Tellyayev Rixsivoy Shamaxamadovich 1947-yil 15-avgustda Toshkent shahrida xizmatchi oilasida tugʻilgan. Oʻrta taʼlim maktabini bitirgach, Toshkent qishloq xoʻjalik institutining “Agronomiya fakulteti”ga oʻqishga qabul qilinib, 1972-yili imtiyozli diplom bilan tugatgan. Davlat yoʻllanmasi boʻyicha ilm-fanga yoʻnaltirilib mehnat faoliyatini Oʻzbekiston Paxtachilik ilmiy tadqiqot institutida (SoyuzNIXI) boshlagan. Oʻsha yillari respublika paxtachiligida asosiy muammo vilt kasalligi boʻlganligini inobatga olib, Oʻzbekiston Qishloq xoʻjalik fanlar akademiyasi Prezidenti, akademik Abduvali Imomaliyev tavsiyalariga koʻra, “Viltga qarshi kurash laboratoriyasi”ga, 1974-yili esa institutning sirtqi aspirantura boʻlimiga qabul qilingan.
Dunyo paxtachiligida1970-1980-yillarda gʻoʻzaning vilt kasalligini tezroq bartaraf etish uchun kimyoviy kurashga katta eʼtibor berilib, bunda asosan AQSH (Benomil, Benleyt) hamda Yaponiya (Topsin M) davlatlari yetakchilik qilib, oʻzlarining preparatlarini sotuvga chiqargan edi. Oʻzbekistonda ham bunday tadqiqotlar FA Oʻsimliklar kimyoviy moddalari ilmiy tadqiqot instituti (IXRV) tomonidan boshlangan boʻlib, ixtiro qilingan preparatlarning agrotexnologik ilmiy tadqiqotlarini olib borish aspirant R.Sh.Tellyayev zimmasiga yuklangan. Hamkorlik tadqiqotlari natijasida Uzgen, Algin va Erigin preparatlari yaratilib, FA O’simliklar moddalari kimyosi instituti akademik Sobir Yunusov rahbarliklarida 2 ta patent olishga erishilgan. Natijada, R. Sh. Tellyayev 1978-yili “Viltga qarshi Uzgen va Algin preparatlarini qoʻllash” mavzusida qishloq xoʻjalik fanlari nomzodi dissertatsiyasini muvaffaqiyatli yoqlagan. Shuningdek, yana bir muhim yangilik, gʻoʻza bargidagi vilt kasalligini qoʻzgʻatuvchi eng aktiv zamburugʻlarni kam miqdorda Erigin preparatini qoʻllab defoliatsiya jarayonida nobud etish uslubi ishlab chiqilgan hamda ixtiro guvohnomasi olingan.
Serqirra ixtisosliklar bilimi sohibi R.Sh.Tellyayev respublika paxtachiligida katta zarar keltirayotgan vilt kasalligining kelib chiqish sabablariga jiddiy eʼtibor qaratilgan. Sobiq Ittifoq davrida “Butunittifoq viltga qarshi kurashni muvofiqlashtiruvchi kengash” tomonidan paxtachilik respublikalarida gʻoʻzapoya asosiy viltni tarqatuvchi obyekt sifatida baholanib, 1924-yildan gʻoʻzapoyani yerga haydash qaʼtiy taʼqiqlangan boʻlgan. Biroq, bu tadbir tuproq unumdorligiga keskin salbiy taʼsir koʻrsatishi, tuproqdagi vilt infeksiyasi hajmiga katta taʼsir etmasligi, gʻoʻza monokulturasi sharoitida gʻoʻzapoya yagona kafolatlangan organik oʻgʻit ekanligi R.Sh. Tellyayev tomonidan akademik M.V.Muxamadjonov raisligida olib borilgan kengashning 1986-yildagi qaror boʻyicha paxtachilik respublikalarida gʻoʻzapoyani maydalab shudgorlashga ruxsat etilgan. Albatta, bu muhim agrotadbirni amalga oshirishda muallifning hissasi juda salmoqli boʻlgan.
R.Sh.Tellyayev “Viltga qarshi kurash laboratoriyasi”da laborant, kichik, katta ilmiy xodim va laboratoriya mudiri lavozimlarida samarali ishlagan. 1986-yili katta ilmiy xodim unvonini olgan. 1992-yili konkurs orqali “Almashlab ekish va viltga qarshi kurash boʻlimi” mudiri lavozimiga tayinlangan. Respublika qishloq xoʻjaligida gʻoʻza ekini yetakchilik qilishi hamda uning kompleksidagi ekin turlari hosildorligini yuksaltirish, tuproq unumdorligini saqlash, oshirish, yaʼni unga juda masʼuliyatli vazifa yuklanganligini teran anglagan holda, tuproq unumdorligini saqlovchi almashlab ekish hamda paxtachilik kompleksini barqarorlashtirishga qaratilgan zamonaviy agrotexnologiyalarni shogirdlari, yaʼni ilmiy maktabi hamkorligida ishlab chiqqan.
Gʻoʻza, boshoqli don ekinlarini yetishtirish texnologiyasi, viltga qarshi kurash, almashlab, navbatlab ekish tizimlarini ishlab chiqish, joriy etish, tuproq unumdorligini saqlash, oshirish, oziq-ovqat xavfsizligini taʼminlash borasida respublika miqyosida boshoqli don ekinlarini qisqa almashlab ekish va intensiv navbatlab ekish tizimiga kiritish hamda yuqori hosil olishni taʼminlovchi innovatsion agrotexnologiyalarni yaratgan va takomillashtirgan olim hisoblanadi.
1995-yili “Vilt bilan zararlangan yerlarda gʻoʻza yetishtirish texnologiyasi” mavzusida qishloq xoʻjalik fanlari doktori dissertatsiyasini muvaffaqiyatli himoya qilgan hamda natijalari respublikaga keng joriy etilib, hosildorlik 3-5 s/ga ortgan.
1992-1996-yillari “Paxta” ilmiy ishlab chiqarish birlashmasi “Almashlab ekish va viltga qarshi kurash” boʻlimi mudiri vazifasida juda faollik, jonbozlik koʻrsatib, paxta monokulturasiga barham berish, gʻalla mustaqilligiga erishishning nazariy yechimlari, ilmiy-amaliy asoslarini ishlab chiqqan va bosqichma-bosqich klassik “oʻt dalali va qator oralari ishlanadigan dehqonchilik sistemasi”dan hamda “beda:gʻoʻza” almashlab ekish tizimidan, “Intensiv gʻoʻza:gʻalla (1:1) navbatlab ekish tizimiga oʻtishning muallifi hisoblanadi.
Mamlakatimiz mustaqilligining dastlabki kunlaridanoq gʻalla muammosi oʻta dolzarb boʻlib, uni tezkor hal etish boʻyicha Respublika Prezidenti topshirigʻi Oʻzbekiston Qishloq xoʻjalik fanlar akademiyasiga berilib, akademiya Oʻzbekiston Paxtachilik ilmiy tadqiqot institutiga, institut esa uning “Almashlab ekish va viltga qarshi kurash boʻlimi” zimmasiga yuklagan.
Muallif tomonidan ishlab chiqilgan “Don mustaqilligiga erishish dasturining ilmiy-amaliy asoslari” boʻyicha berilgan taklif-tavsiyalar Akademiya, Qishloq va suv xoʻjaligi vazirligi, Davlat rahbari va Hukumat tomonidan maʼqullangan hamda tezkorlik bilan joriy etishga Yurtboshimiz tomonidan Hukumatga taalluqli koʻrsatma topshiriqlar berilgan. Vazirlar Mahkamasi tomonidan berilgan topshiriq “Don mustaqilligiga erishish dasturi” boʻyicha muallif tomonidan quyidagi tarixiy takliflar taqdim etilgan.
1. Mamlakat boʻyicha joriy etilgan avvalgi davrning “beda:gʻoʻza” (3:7) almashlab ekish, yaʼni gʻoʻza yakkahokimligidan voz kechish, gʻoʻza maydonlarini qisqartirish va oʻrniga asosan kuzgi bugʻdoy ekinini kiritish.
2. “Beda:gʻoʻza” almashlab ekish tizimiga bosqichma-bosqich kuzgi boshoqli don ekinlarini kiritish va qisqa rotatsiyali “beda: gʻoʻza” almashlab ekishning yangi takomillashtirilgan tizimini ishlab chiqish va bosqichma-bosqich gʻallaga oʻtkazish hamda “don-meva” (plodosmennaya) navbatlash va qator oralari ishlanadigan ekinlarni yetishtirishni joriy etish.
3. Mamlakat don mustaqilligini taʼminlovchi yangi dehqonchilik sistemasini ishlab chiqish.
4. Vazirlar Mahkamasining 1993-yil 20-son buyrugʻi “Almashlab ekish dalalariga boshoqli don ekinlarini kiritish boʻyicha loyiha hujjatlarini tayyorlash, sugʻoriladigan maydonlarda gʻalla yetishtirishni koʻpaytirish, 1935-yildan respublikada qabul qilingan klassik “beda:paxta” almashlab ekish tizimiga keskin oʻzgartirishlar kiritish boʻyicha taklif va tavsiyalar berish.
5. Yuqoridagi taklif-tavfsiyalarni samarali bajarish uchun “Paxtachilik kompleksiga boshoqli don ekinlarini joylashtirish tartibi”ning nazariy asoslari Qoraqalpogʻiston Respublikasi va barcha tumanlar boʻyicha joriy etish jadvalini ishlab chiqish, shuningdek, yuqorida taʼkidlanganligi etirof etilgan taklif va tavsiyalar asosida don mustaqilligiga erishishning IV bosqichli nazariy-amaliy asoslari ishlab chiqilgan. Shuningdek, yangi “Intensiv gʻoʻza:gʻalla (1:1) navbatlab ekish dehqonchilik sistemasini 1995-yildan toʻliq joriy etish” zarurligi alohida belgilangan. Mamlakatimiz boʻyicha bosqichlarni qat’iy reja hamda nazorat ostida amalga oshirilishi natijasida, 2011-yili 5,9 mln tonna gʻalla yetishtirilib, tarixan oʻta qisqa muddat, 11 yilda don mustaqilligiga erishildi. Buning nazariy va ilmiy asoschisi, R.Sh.Tellyayevning xizmatlari yuksak boʻlgan. Yana bir muhim masala, 1 mln gektardan ortiq sugʻoriladigan maydonga ekilgan kuzgi bugʻdoydan keyin yillik suv taʼminotiga koʻra, 500-800 ming gektarga 30 dan ortiq qishloq xoʻjaligi ekin turlarini takroriy ekin sifatida yetishtirish imkoni yaratilib, minglab tonna ikkinchi hosil hozirgacha olinib kelinmoqda. Shuningdek, ilk bor “Oʻzbekiston Respublikasida kuzgi boshoqli don va ertagi ekinlardan keyin takroriy ekinlar yetishtirish texnologiya-tavsiyalari” hamda monografiya chop etilgan.
Professor R.Sh.Tellyayev ustozi akademik M.V.Muxamadjonovdan keyingi, Oʻzbekistonda ikkinchi dehqonchilik sistemasini yaratgan hamda toʻliq ishlab chiqarishga joriy etishga 20-yildan ortiq umrini bagʻishlagan baxtli olim hisoblanadi. Bu esa Hukumat, Akademiya qarorlari hamda “yangi Intensiv “gʻoʻza:gʻalla” (1:1) navbatlab ekish dehqonchilik sistemasi”ni joriy etilishi hisobotlari xamda Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi huzuridagi “Intellektual mulk agentligining (2020-yil 29-dekabr №002991) hamda “Oʻzbekiston don mustaqilligini barqaror taʼminlovchi dehqonchilik sistemasini ilmiy asoslash” (2021-yil 11-noyabr №003935) guvohnomalari asos boʻlgan.
Olim rahbarligi va faol ishtirokida “Paxtachilik kompleksi almashlab ekishida boshoqli don ekinlarini joylashtirish” boʻyicha tavsiyalar (Toshkent, 1993) mamlakat tarixida ocharchilik ofatidan qutqarishga ilmiy asos sifatida muhrlanib qolganligi sababli ushbu plakat namoyon etilmoqda.
R.Sh. Tellyayev koʻp qirrali ilmiy bilimlar va tashkilotchilik qobiliyati sohibi boʻlganligini inobat- ga olgan holda uni 1996-yili Oʻzbekiston Qishloq xoʻjalik fanlar akademiyasining “Paxtachilik, melioratsiya va kimyolashtirish” boʻlimi akademik kotibi vazifasini bajarishga oʻtkazilgan. 1997- yili mazkur Akademiya tugatilib, oʻrniga “Qishloq xoʻjaligi ilmiy ishlab chiqarish markazi” tashkil etilib, u Bosh direktor oʻrin- bosari, Bosh ilmiy kotib lavozimlariga tayinlanib, respublika qishloq xoʻjaligining ilmiy yechimlarini yanada samarali hal etishda, ilmiy tadqiqotlarni muvofiqlashtirishda, amaliyotga joriy etishda hamda yuqori malakali kadrlar tayyorlashda oʻzining munosib hissasini qoʻshgan va vazifasini oqilona, mohirona hamda prinsipial tartibda 2011-yilgacha bajarib kelgan.
1997-2000- yillarda Oʻzbekiston Oʻsimlikshunoslik ilmiy tadqiqot institutiga direktor etib tayinlangan va uning rahbarligida Milliy oʻsimliklar Genbanki ichki imkoniyatlar asosida qayta shakllantirilgan hamda xalqaro talablarga mos boʻlgan yangisi qurilgan. Institutdagi 50 mingdan ortiq noyob nav, namunalar Markaziy Osiyoda ilk bor kompyuterlashtirish xatloviga oʻtkazilgan va dunyo Genbanklari safidan munosib oʻrin olinishiga erishilgan.
Koʻp yillik ilmiy, oʻquv-uslubiy va pedagogik faoliyatlari boʻyicha yana eng muhim natijalar sifatida quyidagilarni qayd etish mumkin:
- Tabiiy tuproq-iqlim sharoiti ogʻir boʻlgan “Qoraqalpogʻistonda kartoshka yetishtirish texnologiyasi” boʻyicha tadqiqotlar olib borilib, intellektual mulk agentligi tomonidan (2021-yil 7-iyul №003687) guvohnoma olingan hamda ishlab chiqarishga tavsiyalar oʻzbek, qoraqalpoq tillarida chop etilgan.
- Mustaqillikning dastlabki yillari qand lavlagidan yuqori hosil yetishtirish texnologiyasini ishlab chiqish” loyihasiga (1993-1995-yy., 5 mln soʻm) eʼlon qilinib, Paxtachilik institutining” Almashlab ekish va viltga qarshi kurash” boʻlimi loyihani yutib olgan va mahalliy, yaʼni institutning Fargʻona filialida yetishtirilgan hosildan Qirgʻiziston orqali qand mahsuloti ishlab chiqilgan, hamda tarqatilgan.
Global iqlim oʻzgarishi hamda Orol dengizi qurishi oqibatida respublika lalmikorligi tahlikali holatda ekanligini inobatga olib “Oʻzbekistonning lalmikor maydonlarida resurs tejamkor yangi xorijiy innovatsion “NUL-NO TILL texnologiyasi asosida boshoqli don ekinlari yetishtirish asosnomasi” mavzusida resurs tejamkor tadqiqotlar olib borgan. Natijada 2019-yil 4-mart 001338 raqami bilan intellektual mulk guvohnomasi olingan hamda shogirdi tomonidan q.x.f.f. doktorlik dissertatsiyasi muvaffaqiyatli himoya qilingan hamda amaliyotda keng joriy etilib kelinmoqda.
Orolboʻyi eng tanozilga uchragan hudud hamda bunday yerlar har bir viloyatda mavjud ekanligi maʼlum boʻlib, “gʻoʻza: bugʻdoy “intensiv navbatlab ekish sistemasida bugʻdoy yetishtirish iqtisodiy jihatidan oʻzini oqlamaganligini inobatga olib, yangi yuqori hosilli don va qimmatli yem-xashak hosili beradigan joʻxorining “Massino” navi tadqiqotlari Toshkent, Sirdaryo viloyatlari hamda Qoraqalpogʻiston Respublikasida olib borilib, yuqori koʻrsatgichlarga erishilgan. Natijada, kuzgi boshoqli don ekinlari oʻrniga “sholi: gʻoʻza:joʻxori” mazkur joʻxori navini kiritish hamda almashlab ekish tizimida qoʻllash ilk bora tavsiya etilgan, hamda q.x.f. falsafa doktori dissertatsiyasi muvaffaqiyatli yoqlangan.
- R.Sh.Tellyayev 2014-yili professor unvonini olib 2022-yilligacha pedagogik faoliyatini Toshkent davlat agrar universitetining “Oʻsimlik- shunoslik va moyli ekinlar kafedrasi” professori lavozimida davom ettirgan. Koʻp yillik ilmiy-amaliy tajriba, yuqori salohiyatini yoshlarga oʻrgatish hamda etib, “nazariya-amaliyot kadrlar tayyorlash”ni tizimiga oʻrnak universitet faoliyatini yanada takomillashtirish, yuksaltirish boʻyicha rahbariyat bilan hamkorlikda dolzarb masalalar va vazifalarni hal etishda Rektor maslahatchisi sifatida ham jonbozlik koʻrsatgan. Jumladan, “Oliy taʼlim oʻquv tizimini takomillashtirish lider talabalar guruhini yaratish tizimi” qishloq xoʻjaligi yoʻnalishi misolida ishlab chiqqan.
- “Gʻoʻza va gʻoʻza majmuidagi ekinlarni almashlab, navbatlab ekish fanining ishchi oʻquv dasturi asoslari” yaratilgan va intellektual mulk agentligining 24-dekabr 2018-yil 001118-raqamli guvohnomasi olingan.
- “Qishloq xoʻjaligi ekinlarini almashlab va navbatlab ekish darsligi”ga Oʻzbekiston Respublikasi Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi guvohnomasi olingan. R.Sh.Tellyayev faqat nazariyotchi olim boʻlmay, umumiy dehqonchilik fani yangiliklari hamda rahbarligida yaratilgan sistema, tizim va texnologiyalarni amaliyotga faol joriy etib, “nazariya-amaliyot - kadrlar tayyorlash”ni tizimiga oʻrnak boʻlgan hamda ommaviy matbuot bilan hamohang ishlovchi, sergʻayrat olimlardan biri sifatida xizmat qilib kelmoqda.
R.Sh.Tellyayev 2022-yildan respublika oziq-ovqat xavfsizligi, ayniqsa qurgʻoqchilik sababli ogʻir tahlikada qolayotgan sholichilik sohasiga qiziqib, Sholichilik ilmiy tadqiqot institutida laboratoriya mudiri lavozimida, hozirda ham qizgʻin faoliyat olib bormoqda. Jumladan, rahbariyat va shogirdlari hamkorligida:
- “Sholi koʻchatlarini maxsus koʻchatxonalarda innovatsion usulda yetishtirish texnologiyasi asosnomasi” ilmiy ishlanma ishlab chiqilgan va 2020-yil 14-may 002152-raqamli hamda “Sholini koʻchati bilan ekish usullarini mexanizatsiyalashtirish asosnomasi” ishlab chiqilgan va 2019-yil 12-iyun 0011460-raqamli intellektual mulk konsultativ markazi guvohnomalari olingan.
- Bir yilda bir maydondan ikki sholi hosili olishning nazariy-ilmiy asoslari ishlab chiqib, ilk bor Markaziy Osiyo tarixida hamkorlikda 12 tonna hosil olishga erishilgan.
Ekologiya va atrof-muhit muhofazasi laboratoriyasi” mudiri Oʻzbekiston ekologik partiyasi aʼzosi, Turon fanlari Akademiyasi akademigi (2019), ekolog tuproqshunos olim, professor R.Sh.Tellyayev hozirgi davrda tuproq ekologiyasi, tuproq unumdor ligini saqlash va oshirish, organik statsionar dala foni tayyorlash hamda organik sholi yetishtirish boʻyicha nazariy-ilmiy tadqiqotlar olib borishda tinimsiz izlanayotgan olimdir.
Jumladan: organik sholi yetishtirish uchun xalqaro Organik standartiga mos boʻlgan dala foni tayyorlashda dastlabki mahalliy organik dehqonchilik tizimi qoʻllashning nazariy-ilmiy asoslari ishlab chiqilgan hamda 70 s/ga dan yuqori organik sholi mahsulotlari olish mumkinligi ilk bor isbotlangan.
R.Sh.Tellyayev “Paxta selek- siyasi, urugʻchiligi va yetishtirish agrotexnologiyalari ilmiy tadqiqot instituti” huzuridagi ilmiy darajalar beruvchi DSc. 05-30.12.2019. Qx.42.01 Ilmiy kengash hamda Ilmiy seminar hamda Toshkent davlat agrar universitetida ham aʼzo, oʻz ixtisosligining faol yetakchisi rolida 30 nafardan ziyod dissertatsiya ishlariga rasmiy opponent, ekspert sifatida xolisona baholashni amalga oshirib kelmoqda.
“Agrokimyo himoya va oʻsimliklar karantini”, “Paxtachilik va donchilik”, AQSHning “Amirican Jurnal of Agriculture And Horticulture Innovations” jurnallarining tahririyat aʼzosi.
Uning 50-yillikdan ortiq ilmiy-pedagogik faoliyati davomida 350 dan ortiq ilmiy ishlari chop etilgan. Jumladan, 10 ta uslubiy qoʻllanma, 3 ta patent, 12 ta mualliflik guvohnomasi, 15 ta broshyura, 40 ta ilmiy tavsiya, qoʻllanma, monografiyalar ilmiy xodimlar, doktorantlar hamda dehqon, fermer xoʻjaliklariga yoʻriqnoma, manba boʻlib xizmat qilib kelmoqda.
Uning rahbarligida 4 ta fan doktori (DSc), 10 nafar fan nomzodi yana 2 nafari rasmiy himoyada, falsafa doktorlari (PhD) hamda oʻnlab magistrantlar tayyorlagan. Shuningdek, 20 dan ziyod dolzarb ilmiy maqolalari rus va ingliz tillaridagi nufuzli jurnallarda nashr etilgan.
R.Sh.Tellyayev Xitoy, Hindiston, Yaponiya hamda MDX davlatlarida delegatsiya aʼzosi sifatida ishtirok etib, salohiyatini munosib namoyon etgan.
Rixsivoy Shamaxamadovich Tellyayev oʻz sohasi bilimdoni, prinsipial olim, respublika manfaatlari uchun oʻzining bilim va kuchini ayamaydigan vatanparvar, fidoiy inson sifatida yaxshi tanilgan va obroʻ-eʼtiborga sazovor shaxs, global iqlim oʻzgarishi keskin qurgʻoqchilik va suv tanqisligi oqibatlarini yumshatish masalalarini bugungi dehqonchilik muammolarini hal etishning ilmiy-amaliy asoslarini yaratish mavzusida dolzarb tadqiqotlarni hal etishda shogirdlari bilan katta xissa qoʻshib kelmoqda.
Uning dil soʻzlariga koʻra, bu foniy dunyoning tushunib boʻlmas yoʻllaridan toʻgʻri borishim, shu darajaga yetishim, avvalambor ilohim, Egam, ota-onam, katta-yu kichik darajadagi ustozlarim, ilmiy laborantlar, oilam hamda qondoshlarimning qoʻllab-quvvatlashlarining mevasidir.
Ilmiy sohada shakllanishimga ustozlarim akademik va professorlar A.I.Imomaliyev, Sh.I.Ibroximov, S.N.Usmonov, M.V.Muxamadjonov, A.A.Abdukarimov, R.X.Xusanov, R.R.Raxmonqulov, Z.S.Tursunxoʻjayev, M.R.Yunusov va boshqalarga, shuningdek “Paxtachilik ilmiy tadqiqot institutining jamoasiga, uning “kadri” ekanligimdan hamda maktabini munosib ravishda davom ettirayotganimdan doimo faxrlanaman va taʼzim qilaman.