Nevrologiya kafedrasi professori, Buxoro shahar, “Qaxramon Raximjon” MCHJ koʻp tarmoqli klinikasi bosh vrachi, Ibn Sino jamoat fondi Buxoro viloyati filiali rahbari.
Muso Boltayevich Urinov 1962-yil 14-sentyabrda, Buxoro viloyati Gʻijduvon tumanidagi Todon qishlogʻida tugʻilgan. 1969-1979-yillarda 16-sonli oʻrta maktabda taʼlim olgan. U 1979-yilda akademik I.P.Pavlov nomidagi Samarqand davlat tibbiyot institutining davolash fakultetiga oʻqishga kirib 1985-yilda ushbu institutni davolash ishi ixtisosligi boʻyicha muvaffaqiyatli tugatgan. Dastlabki mehnat faoliyatini oʻzi tugʻilib oʻsgan Gʻijduvon tumani Markaziy shifoxonasida vrach-internalikdan boshlagan. 1986-1989-yillarda ushbu shifoxonada qabul boʻlimi boshligʻi, keyinchalik 1987-yildan nevrologiya boʻlimida vrach ordinator, bir vaqtning oʻzida Gʻijduvon tumanlararo mehnat ekspert komissiyasida vrach nevropatolog vazifalarida faoliyat koʻrsatgan.
1989-1994-yillarda Toshkent vrachlar malakasini oshirish instituti asab kasalliklari kafedrasida klinik ordinatura va aspiranturada tahsil olgan.
Tibbiyot ilmiga boʻlgan qiziqishlarining natijasi oʻlaroq 1995-yil “Insultgacha boʻlgan kasalliklar bilan ogʻrigan bemorlarning mehnat qobiliyati va mehnatga jalb etish” mavzusida nomzodlik dissertatsiyasini Toshkent vrachlar malakasini oshirish instituti huzuridagi Ilmiy kengashda ustozi akademik A.R.Raximjonov ilmiy rahbarligida muvaffaqiyatli himoya qilgan. 1995-yildan boshlab ilmiy-pedagogik faoliyatini Abu Ali ibn Sino nomidagi Buxoro davlat tibbiyot institutida olib bormoqda. 1999-yilda dotsent ilmiy unvoniga ega boʻlgan. 1999-2013-yillarda ushbu institutning Nevorologiya, neyroxirurgiya va tibbiyot genetikasi kafedrasi mudiri, hozirda esa institut Nevrologiya kafedrasi professori sifatida talabalar va tadqiqotchilarga tibbiy ilm sirlarini oʻrgatib kelayotir.
M.B. Urinov 1996-2007-yillarda bir vaqtning oʻzida institutda ilmiy kotib lavozimida, 2003-2004-yillarda ilmiy ishlar va axborot texnologiyalar prorektori lavozimlarida faoliyat yuritib, institutda yuqori ilmiy salohiyatli kadrlarni tayyorlash va talabalar ilmiy jamiyati faoliyatini takomillashtirishda munosib hissa qoʻshgan.
M.B. Urinovning bugungi kunga qadar xorijiy va respublika nashrlarida 200 dan ortiq ilmiy maqolalari va uslubiy qoʻllanmalari, soʻnggi 5-yil davomida esa 24 ta ilmiy maqola, 9 ta uslubiy qoʻllanma (sogʻliqni saqlash tizimida tatbiq qilingan), 1ta oliy hamshiralik ishi talabalari uchun, 1ta tibbiyot institutlari talabalariga moʻljallangan oʻquv qoʻllanmasi, 5 ta monografiya (shundan ikkitasi chet ellik olimlar bilan hamkorlikda) chop ettirilgan.
1999-2004-yillarda 2-chaqiriq Xalq Deputatlari Buxoro viloyati Kengashi Deputati, ekologiya masalalari bo‘yicha doimiy komissiya raisi sifatida faoliyat yuritgan. M.B. Urinov doimiy ravishda oʻz siyosiy va ilmiy nazariy saviyasini va malakasini oshirish ustida izlanishlar olib borishda davom etmoqda.
U 2005-yilda “Bolalarning ruhiy holatiga temir tanqisligi kamqonligi ahamiyatini oʻrganish asosida ularning normal psixik rivojlanishini taʼminlovchi tibbiy texnologiyalarini ishlab chiqish” mavzusida loyihasi asosida Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Fan va texnologiyalar ilmiy amaliy markazi tomonidan eʼlon qilingan tanlovda ishtirok etib, davlat granti gʻolibi boʻlgan.
M.B. Urinov Respublika va institut miqyosida oʻtkaziladigan ilmiy-amaliy anjumanlarda tibbiyotning dolzarb muammolariga bagʻishlangan maʼruzalari bilan faol ishtirok etish bilan birga Butunjahon nevrologlarining Konferensiya va Kongresslarida ham ishtirok etgan. Jumladan, 2010-yilda Avstriya, 2012-yilda Sloveniya, 2013-yilda Fransiyaning Lion hamda Germaniyaning Myunxen, 2014-yilning mart oyida Turkiyaning Izmir, 2018-yilda Hindistonning Haydarobod shahrida, 2022-yilda Qirgʻizistonda, 2023-yilda Kaliningrad, 2018 va 2024-yillarda Sankt-Peterburg, 2024-yilda Birlashgan Arab Amirligining Abu-Dabi shahrida boʻlib nevrologiyaga oid turli mavzularda maʼruzalar bilan qatnashib kelmoqda.
Shu bilan birga Rossiya Federatsiyasi va Qozogʻistondagi TOP 1000 ga kiritilgan oliy oʻquv yurtlarida akademik mobillik yoʻnalishida nevrologiyaning dolzarb muammolariga bagʻishlangan maʼruzalar oʻqiydi.
2013-yilda M.B. Urinov “Yevropa atterosklerozga qarshi kurash” Assotsiatsiyasi (EAS) aʼzosi etib qabul qilingan.
2015-yilda Oʻzbekiston respublikasi Turon fanlar akademiyasi faxriy akademigi. 2017-yilda M.B. Urinov “Xalqaro fanlararo tibbiyot” Assotsiatsiyasi (Assotsiatsii Mejdissiplinarnoy Meditsiniy) aʼzosi etib qabul qilingan. (Moskva 2017). 2019-yilda “Prozoplegik va prozopalgik sindromlarning jins va genderga bogʻliq kliniko-patogenetik tahlili” mavzusidagi doktorlik dissertatsiyasini professor B.G.Gafurov ilmiy maslahatchiligida muvoffaqiyatli himoya qilib tibbiyot fanlari doktori (DSc) ilmiy darajasiga ega boʻlgan.
2011-yilda Oʻzbekiston Respublikasi mustaqilligining 20-yilligi munosabati bilan “Oʻzbekiston respublikasi mustaqilligiga 20-yil” esdalik nishoni, 2022-yilda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 8-noyabrdagi Farmoniga binoan taʼsis etilgan “Oʻzbekiston konstitutsiyasining 30-yilligi” esdalik nishoni bilan, 2024-yilda Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirining 2024.04.11. dagi 336 sonli buyrugʻiga asosan “Oʻzbekiston Respublikasi sogʻliqni saqlash aʼlochisi” koʻkrak nishoni, 2020-yilda “Abu Ali ibn Sino nomidagi Buxoro davlat tibbiyot instituti” koʻkrak nishoni bilan mukofotlangan. Shuningdek, Oʻzbekiston respublikasi Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi va bir necha marotaba Xalq deputatlari Buxoro viloyat Kengashi faxriy yorliqlari bilan taqdirlangan.
Hozirgi kunga qadar M.B. Urinov tibbiyot sohasidagi yosh ilmiy izlanuvchilarning ilmiy maqolalari va ilmiy tadqiqot ishlarini olib borishda rahbarlik qilib kelmoqda. Qator shogirdlari tibbiyot fanlari boʻyicha falsafa doktori (PhD) ilmiy darajasiga ega boʻlganligini alohida eʼtirof etish maqsadga muvofiq.
2010-yilda M.B. Urinov tomonidan Gʻijduvon tumanidagi “Oxunboboyev” nomli qishloq vrachlik punktiga oʻz mablagʻlari hisobidan homiylik yordami koʻrsatilishi natijasida toʻliq taʼmirlanib, namunali qishloq vrachlik punkti sifatida qayd etilgan. Ushbu qishloq vrachlik punkti “Eng namunali qishloq vrachlik punkti” tanlovining tuman va viloyat bosqichida 1-oʻrinlarni, respublika bosqichida 3-oʻrinni egallagan.
M.B. Urinov tashabbusi va rahbarligida Gʻijduvon tumanidagi “Mirzoyon” nomli qishloq vrachlik punkti qayta taʼmirlanib, zamonaviy diagnostika – laboratoriya ishlari yoʻlga qoʻyilib, mahalliy aholiga malakali tibbiy xizmat koʻrsatilib kelinmoqda. Ushbu qishloq vrachlik punktlarida M.B. Urinov tomonidan muntazam ravishda tibbiyot xodimlarining malakasini oshirish va hujjatlarning yuritilishi boʻyicha uslubiy va amaliy yordam koʻrsatilib kelmoqda.
2015-yildan jamoatchilik tartibida Ibn Sino Jamoat Fondi Buxoro viloyati filiali rahbari lavozimida faoliyati davrida muntazam maktablar, kollejlar va institutlar talabalari bilan Ibn Sino hayoti, faoliyatiga bagʻishlangan turli tadbirlar oʻtkazadi, har yili Ibn Sino tugʻilgan kuni 16-avgustda respublika miqiyosidagi anjumanlar, har ikki yilda bir marta Buxoro shahrida chet ellik olimlar ishtirokida “Xalqaro Ibn Sino oʻqishlari” konferensiyalari oʻtkazadi. Birgina 2023-yilda shu anjumanda 100 dan ortiq chet ellik olimlar ishtirok etgan.
Shuningdek, M.B. Urinov tomonidan tadbirkorlik faoliyati ham yoʻlga qoʻyilgan boʻlib, 2007-yilda uning tashabbusi bilan asab kasalliklari bilan ogʻrigan bemorlarga zamonaviy diagnostika va laboratoriyaga ega boʻlgan hamda malakali tibbiy xizmat koʻrsatib kelayotgan “Qahramon-Rahimjon” MCHJga qarashli asab kasalliklari xususiy klinikasi faoliyat yuritayotgan boʻlib, hozirda u ushbu klinika bosh vrachi sifatida nafaqat Buxoro viloyati, balki respublikamizning Navoiy va Qashqadaryo, Surxondaryo viloyati va Qoraqalpogʻiston avtonom respublikasi aholisiga ham malakali tibbiy xizmat koʻrsatilishida oʻzining munosib hissasini qoʻshib kelmoqda. Ushbu klinikada oliy toifali vrach, tibbiyot fanlari doktori, prof. M.B. Urinov boshchiligida oʻtgan davr mobaynida 12800 dan ortiq bemorlarga statsionar tarzda, keyingi oʻn yil davomida esa 120.000 dan ortiq bemorlarga ambulator tarzda tibbiy xizmat koʻrsatilgan boʻlib, ushbu bemorlarda asab kasalliklarini bartaraf etilishi muhim ahamiyat kasb etadi.
Shuningdek, M.B. Urinov tomonidan xususiy klinika faoliyati yoʻlga qoʻyilgandan buyon 450 nafardan ortiq ijtimoiy himoyaga muhtoj, kam taʼminlangan oilalarga bepul tibbiy xizmat koʻrsatilgan.
Shu bilan birga xususiy klinikada 42 nafar aholining ishsiz qatlamini ish bilan taʼminlanishida jonbozlik koʻrsatgan.
M.B. Urinov tashkilotchiligida Oʻzbekiston respublikasi nevrologlari assotsiatsiyasining viloyat filiali aʼzosi sifatida viloyat nevrologlari orasida muntazam ravishda, har yili nevrologiyaga oid turli mavzulariga bagʻishlangan oʻnlab Konferensiya, ochiq muloqot va davra suhbatlari tashkil qilingan.
M.B. Urinov institutda oʻquv-uslubiy, ilmiy-tadqiqot, maʼnaviyat va maʼrifat hamda davolash ishlarini yuqori saviyada amalga oshirilishida munosib hissa qoʻshib kelayotgan yetuk olim sifatida tanilgan.
M.B. Urinov institutda nafaqat yuqori bilimga ega boʻlgan yetuk nevrologlarni tayyorlash borasida va tajribali pedagogik mahoratga ega kadr sifatida, balki viloyatda nevrologiyani rivojlantirishda munosib hissa qoʻshib kelayotgan yetuk nevrolog sifatida nafaqat viloyatda, balki respublikamizda munosib oʻringa ega fidoyi olimlardan biridir.