Sadoqat Siddiqova 2011-yilda “O‘zbekiston Respublikasi mustaqilligiga 20 yil”, 2017-yilda “O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasiga 25 yil” esdalik nishoni, 2018-yilda esa “Shuhrat” medali, 2021-yilda “O‘zbekiston Respublikasi mustaqilligining 30 yilligi” esdalik nishoni, 2023-yilda Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi tomonidan “O‘rta maxsus va professional ta’lim a’lochisi” ko‘krak nishoni, 2023-yilda “Vladimir Grigorevich Shuxovning 170 yilligi” medali bilan taqdirlangan. “Yil ayoli”-2024-milliy tanlovining “Yilning eng yaxshi g‘oyalar tashabbuskori” nominatsiyasi g‘olibi. 2024-yil O‘zbekiston Respublikasi Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi tomonidan “Ko‘p yillik samarali mehnati hamda o‘z xizmat vazifasiga bo‘lgan sadoqati uchun” faxriy yorliq, Milliy gvardiya Buxoro viloyati bo‘yicha boshqarmasi, Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi, O‘zbekiston Respublikasi Basketbol federatsiyasi tomonidan Tashakkurnoma bilan taqdirlangan.
Umumiy mehnat staji - 28 yil. Buxoro muhandislik-texnologiya instituti rektori, O‘zbekiston ixtirochi ayollari markazi Buxoro viloyati bo‘limi boshlig‘i, Xalq deputatlari viloyat Kengashi deputati, xalq deputatlari viloyat Kengashining mahalliy byudjet, tadbirkorlikni rivojlantirish va iqtisodiy islohotlar masalalari bo‘yicha doimiy komissiyasi a’zosi, xalq deputatlari viloyat Kengashining reglament va deputatlik odob-axloqi masalalari bo‘yicha doimiy komissiyasi a’zosi, O‘zbekiston Ekologik partiyasi Buxoro viloyati Kengashi Ijroiya qo‘mitasi raisi, Buxoro viloyati Oila va xotin qizlar qo‘mitasi huzuridagi “Ayol ma’naviyati” jamoatchilik kengashi a’zosi, basketbol sport turini ommalashtirish bo‘yicha Buxoro viloyati kuratori sifatida faoliyat yuritib kelmoqda.
Siddiqova Sadoqat G‘afforovna o‘z mehnat faoliyatini 1999-yil Buxoro neft va gaz sanoati kasb-hunar kollejida informatika va axborot texnologiyalari bo‘yicha o‘qituvchi sifatida boshlab, ushbu ta’lim muassasasida bosh uslubchi, bo‘lim boshlig‘i va direktorning o‘quv ishlari bo‘yicha o‘rinbosari, 2021-yilning yanvaridan Buxoro viloyat bandlik bosh boshqarmasi boshlig‘i o‘rinbosari, 2021-yilning avgustidan Buxoro shahridagi “Ishga marhamat” monomarkazi direktori, 2022-2023-yillar davomida O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirining professional ta’limni rivojlantirish masalalari bo‘yicha o‘rinbosari, 2023-yilning fevralidan Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi professional ta’limni rivojlantirish departamenti direktori, 2023-yilning avgustidan esa Buxoro muhandislik-texnologiya instituti rektori lavozimlarida faoliyat yuritib, yetarli tajriba orttirgan.
Buxoro shahridagi “Ishga marhamat” monomarkazi uning rahbarligi davrida qisqa muddatda mahalliy va xorijiy ish beruvchilar talablariga mos mutaxassislar tayyorlab nufuzli ta’lim muassasasiga aylandi. Rossiya, Xitoy, Janubiy Koreya kabi davlatlar bilan hamkorlikda jahon mehnat bozori uchun mutaxassislar tayyorlashni yo‘lga qo‘ygan.
Ta’lim tizimidagi yuqori malakali va ko‘p yillik tajribali mutaxassis bo‘lganligi sababli O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining tegishli qarori bilan 2022-2023-yillarda O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirining professional ta’limni rivojlantirish masalalari bo‘yicha o‘rinbosari lavozimlarida faoliyat ko‘rsatgan. S.Siddiqova o‘z mehnat faoliyati davomida mamlakatimizda ta’lim tizimini xalqaro standartlar asosida rivojlantirish, sohaga doir islohotlarni muvaffaqiyatli amalga oshirish yo‘lida yirik ta’lim tizimidan biri bo‘lgan professional ta’lim tizimini boshqardi. Mehnat faoliyati davomida dual ta’lim asosida o‘quvchilarni o‘qitishni hamda “O‘zbekistonda professional ta’lim islohotlarini qo‘llab quvvatlash” (VET4UZ) loyihasini yo‘lga qo‘ydi. U Avstriya va Germaniya davlatlarida xizmat safarida bo‘lib, professional ta’lim muassasalarni qo‘llab-quvvatlash va ilg‘or professional tayyorgarlik markazlarini tashkil etish loyihalarini joriy etdi.
S.Siddiqova Buxoro muhandislik-texnologiya instituti rektori sifatida oliygohdagi ijtimoiy-iqtisodiy, o‘quv, ilmiy-innovatsion loyihalar, tijoratlashtirish jarayonidagi muammolarni chuqur tahlil qilib, asoslangan takliflar orqali ularni bartaraf etdi. Barcha sohalarda institutni yuqori natijalarga erishishini ta’minladi.
Uning tashabbusi bilan 2023-2024-yillarda institut 3 ta nufuzli reytinglardan o‘rin egalladi. Jumladan 2024-yilda Times Higher Education agentligining World University Rankings – 2024-reytingida “reporter” maqomiga ega bo‘lib, Barqarorlikni ta’minlashga intilgan universitetlarning global reytingida 858 o‘rinni, 2025-yilgi Osiyoning eng yaxshi universitetlari reytingidan 64 o‘rinni egalladi.
Davlatimiz rahbari tomonidan berilgan topshiriqlarni sidqidildan bajarib kelmoqda. Xususan Respublikada birinchilardan bo‘lib, Buxoro muhandislik-texnologiya institutida Ilg‘or muhandislik maktabini tashkil etdi.
S.Siddiqova rahbarligida 22 ta ishlab chiqarish korxonasida kafedra filiallari tashkil etilib, ularda 250 nafar talabalar haq to‘lanadigan dual ta’lim asosida tahsil olib kelmoqda.
Shuningdek dolzarb va zamonaviy ahamiyatga ega bo‘lgan biotexnologiya, restavratsiya, robototexnika, mexatronika kabi 17 ta yangi yo‘nalish kiritildi. 33 ta bakalavriat ta’lim yo‘nalishlari va 26 ta magistratura mutaxassisliklarining ta’lim dasturlarini dunyoning TOP-300 talikka kirgan oliygohlar dasturlari asosida takomillashtirish yuzasidan bir qator ishlar amalga oshirildi.
Jumladan 10 ta davlatning (Italiya, Rossiya, AQSH, Indoneziya, Berlin, Germaniya, Shveysariya, Daniya, Avstraliya, Buyuk Britaniya) 17 ta OTM ta’lim dasturlari tahlil qilindi. Uning tashabbusi bilan institutda o‘quv jarayoni shaffofligini ta’minlash maqsadida “Registrator ofisi” tashkil etildi hamda dasturiy ta’minot asosida to‘liq onlayn faoliyat olib bormoqda. Institutda 14 ta ilmiy markaz va “Mashinasoz” texnoparki tashkil etildi.
Uning rahbarligida 100 dan ziyod tadqiqotchilar dissertatsiyalarini muvaffaqiyatli himoya qildi hamda 40 dan ortiq olimlar dotsentlik va professorlik ilmiy unvonlarini ko‘lga kiritishdi. 8 ta fakultet, 20 ta kafedra professor-o‘qituvchilari tomonidan Scopus, Web of Science xalqaro ma’lumotlar bazasiga kiritilgan jurnallarda va indekslangan 300 ga yaqin, Oliy attestatsiya komissiyasi ro‘yxatiga kiritilgan Respublika miqyosidagi ilmiy jurnallarda 527 ta, OAK ro‘yxatiga kiritilgan xalqaro miqyosidagi ilmiy jurnallarda 763 ta maqolalar nashr qilindi.
Qolaversa, ixtiro, foydali model, sanoat namunalari va seleksiya yutuqlari uchun olingan patentlar soni 2 baravarga oshirilib, 53 taga yetkazildi. Axborot-kommunikatsiya texnologiyalariga oid dasturlar va elektron ma’lumotlar bazalari uchun olingan guvohnomalar soni 326 tani tashkil etdi. 171 ta monografiyalar chop etildi.
2023-yilda xorijiy, ilmiy-innovatsion, ilmiy-amaliy loyihalarni tijoratlashtirish bo‘yicha 900 million so‘mlik 92 ta shartnomalar amalga oshirilgan bo‘lsa, S.Siddiqova tashabbusi bilan 2024 yilda oliy ta’lim muassasalari orasida birinchilardan bo‘lib Cooperation.uz va E-xarid elektron platformalarida 10,3 milliard so‘mlik 146 ta shartnomalar imzolanib, tijoratlashtirish ko‘rsatkichi 2023-yilga nisbatan 10 baravarga oshirildi.
Shuningdek 4 ta Xalqaro grant-loyiha hisobidan 1 million yevrodan ziyod, 3 ta davlat grantlari asosida o‘tkazilgan tadqiqotlardan 683 million so‘m, 7 ta drayver loyihalar bo‘yicha 2 milliard 300 million so‘m miqdoridagi amaliy-innovatsion loyihalar bajarildi.
Uning rahbarligida zamonaviy loyiha asosida 750 o‘rinli talabalar turar joyi foydalanishga topshirildi. Natijada turar joy bilan ta’minlash qamrovi 2,5 baravarga oshirilib, 1300 dan ortiq o‘rinni tashkil etdi.
"O‘zbekneftgaz" AJ tasarrufidagi “Uzbekistan GTL” zavodi tomonidan o‘tkazib kelinayotgan “Eng fidoyi ustoz” hamda "Uzbekistan GTL stipendiyasi sohibi” tanlovida institutning 5 nafar professor-o‘qituvchisi va 3 nafar talabasi faxrli o‘rinlarni egalladi. Shuningdek "Ekotafakkur" bilimlar bellashuvi hamda “Talabalar teatr studiyasi” tanlovining viloyat bosqichida institut faxrli 1-o‘rinni qo‘lga kiritdi. 63 nafar talabalar respublika va xalqaro tanlovlar g‘olibi bo‘ldi. Institutda 2022-2023-o‘quv yilida iqtidorli talabalar soni 261 tani tashkil etgan bo‘lsa, 2023-2024-o‘quv yilida esa S.Siddiqova rahbarligida iqtidorli talabalar 2 baravarga ortib, 536 nafarni tashkil etdi.
Uning tashabbusi bilan mahallalarni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish bo‘yicha markaz faoliyati yo‘lga qo‘yildi. Unda aholini doimiy bandligini ta’minlash bo‘yicha 24 ta tahliliy ilmiy-innovatsion loyihalar ishlab chiqilib, amaliyotga joriy etildi.
2023-2025-yillarda 50 dan ziyod xalqaro nufuzli oliy ta’lim muassasalari bilan akademik va ilmiy aloqalar, o‘quv va tadqiqot, ikki diplomli ta’lim dasturlari bo‘yicha hamkorlikni yo‘lga qo‘ydi. S.Siddiqova Germaniya, Avstriya, Shveysariya, Xitoy, Belorussiya, Rossiya, Qatar, Ozarbayjon, Turkiya, Malayziya davlatlarida bo‘lib, ushbu davlatlardagi ilg‘or tajribalarni o‘rgandi va ularni tatbiq etmoqda. Uning tashabbusi bilan institutda xalqaro hamkorlar bilan nemis, koreys hamda turk tillarini o‘qitish bo‘yicha til markazlari hamda ishlab chiqarishni raqamlashtirish va sun’iy intellekt asosida rejalashtirish bo‘yicha faoliyat olib boruvchi “ALI BAKTAT” akademiyasi tashkil etildi.
S.Siddiqova O‘zbekiston ixtirochi ayollari markazi Buxoro viloyati bo‘limini boshqarib, iqtisodiyot tarmoqlarining turli yo‘nalishlarda ixtirochilik va ratsionalizatorlik faoliyati bilan shug‘ullanayotgan ixtirochi, injener xotin-qizlarni ilmiy-texnik ijodkorlikka keng jalb qilishda tashabbuskorlik ko‘rsatib kelmoqda.
S.Siddiqova xalq deputatlari viloyat Kengashi deputati sifatida demokratik prinsip va tamoyillar asosida chinakam fuqarolik jamiyatini rivojlantirish yo‘lida olib borilayotgan islohotlarda o‘z hissasini qo‘shib kelmoqda. Shuningdek, S.Siddiqova hozirda O‘zbekiston Ekologik partiyasi Buxoro viloyati Kengashi Ijroiya qo‘mitasi raisi sifatida faoliyat yuritib kelmoqda.
Bundan tashqari, yoshlar ma’naviyatini yuksaltirish, jamiyatda oila institutini mustahkamlash hamda yosh oilalar oʻrtasida ajrimlarni oldini olish, ayollar va yoshlar oʻrtasidagi jinoyatchilikni oldini olish hamda profilaktika qilish kabi dolzarb masalalarda zamonaviy interfaol uslublarni qoʻllagan holda turli seminar-treninglar olib bormoqda. Shu bilan birgalikda “Sogʻlom turmush tarzi va oila”, “Sogʻlom oila-sogʻlom bola”, mavzularidagi xalqaro seminar va konferensiyalarda faol ishtirok etgan va davom etmoqda.
S.G‘.Siddiqova 100 dan ortiq ilmiy maqolalar muallifi. Ilmiy maqolalari asosan ta’lim sifatini ta’minlash, raqamlashtirish sohasiga oid.
Jumladan, 2019-yilda Germaniyaning Sharqiy Yevropa ilmiy jurnalida “Kasb-hunar kollejlarida maxsus fanlarni o‘qitishda yangi avlod elektron ta’lim resurslaridan foydalanish” 2018-yilda “Maxsus fanlarni o‘qitishda elektron ta’lim resurslarini yaratish va ulardan foydalanish”, 2018-yilda “Kasb-hunar ta’limi ta’lim sifatini oshirish vositasi, yangi avlod elektron ta’lim resurslari sifatida”, 2019-yilda Elektron ta’lim resurslarining yangi avlodi: tahlil, arxitektura, innovatsion fazilatlar”, 2018-yilda “Kasb-hunar ta’limidagi innovatsiyalar: ichki va jahon mehnat bozori talablariga javob beradigan mutaxassislar tayyorlashda modulli o‘qitish tizimini joriy etishning o‘rni va ahamiyati”, 2018-yilda “Maxsus fanlarni o‘qitishda yangi avlod elektron ta’lim resurslaridan foydalanishning pedagogik usullari”, 2022-yilda “O‘zbekistonda kasbiy ta’lim tizimini isloh qilishning ustuvor yo‘nalishlari”, 2019-yilda “Elektronne obrazovatelne resursy kak sredstvo formirovaniya professionalnix komentetsiy studentov”, 2019-yilda «Neft va gazni qayta ishlash texnologiyasi» fanini o‘rganish jarayonida multimediani qo‘llash imkoniyatlari Axborot va ta’lim: granit aloqasi”, 2018-yilda “Neft va gaz sanoati uchun mutaxassislar tayyorlashga innovatsion yondashuv – kasbiy ko‘nikmalarni shakllantirishda multimedia ta’lim vositalaridan foydalanishning dolzarbligi”, 2019-yilda “Elektron ta’lim resurslarini va ularni o‘quv jarayoniga integratsiyalash texnologiyalarini joriy etishning didaktik talablari”, 2018-yilda “Kasb-hunar ta’limiga innovatsion yondashuv - kasbiy ko‘nikmalarni shakllantirishda elektron axborot ta’lim resurslaridan foydalanishning ahamiyati”, 2019-yilda Elektron resurslarning roli va bort kuzatuvchilarning axborot kompetensiyasini shakllantirish”, 2019-yilda “Talabalarning kasbiy kompetensiyalarini shakllantirishda neft va gazni qayta ishlash texnologiyalari jarayonlarini vizuallashtirishning ahamiyati”, 2018-yilda “Ekologik muammolarni hal etishda fan va ta’limning o‘rni”, 2018-yilda “Neft-gaz tarmog‘i uchun kadrlarga bo‘lgan real ehtiyoj va ish beruvchi korxonalarning takliflaridan kelib chiqqan holda mutaxassislar tayyorlash soha rivojida muhim omil bo‘lmoqda”, 2024-yilda “Oliy ta’limda dual ta’limni tashkil etish imkoniyatlari va ilmiy asoslari”, 2023-yilda “Ta’lim jarayonida elektron resurslardan foydalanish imkoniyatlari”, 2023-yilda “O‘zbekistonda tibbiyotni raqamlashtirish masalalari Xalqaro fanlar, ta’lim va yangi ta’lim texnologiyalari”, 2024-yilda “Dual ta’limni joriy qilish metodologiyasi va psixologik jihatlari”, 2024-yilda Ish beruvchilar va oliy ta’lim muassasalari bilan hamkorligi”, 2024-yilda “Teaching principles of pedagogical technology theory and practice in dual education conditions”, 2024-yilda “Xorijiy mamlakatlarning dual ta’lim tizimiga oid tajribalari”, kabi ilmiy maqolalari turli davriy nashr, broshyura, konferensiya materiallari va ilmiy-ommabop jurnallarda hamda xorijiy jurnallarda nashr etilgan. 2023-yilda «Innovatsion faoliyatga tayyorgarlikning pedagogik asoslari», “Neft va gazni qayta ishlash texnologiyasi” fanini elektron ta’lim resurslarining yangi avlodidan foydalanib o‘qitish bo‘yicha tajriba-sinov ishlari” mavzusidagi elektron darsligi O‘zbekiston Adliya vazirligi ro‘yxatidan o‘tkazilgan. 2024-yilda dotsent Sadoqat Siddiqovaning “Possibilities and scientific basis organization of dual training in higher education” deb nomlangan monografiyasi nashrdan chiqdi.
S.Siddiqova kamtarin, mehnatkash, hamkasblariga doimiy yordam ko‘rsatadi. Mehnat faoliyati davomida mehnatsevarligi
va yuqori ijro intizomiga ega ekanligi bilan soha vakillari orasida katta hurmat qozongan. Ustuvor vazifalar va yo‘nalishlarni aniqlash, rejalashtirish qobiliyatiga ega. O‘z xizmat vazifalarni sidqidildan ijro qiladi va barcha sohada tashabbuskorlikni namoyon qiladi. O‘z kasbiy darajasini oshirish ustida doimiy ishlaydi.
U har tomonlama yetuk, ulkan maqsadlarga erishish maqsadida o‘z ortidan jamoani ergashtira oladigan tashabbuskor rahbar. Yangilikka intiluvchan, oliy ta’lim tizimidagi islohotlardan to‘liq xabardor, jamoani boshqara oladigan, qo‘yilgan vazifalarga to‘g‘ri yondasha oladigan, xodimlariga motivatsiya bera oladigan, xolis va adolatli fikrlaydigan olima, rahbar-ayol hisoblanadi.