Olim

USMONOV SHUKRULLO NEGMATOVICH

Fizika-matematika fanlari doktori, professor

Shukrullo Usmonov 1966-yil 8-mayda Samarqand viloyati, Urgut tumanida ziyoli oilasida tugʻilgan. Uning mehnat faoliyati 37 yilni tashkil etadi, 1989-yildan buyon Oʻzbekiston Fanlar Akademiyasi tizimida ishlab kelmoqda.



Shukrullo Usmonov mamlakatimizning yetakchi fizik olimlaridan hisoblanadi. U 1983-yilda Toshkent shahridagi Respublika yosh fiziklar va matematiklar maktabini tamomlagan. Shu yili Respublika miqyosida umumiy o‘rta ta’lim maktab oʻquvchilari oʻrtasida fizika fanidan oʻtkazilgan olimpiadada nufuzli uchinchi oʻrinni egallab, fizika va texnikaga oid yoʻnalishlarga ega Oliy ta’lim muassasalariga imtiyozli qabul qilinishi huquqini beradigan diplom bilan taqdirlangan. U 1989-yilda Rossiyaning Sankt-Peterburg shahridagi Sankt-Peterburg davlat universitetining fizika fakultetini “Radiofizika” mutaxassisligi boʻyicha muvaffaqiyatli tamomlab, O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasining S.A. Azimov nomidagi Fizika-texnika ilmiy-tadqiqot institutiga stajyor-tadqiqotchilikka qabul qilingan. 1994-yilda fizika-matematika fanlari bo‘yicha nomzodlik dissertatsiyasini muvaffaqiyatli himoya qilgan. Keyinchalik S.A. Azimov nomidagi Fizika-texnika institutida kichik ilmiy xodim (1994-1995), “Goznak” davlat ilmiy ishlab chiqarish birlashmasida apparatchi (1995-1996), S.A. Azimov nomidagi Fizika-texnika institutida ilmiy xodim (1996-1998), O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar mahkamasi huzuridagi Fan va texnika davlat qo‘mitasi Davlat ilmiy-texnika axboroti fondida bo‘lim boshlig‘i (1998-2000), Umumiy o‘rta ta’lim maktabida fizika fani o‘qituvchisi (2000-2001), O‘rta maxsus kasb-hunar ta’limi akademik litseyda fizika fani o‘qituvchisi (2001-2004), S.A. Azimov nomidagi Fizika-texnika institutida katta ilmiy xodim (2004-2019) lavozimlarida xizmat qilgan. 2018-yilda “Yarimo‘tkazgichlar fizikasi” ixtisosligida fizika-matematika fanlari bo‘yicha doktorlik dissertatsiyasini muvaffaqiyatli himoya qilgan. 2019-yildan buyon S.A. Azimov nomidagi Fizika-texnika ilmiy-tadqiqot institutida laboratoriya mudiri lavozimida xizmat qilmoqda. Shu bilan birga 2019-2024-yillar davomida Toshkent viloyati Chirchiq davlat pedagogika universiteti “Fizika va kimyo” fakulteti Fizika kafedrasida bakalavr va magistrlar uchun, 2018-2019-yillarda Toshkent viloyati o‘qituvchilar malaka oshirish institutida umumiy fizika hamda maxsus kurslardan ma’ruza va seminarlar olib borib professor o‘qituvchi lavozimida faoliyat yuritgan.



Shukrullo Usmonov 1995-yilda “O‘zbekiston Yoshlar ittifoqining Fan-texnika sohasidagi mukofoti sovrindori” bo‘lgan, 2004-yilda “O‘zbekiston Respublikasi O‘rta maxsus, kasb-hunar ta’limi a’lochisi” ko‘krak nishonini, 2024-yilda “O‘zbekiston Respublikasi Xalq ta’limi a’lochisi” ko‘krak nishonini olgan.



 Sh. Usmonov 300 dan ortiq ilmiy va ilmiy-pedagogik ishlar, shu jumladan 1 ta monografiya (“Физика и технология получения твердых растворов узкозонных полупроводников”, 2022), darsliklar (“Fizika”. Umumiy o‘rta ta’lim maktablarining 10-sinfi uchun darslik, 2022; “Tabiiy fanlar. 5-sinf”. Umumiy o‘rta ta’lim maktablari uchun darslik, 2024; “Tabiiy fanlar 5-sinf”. Umumiy o‘rta ta’lim maktablari uchun mashq daftari, 2024; “Tabiiy fanlar. 6-sinf”. Umumiy o‘rta ta’lim maktablari uchun darslik, 2024; “Tabiiy fanlar 6-sinf”. Umumiy o‘rta ta’lim maktablari uchun mashq daftari, 2024; “Fizika. 7-sinf”. Umumiy o‘rta ta’lim maktablari uchun darslik, 2025; “Fizika. 7-sinf”. Mashq daftari, 2025) va oʻquv qoʻllanmalar (“Fizikadan laboratoriya  va  namoyishli  tajriba  ishlari”. Akademik litsey va kasb-hunar kollejlari uchun o‘quv qo‘llanma, 2003; “Fizika. 1-kitob. Mexanika”. Maktab va akademik litsey o‘quvchilari uchun  qo‘llanma, 2016; “Fizika. 2-kitob. Molekulyar fizika”. Maktab va akademik litsey o‘quvchilari uchun  qo‘llanma, 2016; “Fizikadan ma’lumotnoma”. Fizikadan uslubiy qo’llanma, 2021; “Tabiiy fanlar 5-sinf”. O‘qituvchilar uchun metodik qo‘llanma, 2024; “Tabiiy fanlar 6-sinf”. O‘qituvchilar uchun metodik qo‘llanma, 2024; “Yarimo‘tkazgichlar fizikasi”. O‘quv qo‘llanma, 2024) muallifi va hammuallifi. Ilmiy maqolalarining 100 ga yaqini xorijiy tillarda (ingliz va rus) jahonning (AQSh, Kanada, Yevropa, Rossiya, Yaponiya, Janubiy Korea, Xitoy) nufuzli jurnallarida (“Silicon”, “Physics of The Solid State”, “Semiconductors”, “Technical Physics Letters”, “Applied Solar Energy”, “Journal of Materials Science Research”, “Advances in Materials Science and Engineering”, “International Journal of Modern Physics B”, “Advances in Condensed Matter Physics”, “The Transactions of the Korean Institute of Electrical Engineers”, “Physical Sciences & Technology”, “IOP Conf. Series: Materials Science and Engineering”, “IOP Conference Series: Earth and Environmental Science”, “e-Journal of Surface Science and Nanotechnology”, “Физика твердого тела”, “Физика и техника полупроводников”, “Письма в Журнал технической физики”, “Альтьернативная энергетика и экология”, “Pedagogy & Psychology. Theory and practice”), 40 ga yaqini mahalliy jurnallarda (“Гелиотехника”, “Доклады АН РУз”, “Узбекский физический журнал”, “Euroasian Journal of Semiconductors Science and Engineering”, “Acta of Turin Polytechnic University in Tashkent Edition”, “Electronic Journal of Actual Problems of Modern Science, Education and Training”, “O‘zMU xabarlari”, “NamDU xabarlari”, “GulDU xabarlari”) chop qilingan. 



Ilmiy yoʻnalishining ko‘lami: amorf yarimo‘tkazgichlar texnologiyasi; elementar yarimo‘tkazgichlar va binar birikmalari asosidagi yarimo‘tkazgichli qattiq qorishmalar texnologiyasi; yarimo‘tkazgichli strukturalarda fotovoltaika, termovoltaika, fototermovoltaika va lyuminessensiya effektlari; kremniy hamda III-V va II-VI binar birikmalari integratsiyasi bo‘yicha ilmiy-amaliy gʻoyalar ijodkori.



Ilmiy-pedagogik faoliyati doirasida Sh. Usmonov oʻzbek fizika ilmiy maktabining izchil davomchisi. U yoshlarning ilmiy mafkuraviy, maʼrifiy va maʼnaviy dunyoqarashini shakllantirishda ibratli murabbiysi hisoblanadi va 4 nafar shogirdlari fan nomzodi, 3 nafari magistrlik dissertatsiyalarini yoqlagan.



Sh. Usmonov 2019-yilda Oʻzbekiston Respublikasi FA S.A. Azimov nomidagi Fizika-texnika instituti huzuridagi texnika fanlari va fizika-matematika fanlari bo‘yicha falsafa doktori (PhD) va fan doktori (DSc) ilmiy darajalarni beruvchi ilmiy kengash a’zosi, ushbu ilmiy kengash qoshidagi “Yarimo‘tkazgichlar fizikasi” ixtisosligi bo‘yicha ilmiy seminar raisining o‘rinbosari, 2020-yildan boshlab hozirgacha ushbu ilmiy kengash raisining o‘rinbosari, hamda ilmiy kengash qoshidagi “Yarimo‘tkazgichlar fizikasi” ixtisosligi bo‘yicha ilmiy seminar raisi, shuningdek “Yarimo‘tkazgichlar fizikasi” (fizika-matematika fanlari, texnika fanlari) ixtisosligi bo‘yicha malakaviy imtihon qabul qilish komissiyasi a’zosi; 2021-2022-yillarda Toshkent viloyati Chirchiq davlat pedagogika universiteti huzuridagi pedagogika fanlari doktori (DSc) ilmiy darajasini beruvchi ilmiy kengash a’zosi; 2016-yildan hozirgacha S.A. Azimov nomidagi Fizika-texnika instituti Ilmiy kengashi a’zosi; 2016-2018 yillarda S.A. Azimov nomidagi Fizika-texnika instituti Yarimo‘tkazgichlar fizikasi yo‘nalishi bo‘yicha seminar raisi; 2019-yilda ushbu institutdagi Yarimo‘tkazgichlar va qattiq jismlar fizikasi yo‘nalishi bo‘yicha Ilmiy-texnik kengash raisi; 2020-yildan boshlab S.A. Azimov nomidagi Fizika-texnika institutida tayyorlangan (yaratilgan) ilmiy maqolalar va texnik ishlanmalarni ekspertiza qilish komissiyasi, hamda tayanch doktorantura (PhD), mustaqil izlanuvchilar  instituti va stajyor-tadqiqotchilar institutiga qabulni shakllantirish komissiyasi a’zosi; 2021-yildan boshlab Oʻzbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi  Prezidiumi huzuridagi ekspert komissiyasi a’zosi; 2018-2021-yillarda Oʻzbekiston Respublikasi Xalq ta’limi vazirligi huzuridagi Respublika ta’lim markazi huzuridagi Fizika fani bo‘yicha Ilmiy-metodik kengash a’zosi; 2023-2024-yillarda Oʻzbekiston Respublikasi Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi huzuridagi “Matematika, fizika va mexanika fanlari” bo‘yicha Ilmiy-texnik kengash a’zosi; 2022-yilda Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar mahkamasi Huzuridagi Ta’lim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasi huzuridagi fizika fani bo‘yicha O‘rta talim o‘quv darsliklari sifatini nazorat qilish ekspert guruhi a’zosi; 2020-yildan boshlab “Applied Solar Energy” Xalqaro ilmiy jurnali tahrir hay’ati a’zosi; 2021 yildan boshlab “Fan, ta’lim va amaliyot integrasiyasi” ilmiy-metodik jurnali tahrir hay’ati a’zosi; 2016-2017-yillarda ELSEVIER nashriyotining «Materials Science and Engineering B» jurnali ekspert guruhi a’zosi; 2008-2009-yillarda Toshkent shahrida, 2010-2014-yillarda Respublika miqyosida, 2021-yilda Xalqaro miqyosda Umumiy o‘rta ta’lim maktab oʻquvchilari oʻrtasida fizika fanidan oʻtkazilgan olimpiada jyuri hay’ati a’zosi bo‘lgan.



Sh. Usmonov mahalla hayotida ham faol. U 1997-2000-yillarda ko‘cha boshlig‘i, 1998-2001-yillarda mahalla vakili, 2000-2002-yillarda mahalla posboni va 2002-2004-yillarda mahalla yoshlari bilan ishlash “Kamolot” guruhi rahbari, mahalla hududida joylashgan umumiy o‘rta ta’lim maktabida ota-onalar kengashining raisi sifatida faoliyat ko‘rsatgan. Mahalla obodonlashtirish ishlarida, jamoat ishlarida faol ishtirok etadi, o‘z yordamini ayamaydi.