Olim

UMAROV SHAVKAT RAMAZANOVICH

Qishloq xo‘jaligi fanlari doktori, professor

Umarov Shavkat Ramazonovich 1960-yil 15-sentyabrda Buxoro viloyati Shofirkon tumanida tug‘ilgan. 1979-1984-yillarda Toshkent Qishloq xo‘jalik instituti (hozirgi Toshkent davlat agrar universiteti)da tahsil olgan.



Ustoz 45 yillik mehnat faoliyatini oddiy kolxoz ishchisi va pilla agronomligidan boshlab, tuman bosh pillaxonasi agronomi, respublika ipakchilik Bosh boshqarmasining agrotexnika bo‘limida agronom, katta agronom, «Ipak» ilmiy ishlab chiqarish birlashmasida ilmiy xodim, Ipakchilik bosh boshqarmasining urug‘chilik bo‘limi boshlig‘i, «O‘zbekyengilsanoat» uyushmasi bosh mutaxassisi, «O‘zbek ipagi» uyushmasi «Pilla-xolding» xolding kompaniyasi ipak qurti boqish va tutchilik agrotexnikasi bo‘limi boshlig‘i, Buxoro viloyati «Pilla» aksiyadorlik birlashmasi boshqaruvi raisi, «O‘zbek ipagi» uyushmasi Boshqaruv raisining o‘rinbosari,



«Pilla-xolding» kompaniyasi raisi va «O‘zbek ipagi» uyushmasi Boshqaruvi raisi kabi rahbarlik lavozimlarida faoliyat ko‘rsatdi.



Bundan tashqari, 2005-2018-yillar davomida O‘zbekiston ipakchilik ilmiy-tadqiqot instituti direktori lavozimida ham muvaffaqiyatli faoliyat olib bordi.



Shu bilan bir qatorda Umarov Shavkat Ramazonovich pillachilik sohasi ilmiga ham munosib hissa qo‘shgan olim hisoblanadi. Ustoz, 1999 yilda nomzodlik, 2011 yilda doktorlik dissertatsiyalarini munosib himoya qildi. Uning «Yoz-kuz mavsumida ipak qurtining sanoatbop tuxumlarini tayyorlashning samarali texnologiyasini yaratish» mavzusidagi nomzodlik va «Tut ipak qurtini takroriy boqishda mahsuldorlikni oshirishning ilmiy asoslari» mavzusidagi doktorlik dissertatsiyasida olib borgan ilmiy tadqiqot ishlari ayni kunlarda mamlakatimizda takroriy qurt boqish ishlarini tashkil etish va yozgi qurt boqish uchun tut ipak qurti urug‘larini tayyorlashda pillakorlarga qo‘l kelayotgani bilan ahamiyatlidir.



Ustoz nafaqat pillachilik sohasida, balki qishloq xo‘jaligining chorvachilik sohasi bilan  shug‘ullanuvchi olimlar bilan ham doimiy aloqada bo‘lib keladi, buning samarasi o‘laroq 2010-2017-yillar davomida “Zooveterinariya”  ilmiy ommabop jurnali tahririyat a’zosi, bugungi kunda esa “Chorvachilik va naslchilik” jurnali tahririyat a’zosi sifatida ham faoliyat olib bormoqda.



Sh.R.Umarov o‘zining pillachilik ilmidagi ulkan tajribasi hozirgi kunda sohamiz rivojlanishiga katta hissa qo‘shmoqda. Har yili pilla mavsumi boshlanishidan avval respublikamiz viloyatlarining chekka-chekka hududlarida agronom va qurt boquvchi ishchilar bilan uchrashuvlar hamda seminarlar o‘tkazib, bo‘lajak mavsumni yuqori hosildorlik va iqtisodiy samaradorlik bilan o‘tkazish borasida o‘zining bor bilim va tajribalarini o‘rtoqlashib, qimmatli maslahatlarini berib kelmoqda.



Seminarda hududlardagi oila va xotin-qizlar bo‘limlari rahbarlari, pilla yetishtirish bilan shug‘ullanuvchi klaster, fermer xo‘jaliklar mas’ullari, kasanachi, lider ayollar va pillakorlar qatnashdi. Ularga pillani Vetnam va Xitoy tajribasi asosida sanoat usulida yetishtirishni yo‘lga qo‘yish, pilla yetishtiruvchilarning moddiy manfaatdorligini oshirish, xonadonlarga tarqatilgan pillani to‘g‘ri parvarishini yo‘lga qo‘yish, o‘rma tutzorlar tashkil qilish va uy sharoitida tayyor ipak ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yish bo‘yicha tushunchalar berib kelmoqda. Shuningdek, pilla yetishtirishda ipak qurtini tanlash, uni inkubatsiyadan chiqarish va ish bilan band bo‘lmagan xotin-qizlarni ipak qurtini yangi agrotexnik qoidalari asosida parvarishlashga jalb qilish, bu orqali pillachilikdan olinadigan daromad va mahsuldorlikni oshirish xususida fikr-mulohazalar bildiriladi. Bunday uchrashuvlarda ipak qurtining inkubatoriyada jonlanishi va undan keyingi bosqichlarda to‘g‘ri parvarish etilishiga e’tibor berilishi muhokama qilinadi.



Hozirgi kunda u Toshkent davlat agrar universitetining Ipakchilik va tutchilik kafedrasida professor lavozimida samarali faoliyat olib bormoqda. Bakalavriat va magistratura talabalariga sohaning sir-asrorini beminnat ulashib, tarmog`imiz rivojiga munosib hissa qo`shadigan kadrlarni tayyorlab kelmoqda. O‘z navbatida professor Sh.R.Umarov Toshkent davlat agrar universiteti huzuridagi falsafa doktori (PhD) ilmiy darajasini beruvchi PhD.05/30.12.2019.Qx.13.02 raqamli Ilmiy kengashda 2018 yildan bugungi kunga qadar rais vazifasini bajarib kelmoqda. Ushbu kengash faoliyatini boshlagandan buyon 60 dan ortiq salohiyatli ilmiy unvonli kadrlar tayyorlashga muvaffaq bo`lgan.



Ustoz ilmiy faoliyati davomida mamlakatimizga ko‘plab ilmiy xodimlarni yetkazishda o‘zining katta hissasini qo‘shgan olimlardan hisoblanadi, jumladan uning rahbarligida 4 nafar fan doktori (DSc), 5 nafar falsafa doktori (PhD) o‘z ilmiy tadqiqot ishlarini muvaffaqiyatli himoya qilgan.



Sh.R.Umarovning kamtarona mehnati davlatimiz rahbariyati tomonidan munosib taqdirlanib, unga 2016-yilda “O`zbekiston Respublikasi mustaqilligining 25 yilligi” hamda 2022-yilda “O`zbekiston Respublikasi qishloq xo`jaligi fidoyisi” ko`krak nishoni berilgan. U o‘z ilmiy tadqiqotlarini qo‘shni Qozog`iston va Tojikiston respublikalarida ham olib borib, Tojikiston qishloq xo‘jaligi akademiyasi ilmiy xodimlari bilan hamkorlikda Shimoliy Tojikiston sharoitida tut ipak qurtining xorijiy zot va duragaylaridan foydalanish samaradorligini oshirish borasida muvaffaqiyatli tadqiqotlar olib borgan.



Umarov Shavkat Ramazanovich ish faoliyati davomida ipakchilik ilm-fani rivojlangan Yaponiya, XXR, Rossiya va Turkiya kabi davlatlarning yetakchi ilmiy muassasalari va korxonalarida ilmiy hamda amaliy tajribalarini oshirgan. Bundan tashqari, professor Sh.R.Umarov Tokio qishloq xo‘jalik texnologiyalar universiteti, Xitoy qishloq xo‘jalik akademiyasi, Ozarbayjon milliy akademiyasining “Sheki” mintaqaviy ilmiy markazi va Tojikiston qishloq xo‘jalik akademiyasining “Ipakchilik ilmiy markazi” olimlari bilan hamkorlikda ishlab kelmoqda. Professor Sh.R.Umarov Rossiya tabiiy fanlar akademiyasi va Tojikiston muhandislik akademiyasining faxriy akademigi unvonlarini olgan. Shu bilan birga O`zbekiston Respublikasi Turon Fanlar Akademiyasi akademigi unvonini olishga muvaffaq bo`lgan. 



Professor Umarov Shavkat Ramazanovich ilmiy faoliyati davomida 180 dan ortiq ilmiy maqolalar, 20 dan ortiq tavsiyanoma, 10 dan ortiq  o‘quv va uslubiy qo‘llanma, 8 ta monografiya, 2 ta darslik chop ettirgan. Shuningdek, hammualliflar bilan olib borgan ilmiy izlanishlar natijasida tut ipak qurtining zot va duragaylariga 8 ta mualliflik patentlari va 6 ta mualliflik guvohnomalari olinib, ishlab chiqarishga keng joriy etib kelinmoqda.



Ilm nurdir, u nur ustozning qalbidan shogirdning qalbiga o‘tadi. Agar ustoz bo‘lmasa mazkur nur qalbga kirmaydi. Shavkat Ramazonovich Umarov ana shunday nurli qalb egalaridandir.