Oʻzbekiston Respublikasi kasb-hunar taʼlimi aʼlochisi, pedagogika fanlari doktori (DSc), texnika fanlari nomzodi, dotsent Sultanov Elimbet Kalimbetovich 1960-yil 25-sentyabrda Qoraqalpogʻiston Respublikasi, Nukus shahrida tugʻilgan. 1977-yilda Nukus shahar xalq taʼlimi boʻlimiga qarashli 14-son maktabni muvaffaqiyatli tugatib, Nukus davlat universitetining “Qishloq xoʻjaligini mexanizatsiyalashtirish” yoʻnalishiga oʻqishga kirdi va uni 1982-yilda muvaffaqiyatli tamomladi.
E.K. Sultanov oʻz mehnat faoliyatini, 1982-yilda Nukus industrial-pedagogika texnikumida maxsus fanlar oʻqituvchisi lavozimidan boshlagan. 1989-1992-yillarda Berdaq nomidagi Nukus davlat universiteti “Qishloq xoʻjaligini mexanizatsiyalashtirish” kafedrasi assistenti lavozimida ishladi. 1992-1996-yillarda Sankt-Peterburg davlat agrar universitetining “Mashinalarni ta’mirlash” kafedrasi aspiranti sifatida oʻz faoliyatini davom ettirib, ilmiy-tadqiqot ishlari bilan shugʻullandi. 1995-yil 27-iyun sanasida Sankt-Peterburg davlat agrar universitetining Ilmiy kengashida “Davrli ishlovchi qishloq xoʻjalik mashinalarining buzilmasdan ishlovchiligini taʼminlash” mavzusida dissertatsiyasini muvaffaqiyatli himoya qildi va texnika fanlari nomzodi ilmiy darajasi berildi.
1996-2000 yillarda Berdaq nomidagi Qoraqalpoq davlat universitetining “Mashinalardan foydalanish, ishonchliligi va taʼmirlash” kafedrasi assistenti, 1997-yildan boshlab dotsenti lavozimida, 1999-yilda Berdaq nomidagi Qoraqalpoq davlat universitetining Agrar fakulteti dekanining oʻquv ishlari boʻyicha oʻrinbosari, 2000-2003-yillarda esa universitetning “Mashinadan foydalanish, ishonchliligi va taʼmirlash kafedrasi mudiri lavozimlarida ishladi.
E.K. Sultanovga 1999-yil 8-iyulda “Mashinalardan foydalanish, ishonchliligi va ta`mirlash” ixtisosligi boʻyicha dotsent ilmiy unvoni berildi.
2003-yildan boshlab, Nukus transport kasb-hunar kollejining direktori, 2005-yildan Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi Oʻrta maxsus kasb-hunar taʼlimi boshqarmasining bosh mutaxassisi, 2006-yildan Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi Oʻrta maxsus kasb-hunar taʼlimi boshqarmasi boshligʻining birinchi oʻrinbosari, “Oʻquv-tarbiya jarayoniga ilmiy-metodik rahbarlik qilish” boʻlimi boshligʻi, 2008-2009-yillarda esa Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi Oʻrta maxsus kasb-hunar taʼlimi boshqarmasi boshligʻi vazifalarida ishladi.
2010-2014-yillarda Nukus kompyuter va axborot texnologiyalari kasb-hunar kolleji direktori, 2014-2020-yillarda esa Qoraqalpogʻiston Respublikasi Oʻrta maxsus, kasb-hunar ta’limi boshqarmasi “Maslahatchilar va metodistlar xizmati” boshligʻi lavozimida ishladi.
2020-2023-yillarda Qoraqalpogʻiston qishloq xoʻjaligi va agrotexnologiyalar institutida “Qishloq xoʻjaligini mexanizatsiyalashtirish” kafedrasi dotsenti, 2023-yil 25-yanvardan boshlab esa, “Qishloq xoʻjaligini mexanizatsiyalashtirish va suv xoʻjaligi” fakulteti dekani lavozimida ishlab kelmoqda.
E.K. Sultonov oʻz ilmiy-pedagogik malakasini oshirish boʻyicha doimiy izlanishlar olib borgan holda, qishloq xoʻjaligida malakali xodimlarini tayyorlash metodikasini takomillashtirishga katta hissa qoʻshdi. Oʻz izlanishlari natijasida talabalarni malakali mutaxassislikka tayyorlash tartibini bozor talablariga moslashtirish, mutaxassislar tayyorlash mazmuni va sifatiga qoʻyiladigan talablarni raqamli va axborot texnologiyalarini amalda qoʻllashga moslashtirishga yoʻnaltirilgan oʻzgarishlarga erishish uchun zarur boʻlgan tavsiyalarni ishlab chiqdilar.
Texnika fanlari nomzodi, dotsent E.K. Sultanov “Shaxsiy, yordamchi va fermer xoʻjaliklarida sut yoʻnalishidagi zotli qoramollarni boqish uchun toʻla qiymatli ozuqalarni yetishtirish va mahalliy qurilish materiallari resurslaridan kichik ferma obyektlarini qurish” loyihasi boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2019-yil 7-noyabrdagi “Qoraqalpogʻiston Respublikasida chorvachilik tarmoqlarini jadal rivojlantirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi PQ-4512-sonli qarori ijrosi borasida respublikada chorvachilikni, qoramolchilik tarmogʻi rivojlanishini keskin intensivlashtirishga erishish uchun tarmoqni toʻla qamrab oladigan yechimlar, chora-tadbirlar boʻyicha strategik tizim qabul qilinishi boʻyicha takliflar ishlab chiqdi va bu takliflardan Respublika chorvachilik tarmoqlarini rivojlantirishda muvaffaqiyatli foydalanildi.
E.K. Sultanov ishtirokida shaxsiy, yordamchi dehqon va fermer xoʻjaliklarida asosiy poda mahalliy duragaylardan tashkil topgan holda, tashqaridan zotli mollar olib keltirib urchitish uchun ularning adaptatsiyadan oʻtish xususiyatlarini inobatga olish, ozuqa toʻyimligiga asoslangan bazasini yaratish, ozuqabop ekinlarni joylashtirish tarkibini, sun’iy urugʻlantirish tizimlarini takomillashtirish boʻyicha loyiha ishlab chiqildi. Loyiha yakunida Qoraqalpogʻiston Respublikasida qoramol zotlaridan foydalanish va chorvachilikni rivojlantirish tadbirlari ishlab chiqilgan, qoramollarni toʻla qiymatli oziqlantirish omillari belgilab berilgan, chorvachilik subyektlarida qoramollarni toʻla qiymatli oziqlantirish uchun sarflanadigan xarajatlarni maqbullashtirish yoʻllari belgilab berilgan. Ozuqa yetishtirishda mexanizatsiyalashgan texnologik jarayonlarni bajarish uchun optimal mexanizatsiya otryadi tarkibi belgilangan, mahalliy qurilish resurslaridan sut yoʻnalishidagi qoramollarni boqish uchun moʻljallangan kichik fermalarni yaratish loyihalari tanlangan.
Olim ishtirokida respublikada sut yoʻnalishidagi qoramollarga kichik ferma qurish, toʻla qiymatli ozuqa yetishtirish va mexanizatsiya otryadini tashkil etish uchun sarflanadigan xarajatlarning iqtisodiy tahlili ishlab chiqilgan va u oʻz samarasini bergan.
Loyiha yakunida, 2020-2021-yillarda Qoraqalpogʻiston Respublikasi qishloq xoʻjaligida ishlab chiqarish jarayonini ilmiy asosda tashkillashtirish boʻyicha Ilmiy kengash qoʻshma yigʻilish qaroriga (Nukus. 12.02.2021 y.) muvofiq, “Shaxsiy, yordamchi va fermer xoʻjaliklarida sut yoʻnalishidagi zotli qoramollarni boqish uchun toʻla qiymatli ozuqalarni yetishtirish va mahalliy qurilish materiallari resurslaridan kichik ferma obyektlarini qurish” boʻyicha qoʻllanma ishlab chiqildi.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2019-yil 7-noyabrdagi “Qoraqalpogʻiston Respublikasida chorvachilik tarmoqlarini jadal rivojlantirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi PQ-4512-son qarori ijrosi borasida respublikada chorvachilikni jadal rivojlantirish boʻyicha tuzilgan komissiyasi topshirigʻi asosida, Agrosanoat majmui va oziq-ovqat ta’minoti sohasidagi loyihalarni amalga oshirish agentligining yirik chorvachilik subyektlariga moʻljallangan loyihalariga qoʻshimcha tariqada kichik subyektlarda ham toʻla hajmda rivojlantirish ishlari olib borishda olim takliflaridan foydalanildi. Ushbu takliflardan “Qoraqalpogʻiston Respublikasi chorvachiligida qoramolchilik tarmogʻini 2021-2025-yillarda jadal rivojlantirishga moʻljallangan chora-tadbirlar Strategiyasi” ishlab chiqishda foydalanildi va Qoraqalpogʻiston Respublikasi Jo‘qorgʻi Kengashi va Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi tomonidan tasdiqlandi.
Dotsent E.K. Sultanov talabalarni malakali mutaxassislikka tayyorlash yoʻllarini, ilmiy-texnikaviy kompetensiyani va malakaviy rivojlanishni ta’minlash bilan uygʻunlashtirishga asoslangan modulli oʻqitish boʻyicha oʻzining mantiqiy fikrlariga ega olim hisoblanadi. Uning ushbu tavsiyalari “Qishloq xoʻjaligini mexanizatsiyalashtirish va avtomatlashtirish” nomli darsligida oʻz ifodasini topgan (Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligining 2022-yil 19-iyuldagi 233-son buyrugʻi bilan 233-1061-son nashr guvohnomasi), ushbu darslik Qoraqalpogʻiston qishloq xoʻjaligi va agrotexnologiyalari, Andijon qishloq xoʻjaligi va agrotexnologiyalari, Termiz qishloq xoʻjaligi va agrotexnologiyalari va innovatsion rivojlanish institutlarining qishloq xoʻjaligi yoʻnalishlari talabalari ta’lim jarayonida foydalanilmoqda.
E.K. Sultanov 2024-yil 24-dekabrda pedagogika fanlari doktori (DSc) ilmiy darajasini olish uchun dissertatsiyasini Professional ta`limni rivojlantirish instituti huzuridagi Ilmiy kengashda “Kompetensiyaviy yondashuv asosida boʻlajak qishloq xoʻjaligi mutaxassislarini kasbiy faoliyatga tayyorlash metodikasini takomillashtirish” mavzusida 13.00.05 – “Kasb-hunar taʼlimi nazariyasi va metodikasi” ixtisosligi boʻyicha himoya qildi va Oʻzbekiston Respublikasi Oliy attestatsiya komissiyasining 2025-yil 12-fevraldagi rayosati qaroriga koʻra pedagogika fanlari doktori (DSc) ilmiy darajasi berildi.
E.K. Sultanov Qoraqalpogʻiston qishloq xoʻjaligi va agrotexnologiyalar institutidagi pedagogik faoliyati davomida darslarini zamonaviy oʻqitish usullari, innovatsion pedagogik va axborot-kommunikatsiya texnologiyalaridan hamda multimedia taʼlim resurslaridan foydalangan holda olib borishga alohida ahamiyat qaratadi. Ayniqsa, darslarda zamonaviy pedagogik texnologiyalarni qoʻllash, talabalarda texnologik, loyihalash, konstruksiyalash kabi zaruriy kasbiy kompetensiyalarini rivojlantirishga qaratilgan “3D-model”, “Simulyatsiya”, “Grafik vizualizatsiya” oʻqitish texnologiyalarini, interfaol taʼlim metodlarini oʻquv jarayoniga tatbiq etish, taʼlimda integratsiyaning turli darajalaridan foydalanish orqali oʻquv jarayonini raqamli hamda innovatsion taʼlim muhitida tashkil etishdagi mehnatlari e’tiborga loyiqdir.
Bugungi kunda 13.00.07 – “Taʼlimda menejment” ixtisosligi boʻyicha Tajetdinova Gulnara Abatbay qizining falsafa doktori ilmiy darajasini olish uchun olib borayotgan “Neft va gaz sohasi mutaxassislarini tayyorlashda sun’iy intellektdan foydalanishni boshqarish tizimini rivojlantirish yoʻllari” mavzusidagi tadqiqot ishiga ilmiy rahbarlik qilib kelmoqda.
E.K. Sultanov “Mutaxassislik fanlari” boʻyicha malakaviy imtihon qabul qilish komissiyasi aʼzosi, dissertatsiyalarni dastlabki muhokamadan oʻtkazish maqsadida institutda tashkil etilgan ilmiy seminarlar aʼzosi hamda magistratura bitiruvchilarining yakuniy davlat attestatsiya komissiyasi aʼzosi sifatida faoliyat koʻrsatib kelmoqda. E.K. Sultanov falsafa doktori ilmiy darajasini olishga talabgor 20 ga yaqin tadqiqotchilarga va fan doktori ilmiy darajasini olishga talabgor 10 nafar tadqiqotchilar dissertatsiyalarni tahlil qilib, taqriz bergan.
E.K. Sultanov “Qishloq xoʻjaligini mexanizatsiyalashtirish” kafedrasi dotsenti hamda “Qishloq xoʻjaligini mexanizatsiyalashtirish va suv xoʻjaligi” fakulteti dekani sifatida oʻquv-uslubiy, ilmiy-tadqiqot va maʼnaviy-maʼrifiy ishlarida faol ishtirok etish bilan bir qatorda institutning 15 nafar bakalavr talabalarining bitiruv malakaviy ishlariga hamda 12 nafar magistratura talabalarining magistrlik dissertatsiyalariga ilmiy rahbarlik qilgan.
Umumiy ish staji 43 yil, oliy taʼlim muassasasidagi ilmiy-pedagogik ish staji 25 yil. E.K. Sultanov oʻz faoliyati davomida 143 ta ilmiy ishlarni eʼlon qilgan, jumladan 2 ta monografiya, 1 ta darslik, 7 ta oʻquv qoʻllanma, 6 ta oʻquv-uslubiy qoʻllanma va 133 ta ilmiy maqolalarni nufuzli chet el va respublika jurnallarida, xalqaro va Respublika miqyosidagi konferensiya toʻplamlarida nashrdan chiqargan. Jumladan, 2 ta yakka mualliflikda tayyorlangan elektron taʼlim resurslariga intellektual mulk agentligining guvohnomasi berilgan. U talabchan, chuqur mulohazali, jamoa aʼzolariga nisbatan gʻamxoʻr, adolatli, kafedra mudirlari hamda talabalar tomonidan taklif qilinadigan innovatsion yangiliklarni qoʻllab-quvvatlaydigan rahbarlardan biridir.
E.K. Sultanov institut jamoasi orasida xalqimizning urf-odat va anʼanalari, milliy qadriyatlarini, jamiyatdagi oʻrni va nufuzini mustahkamlashga, institut va fakultetda talabalar va professor-oʻqituvchilar orasida ijtimoiy muhitni yanada sogʻlomlashtirish yoʻlida oʻzining hissasini qoʻshib kelayotgan ustoz-olim sifatida hurmat qozongan.
Oʻzining koʻp yillik tajriba va ilmiy salohiyati bilan yosh pedagog kadrlarga shaxsiy namuna boʻlib kelmoqda. Uning Respublikamizda amalga oshirilayotgan islohotlardagi ishtiroki, siyosiy faolligi va jamoa ishlarida tashkilotchiligi alohida tahsinga sazovordir.
E.K. Sultanov oʻz bilimini va malakasini oshirish ustida tinimsiz izlanishlar olib boradigan fidoyi olimlardandir. 2021-yilda (TIQXMMI) Milliy tadqiqot universitetida 144 soatlik onlayn hamda 2024-yil oktyabr-noyabr oylarida Respublika Bosh ilmiy-metodik markazida malaka oshirish kursidan oʻtib, orttirgan bilim va tajribalarini ta’lim jarayonida qoʻllanib kelayotgan yangilikga intiluvchan ustozdir.