Olim

YOʻLDOSHEV NURBEK ERGASHEVICH

Veterinariya fanlari doktori, professor

Nurbek Yo‘ldoshev 2011-yilda “O‘zbekiston Respublikasi Mustaqilligining 20 yilligi”, 2016-yilda “O‘zbekiston Respublikasi Mustaqilligining 25 yilligi”, 2017-yilda “O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi qabul qilinganligining 26 yilligi”, 2019-yilda O‘zbekiston Respublikasi “Qishloq xo‘jaligi fidoiysi”, 2023-yilda “ O‘zbekiston Veterinariya fidoiysi” ko‘krak nishonlari hamda Qishloq xo‘jaligi vazirligi va Veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish qo‘mitasining faxriy yorliqlari bilan taqdirlangan.



N.Yo‘ldoshev 1984-1991-yillarda Samarqand qishloq xo‘jaligi oliygohi veterinariya fakulteti talabasi (1986-1988-yillarda armiya safida) bo‘lgan.



1991-yilda oliygohni imtiyozli diplom bilan tugatib, shu yili O‘zbekiston veterinariya ilmiy-tadqiqot instituti aspiranturasiga o‘qishga kirgan.



1994-yilning mart oyida aspiranturani muddatidan oldin yakunlab, Respublikamizning shimoliy hududi hisoblangan Qoraqalpog‘iston Respublikasi va Xorazm viloyatining cho‘l, Buxoro viloyatining sug‘oriladigan va Samarqand viloyatining tog‘li hududlarida parvarishlanayotgan qo‘ychilik xo‘jaliklarida katta iqtisodiy zarar keltiradigan oshqozon-ichak tizimida tekinxo‘rlik qiladigan umumiy nom bilan “Trixostrongilidozlar” deb ataladigan gelmintoz kasalliklari bo‘yicha nomzodlik dissertatsiyasini professor Anvar Oripovich Oripov rahbarligida muvaffaqiyatli himoya qilgan.



1994-1995-yillarda shu veterinariya ilmiy tadqiqot institutida ilmiy xodim, katta ilmiy xodim vazifalarida faoliyat ko‘rsatgan.



U o‘zing ilm-fanda olgan bilim va ko‘nikmalarini amaliyotga tatbiq etish maqsadida 1995-yilning kuzida o‘zi tug‘ilib o‘sgan Buxoro viloyatining Jondor tumaniga qaytib, tuman veterinariya bo‘limida veterinariya vrachi, tuman veterinariya bosh vrachi yordamchisi va o‘rinbosari vazifalarida 1997-yilgacha faoliyat olib borgan.



1997-yilda Buxoro viloyati Jondor tumani Qishloq va suv xo‘jaligi boshqarmasi boshlig‘ining chorvachilik masalalari bo‘yicha o‘rinbosari vazifasiga tayinlangan hamda tumanda chorvachilik tarmoqlarini rivojlantirish hamda veterinariya xizmatini yaxshilash borasida mehnat qilgan.



N. Yo‘ldoshev amaliyotdagi ish faoliyati davrida ham veterinariya fanlari doktori, professor A. Oripov rahbarligida ilm fan bilan shug‘ullanishni davom ettirgan.



N. Yo‘ldoshev 1999-2001-yillarda Buxoro viloyati Qishloq va suv xo‘jaligi boshqarmasining chorvachilik va ozuqa yetishtirish bo‘limi boshlig‘i hamda 2001-2007-yillarda Buxoro viloyati veterinariya laboratoriyasi direktori vazifalarida ishlab, Buxoro viloyatida chorvachilik va veterinariya sohalarini rivojlantirishga o‘zing munosib hissasini qo‘shgan. U 2001-2005-yillarda Jondor tuman kengashi deputati sifatida ham faoliyat olib borgan.



U Jondor tumani va Buxoro viloyatida ishlagan davrlarida o‘zining halolligi va mehnatsevar hamda tashabbuskorligi bilan rahbariyat ishonchiga kirib, 2007-yilda O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining Qishloq va suv xo‘jaligi, qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini qayta ishlash hamda iste’mol tovarlari masalalari axborot-tahlil departamenti Chorvachilikni rivojlantirish masalalari shubasi mudiri vazifasiga tayinlangan.



Shu davrda uning tashabbusi bilan Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligi mamlakatlarida birinchi bo‘lib, Toshkent viloyati Qibray tumanida joylashgan “O‘znaslchilik” korxonasida Germaniya texnologiyasi asosida mahalliy sharoitda naslli buqalar urug‘ini mahalliy sharoitda qadoqlash liniyasi ishga tushirilgan.



N. Yo‘ldoshev 2008-yilda O‘zbekiston Respublika Davlat veterinariya xizmati  rahbarligiga tayinlangan va uning veterinariya xizmatiga 6 yillik rahbarlik faoliyati davrida respublikamizning uzoq hududlaridagi chorva mollariga uzluksiz veterinariya xizmatlarini amalga oshirish maqsadida 2500 ta zooveterinariya shoxobchalari yangidan tashkil etilgan.



U 2014-2020-yillarda Respublika Qorako‘lchilik tizimiga rahbarlik qilgan va Respublikamizning yarim cho‘l, cho‘l hududlarda joylashgan va shu og‘ir sharoitlarda istiqomat qilayotgan aholining asosiy daromad manbai hisoblangan qorako‘lchilik sohasini rivojlantirish bo‘yicha samarali mehnat qilgan.



Uning tashabbusi bilan qorako‘lchilik sohasini rivojlantirish, qorako‘l qo‘ylari bosh sonini ko‘paytirish, sohada naslchilik ishlarini takomillashtirish, qorako‘lchilik bilan shug‘ullanayotgan xo‘jaliklar daromadlarini oshirish, yangi ishchi o‘rinlari yaratish va qorako‘lchilik xo‘jaliklari manfaatlarini himoya qilish bo‘yicha samarali ishlar amalga oshirilgan.



Jumladan, 2018-2020-yillarda Qorako‘lchilik sohasida naslchilik ishlarini ilmiy asosda yo‘lga qo‘yish maqsadida Qashqadaryo viloyatining G‘uzor tumanida qorako‘l qo‘ylarining “qora va ko‘k rangi” bo‘yicha, Navoiy viloyatining Konimex tumanida qorako‘l qo‘ylarining “sur rangi” bo‘yicha hamda Qoraqalpog‘iston Respublikasining Taxtako‘pir tumanida “Qoraqalpoq suri” bo‘yicha yangidan ilmiy tajriba stansiyalari qurilib, faoliyatlari yo‘lga qo‘yilgan.



Shuningdek, Buxoro viloyati Kogon tumanida esa terini qayta ishlash va undan tayyor qorako‘lchilik mahsulotlari ishlab va “O‘zbek brendi” bilan dunyo bozorlarida qayta ishlangan qorako‘l teri va uning tayyor mahsulotlar sotish maqsadida  yangidan “Qorako‘l terini qayta ishlash korxonasi zavodi” qurilib, ishga tushirilgan.



Shuningdek, qorako‘l qo‘ylarini boqish uchun mo‘ljallangan cho‘l hududlarida yaylovlar degradatsiyasini oldini olish, cho‘l o‘simliklar turini ko‘paytirish hisobiga yaylovlar hosildorligini oshirish  maqsadida Buxor viloyatida “Cho‘l-yaylov ozuqabop o‘simliklar urug‘chiligi ilmiy-ishlab chiqarish” markazi tashkil etilgan. Shuning bilan birga Qashqadaryo viloyati Muborak tumanida katta qo‘y terisini qayta ishlash korxonasi, Navoiy viloyati Qiziltepa tumanida esa granulali yem ishlab chiqarish korxonalari faoliyati yo‘lga qo‘yilgan.



N. Yo‘ldoshev 2020-yilning 30-sentyabridan hozirgi vaqtgacha O‘zbekiston Respublikasi Veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish qo‘mitasi huzuridagi veterinariya dori vositalari va mahsulotlarini sinovdan o‘tkazish davlat ilmiy nazorat markazi direktorini lavozimida o‘z faoliyat yuritmoqda.



U amaliyotda faoliyat ko‘rsatishi bilan ilmiy faoliyatni ham davom ettirib, bir qator loyihalarda xususan, 2009-2010-yillarda “Qo‘y gelmintozlariga qarshi ximioprofilaktik vositalarni takomillashtirish va amaliyotga tatbiq etish”, 2009-2011-yillarda “Chorva mollari gelmintozlariga qarshi yangi uslub-vositalarni ishlab chiqish va amaliyotga tatbiq etish”, 2012-2013-yillarda “Qoramol va qo‘y-echkilarning asosiy gelmintozlariga qarshi mahalliy antgelmint vositalar izlab topish, ularni sinovdan o‘tkazish va amaliyotga tatbik etish”, 2014-2015-yillarda “Mahalliy xomashyo va vositalar asosida chorva mollari gelmintozlariga qarshi yangi davolash-profilaktika chora-tadbirlarini ishlab chiqish va amaliyotga tatbiq etish” 2015-2017-yillarda “Chorva mollari va parrandalarning gelmintozlariga qarshi kurash usullari va omillarini takomillashtirish, yangi davolash-profilaktika vositalarini yaratish va amaliyotga tatbiq etish” hamda 2018-2020-yillarda “Chorva mollari va parrandalarni xavfli gelmintozlardan himoyalash, profilaktika choralarini takomillashtirish, antigelmint preparatlar yaratishning ilmiy asoslari va metodologik jihatlarini ishlab chiqish” mavzularidagi ilmiy-amaliy hamda innovatsion loyihalar bajarilishida ishtirok etgan.



U 2009-yilda Toshkent agrar universiteti malakaviy va davlat imtihonlari komissiyasi raisi bo‘lgan.



N. Yo‘ldoshev 2018-yilda professor A. Oripov rahbarligida “Gelmintozlarga qarshi kurashning zamonaviy uslub va vositalari” mavzusida doktorlik dissertatsiyasini himoya qilgan.



Unga 2020-yilda katta ilmiy xodim va 2022 yilda professor ilmiy unvonlari berilgan. 2020-yilda Samarqand qishloq xo‘jalik instituti va chorvachilik, parrandachilik va baliqchilik ilmiy-tadqiqot instituti huzuridagi ilmiy darajalar beruvchi DSc27.06.2017 Qx/V. 12.02 raqamli ilmiy kengash a’zosi sifatida doktorlik dissertatsiyalari muhokamalarida faol ishtirok etgan.



2021-yilda Samarqand veterinariya meditsinasi instituti huzuridagi veterinariya fanlari bo‘yicha ilmiy darajalar beruvchi DSc 06/30.12.2019 Qx/V. 12.01 raqamli va Samarqand veterinariya meditsinasi institutining Toshkent filiali huzuridagi qishloq xo‘jaligi va veterinariya fanlari bo‘yicha falsafa doktori (PhD) ilmiy darajasini beruvchi PhD.06/09.07.2020.Qx/V.117.01 raqamli ilmiy kengashlari, Samarqand veterinariya meditsinasi institutining Toshkent filiali huzuridagi ilmiy darajalar beruvchi PhD.06/09.07.2020.Qx/V.117.01 raqamli kengash qoshidagi ilmiy seminar a’zolari hisoblanadi.



2021-yildan Innovatsion rivojlantirish vazirligi qoshidagi fan yo‘nalishlari bo‘yicha ilmiy – texnik kengash a’zosi.



Muallif tomonidan amalga oshirilgan ilmiy yechilmalar Veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish qo‘mitasining raisining buyrug‘i bilan amaliyotga joriy etilgan.



Natijada, “Chorvachilikka ixtisoslashgan xo‘jaliklarda gelmintozlarga qarshi kurashning davolash-profilaktika chora-tadbirlarining zamonaviy uslub- vositalari”, “Gelmintozlarga qarshi davolash-profilaktika chora-tadbirlari”, “Qorako‘lchilik xo‘jaliklarida gelmintozlarga qarshi davolash-profilaktika chora-tadbirlarining zamonaviy uslub vositalari” bo‘yicha ishlab chiqilgan ilmiy yechilmalar natijada Respublikaning barcha chorvachilik va qorako‘lchilik xo‘jaliklarida chorva mollarining gelmintozlar bilan zararlanish darajasi 60-70 foizga kamayishiga erishilgan.



N.Yuldashov tomonidan jami 125 ta ilmiy ishi chop etilgan.  Jumladan, 2 ta darslik, 4 ta o‘quv qo‘llanma, 1 ta monografiya, 3 - ta o‘quv-uslubiy ishlar, 5 - ta tavsiyanomalar ishlab chiqilgan hamda 9  ta ixtiroga patent olingan.



N. Yo‘ldoshev bugungi kunda Veterinariya dori vositalari va mahsulotlarini sinovdan o‘tkazish davlat ilmiy nazorat markazi direktori vazifasidagi faoliyatida ham  yosh kadrlarni tayyorlash va malakasini talabalik davridan oshira borish uchun ilmiy oliygohlar hisoblangan Samarqand VMDU Toshkent filiali va Toshkent agrar Universiteti talabalarini Ilmiy markazda laboratoriya tadqiqotlarini o‘tkazish va ilm bilan amaliyotni birgalikda olib borish borasida ustoz-shogird ananalarini  tashkil etgan.



Bugungi kunda Ilmiy markazda 10 dan ortiq talabalar 0,5 va 0,25 shtat birliklarida ishga qabul qilinib, ilm bilan amaliyot uyg‘unligi ta’minlanmoqda.     



N. Yo‘ldoshev chorvachilik va veterinariya sohasini rivojlantirishda, sohaga yetuk kadrlar yetishtirib berishda munosib hissa qo‘shib, Xalqaro va respublikada o‘tkazilayotgan ilmiy-amaliy konferensiyalarda o‘zining dolzarb muammolarni yechimiga qaratilgan ilmiy yondashuv va yangi yechinmalari bilan ishtirok etib kelmoqda.



 Bugungacha uning rahbarligida 2 ta falsafa fanlari doktori, 1 ta fan doktori hamda 20 dan ortiq magistrlik dissertatsiyalari himoya qilingan.Uning rahbarligidagi 1 nafar magistr O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti stipendiyasi sovrindori bo‘lgan.



Bugungi kunda N. Yo‘ldoshev asosiy ishidan ajralmagan xolda 3 ta tayanch doktorantga, 1 ta mustaqil izlanuvchiga hamda 2 ta magistrga ilmiy rahbarlik hamda 1 ta fan doktoriga ilmiy maslahatchilik qilib kelmoqda.



U o‘zining samimiyligi, halolligi, kamtarinligi, mehnatsevarligi, sohasiga sadoqati va yurtni sevishi va unga bo‘lgan mehri bilan ish joyida, veterinariya va chorvachilik sohasidagi kasbdoshlari, oilasi va mahalladoshlari orasida katta hurmatga ega.