlari reytingi — “THE World University Rankings-2025” natijalarini eʼlon qildi. 

Oʻzbekiston Milliy universiteti reytingda 1001-1200-oʻrinlarni qayd etib, dunyoning eng kuchli universitetlari qatoridan oʻrin egalladi. Mazkur agentlik tomonidan tartiblanadigan “THE Impact” reytingi natijalariga koʻra, mazkur oliygoh 16 ta Barqaror rivojlanish maqsadlari boʻyicha dunyoda 601-800-oʻrinlarni qayd etib, oʻtgan yilgi natijalarga koʻra 500 pogʻona yuqoriga koʻtarilganini koʻrsatdi.

  

Bugungi kunda Oʻzbekiston Milliy universitetining xalqaro reytinglarda nufuzni oshirish tajribasi respublikamizning boshqa oliy taʼlim dargohlari uchun maktab vazifasini oʻtab kelmoqda.

R.Shirinova 2002-yilda nomzodlik va 2017-yilda esa doktorlik dissertatsiyasini himoya qilgan va 2018-yilda esa professor ilmiy unvoniga ega boʻlgan. U oʻzbek-fransuz tarjimachiligi, fransuz va oʻzbek adabiyoti qiyosiy tadqiqi, zamonaviy tarjima lugʻatlari, ikki tilli audiovizual lugʻatlarning mobil ilovalarini yaratishning nazariy masalalari hamda oʻzbek-fransuz tarjimachiligi sohasida oʻz ilmiy maktabini yaratgan. Uning ilmiy rahbarligida 1 ta doktorlik (DSc), 5 ta falsafa doktori (PhD) dissertatsiyalari muvaffaqiyatli himoya qilingan va bugungi kunda 20 nafardan ortiq tayanch doktorant va mustaqil tadqiqotchilarning ilmiy tadqiqotlariga rahbarlik qilmoqda.

R.Shirinovaning 200 dan ortiq ilmiy ishlari, jumladan, 3 ta monografiya, 5 ta darslik, 6 ta oʻquv qoʻllanmalari nashr etilgan, 30 dan ortiq ilmiy maqolalari esa MDH mamlakatlari va uzoq chet ellardagi, jumladan Scopus bazasidagi ilmiy jurnallarda chop etilgan. U Oʻzbekiston Respublikasi OAK roʻyxatidagi “OʻzMU xabarlari”, “Ilm sarchashmalari”, hamda “Philology and Culture” va “Advances in Social Sciences and Economics” xalqaro ilmiy jurnalining tahrir hayʼati aʼzosi.

 

U bir qancha darsliklar va monografiyalar muallifi ham hisoblanadi. 2004-yilda Le système du droit Français et les organisations internationales oʻquv qoʻllanmasi, 2008-yilda Le Français du droit uslubiy qoʻllanmasi, 2009-yilda Les suriosités de Paris uslubiy qoʻllanmasi,2011-yilda Diniy realiyalarning badiiy tarjimada berilishi monografiyasi, 2015-yillda ikkinchi marta Fransuz tili darsligini nashr yetgan.Tarjimon sifatida esa 2016-yilda Reno Belettoning “Yerda ham, koʻkda ham”, Anri Purraning “Yetti qargʻa haqida ertak”,Le Klezioning “Eh oʻgʻri, oʻgʻri” hikoyalarini mahorat bilan oʻzbek tiliga tarjima qilgan.

 

R.Shirinova tomonidan yaratilgan “Fransuz tili darsligi”, “Ogʻzaki nutq koʻnikmalari” darsligi va “Mamlakatshunoslik” oʻquv qoʻllanmalaridan respublikamiz filologiya va tillarni oʻqitish bakalavr yoʻnalishi talabalari tahsil oladigan OTMlarida oʻquv jarayonida keng foydalanilmoqda. Ushbu darsliklar va oʻquv qoʻllanmalar Oʻzbekiston Respublikasi Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi, Xalq taʼlimi vazirligi va “Isteʼdod” jamgʻarmasining “Yilning eng yaxshi darsligi va oʻquv adabiyoti muallifi” Respublika tanlovida 2016-yilda 1-oʻrinni olgan. Shuningdek, 2016-yilda respublika pedagoglari oʻrtasida oʻtkazilgan “Eng yaxshi pedagog” tanlovida 1-oʻrin sohibi boʻlgan.

Shuningdek, universitetdagi Xalqaro aloqalar boʻlimi qoshida “NUU TED TALKS” loyihasi tashkil etilgan boʻlib ilmga chanqoq, keng doirada, global miqyosda fikrlay oladigan talabalardan tashkil topgan markazning rahbari va faol spikeri, Oʻzbekiston Milliy universitetidagi xalqaro talabalar, yoshlar va qizlar oʻrtasida maʼnaviy-maʼrifiy seminar-treninglar olib boradilar.

Bugungi kunga qadar R.Shirinova dunyoning bir qator nufuzli universitetlarida malaka oshirgan. 

2017-yilda Fransiyaning Tur universitetida, 2019-yilda Puate universitetida, 2021-yilda Sorbon universitetida, 2022-yilda Ispaniyaning Sevilya universitetida, 2023-yilda Turkining Marmara universitetida, 2024-yilda Portugaliyaning Porto universitetlarida Xalqaro aloqalar va hamkorlik yoʻnalishlari boʻyicha oʻz tajribasini oshirib qaytgan. Shuningdek, Fransiyaning Sorbon Nuvel Parij III, Tur, Puate, Bordo universitetlari, Ispaniyaning Sevilya, Italiyaning Turin, Turkiyaning Ankara, Marmara universitetlari bilan hamkorlikda oʻtkazilgan xalqaro ilmiy konferensiyalarda maʼruzalar bilan qatnashgan va tashakkurnomalar bilan taqdirlangan.

R.Shirinova Erasmus+, Yunesko va Yunisef grant loyihalarida rahbar va ishtirokchi sifatida taʼlim sifatini yaxshilash, xorij tajribasini oʻrganish hamda universitetlar oʻrtasida akademik mobillikni faollashtirish borasida yuqori koʻrsatkichlarga erishdi.

 

Bundan tashqari u oʻzbek madaniyati va anʼanalarini keng targʻib qilish uchun amalga oshirilayotgan tadbirlarda ham faol ishtirok etib kelmoqda. 2024-yil noyabrda “Berlin shahrida “Oʻzbekistonning bebaho merosi” mavzusida Madaniy va Maʼrifiy Tadbir oʻtkazildi, ushbu tadbirda nutq soʻzlagan Oʻzbekiston Milliy Universiteti xalqaro aloqalar boʻyicha prorektori Raima Shirinova: “2025-yilda Samarqandda boʻlib oʻtadigan UNESCO Bosh konferensiyasining 43-sessiyasining tarixiy ahamiyatga ega ekanligini taʼkidladi. Ushbu sessiya doirasida, Oʻzbekistonning UNESCO ning vakillik roʻyxatiga kiritilgan nomoddiy madaniy merosini himoya qilish, kulolchilik, oʻzbek milliy tasviriy sanʼati asarlari, miniatyuralar, oʻzbek milliy taomlari va shirinliklar koʻrgazmasi taqdim etildi.

 

Ushbu saʼy-harakatlar, Oʻzbekistonning madaniy merosini jahon miqyosida tanitish, uni asrab-avaylash va xalqaro maydonda aloqalarni mustahkamlash borasida muhim qadam hisoblanadi. Raima Shirinovaning eʼtiborli tashabbuslari va jadal ishlari ushbu xalqaro tadbirning muvaffaqiyatli oʻtishiga va Oʻzbekistonning madaniy merosining dunyoviy ahamiyatini taʼkidlashga katta hissa qoʻshadi”, - deb taʼkidlagan edi. 

Oʻzbekiston Milliy universiteti tashkilotchiligida Shvetsiyaning Stokgolm shahrida joylashgan konsert zalida Oʻzbekiston elchixonasi bilan hamkorlikda “Samarqand – ipak yoʻlining marvaridi” nomli madaniy tadbir tashkil etildi.

 

Raima Shirinova O‘zbekiston milliy universitetida xalqaro yozgi maktabni Italiya, Ispaniya, Fransiya, Germaniya, Finlandiya, Koreya, Xitoy, davlatalari yoshlari ishtirokida muntazam tashkil qilib boradi. Shuningdek, Oxirgi yillarda Yevropa universitetlari bilan ikki yoqlama diplom dasturi bo‘yicha ham ishlarni yo‘lga qo‘yib Italiyaning Tyushi hamda Avstriyaning Zalsburg universitetlari bilan 1+1 magistrlik darajasini beruvchi hamkorlikni yo‘lga qo‘ydi.

Mazkur yilda UNESCO Bosh konferensiyasi 43-sessiyasining Samarqand shahrida oʻtkazilishi munosabati bilan tashkil etilgan tadbirda milliy davlatchiligimizning uch ming yillik tarixi, asriy anʼana va qadriyatlari, madaniy merosi targʻib qilindi.

Oʻzbekiston Milliy universiteti Xalqaro aloqalar boʻyicha prorektori Raima Shirinova ham ushbu tadbirda tashkilotchi sifatida ishtirok etibgina qolmay, Shvetsiyadagi bir qator nufuzli universitet vakillari bilan nafaqat madaniy, balki ilmiy sohada ham hamkorlik qilish taklifini berdi.