Oliy taʼlim tizimida turli yillarda oddiy oʻqituvchilikdan boshlab to Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirigacha boʻlgan qator yuqori lavozimlarni egallagan iqtisodiyot fanlari doktori, professor Vahobov Alisher Vosiqovich vatanimiz oliy taʼlim tizimida amalga oshirilgan qator islohotlar tashabbuskori sifatida tilga olinadi. Alisher Vahobovning haqiqiy maʼnodagi rahbarligi va liderlik qobiliyati uning qatʼiyati, ilgʻorligi va yoshlarga xos shijoatida namoyon boʻladi. Uning har bir qarorida ana shunday yolqin shijoat aks etib turadi. U tabiatan jonkuyar, odamlar dardi-tashvishi bilan yashaydigan inson, yaratuvchan shaxs.
Vahobov Alisher Vosiqovich 1963-yilning 12-may kuni Toshkent shahrida – ilmga ragʻbati nihoyatda baland boʻlgan ziyoli oilada tavallud topgan. Boshlangʻich savodini 1970-1980-yillar oraligʻida Toshkent shahrining Chilonzor tumanida joylashgan 200-oʻrta maktabda chiqarganidan soʻng, 1981-yilda Toshkent Davlat universitetining “Falsafa-iqtisod” fakultetiga qarashli “Siyosiy iqtisod” boʻlimiga oʻqishga qabul qilingan. 1986-yilda universitetni muvaffaqiyatli yakunlab, Toshkent xalq xoʻjaligi institutining “Siyosiy iqtisod” kafedrasida oʻz pedagogik faoliyatini boshlagan.
1986-1989-yillarda mazkur institutning “Siyosiy iqtisod” kafedrasi oʻqituvchisi (assistent), 1989-1991-yillarda katta oʻqituvchisi, 1991-yildan boshlab Toshkent moliya institutining “Siyosiy iqtisod” kafedrasi katta oʻqituvchisi lavozimlarida faoliyat koʻrsatgan.
1992-yilda “Qishloqlarda sotsial muammolarni hal etishda nomoddiy jamgʻarishning roli” mavzusida nomzodlik, 2001-yilda esa “Bozor munosabatlariga oʻtish sharoitida koʻp ukladli iqtisodiyot va uning takror hosil boʻlishi” mavzusida doktorlik dissertatsiyalarini muvaffaqiyatli himoya qilganidan soʻng, 1994-yildan Toshkent moliya institutining “Siyosiy iqtisod” kafedrasi dotsenti lavozimida mehnat faoliyatini davom ettirgan. Keyinchalik, 1998-1999-yillarda Toshkent moliya instituti qoshidagi Soliq oʻquv markazining “Umumiqtisodiy nazariya” kafedrasi mudiri, 1999-yildan mazkur institutning “Moliya-iqtisod” fakulteti dekani, “Moliya” kafedrasi dotsenti, 2002-yilgacha “Moliya-iqtisod” fakulteti dekani, “Moliya” kafedrasi professori lavozimlarida faoliyat yuritgan.
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligining 2002-yil 30-martdagi Vahobov Alisher Vosiqovichni Toshkent moliya institutining “Oʻquv ishlari” boʻyicha prorektori etib tasdiqlash toʻgʻrisidagi 4/10-sonli Hayʼat qarori va vazirlikning shu mazmundagi 2002-yil 4-apreldagi 15K-sonli buyrugʻiga muvofiq, u 2002-2005-yillarda Toshkent moliya institutining oʻquv ishlari boʻyicha prorektori, “Moliya” kafedrasi professori lavozimlarida ishlagan.
2005-2012-yillar oraligʻida Alisher Vahobov Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2005-yil 10-martdagi 83-sonli Qaroriga muvofiq, dastlab Toshkent moliya instituti rektori, 2012-yil 30-iyuldagi 230-sonli Qaroriga binoan esa 2012-2014-yillar orasida Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti rektori vazifalarida faol mehnat qilgan. Oʻsha kezlarda Oʻzbekiston ilm-fanining dargʻalaridan biri, yetuk maʼrifat kishisi boʻlgan akademik Murod Sharifxodjayev rahbarlik qilib turgan Toshkent moliya institutiga rektor boʻlish orzusida yurganlar juda koʻp edi. Ammo “zar qadrini zargar biladi” deganlaridek, ayni chogʻdagi davlat va fan arbobi Murod Sharifxodjayevdek buyuklikka daxldor bir insonning oʻzi ham moliya-iqtisod sohasini yaxshi bilgan, unga astoydil mehr qoʻygan, gʻayratli, tashabbuskor, oʻzining rahbarlik va tashkilotchilik qobiliyatini koʻpdan beri namoyon qilib kelayotgan, hammaga birdek manzur, dunyoqarashi keng, samimiy fazilatlar sohibi va zamonaviy taʼlim tizimini yaxshi anglab, uni amaliyotga joriy etishga qodir deya, aynan Alisher Vahobov nomzodini qoʻllab-quvvatlaydi va rektorlik oʻrniga uni munosib koʻradi. Oʻsha kundan eʼtiboran to 2012-yilga qadar, yaʼni hukumat qarori bilan Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti rektorligiga tayinlangunigacha u, hech mubolagʻasiz aytish mumkinki, Toshkent moliya institutining rivojlanishiga ulkan hissa qoʻshdi. Taʼlim muassasasi uning saʼy-harakatlari bilan respublikadagi yuqori malakali mutaxassislarni yetishtiradigan yetakchi oliy taʼlim maskaniga aylandi. Institut rekonstruksiyasi uchun juda katta kuch sarfladi. Oʻzining ham moddiy, ham tashkilotchilik imkoniyatlarini toʻliq safarbar qildi. Qisqa vaqtlar ichida u institutni yirik kampusga aylantirishga erishdi, uning toʻliq qayta rekonstruksiya qilinishi va zamonaviylashtirilishi uchun u qoʻliga mehnat qurollarini olib, ishchilar orasida teng ter toʻkib mehnat qildi desak ayni haqiqat boʻladi. Bu tashabbuskorona faoliyatlari Toshkent davlat iqtisodiyot universitetiga rektor lavozimiga tayinlanganidan keyin ham davom etaverdi. Bu yerda ham u katta taʼmirlash va jihozlash, oʻquv jarayonini zamon talablariga mos qayta tashkil etishga katta ahamiyat qaratdi.
“Yaxshi rahbar boʻlishni istagan kishining oʻzi, avvalo, rahbar qoʻl ostida ishlab koʻrishi lozim” degan xalqchil bir ibora bor. Alisher Vahobovning Murod Sharifxodjayevdek ulkan salohiyatli olim va davlat arbobi boʻlgan oʻz ustozidan juda koʻp rahbarlik fazilatlarini olganligi uning vazir lavozimida faoliyat yuritgan vaqtlarida yanada yaqqolroq koʻzga tashlandi.
Zero, u 2014-yildan 2016-yilga qadar Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2014-yil 10-apreldagi PQ-2163-son Qaroriga asosan Oʻzbekiston Respublikasi Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vaziri lavozimida faoliyat yuritgan. Professor Alisher Vahobov tashabbuskorligi va rahbarligida Oʻzbekiston Respublikasining “Taʼlim toʻgʻrisida”gi va “Kadrlar tayyorlash milliy dasturi toʻgʻrisida”gi Qonunlariga muvofiq Oliy va oʻrta maxsus taʼlim tizimida qator ishlar bajarildi. Xususan:
1. Uning rahbarligida mamlakatimiz taʼlim tizimida sezilarli islohotlar amalga oshirildi. U natijaviylikka yoʻnaltirilgan taʼlim jarayonini tashkil etish yoʻlidagi muammolarni toʻliq idrok etar va bu boradagi subyektiv faktorlardan toʻliq holi boʻlgan yangi shaffof tizim barpo etish borasida tinimsiz izlanardi. Oʻsha vaqtlarda, yaʼni 2000-yillar boshida u oʻquv jarayoniga kredit tizimini joriy etish zarurligi va uni muqobili yoʻqligini qayta-qayta taʼkidlab, ertami-kechmi bu tizim joriy etilishiga ishongan. Bu Alisher Vahobovning bir qadam oldinda yurishi, hech boʻlmaganda, zamon bilan hamnafas ekanligini yana bir bor tasdiqlaydi. Vaholanki, oʻsha davrlarda koʻpchilik kredit taʼlim tizimi bilan tanish emas edi. Shuning uchun, uning mazkur tizim haqidagi bilimlari atrofdagilarni hayratga solgan.
Shu maqsad doirasida u xalqaro loyihalarda faollik koʻrsatadi. Jumladan, AQSH taʼlim departamenti loyihasi doirasida Texas A&M universiteti bilan hamkorlikda xalqaro kredit-modul tizimini Oʻzbekistonga joriy etish borasida, dastlab Toshkent moliya institutining magistratura mutaxassisliklarida, keyinchalik Toshkent davlat iqtisodiyot universitetining bakalavriatura ixtisosliklarida ham qator tajribaviy ishlar amalga oshirildi. Alisher Vahobov oʻzining keyingi faoliyatlarida ham mazkur tizimni vatanimizning barcha oliy oʻquv yurtlarining magistratura mutaxassisliklari va bakalavriat yoʻnalishlariga joriy etilishi tashabbuskori boʻldi. Aynan Alisher Vahobovning Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vaziri lavozimida faoliyat koʻrsatgan davrlarida respublikamiz boʻylab taʼlimning kredit tizimini bosqichma-bosqich joriy etishga asos solingan edi desak, yanglishmagan boʻlamiz.
2. Uning ana shu tashabbuskorona faoliyatlari natijasida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Chet tillarni oʻrganish tizimini yanada takomillashtirish chora- tadbirlari toʻgʻrisida”gi 2012-yil 10-dekabrdagi PQ-1875-sonli Qarori ijrosi yuzasidan oliy taʼlimda mutaxassislik fanlarini ingliz tilida oʻqitish tashkil etildi.
3. Alisher Vahobov uchun goʻyo zamonaviy taʼlimdan boʻlak boshqa hamma jarayon ikkinchi darajali edi. Uning tashabbusi bilan Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2013-yil 27-iyundagi “Oʻzbekiston Respublikasi Milliy axborot-kommunikatsiya tizimlarini yanada rivojlantirish choralari toʻgʻrisida”gi PQ-1989-sonli Qarorida belgilangan vazifalar ijrosi yuzasidan oliy taʼlimda “Taʼlim” axborot tizimlari majmuasi ishlab chiqilib, samarali faoliyati yoʻlga qoʻyildi.
4. Uning rahbarligida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2015-yil 12-iyundagi “Oliy taʼlim muassasalarining rahbar va pedagog kadrlarini qayta tayyorlash va malakasini oshirish tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi PQ-4732-son Farmoni ijrosi yuzasidan 2015-yilning sentyabr oyidan oʻquv kurslari faoliyat boshladi.
5. Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2001-yil 16-avgustdagi “Oliy taʼlimning davlat taʼlim standartlarini tasdiqlash toʻgʻrisida”gi 343-sonli hamda 2015-yil 25-avgustdagi “Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining ayrim qarorlariga pedagogik faoliyat samaradorligi va sifatini oshirish bilan bogʻliq oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida”gi 246-sonli Qarorlari yuzasidan vazirlikning 2015-yil 9-sentyabrdagi 5-2015-sonli “Oliy taʼlim muassasasi professor-oʻqituvchilar tarkibining oʻquv, ilmiy-metodik, ilmiy tadqiqot, tashkiliy-metodik, maʼnaviy-axloqiy va tarbiyaviy ishlar yuklamasini aniqlash qoidalarini tasdiqlash toʻgʻrisida”gi buyrugʻi bilan oliy taʼlimning pedagog-kadrlari tarkibining shaxsiy ish rejasi tartibga solindi va tizimlashtirildi.
6. 2009-yildan boshlab Toshkent moliya instituti huzuridagi D 067.60.01-sonli Birlashgan ixtisoslashgan kengashda 08.00.01- “Iqtisodiyot nazariyasi”va 08.00.12- “Mintaqaviy iqtisodiyot” ixtisosliklariga iqtisod fanlari doktori ilmiy darajasini olish uchun dissertatsiyalarni himoya qilish boʻyicha ixtisoslashgan kengash ochildi va 2012-yilga qadar muvaffaqiyatli faoliyat koʻrsatdi.
7. Vahobov Alisher Vosiqovich rahbarligida taʼlimning xalqaro darajadagi globallashuvi va integratsiyasi sharoitida oʻquv jarayoniga jahon andozalari darajasidagi innovatsiyalarni joriy etish, taʼlim grantlari doirasida mamlakat moliya-bank tizimi uchun yuqori malakali kadrlarni tayyorlashga yoʻnaltirilgan jiddiy qadamlar tashlandi.
Alisher Vahobov jahonning yetakchi oliy taʼlim muassasalarida malaka oshirgan, maʼruzalar oʻqigan, xalqaro ilmiy-amaliy konferensiyalarda oʻz maʼruzalari bilan chiqishlar qilgan. Xususan, AQSH, Rossiya Federatsiyasi, Yaponiya kabi davlatlarda boʻlib, u yerdagi bir qator nufuzli oliy taʼlim muassasalarining oʻquv-tanishuv stajirovkalarida ishtirok etgan. 2000-2008-yillar davomida AQSH, Rossiya Federatsiyasi, Yaponiya, Malayziya, Janubiy Koreya, Hindiston kabi dunyoning rivojlangan mamlakatlarida boʻlib, taʼlim jarayoniga xalqaro munosabatlar bilan tanishdi.
Shuningdek, soʻngi yillarda jahonning taʼlim tizimi taraqqiy etgan qator davlatlariga amalga oshirgan tashriflari chogʻida u Janubiy Koreyaning “KOICA”, Xitoyning “Hisens”, Yaponiyaning “Noritsuisu” mebel ishlab chiqarish korxonasi, “ASIBIZ LIMITED” LLC rekruting kompaniyasi, “Aichi Electric Wire” elektr simlari va kabellarini ishlab chiqarish va sotish korxonasi, “Setsubi Giken” qurilish muhandisligi tadqiqoti kompaniyasi, “Ishikawa” sanoat uskunalari ishlab chiqarish kompaniyasi, “Horikawa Industries” konditsioner uskunalarini qurish va zanglamaydigan poʻlatdan yasalgan konstruksiyalarni amalga oshirish kompaniyasi, “Soken Sekkei Jimusho Limited” qurilish kompaniyasi, “Shinko Co., Ltd.” Umumiy ichki interyer mahsulotlarini ishlab chiqarish korxonasi, “Higuchi Consulting Co., Ltd.” Axborot-kommunikatsiya tizimlarini ishlab chiqarish, ekspluatatsiya qilish va boshqarish boʻyicha muhandislik xizmatlari koʻrsatish tashkiloti, “Okinawa” agentligi, “UMAJIRUSH Co LTD” korxonasi, “Terumasa Gumi Co LTD” qurilish kompaniyasi, “ACES JAPAN”, “OUKAWAY”, “NSG Group”, “Dragon company” xorijiy korxonalari, “Cross Cat Co. Ltd” IT-giganti kabilar bilan amaliyot oʻtash, ish bilan bandlik va soha pedagoglari hamda talabalarning xalqaro stajirovkalari masalasida kelishuvlarga erishdi.
Janubiy Koreyaning Hanyang, Degu, Kookmin, Sungkyunkwan universitetlari hamda Pusan milliy universiteti, AQSHning Portland davlat universiteti, Ruzvelt, George Fox, Corban, Baylor, Hauston universitetlari, Chexiyaning Chexiya tabiiy fanlar universiteti, Avstraliyaning Edith Cowan University taʼlim muassasasi, Ispaniyaning International University of Catalonia, San Pablo CEU University, Portugaliyaning Nova University in Lisbon, Yaponiyaning Nagoya iqtisodiyot universiteti, Japan Institute of Architecture and Design (Japan Architecture and Art Academy), Aoyama Gakuin, Okinawa Christian University, Niigata University of Health and Welfare, Okinawa Womenʻs Junior College taʼlim tashkilotlari, Xitoyning Shandung, Qingdao University of Technology (QUT) universitetlarida boʻlib, Toshkent Kimyo xalqaro universitetining “2+2”, “3+1” bakalavriat dasturlari hamda magistratura bosqich talabalari “2+1” “1,5+1,5” hamda PhD doktorantura dasturlarida ingliz tilida tahsil olish boʻyicha memorandumlar imzoladi. Ushbu kelishuvlar natijasi nafaqat Toshkent Kimyo xalqaro universiteti, balki vatanimiz iqtisodiyotining barcha sektorlarida oʻz natijasini berib kelmoqda.
Shu kunga qadar, professor Alisher Vaxobov tomonidan 200 dan ortiq ilmiy ishlar, jumladan, 40 tadan ortiq darslik va oʻquv uslubiy qoʻllanmalar, 4 ta ilmiy monografiya, 150 dan koʻp ilmiy maqolalari xorij ilmiy jurnallari va xalqaro konferensiya materiallari toʻplamlarida chop etilgan.
Professor Alisher Vaxobov serqirra olim, zabardast iqtisodchi sifatida mamlakatimizning rivojlanishiga munosib hissa qoʻshadigan shogirdlar tayyorlagan. U asos solgan “Oʻzbekistonda moliya, bank, hisob tizimini muvofiqlashtirishning ilmiy asoslari” nomli ilmiy maktabidan 18 dan ortiq fan nomzodlari va 9 nafar fan doktorlari yetishib chiqqan. Ularning barchasi bugungi kunda iqtisodiyot sektorlarida, taʼlim tizimining rahbarlik boʻgʻinlarida, turli oliy taʼlim muassasalarida faoliyat yuritib, xalq va davlat manfaatlariga munosib hissa qoʻshib kelmoqdalar.
Iqtisodiy islohotlarning keyingi bosqichlarida asosiy eʼtibor mamlakat taraqqiyotining muhim tayanchi boʻlgan yoshlar taʼlim-tarbiyasiga fokuslanganligi kadrlar tayyorlash va ularning salohiyatini oshirish, kasb-hunar va oliy taʼlim berishni maksimal darajaga olib chiqishni taqozo qilishini u yaxshi idrok etdi. Shu sababdan uning 2017-yildan keyingi faoliyatlari, asosan nodavlat taʼlim tizimidagi xatti-harakatlarida kuzatila boshlandi. Doimiy ravishda yangiliklarni oʻrganib borish, innovatsion mahsulotlarni ishlab chiqish va joriy etishga intilish, muayyan muammolarni hal etishning samarali usullarini izlash kabi shaxsiy fazilatlari va qiziqishlari sababli, Alisher Vahobovni taʼlimning turli sohalari yoʻl boshchisi va islohotchisi deyish maqsadga muvofiqdir. Bunga koʻplab misollar keltirish mumkin. Masalan, taʼlimning uzluksizligi va ajralmasligini taʼminlashga boʻlgan doimiy intilishi maktabgacha taʼlimdan tortib, doktoranturagacha boʻlgan “taʼlim klasteri”ni yaratish imkonini berdi. Alisher Vahobov mamlakatimizda birinchilardan boʻlib “nodavlat taʼlim klaster”ini yaratdi. Uning saʼy-harakatlari samarasi oʻlaroq, oʻsha yilning oʻzida Oʻzbekistondagi birinchi, jahon taʼlim standartlariga muvofiqlashtirilgan xalqaro bakalavr dasturiga mos “Vosiq International school and kindergarten” maktabgacha va umumtaʼlim muassasasi barpo etildi. 2024-yildan mazkur taʼlim muassasasining Yunusobod filiali faoliyati ham yoʻlga qoʻyildi.
Shubha yoʻqki, har bir inson hayotda maʼlum bir iz qoldiradi. Ammo butun oʻy-fikrlari ezgu va buyuk maqsadlarni amalga oshirishga qaratilgan insonlarning bosib oʻtgan yoʻllari hamisha boshqalarnikidan alohida ajralib turadi. Ular qilgan ishlar keyingi avlodlar uchun nafaqat ibrat, balki koʻp muhim va dolzarb masalalarni yechish uchun mayoq vazifasini oʻtaydi. Taʼlimning, ilm-fanning sermashaqqat mehnat evaziga voyaga yetgan daraxti hosilidan bir tatib koʻrgan odam oʻzga taqdirga koʻnika olmaydi. Alisher Vahobov aynan shunday insonlar toifasidandir. Uni zamonamizning qahramoni sifatida baholashimiz mumkin, zero, uning vatanimiz ravnaqi yoʻlida qilayotgan mehnati, amalga oshirayotgan ezgu amallari, iqtisodiy va maʼnaviy koʻmaklari minglab yoshlarning oliy maʼlumotli boʻlishiga, kuchli raqobatga asoslangan mehnat bozoriga qoʻrqmasdan kirib borishiga, jamiyat hayotida oʻz oʻrniga ega boʻlishiga yoʻl ochmoqda.
2018-yilda nodavlat taʼlim tizimini rivojlantirish borasida yana bir muhim qadam aynan Alisher Vahobov tomonidan tashlandi desak, aslo mubolagʻa boʻlmaydi. Uning mamlakatimizda zamonaviy oʻqitish texnologiyalari orqali taʼlim sifatini oshirishga boʻlgan jiddiy harakatlari samarasi oʻlaroq, mamlakatimizda birinchi nodavlat oliy taʼlim tashkilotining, yaʼni Janubiy Koreya Respublikasi bilan birgalikda tashkil etilgan Toshkent Yodju texnika institutining barpo etilishi nodavlat taʼlim tizimi taraqqiyoti hamda vatanimiz yoshlarining taʼlimga boʻlgan ishtiyoqlarini ragʻbatlantirish borasidagi muhim voqea boʻldi.
2018-2020-yillar mobaynida mazkur institutga Alisher Vahobovning oʻzi rektorlik qildi. Oʻqitishning kredit-modul tizimi boʻyicha mukammal strategik asosda tashkil etilishi mana shu birorta ham analogi mavjud boʻlmagan zamonaviy oliy taʼlim muassasasida respublikada birinchi boʻlib toʻlaqonli amalga oshirildi. Mazkur taʼlim tashkiloti Toshkent Kimyo xalqaro universiteti maqomini olganidan soʻng, uning respublika boʻylab ikkita – Namangan hamda Samarqand filiallari tashkil etildi. Shuningdek, Toshkent shahrining bir nechta hududlarida 4 ta yirik kampuslari qad rostlab, bir qator taʼlim yoʻnalishlari boʻyicha kadrlar tayyorlash borasida qizgʻin faoliyat olib bormoqda. Ayni vaqtda Vahobov Alisher Vosiqovich mazkur taʼlim tashkilotining Kuzatuv Kengashi raisi lavozimida mehnat qilib kelmoqda.