Shodiyev Tursun 1942-yil 15-fevralda Navoiy viloyati Nurota tumani Boraq qishlogʻida dehqon oilasida tavallud topgan. 1959-yilda Langar konida oʻrta maktabni oltin medal bilan tamomlagandan soʻng Langar posyolka deputatlar kengashida hisobchi-iqtisodchi lavozimida ish faoliyatini boshlagan.
1960-yili Shodiyev Tursun Toshkent moliya-iqtisodiyot instituti (hozirgi Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti)ning rejalashtirish fakultetiga oʻqishga kiradi. Talabalik davrida barcha fanlardan faqat aʼlo baholarga oʻqiganligi tufayli oʻsha davrdagi davlat arbobi (Lenin stipendiati) stipendiati sohibi boʻlgan. Talabalar ilmiy toʻgaraklarining faol ishtirokchisi boʻlgan Shodiyev 1962-yil mart oyida Moskva davlat universitetining talabalari ilmiy anjumanida mulkiy munosabatlarni takomillashtirish mavzusida maʼruza qilgan.
1965-yilda Shodiyev Tursun Toshkent xalq xoʻjaligi instituti (Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti)ni imtiyozli diplom bilan tugatgandan soʻng yosh mutaxassislarni ishga taqsimlash Davlat komissiyasining qaroriga binoan Tursun Shodiyev Toshkent xalq xoʻjaligi institutining qishloq xoʻjaligi iqtisodiyoti kafedrasida tadqiqotchi lavozimida ish faoliyatini boshlaydi.
1966-yili sentyabr oyida u Moskva xalq xoʻjaligi instituti (hozirgi Rossiya iqtisodiyot universiteti) ning iqtisodiy kibernetika ixtisosligi boʻyicha kunduzgi aspiranturaga oʻqishga kiradi.
1969-yili iyun oyida Moskva xalq xoʻjaligi institutining ilmiy kengashida “Qishloq xoʻjaligi ishlab chiqarishning iqtisodiy samaradorligini matematik funksiyalar yordamida tahlil etish” mavzusida iqtisod fanlari nomzodi ilmiy darajasini olish uchun dissertatsiya yoqladi va aspiranturani muddatidan oldin tugatib, TXXIga ish faoliyatini davom ettirish uchun Toshkentga qaytib keladi.
Tursun Shodiyev 1969-yil avgust oyidan boshlab iqtisodiy kibernetika kafedrasida avval assistent, keyinchalik katta oʻqituvchi va dotsent lavozimlarida to 1978-yilgacha dars berdi.
Bundan tashqari 1970-yildan to 1978-yilgacha u oʻrindoshlik asosida TXXI ning oʻquv boʻlimida oʻquv boʻlimi boshligʻining muovini va keyinchalik boshligʻi boʻlib ishladi va institutning oʻquv tarbiya jarayonini tashkil etish va takomillashtirishda jonbozlik koʻrsatadi.
1978-1980-yillari Shodiyev Tursun doktorlik dissertatsiyasini tugatish uchun katta ilmiy xodim lavozimida tadqiqot olib boradi. 1980-yil sentyabr oyida konkurs asosida u iqtisodiy kibernetika kafedrasining mudiri lavozimiga saylanadi va to 2006-yilgacha kafedraga rahbarlik qiladi.
U 1988-yili “Qishloq xoʻjaligi taraqqiyotini ekonometrik modellar asosida bashoratlash” mavzusida doktorlik dissertatsiyasini himoya qiladi. 1990-yili Tursun Shodiyevga professor ilmiy unvoni beriladi va “iqtisodiy kibernetika” kafedrasining mudiri lavozimida 26-yil samarali mehnat qiladi.
Fan doktori, professor, iqtisodiyot ilmining peshqadam va zamonaviy sohalaridan biri boʻlgan “Iqtisodiy kibernetika” kafedrasining mudiri darajasiga yetish mamlakatimizda juda katta muvaffaqiyat hisoblanardi.
Shodiyev Tursun Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti huzuridagi ixtisoslashgan kengash raisi oʻrinbosari sifatida mamlakatimizda ilmiy-pedagogik kadrlarni tayyorlashda ham faol ishtirok etgan.
Tursun Shodiyev ilmiy rahbarligida 41 ta fan nomzodi va 7 ta fan doktori tayyorlangan (Matekeev A.Q, Musayev V.M (Ozarbayjon Respublikasi), Raxmanbayeva R.A, Kayumova N.O, Jumayev I.K).
Tursun Shodiyevichning tabiatidagi ilmga chanqoqlik unga tinchlik bermas, olimga oʻz bilimini tinmay oshirishga, ayniqsa, zamonaviy fanlarni yanada chuqurroq egallashga daʼvat etar edi.
Jumladan olim 1994-1995-yillarda TASIS dasturi doirasida Belgiyaning Luven universiteti va Fransiyaning Rennis biznes maktabi tomonidan tashkil etilgan ikki-yillik magistraturasining MVA (biznesni boshqarish) ixtisosligi boʻyicha magistr unvoniga ega boʻldi.
Shuningdek Jahon Bankining Vashingtondagi institutida 1993, 1996-yillarda, Vena birlashgan institutida 1995-yili, Turkiyaning Anqara universitetida bozor iqtisodiyoti muammolari boʻyicha (1992), AQSh ning Michigan universitetida (1994) Ekonometrika boʻyicha, 2003-yilda Buyuk Britaniyaning Vestminster universitetida menejment va biznes kurslari boʻyicha malaka oshirgan.
2002-yil sentyabr oyida Shodiyev Toshkent Xalqaro Vestminster universitetiga konkurs asosida ishga qabul qilindi. Toshkent Xalqaro Vestminster universitetining professori, YUNESKO ning “Bilimlar iqtisodiyoti” kafedrasi mudiri lavozimida ishlagan. Toshkent Xalqaro Vestminster Universitetida ingliz tilida “Mikroiqtisodiyot”, “Makroiqtisodiyot”, “Boshqaruv iqtisodiyoti”, “Ekonometrika” hamda “Rivojlanish iqtisodiyoti” fanlaridan dars bergan.
Shodiyev oʻzining ilmiy-pedagogik faoliyati bilan respublikamiz va xorijda tanilgan iqtisodchi olimlardan biri. Uning qalamiga 5 ta ilmiy, 4 ta risola, 7 ta darslik va oʻquv qoʻllanmalar, xorijiy mamlakatlarda ingliz tilida eʼlon qilingan 8 ta maqola, hamda mamlakatimiz oynomalarida 200 dan ortiq maqola va maʼruza tezislari eʼlon qilingan. Jumladan, Shodiyevning “Strengthening Income Generating Opportunities for Rural Women in Uzbekistan” maqolasi Birlashgan Millatlar tashkilotining ESKATO tashkiloti orqali AQSh da, Vashingtonda nashr qilingan.
Tursun Shodiyev “Xalqaro toifadagi professor” unvoniga muyassar boʻlgan. U aynan shu maqomda AQSH dagi Fulbrayt professorlar Assotsiatsiyasining aʼzosi boʻlgan va u tashkilot tomonidan dunyo boʻyicha Internet orqali uyushtiriladigan chatlarda, muloqotlarda muntazam ishtirok etib kelgan. Jumladan, Los Anjelesdagi Kaliforniya universiteti Tarmoqlararo Marshak seminarlarida 2003-2004 oʻquv yilida maʼruza qilgan va Internet orqali seminar muloqotlarda ishtirok etgan.
Shodiyev Tursun 2003-2004 oʻquv yili AQSH ning Los Anjelesdagi Kaliforniya universitetida birinchi semestrida 6 oy mobaynida Ekonometrika, Mikroiqtisodiyot, Oʻzbekiston iqtisodiyotidan ingliz tilida bakalavr bosqichidagi talabalarga dars bergan, professor-oʻqituvchilarga ilmiy seminarlarda maʼruzalar qilgan.
Olim Tursun Shodiyev xalqaro anjumanlar, seminarlarda, malaka oshirish kurslarida bir necha bor ishtirok etib kasbiy malakasini oshirish ustida tinmay gʻamxoʻrlik qilib keldi.
Tursun Shodiyev 2009-yili BMT YUNESKO tashkilotining taklifiga binoan 5-8 iyul kunlari Parijda boʻlib oʻtgan Oliy taʼlimni rivojlantirish muammolariga bagʻishlangan Ikkinchi Butun Jahon konferensiyasida Oʻzbekiston Respublikasi vakili tariqasida qatnashdi va muhokamalarda ishtirok etdi.
Shodiyev Tursun Respublikamizdagi xalqaro tashkilotlarning vakolatxonalarida (Jahon banki, UNDP, UNFPA, WIUT, ADB, ESCAP), Makroiqtisodiyot vazirligining Prognozlashtirish va makroiqtisodiyot tadqiqotlar institutida, Innovatsion vazirlikning eksperti sifatida ham faol ishtirok etgan. U YevroOsiya fondi hamda Fulbrayt assotsiatsiyasi grantlarining sovrindori boʻlgan.
Fidoyi mehnati va oʻquv tarbiya jarayonidagi faolligi uchun Tursun Shodiyevga Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining Farmoniga binoan 1992-yili “Oʻzbekiston Respublikasida xizmat koʻrsatgan xalq taʼlimi” unvoni berilgan.
2020-yili dekabr oyida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Sh.M.Mirziyoyev Qarori bilan Tursun Shodiyev “Fidokorona xizmatlari uchun” Orden bilan mukofotlandi.
Ushbu qisqagina yodnomadan koʻrinib turibdiki, u kishining bosib oʻtgan yoʻllari sharafli va masʼuliyatli boʻlgan. Har doim ilmiy-pedagogik mahoratlarini oshirib, yurtimiz va xorijning eʼzozli, salohiyatli kishisiga aylangan edilar.
U kishi: “Umr ‒ bu ezgu ishlar, yaxshiliklar qilish uchun berilgan qarz”, degan hikmatni bot-bot takrorlab aytardilar. Bu qarzni oʻzingdan yaxshi nom, yaxshi iz qoldirish bilan uzish mumkin, derdilar.
S.T.Tursunov liderlik qobiliyatiga ega tashkilotchi va keng koʻlamda fikrlovchi rahbardir. U katta hayot tajribasiga ega boʻlish bilan birga, yuksak maʼnaviyat sohibi, atrofdagilarga namuna, oʻziga va jamoa aʼzolariga nisbatan sofdil va talabchan rahbar.
Oilali 4 nafar farzandning otasi hamda 10 nafar nabiralarning bobosi.