Olim

URAKOV SHERZOD RAXMANOVICH

Pedagogika fanlari doktori, dotsent

Sherzod Urakov 2021-yili “Oʻzbekiston Mustaqilligining 30-yilligi”, 2022-yili “Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 30 yilligi” koʻkrak nishoni bilan taqdirlangan. Umumiy mehnat staji – 30 yil.



Sh.Urakov oʻz mehnat faoliyatini 2003-yil Samarqand davlat universiteti Pedagogika fakulteti Pedagogika kafedrasi oʻqituvchi lavozimida boshladi. 2006-2015-yillarda Samarqand davlat universiteti Pedagogika fakulteti Amaliy pedagogika va psixologiya kafedrasi o‘qituvchisi, Samarqand davlat universiteti Pedagogika fakulteti o‘quv ishlari bo‘yicha dekan o‘rinbosari, 2020-2021-yillarda Samarqand davlat universiteti Ta’lim sifatini nazorat qilish bo‘limi boshlig‘i, SamDU huzuridagi Raqamli texnologiyalar texnikumi direktori kabi lavozimlarda oʻz mehnat faoliyatini davom ettirdi.



Hozirgi kunda Samarqand davlat universitetining Kattaqo‘rg‘on filiali direktori lavozimida faoliyat ko‘rsatmoqda.



Sh.Urakov o‘z vazifasida ishlash bilan bir qatorda 2019-2023-yillarda Samarqand davlat universiteti huzuridagi pedagogika fanlari bo‘yicha ilmiy darajalar beruvchi ilmiy kengashning ilmiy kotibi sifatida ham faoliyat ko‘rsatdi.



2018-yilda “Oliy ta’lim muassasalarida bo‘lajak o‘qituvchilarni tayyorlashning kompetent yondashuvga asoslangan pedagogik tizimini takomillashtirish” mavzusida dissertatsiyasini muvaffaqiyatli himoya qildi va pedagogika fanlari bo‘yicha falsafa doktori ilmiy darajasini olishga erishdi.



Sh.Urakov tomonidan Samarqand davlat universitetining Kattaqo‘rg‘on filialida moddiy-texnik bazani takomillashtirish,  jamiyat ehtiyojlari asosida kadrlar tayyorlash, ta’lim sifatini oshirish, professor-o‘qituvchilarning ilmiy salohiyatini oshirish hamda ma’naviy sohalarda salmoqli ishlar amalga oshirildi.



Xususan, filialning asosiy binosi va talabalar turar joyi to‘liq kapital ta’mirlanib, yuqori parametrli kompyuter texnologiyalari, elektron doska va boshqa jihozlar bilan to‘liq ta’mirlandi hamda 78  kVt quyosh panellari o‘rnatildi. Davlat investitsiya dasturlari doirasida 1000 o‘rinli o‘quv hamda 500 o‘rinli talabalar turar joyi binolari qurilib foydalanishga topshirildi.



Filialning byudjetdan tashqari mablag‘lari hisobidan yangi o‘quv binosida fizika, kimyo hamda biologiya laboratoriyalari zamonaviy qurilmalar bilan jihozlandi. Filialning 5 mingdan ortiq adabiyotlar fondiga ega axborot resurs markazi hamda 15 mingdan ortiq resurslarga ega elektron kutubxona tashkil etildi.



Sh.Urakov rahbarligida filialda ta’lim sifatini takomillashtirish, professor-o‘qituvchilar kasbiy faoliyatini takomillashtirish hamda ilmiy salohiyatni oshirish strategiyasi joriy qilinib, natijada 2022-2024-yillarda 20 ga dissertatsiyalar himoya qilindi, 1 nafar talaba xalqaro olimpiada sovrindori, 5 nafar talaba nomdor davlat stipendiati, 25 nafardan ortiq talabalar respublika va xalqaro sport musobaqalari sovrindorlari bo‘lishga erishildi.



Shuningdek Samarqand davlat universiteti Kattaqo’rg’on filialining xalqaro hamkorlik aloqalarini kengaytirishda tashabbus ko‘rsatib kelmoqda. Xususan, filialning Nankin politexnika universiteti (Xitoy), Mumbay texnologiya instituti (Hindiston), Alatou xalqaro universiteti, Muxtor Auyezov nomidagi Janubiy Qozog‘iston universiteti, Rossiya Federasiyasining Ryazan davlat universiteti, Nijniy Novgorod davlat pedagogika universiteti bilan samarali hamkorlik aloqalari yo‘lga qo‘yilgan. Hamkorlik doirasida 1 ta xalqaro konferensiya tashkil etildi, 10 nafar professor-o‘qituvchilarning xorijiy stajirovkasi amalga oshirildi.



Sh.Urakov tashabbusi bilan filialda talabalarning bo‘sh vaqtlarini samarali tashkil etishga qaratilgan zaruriy shart-sharoitlar yaratildi. Jumladan, 30 ga yaqin fan va ilmiy to‘garaklar, talabalar teatr studiyasi, dasturchilar klubi, inkubatsion markaz faoliyati yo‘lga qo‘yildi. Natijada filialning “Majidiy izdoshlari” teatr studiyasi 2023-yilda respublika OTMlari o‘rtasida o‘tkazilgan teatr tanlovida 3-o‘rinni egalladi, talabalar tomonidan yaratilgan startap loyihalarning 2 tasi moliyalashtirildi.



Sh.Urakovning tashabbusi bilan Samarqand davlat universitetining Kattaqo‘rg‘on filialida Raqamlashtirish borasida ko‘zga ko‘rinarli ishlar amalga oshirildi. Jumladan, Professor-o‘qituvchilarning kasbiy faoliyatini takomillashtirish strategiyasi ishlab chiqilib, o‘qituvchilarning kasbiy faoliyatini ta’lim iste’molchilarining qoniqishi asosida baholashning elektron platformasi, filial xodimlarining faoliyatining eng muhim samaradorlik ko‘rsatkichlari (KPI)ni inson omilisiz baholash platformasi, ta’limda sun’iy intellektdan foydalanish imkoniyatlarini ishlab chiqilib amaliyotga joriy qilingan.



Sh.Urakov tashabbusi bilan respublikamizda amalga oshirilayotgan “Yashil makon” umummilliy dasturi doirasida “Yoshlar bog‘i”, “Ota-onalar bog‘i”, “Hokimlar bog‘i” kabilar tashkil etilib, 9000 dan ortiq daraxt ko‘chatlari ekilib, parvarish qilindi, filial hududi to‘liq ko‘kalamzorlashtirildi.



Shuningdek, 2024-yilda Sh.Urakovning tashabbusi bilan Samarqand davlat universitetining Kattaqo‘rg‘on filialining biologiya ta’lim yo‘nalishi talabalari uchun “Botanika bog‘i” tashkil etildi.



Prezident Sh.Mirziyoyevning 2023-yil 11 apreldagi videoselektor yig‘ilishida belgilangan vazifalarni ijrosi bo‘yicha Sh.Urakovga 2023-yilda 56 nafar, 2024-yilda 27 nafar qizil toifadagi yoshlar biriktirilib, ushbu yoshlarning muammolari o‘z vaqtida bartaraf qilinishiga erishildi.



Sh.Urakov kasbiy hamda jamoatchilik faoliyati bilan birgalikda ilmiy faoliyatni ham faol amalga oshirib kelmoqda. Xususan, 1999-2025-yillarda 2 ta darslik, 1 ta monografiya, 5 ta uslubiy qo‘llanma hamda 70 dan ortiq ilmiy uslubiy maqolalar xorijiy va mahalliy ilmiy jurnallarda chop etilgan.



2024-yil dekabr oyida “Oliy ta’lim muassasalari professor-o‘qituvchilarining kasbiy faoliyatini baholashning pedagogik mexanizmini takomillashtirish” mavzusidagi dissertatsiyasini muvaffaqiyatli himoya qilib, pedagogika fanlari doktori(DSc) ilmiy darajasini olishga erishdi.



Urakov Sherzod Raxmonovich oʻzining mehnatsevarligi, samimiyligi, kamtarinligi, Vatanga boʻlgan muhabbati, izlanuvchanligi, professional sohasiga sadoqati va mamlakatda amalga oshirilayotgan islohotlarga daxldorligi bilan keng jamoatchilik orasida katta hurmat qozongan.