Olim

SHODMONOV NAFAS NAMOZOVICH

Filologiya fanlari doktori, professor

Filologiya fanlari doktori, professor, Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasining aʼzosi Shodmonov Nafas Namozovich “Doʻstlik” ordeni (2024) va “Maʼnaviyat fidoyisi” koʻkrak nishoni (2021) bilan taqdirlangan. 1997-yil Oʻzbekiston Fanlar akademiyasi akademigi Alibek Rustamov rahbarligida fan nomzodligi, 2009-yilda professor Nurboy Jabborov ilmiy maslahatchiligida fan doktorligi dissertatsiyasini muvaffaqiyatli himoya qilgan. 2022-yildan professor ilmiy unvoniga ega.



Olim 1962-yil 10-yanvarda tugʻilgan. 1978-yilda Gʻuzor tumanidagi 2-maktabni “Oltin medal” bilan tugatgan. 1982-yilda Qarshi davlat pedagogika instituti (Hozirgi QarDU)ning oʻzbek tili va adabiyoti fakultetini imtiyozli diplom bilan tamomlagan.



Ish faoliyatini Gʻuzor tumanidagi 31- va 2-umumtaʼlim maktablarida oʻqituvchilikdan boshlagan. 1993-yildan Qarshi davlat universiteti oʻqituvchisi, katta oʻqituvchisi, dotsenti va professori lavozimlarida ishlab keladi. 2025 yildan Turon universitetida professor sifatida faoliyat olib bormoqda.



N.Shodmonov faoliyati davomida 300 dan ortiq ilmiy va publitsistik maqolalar, 4 ta monografiya, 1 ta darslik, 5 ta oʻquv qoʻllanma va boshqa kitoblar muallifi hisoblanadi. Uning asarlari oʻzbek adabiyotshunosligi, jumladan matnshunosligi va manbashunosligining dolzarb masalalariga bagʻishlangan. Xususan, “Shohidu-l-iqbol” – adabiy manba” nomli monografiyasida (2009) Muhammad Rizo Ogahiyning ilmiy istifodaga olib kirilmagan soʻnggi asari adabiy-badiiy va tarixiy nuqtai nazarlardan tadqiq qilingan boʻlsa, 2018-yilda eʼlon qilingan “Maqom nazariyasiga doir muhim manba” monografiyasida fors adabiyotining mumtoz namoyandasi Abdurahmon Jomiyning “Risolai musiqiy” asari ilk bor ilmiy oʻrganiladi va u tarjima qilinib oʻquvchilar hamda tadqiqotchilarga taqdim etiladi. Uning “Goʻzallik, ishq va iztirob talqini” deb nomlangan maqolasi “Jahon adabiyoti” jurnalining Ozod Sharafiddinov nomidagi mukofotiga munosib koʻrilgan.



Bulardan tashqari, N.Shodmonov tomonidan oʻzbek mumtoz adabiyoti namoyandalarining hayoti va faoliyati boʻyicha olib borilgan izlanishlar katta bir sahifani tashkil etadi. Bu sahifaning asosiy xususiyatlari adabiyot tarixining chuqur oʻrganilmagan jihatlarini jiddiy tekshirish, manbashunoslik va matnshunoslik tadqiqotlarida erishilgan natijalar asosida aniqlash bilan belgilanadi. Olimning Xorazmiy, Sayfi Saroyiy, Shayboniyxon kabi ijodkorlar merosini yangi, lugʻat va ilmiy koʻrsatkichlar bilan nashrga tayyorlagani, Yusuf Ulugʻ Xos Hojib, Ahmad Yassaviy, Burhonuddin Rabgʻuziy va Sakkokiy asarlari boʻyicha bildirilgan yangi talqinlari adabiyotshunoslikda oʻz ahamiyatiga ega.



Oʻzbek adabiyoti tarixini davrlashtirish masalasida ham olimning oʻz qarashlari mavjud. Unga koʻra, u quyidagi koʻrinishda boʻlishi maqsadga muvofiq:



1. Adabiy tasavvur va badiiy tafakkurning shakllanishi davri – milodiy X asrgacha.



2. Mumtoz didaktik badiiy ijod, dostonchilik va qissachilikning vujudga kelishi davri – XI – XIV asr boshi.



3. Tasavvufiy talqinlar va badiiy tafakkurning yuksalishi davri – XIV – XVI asrlar.



4. Adabiy muhitlar rivojlanishi davri – XVII asrdan XIX asrning soʻnggi choragigacha.



Bunda muallif adabiyotning tarixiy davrini faqat uning oʻziga xos rivojlanish va boʻy koʻrsatish xususiyatlari ifodasi bilangina belgilash lozim, deb hisoblaydi.



Olim 2018-yil Qarshi davlat universitetida filologiya fanlari boʻyicha ilmiy darajalar beruvchi ilmiy kengash ochishga muvaffaq boʻldi va unga 2024-yilgacha rahbarlik qildi. Uning rahbarlik davrida mazkur ilmiy kengashda 150 dan ziyod tadqiqotchilar filologiya fanlari boʻyicha doktorlik va falsafa doktorligi dissertatsiyalarini muvaffaqiyatli himoya qildi. Olimning rahbarligida mamlakatimizdagi turli kengashlarda hozirgacha 12 ta falsafa doktorligi himoya qilingan. 2025-yilda 3 ta fan doktorligi va 5 ta falsafa doktorligi dissertatsiyalari himoya qilinishi koʻzda tutilgan.



Ayni paytda N.Shodmonov Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat oʻzbek tili va adabiyoti universiteti va Qarshi davlat universiteti huzuridagi ilmiy darajalar beruvchi ilmiy kengashlar aʼzosi, u mazkur universitetlar hamda Toshkent davlat sharqshunoslik universiteti huzuridagi ilmiy darajalar beruvchi ilmiy kengashlar qoshidagi ilmiy seminarlar aʼzosi. 4 ta ilmiy, bir adabiy-ijtimoiy va ilmiy hamda bir ilmiy-maʼrifiy jurnal tahririyati aʼzosi.



N.Shodmonov faoliyatning ikkinchi jihati bevosita navoiyshunoslik bilan bogʻlanadi. U va uning shogirdlari faoliyatida Alisher Navoiy ijodining matnshunosligi hamda bu buyuk merosning jahon badiiy tafakkurida tutgan alohida oʻrnini tadqiq etish ustuvorlik kasb etadi. Uning navoiyshunoslikda ilgari surilgan gʻoyalari 2023-yilda Turkiyaning Istanbul shahrida turk tilida chop etilgan “Ali Şir Nevayiʼnin Bedii Tefekkürü” monografiyasida oʻz ifodasini topgan. Kitob turkiyalik navoiyshunoslar tomonidan eʼtirof qilingan.



N.Shodmonov faoliyatining bu jihatlari u yaratgan oʻquv adabiyotlarida ham oʻz ifodasini topgan. Uning “Oʻzbek mumtoz adabiyoti tarixi” (Eng qadimgi davrlardan XV asr birinchi yarmigacha boʻlgan adabiyot) darsligi, “Aruz vazni asoslari”, “Muammo janri va uni yechish amallari” kabi taʼlimiy risolalari hozirgi adabiyotshunoslikda bir qadar murakkab hisoblangan masalalarda yengillashtirilgan saboqnoma hisoblanadi.



N.Shodmonovning ilmiy maqolalari ham adabiyotshunoslik va matnshunoslikda olimlar va adabiyot muxlislari diqqatini tortib keladi. Uning adabiyotimiz tarixida Durbek asari sifatida talqin qilib kelingan “Yusuf va Zulayxo” dostonining muallifi Ahmadiy ekani to‘g‘risidagi maqolasi ana shunday ahamiyatli ishlardandir.



Uning rahbarligida respublikamizda 7 ta respublika va xalqaro miqyosdagi konferensiyalar tashkil etilgan. Bundan tashqari u mamlakatimizda har yili Alisher Navoiy tavalludi kunida anʼanaviy oʻtkazib kelinayotgan “Alisher Navoiy va XXI asr” hamda “Alisher Navoiy va Sharq Renessansi” ilmiy anjuman va simpoziumlarida faol ishtirok etib keladi. 2024-yilda u Turkiyaning Bursa shahridagi Uludagʻ universitetida Alisher Navoiy tavalludining 583 yilligiga bagʻishlab oʻtkazilgan ilmiy konferensiyada “Alisher Navoiy gʻazallariga Shayboniy javoblari” mavzusidagi maʼruzasi bilan ishtirok etgan.



Mohir pedagog sifatida olim Qarshi davlat universitetida ijodkor talabalarni tarbiyalashga ham diqqat qaratadi. Uning tashabbusi bilan bu yerda 2002-yilda “Oltin davr ovozi” deb nomlangan talabalar bayozi taʼsis qilingan.



N.Shodmonov badiiy ijod bilan ham muntazam shugʻullanib keladi. U Oʻzbekiston respublikasi Madaniyat vazirligi tomonidan oʻtkazilgan “Sahnada zamon qahramoni” tanlovining mutlaq gʻolibi (2014), Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasining “Vatan uchun yashaylik!” tanlovi gʻoliblari (2019) qatoridan oʻrin olgan. N.Shodmonov yozgan dolzarb mavzulardagi asarlar asosida “Najot darvozasi”, “Oydin-Davron”, “Nuh kemasi”, “Yurt qadri”, “Hisobini bilganlar”, “Oqsaroy”, “Abu Muin Nasafiy” (Qashqadaryo), “Qobil ila Hobil”, “Baxshi” (Toshkent, Muqimiy nomidagi musiqali drama teatri), “Shiroq” (Toshkent, Yosh tomoshabinlar teatri), “Otashkada” (Buxoroda Shveysariya byurosi tashkil etgan mavsumiy “Ustoz-shogird” ijod maktabi), “Yetti vodiy” (Fargʻona), “Aka-ukalar” (Samarqand), “Qobil” (Tojikiston, Konibodom) spektakllari sahnalashtirilgan. Bir necha yil Mustaqillik va Navroʻz bayramlarining Qarshi shahrida oʻtkaziladigan tantanalari senariylariga mualliflik qilib keladi.