Olim

SODIKOV ZOXID YAKUBJANOVICH

Filologiya fanlari doktori, professor

Sodikov Zoxid Yakubjanovich Oʻzbek tarjimashunosligida qadimgi turkiy obidalarni zamonaviy Gʻarb tillariga tarjimalari boʻyicha ilmiy maktab asoschisi. 10 dan ortiq kitob, 200 dan ortiq maqola, 12 nafar shogird — bu ulkan raqamlar ortida fidoyi bir ilm ahli turibdi! 

 

Umumiy mehnat staji - 42 yil. Sodikov Zoxid Yakubjanovich 1983-yilda Namangan davlat pedagogika instituti (hozirgi Namangan davlat universiteti) chet tillar fakultetini nemis va ingliz tillari ixtisosligi bo‘yicha imtiyozli diplom bilan tamomlagan.

 

U 1983-1985-yillarda Namangan shahridagi 2-sonli maktabda chet tili (ingliz) o’qituvchisi lavozimida faoliyat olib borgan. 1986-1988-yillarda harbiy xizmatda, 1988-1990-yillarda NamDPIda chet tili o‘qituvchisi, 1998-2005-yillarda NamDU 1-sonli Akademik litseyida direktor lavozimida faoliyat olib borgan. 2005-2017-yillarda NamDU Nemis va fransuz tilari kafedrasida dotsent, kafedra mudiri vazifalarida ishlagan. 2016-2018-yillarda Nam DU qoshidagi xorijiy tillarga ixtisoslashtirilgan maktabda direktor lavozimida ishlagan.

 

Sodikov Zoxid Yakubjanovich ilmiy tadqiqot ishlari bilan 1990-yildan boshlab jiddiy shug‘ullanadi. 1990-1993-yillarda Tosh DU (hozirgi Milliy universitet) da aspiranturada bo‘lgan. 1994-yilda O‘zbekiston Fan Arbobi, professor G‘.Salomov rahbarligida “Yusuf Xos Hojib “Qutadg‘u bilig” asari olmoncha talqini” mavzusida nomzodlik dissertatsiyasini O‘zbekiston Fanlar Akademiyasi Til va adabiyot instituti qoshidagi ilmiy kengashida yoqlagan, 2002–yilda dotsent ilmiy unvonini olgan. 2020-yilning noyabr oyida O‘zbekiston Milliy universiteti qoshidagi ixtisoslashtirilgan ilmiy kengashda “Yusuf Xos Hojib “Qutadg‘u bilig” asari nemischa va inglizcha tarjimalari qiyosiy-chog‘ishtirma tahlili” mavzusida dissertatsiyasini muvaffaqiyatli yoqlab, filologiya fanlari doktori (DSc) ilmiy darajasini olgan. Sodikov Zohid Yaqubjanovich dissertatsiya mavzusi yuzasidan 1ta darslik, 2 ta monografiya, 3 ta o‘quv qo‘llanma, 5 ta uslubiy qo‘llanma, 2 ta lug‘at va xrolonologik bibliografiya, 50 dan ortiq ilmiy maqola va tezislar e’lon qilgan. Bulardan 5 tasi Germaniya, AQSH va Janubiy Koreyaning xalqaro impaktfaktorli jurnallarida, 15 tasi OAK ro‘yxatidagi Respublika jurnallarida chop etilgan.

 

Sodikov Zohid Yaqubjanovich ko‘plab xalqaro tadqiqot va ta’lim grantlari sovrindoridir. U 2000-yilda AQSH ACCELS tashkiloti granti asosida Kaliforniya universitetida, 2004-yilda Tempus granti asosida Avstriyaning Graz universitetida, Germaniyaning DAAD tadqiqot granti asosida 2008-yilda Germaniya Kassel Universitetida, 2011, 2014-yillarda Germaniya Maynz Universitetida, 2018, 2021-yillarda “Iste‘dod” granti asosida yana Germaniya Maynz universitetida bo‘lgan.

 

Sodikov Zohid Yaqubjanovich hozirda NamDU huzuridagi ilmiy darajalar beruvchi PhD. 03/04.06.2020. Fil.76.04 raqamli ilmiy kengash raisi, hamda PhD. 03/31. 03.2021. Fil. 76.05 raqamli ilmiy kengash rais o‘rinbosari vazifasida ham faoliyat ko‘rsatmoqda. Bugungacha uning bevosita ilmiy rahbarligida 4 nafar tadqiqotchi PhD, 1 nafar tadqiqotchi DSc ilmiy darajasini oldi.

Sodikov Zohid Yaqubjanovich badiiy ijod bilan ham shug‘ullanadi. Tarjimashunoshlikda Yusuf Xos Hojib, Abdulla Qodiriy, Abdulla Qahhor, Boqiy Mirzo, Isoqjon Nishonovgacha— adabiyotimizning eng yuksak cho‘qqilarini zabt etgan adiblarimiz asarlarini xorijiy tillarga tarjima qilishda fidokorlik ko‘rsatmoqda. U O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi a‘zolari Isoqjon Nishanov hamda Boqiy Mirzolarning “Afg‘on shamoli” (Afganischer Wind) hamda “O‘g‘rining muhabbati” (Wolfsblut) romanlarini nemis tiliga tarjima qilib, taniqli o‘zbekshunos nemis olimi Yakob Taube muharrirligida Germaniyada nashr ettirdi. Shuningdek, taniqli Shvetsariya yozuvchisi Robert Walzerning “Sayohatnoma” (2019) hamda Yohan Gyotening hikoyalarini (2022) o‘zbek tiliga tarjima qilib “Vodiymedia” nashriyotida e‘lon qildi.

 

“Yangi O‘zbekiston”, “Hurriyat” gazetalarida tarjimashunoslikning dolzarb muammolari bo‘yicha qator maqolalar e’lon qilish bilan birgalikda “Mahalla” hamda “Namangan” telekanallari orqali efir yuzini ko‘rgan ko‘plab ilmiy-ma’naviy dasturlarning ishtirokchisi.

Sodikov Zohid Yaqubjanovich  oʻzining samimiyligi, kamtarinligi, Vatanga boʻlgan muhabbati, mehnatsevarligi, izlanuvchanligi, professional sohasiga sadoqati va yurtiga boʻlgan mehri bilan keng jamoatchilik, oilasi va mahallasi orasida katta hurmat qozongan.