Olim

TOSHTEMIROV DONIYOR ESHBAYEVICH

Pedagogika fanlari nomzodi, dotsent

   Toshtemirov Doniyor 1973-yil 12-martda Jizzax viloyati Baxmal tumanida tug‘ilgan. 1991-yil Yangiyer shahridagi fizika va matematika fanlariga ixtisoslashtirilgan litseyni tugatib, imtiyozli ravishda Guliston davlat universitetining fizika fakultetiga qabul qilingan. 1996-yili Guliston davlat universitetini fizika va informatika o‘qituvchisi mutaxassisligi bo‘yicha bitirgan. 2000-2004-yillarda Guliston davlat universiteti Axborot-tahlil bo‘limi boshlig‘i lavozimida faoliyat yuritgan. 2004-2020-yilar davomida Guliston davlat universiteti Fizika-matematika fakultetida katta o‘qituvchi, dotsent, kafedra mudiri, fakultet dekani lavozimlarida ishladi. 2020-yil 10-martdan boshlab Guliston davlat universiteti “Pedagogika” kafedrasi mudiri lavozimida ilmiy-pedagogik faoliyat olib bormoqda.



   1996-1999 yillar davomida Guliston davlat universiteti aspiranturasida tahsil olgan. 2012-yilda pedagogika fanlari doktori, professor  A.A.Abduqodirov rahbarligida “Kasb-hunar kollejlarida Informatikani o‘qitish uchun ta’lim portali yaratish va undan foydalanish metodikasi” mavzusi bo‘yicha nomzodlik dissertasiyasini himoya qildi va 13.00.02 – Ta’lim va tarbiya nazariyasi va metodikasi (informatika)ixtisosligi bo‘yicha pedagogika fanlari nomzodi ilmiy darajasiga erishdi. 2016 yilda ta’lim va tarbiya nazariyasi va metodikasi ixtisosligi bo‘yicha dosent ilmiy unvoniga ega bo‘ldi. Dotsent D.E.Toshtemirov pedagogika fanining 13.00.02-ta’lim va tarbiya nazariyasi va metodikasi hamda 13.00.06-elektron ta’lim  nazariyasi va metodikasi ixtisosliklari bo‘yicha ilmiy tadqiqotlar olib bormoqda. Bu sohalar bo‘yicha ko‘p yillardan buyon faol shug‘ullanib, mamlakatimiz va bir qator chet el olimlari bilan ilmiy hamkorlik olib bormoqda. Uning imiy ishlari mamlakatimiz va chet ellarda–Germaniya, Hindiston, Rossiya, Ukraina, Qozog‘iston kabi davlatlar nufuzli ilmiy nashrlarida chop etilgan. Dotsent D.E.Toshtemirov ko‘p yillik ilmiy-pedagogik faoliyati natijasida 200 dan ziyod ilmiy va uslubiy ishlar, shu jumaladan 2 ta monografiya, 1 ta darslik 3 ta o‘quv qo‘llanma, 30 dan ortiq o‘quv-uslubiy qo‘llanmalar tayyorlagan. D.E.Toshtemirov  2003-yil Respublika Oliy o‘quv yurtlari o‘rtasida o‘tkazilgan “Yilning eng yaxshi ma’ruza matni” tanlovida “Informatika” fani bo‘yicha qatnashib, tanlov g‘olibi bo‘lgan.