Olim

SOLIJONOV YOʻLDOSHXOʻJA

Filologiya fanlari doktori, professor, Oʻzbekiston Respublikasida xizmat koʻrsatgan yoshlar murabbiyi

Taniqli adabiyotshunos, filologiya fanlari doktori, professor, Oʻzbekiston Respublikasida xizmat koʻrsatgan yoshlar murabbiyi Yoʻldoshxoʻja Solijonov zamonaviy adabiyotshunoslikning dolzarb masalalarini keng targʻib qilayotgan, bugungi adabiyotga munosib baho berib kelayotgan hozirjavob olimlardan biridir.



U 1940-yilning 11-iyulida Fargʻona viloyatining Rishton tumanidagi Buloqboshi qishlogʻida tugʻildi. 1947-1954-yillarda Buloqboshi qishlogʻidagi A.P.Chexov nomli 7 yillik maktabda oʻqidi. 1954-1957-yillarda Beshkapa qishlogʻidagi Oxunboboev nomli 3-oʻrta maktabda ta'lim oldi. 1957-1960-yillari Kirov nomli kolxozda tabelchi, quruvchi va pochtalon boʻlib ishladi. 1960-1965-yillarda Ulugʻbek nomidagi Fargʻona davlat pedagogika instituti tarix-filologiya fakultetida oʻqidi va uni imtiyozli diplom bilan bitirdi. 1961-1964-yillarda institutda mashinist, 1965-1968-yillarda Fargʻona viloyati “Kommuna” (hozirgi “Fargʻona haqiqati”) gazetasida adabiy xodim, 1968-yildan hozirga qadar Fargʻona davlat universitetida oʻqituvchi, katta oʻqituvchi, dotsent, professor lavozimlarida faoliyat yuritib kelmoqda. 1974-yilda filologiya fanlari doktori S.Mamajonov ilmiy rahbarligida 



“Oʻzbek sovet prozasida avtor nutqining shakllanishi va yozuvchining shaxsiy uslubi” mavzusida nomzodlik, 2003-yilda “XX asrning 80-90-yillari oʻzbek nasrida badiiy nutq poetikasi” mavzusida doktorlik dissertatsiyasini himoya qildi. 1980-yilda dotsent, 2015-yilda professor ilmiy unvonlarini oldi. 1976-2010-yillar oraligʻida 25 yildan ortiq vaqt mobaynida oʻzbek adabiyotshunosligi kafedrasi mudiri lavozimida mehnat qildi. U mudirlik qilgan so‘nggi 13 yil mobaynida kafedraning ilmiy salohiyati beqiyos darajada o‘sdi. Bu yillarda kafedrada 4 ta nomzodlik (O.Akbarov, A.Qosimov, I.Rustamova, A.Rahimov), 4 ta doktorlik (Y.Solijonov, A.Sabirdinov, H.Jo‘rayev, A.Qosimov) dissertatsiyalari himoya qilindi. 2002-yili uning tashabbusi bilan kafedrada o‘zbek adabiyotshunosligi mutaxassisligi bo‘yicha magistratura ochildi. Magistraturani hozirgacha 100 dan ziyod mutaxassis bitirib chiqdi. Ulardan 10 nafari kafedra o‘qituvchisi lavozimida olib qolindi.



1991-yilda “Oʻzbekiston Respublikasi Xalq maorifi a'lochisi” nishoni bilan, 2015-yilda “Oʻzbekistonda xizmat koʻrsatgan yoshlar murabbiyi” unvoni bilan taqdirlangan.



2002-yildan Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasi a'zosi. “Qalb sadosi” gazetasi, FarDU “Ilmiy xabarlar”, Andijon davlat universitetining “Ilmiy xabarnoma”, Respublika miqyosidagi “Sharq yulduzi” jurnallari tahririyati a'zosi sifatida faoliyat olib borgan. Shuningdek, 2014-yildan OʻzRFA Oʻzbek tili, adabiyoti va folklori instituti huzuridagi ilmiy darajalar beruvchi DSc.27.06.2017. Fil.46.01 raqamli Ilmiy kengash, 2017-yildan Fargʻona davlat universiteti huzuridagi ilmiy darajalar beruvchi PhD. 27.06.2017. Fil.05.02 raqamli Ilmiy kengash a'zosi sifatida faoliyat olib bormoqda.



Oʻtgan yillar davomida universitet, viloyat va respublika miqyosida oʻtkazilgan turli tanlovlarda yuqori oʻrinlarni egallagan va taqdirlangan.



Olimning hozirga qadar 40 ga yaqin kitobi, 500 dan ziyod maqolalari e'lon qilingan. Ular orasida. “Nutq va uslub”, “Olimning olami”, “Fargʻona adiblari”, “Men sizdan saboq oldim”,  “Soʻz sehrgari”,  “Zulmatdan nur qidirganlar”, “Haqiqatning sinchkov koʻzlari”, “Moʻ'jizalar sehri”, “Koʻzgudagi hayot”, “Zamonamizning zabardast shoiri”, “Lirika latofati, nasrning nazokati”, “Adabiyot xiyoboni”, "Anvar Obidjonning poetik olami", “Fargʻona adabiyoti”, “Said Ahmad va adabiy jarayon”, “Сўзи – гавҳар,  фикри – олмос  санъаткор” singari monografiya, adabiy-tanqidiy maqolalar toʻplamlari adabiy jamoatchilik e'tiboriga tushgan. Shuningdek, Y.Solijonovning “Suv keltirgan aziz” nomli hujjatli qissasi, «Oʻgʻlim, senga aytaman», «Sen shirmon yuzligim», “Umrim bekatlari”, deb atalgan she'riy toʻplamlari nashr etilgan.



Y.Solijonov hozirgi adabiy jarayonning faol tadqiqotchilaridan biri hisoblanadi. Mustaqillik yillarida uning respublika gazeta va jurnallarida 200 ga yaqin ilmiy maqolalari bosilib chiqdi. Olimning «Shoir ko‘p, ammo she’r-chi?» («O‘zAS» gazetasi, 2003-yil 18-iyul), «Roman - kashfiyotlar manbai» («O‘zAS», 2003-yil 5 sentyabr), «Romanning oydin yo‘li» («Sharq yulduzi» j. 2004-yil 1-fasli), «Ijodiy izlanish samaralari» («O‘zbek tili va adabiyoti» j. 2006-yil 6-soni), “So‘zboshi qadri” (“O‘zAS”, 2006-yil 3-mart), «Detallar tilga kirganda» («O‘zAS», 2007-yil 2 fevral), “Nasrimiz kamoloti: an’ana va yangiliklar” (“Sharq yulduzi” jurnali, 2008-yil 4-soni), “Sizif va absurd” (“Jahon adabiyoti j., 2010-yil 1-soni”), “El netib topgay menikim...” (“Yoshlik” j., 2010-yil 9-soni), “Milliylik va badiiylik talablari” (“O‘zAS” gazetasi, 2010-yil 17-dekabr), Haqiqiy muallif o‘lmaydi (“Sharq yulduzi” j., 5/2014), Yangilanayotgan lirik “men” (“O‘zbek tili va adabiyoti” j., № 2, 2018) Kamyu, absurd, Sizif va o‘zbek adabiyoti (“Tafakkur” j., №1, 2019) “Isajon Sultonning badiiy bioolami” (“Sharq yulduzi” j., 11/2022) singari maqolalari adabiy jamoatchilik va o‘quvchilar tomonidan qiziqish bilan kutib olindi hamda jiddiy bahs-munozaralarga sabab bo‘ldi.



Y.Solijonov ilmiy rahbarligida shu kungacha 9 ta filologiya fanlari boʻyicha fan nomzodi, falsafa doktori (PhD) dissertatsiyalari muvaffaqiyatli himoya qilindi. Ayni chogʻda 2 ta doktorant va 3 nafar mustaqil izlanuvchiga ilmiy rahbarlik qilib kelmoqda.



Y.Solijonov oʻquv-uslubiy sohada ham samarali faoliyat olib bormoqda. Jumladan, zamonaviy oʻzbek adabiyotini oʻrganishga bagʻishlangan oʻquv qoʻllanma (Hozirgi adabiy jarayon/oʻquv qoʻllanma/ 2020) va uslubiy koʻrsatmalari bilan (“Zulmatdan nur qidirganlar”. 2007, “Chingiz Aytmatov – inson va tabiat kuychisi” (T.Abdukarimov bilan hammualliflikda) 2009, “Hozirgi o‘zbek lirikasi” 2009, “Hamid Olimjon ijodini o‘rganish” (A.Sabirdinov bilan hammualliflikda) 2009, “Nutq madaniyati va davlat tilida ish yuritish” (Q.Yo‘lchiyev, A.Yo‘lchiyevalar bilan hamkorlikda) 2010, ”Hozirgi o‘zbek nasri” 2012, “Zulfiya ijodini o‘rganishning ayrim masalalari” 2015, “Farg‘ona adabiyoti” 2024, “Farg‘ona adiblari” 2024) filologiya yo’nalishidagi talabalar, magistrantlar, doktorant va mustaqil izlanuvchilarning nazariy bilimlarini oshirishga koʻmaklashmoqda.



Y.Solijonov Fargʻona viloyati yozuvchilar uyushmasi tomonidan tashkil etilgan barcha tadbirlarda ishtirok etadi, “Ma'naviyat karvoni” nomi ostida viloyat va tumanlarda oʻtkazilayotgan anjumanlarda “Adabiyot – ma'naviy boylik”, “Hozirgi adabiy jarayon” mavzularida ma'ruzalari bilan muntazam qatnashmoqda.



Oʻtgan asrning 90-yillaridan boshlab kafedrada nazariy poetika muammolari bilan shugʻullanish muntazam yoʻlga qoʻyildi. Filologiya fanlari doktori A.Rahimov va Y.Solijonovlarning oʻzbek nasri janri, badiiy nutq va uslub poetikasiga oid yirik tadqiqotlaridan keyin, akademik N.Karimov ta'biri bilan aytgandi, Fargʻona davlat universitetida nazariy poetika maktabiga asos solindi. Oʻtgan chorak asr mobaynida kafedrada badiiy asar poetikasiga bagʻishlangan 10 dan ziyod tadqiqotlar yaratildi. Hozir adabiyotshunos Yoʻldoshxoʻja Solijonov boshchiligida nazariy poetika muammolariga oid talay ilmiy ishlar amalga oshirilayotir.