Islamjon Yakubov 2014-yildan O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi a’zosi, 2012-2015-yillarda Uyushma qoshidagi “Nasr”, 2015-yildan hozirgacha “Adabiyotshunoslik va adabiy tanqid” ijodiy kengashi a’zosi.
Yakubov Islamjon Axmedjanovich 1961 yilda Xorazm viloyati, Hazorasp tumanida tug‘ilgan.
U Nukus davlat universitetining o‘zbek filologiyasi fakultetida tahsil olgan (1978-1983). I.Yakubov oʻz mehnat faoliyatini Xorazm viloyati Xazorasp tumanidagi umumta’lim maktablarida o‘zbek tili va adabiyoti fani o‘qituvchisi sifatida boshlagan (1983-1990).
I.A. Yakubov O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi A.S.Pushkin nomidagi Til va adabiyot (hozirgi O‘zbek tili, adabiyoti va folklori) instituti kunduzgi aspiranturasida tahsil olgan (1991-1993). U akademik Baxtiyor Nazarov ilmiy rahbarligida “Otajon Hoshimning adabiy-tanqidiy faoliyati” mavzusida nomzodlik dissertatsiyasini himoya qilgan (1993) va qotog’on qurbonlari haqidagi tarixiy haqiqatni tiklashga xizmat qilgan bu monografik tadqiqot adabiyotshunoslik ilmiga katta ulush bo‘lib qo‘shilgan.
O‘zbekiston Respublikasi OAK Rayosati qaroriga ko‘ra dotsent ilmiy unvonida tasdiqlangan (1998).
Yakubov Islamjon Axmedjanovich Urganch davlat universitetida o‘qituvchi, katta o‘qituvchi, dotsent, dekan muovini sifatida faoliyat yuritgan (1994-2002).
U O‘zbekiston Milliy universiteti doktoranturasida o‘qigan (2003-2005), Davlat soliq akademiyasi “Ma’naviyat-ma’rifat va iqtidorli talabalar bilan ishlash” bo‘limi boshlig‘i, “Tillar” kafedrasi mudiri (2006-2008), O‘zMU Falsafa fakulteti “Falsafa va fan metodologiyasi” (2006) hamda “Milliy g‘oya va ijtimoiy falsafa” kafedralari dotsenti (2008-2009) lavozimlarida faoliyat ko‘rsatgan.
Yakubov Islamjon Axmedjanovich Nizomiy nomidagi TDPU “O‘zbek adabiyoti” kafedrasi dotsenti (2010-2016), Alisher Navoiy nomidagi ToshDO‘TAU “Adabiyot nazariyasi va zamonaviy adabiy jarayon” kafedrasi dotsenti (2016-2018), Nizomiy nomidagi TDPU “O‘zbek va qozoq tili” (keyincalik “O‘zbek, qozoq tili va adabiyoti”) kafedrasi mudiri (2018-2020) lavozimlarida faoliyat ko‘rsatgan.
Adabiyotshunos olim 2021 yildan to shu kungacha Alisher Navoiy nomidagi ToshDO‘TAU “Jahon adabiyoti va qiyosiy adabiyotshunoslik” kafedrasi professori lavozimida ishlab kelmoqda.
Yakubov Islamjon Axmedjonovich 2018-yilda professor Qozoqboy Yo‘ldoshev ilmiy maslahatchiligida “Mustaqillik davri o‘zbek romanlari poyetikasi” mavzusidagi fan doktori (DSc) dissertatsiyasini muvaffaqiyatli himoya qilgan. Ushbu tadqiqot olimning qariyb 20 yil davomidagi izlanishlari samarasi sifatida yuzaga kelgan bo‘lib, unda 1991- yildan to 2018-yilgacha bo‘lgan davrda yozilgan o‘zbek romanlari janriy taraqqiyoti, struktur-uslubiy yangilanishlari ilg’or jahon romanchiligi rivoji kontekstida tadqiq etilgan. Adabiyotshunos olim istiqlol davri o‘zbek romanchiligi genetik asoslari, taraqqiyot tamoyillari va poyetik strukturasidagi yangilanishlarni aniqladi, U 500 ga yaqinq milliy romanlarni tasniflab, ular poyetikasida kuzatilgan sifatiy o‘zgarishlarni tarixiy-qiyosiy, qiyosiy-tipologik va analitik aspektda nazariy asosladi. Romanlarning yutuq va nuqsonlari hamda ularni keltirib chiqargan ob’yektiv va sub’yektiv omillarni yuksak tanqidchilik etikasiga rioya qilgan holda ko‘rsatib berdi. Shuning uchun I.Yakubovning ushbu monografik tadqiqoti nainki keyingi yillarda yaratilgan badiiy asarlarning, balki milliy romanlarning janr spesifikasi, taraqqiyot tamoyillari, ijodkor uslubi, poyetik mahorati, jahon adabiyotidagi analoglari bilan mushtarak va o‘ziga xos belgi-xususiyatlari yo‘sinida amalga oshirilayotgan ilmiy tadqiqotlar uchun ham nazariy-metodologik asos vazifasini o‘tab kelmoqda.
I.Yakubov 2018- yildan e’tiboran O‘zbekiston Fanlar akademiyasi O‘zbek tili, adabiyoti va folklori instituti, SamDU, O‘zMU, ToshDO‘TAU, FarDU, NamDU qoshidagi ilmiy darajalar beruvchi Ilmiy kengashlar va shu kengahlar qoshidagi ilmiy seminarlar a’zosidir. U 2022-2023 yillarda O‘zMU qoshidagi Ilmiy seminar kengashiga raislik qilgan.
Yakubov Islamjon Axmedjonovich bir qator ilmiy va adabiy-badiiy nashrlar: “Pedagog” gazetasi (2015-2016), “Sharq yulduzi” (2015-2018), “O‘zbekiston: til va madaniyat” (2022-2025), “TDPU ilmiy axborotlari” (2019), “Pedagogika” (2019) kabi respublika miqyosidagi jurnallar, shuningdek “Filologik tadqiqotlar: til, adabiyot, ta’lim” ("Philological research: language, literature, education”/ "Филологические исследования: язык, литература, образование", 2020 dan), hamda “Xalqaro ijtimoiy fan va inson tadqiqotlari jurnali” (“International Journal of Social Science and human research”, Hindiston, 2021 yildan) kabi xalqaro miqyosdagi jurnallar tahririyat a’zosidir.
Islamjon Yakubov Respublikamiz va xorijda o‘z mustaqil qarashlariga ega xolis va zahmatkash olim sifatida tanilgan. U chuqur nazariy-metodologik tayyorgarlik bosqichini o‘tagan, bilim doirasi keng, badiiy va ilmiy asarlarni tahlil hamda tadqiq qilish iqtidor va salohiyati yuksak, eruditsiyali olimdir. Zotan I.A. Yakubov joriy adabiy jarayon va jahon badiiy, ilmiy-adabiy tafakkurida kechayotgan o‘zgarish va yangilanishlarni izchil va muntazam kuzatib, o‘rni bilan muayyan munosabat bildirib borish asosida o‘z bilimlarini muttasil oshirib boradi. Adabiyotshunoslikdagi asosiy yo‘nalishi adabiy tanqidchilik tarixi va joriy adabiy jarayon muammolari bo‘lsa-da, u ko‘p asrlik o‘zbek xalq og‘zaki ijodi va yozma adabiyoti tarixini ham sinchkovlik bilan o‘rganib, o‘ziga xos adabiy-falsafiy, etik-estetik mulohazalarini bayon qilib keladi. Jumladan, uning Qur’oni Karim, Hadisi sharif kabi ilohiy mohiyatga ega bo‘lgan manbalar, “Avesto” tarixiy-adabiy yodgorligi, Beruniy, Rumiy, Yassaviy, Bedil, Ro‘dakiy, Jomiy, Navoiy, Bobur, Mashrab, Ogahiy, Muqimiy, Avaz singari allomalar, mumtoz so‘z san’atkorlari poyetik merosi haqidagi pishiq ilmiy-nazariy asosga ega salmoqli maqolalari fikrimizni dalillaydi.
I.A. Yakubov qalamiga mansub o‘quv va o‘quv-metodik qo‘llanmalar nafaqat mamlakatimiz, balki qo‘shni Qozog‘iston Respublikasi ta’lim tizimida ham faol qo‘llanib kelinmoqda. Xususan, olimning “O‘zbek adabiyoti 10- sinf” (2003) kitobi Qozog‘istondagi umumta’lim maktablari ijtimoiy-gumanitar va tabiiy-matematik yo‘nalishlarida daars beruvchi o‘qituvchilar uchun uslubiy qo‘llanma vazifasini bajarib kelmoqda. Uning Respublika, shuningdek AQSh, Rossiya Federatsiyasi, Ukraina, Hindiston, Koreya, Turkiya Qozog‘iston, Ozarbayjon kabi olis va yaqin xorijiy mamlakatlarning nufuzli nashrlari va ayrim to‘plamlarida 300 ga yaqin ilmiy va uslubiy ishlari, shu jumladan, 6 ta monografiya, 10 ta risola va o‘quv-uslubiy qo‘llanmalari, ko‘plab maqolalari chop etilgan. Jumladan: “O‘zbek romani tadriji”, “Badiiy matn va estetik talqin”, “Milliy uyg‘onish davri o‘zbek nasri”, “Mustaqillik davri o‘zbek romanlari poyetikasi”, “Muallif, matn, germenevtik talqin”, “O‘zbek romani: shakllanishi, taraqqiyot tamoyillari” nomli monografiyalari; “Hozirgi adabiy jarayon”, “Badiiy-estetik so‘z sehri”, “Ma’naviyat va qadriyat zarvaraqlari”, “Adabiy meros va milliy tafakkur”, “Iste’dod va mahorat”, “O‘zbek adabiyoti” kabi o‘quv va uslubiy qo‘llanma hamda risolalari bunga misol bo‘la oladi. I.A. Yakubovning “Oltin mo‘tadillik”ni saqlash ma’rifati”, “Qahramon ruhiyatidagi psixopatologik jarayonlar motivatsiyasi”, “Maydon nazariyasi”, “Pirimqul Qodirov romanlari yetakchi konsepsiyasi”, “Odil Yoqubov romanlari asl mehvari”, “Asad Dilmurod estetik olami”, “Olam va odam mohiyati”, “Tarixiy haqiqat va badiiy talqin”, “Ko‘ngil vodiysiga hijrat”, “Yangilanayotgan badiiy tafakkur” va boshqa ko‘plab maqolalarida o‘zbek va jahon adabiyotida o‘z yechimini kutayotgan global muammolarga dunyo adabiyotshunosligi kontekstida faol munosabat bildirilgan.
Yakubov Islamjon Axmedjonovichning “Выражение человеческого духа в экстремалных цитуациях” (2011), “Uzbek-Azerbaijan literary relations in the new phase” (2012), “Dynamics of character” (2016), “Transformation ofaesthetic views and modern uzbek novel” (2017), “laboratory works of gafur gulam: poetic image and imagery” (2020), “Chronotope in uzbek novels of the period of independence” (2021), “Literary and Aesthetic Concept of Chingiz Aitmatov” (2023), “Formal-stylistic features of Aman Mukhtar’s dilogy “Navai and the artist Abulkhair” (2024), “Aesthetic ideal and leading concept of Chulpon in the story” (2024), “Socio-genetic factors of changes in the character of the main character” (2024) va boshqa bir qator Scopus hamda impakt faktor maqolalari ko‘plab xorijiy adabiyotshunoslar tomonidan iliq kutib olingan.
I.Yakubov yetuk olim bo‘lish bilan bir qatorda mohir pedagog hamdir. U uzoq yillardan buyon nafaqat respublikamiz, balki dunyoning top-1000 taligiga kiradigan nufuzli universitetlari talabalariga ham onlayn va oflayn tarzda yuqori darajadagi ma’ruza mashg‘ulotlari o‘tib kelmoqda. Jumladan, uning M.Avezov nomidagi Janubiy Qozog‘iston universiteti (2022), L.N.Gumilyov nomidagi Evroosiyo davlat universiteti (2023), Qozog‘iston Respublikasi Turkiston shahar Xoja Ahmad Yassaviy nomidagi Xalqaro qozoq-turk universiteti (2024-2025), Turkiyaning Yege universiteti talabalariga o‘tgan dars mashg‘ulotlari nafaqat o‘zbek adabiyotshunosligida ro‘y berayotgan yangicha qarashlarni xorijiy davlatlarga targ‘ib qilish balki o‘zaro do‘stlik va ijodiy hamkorlik aloqalarini mustahkamlashda ham muhim ahamiyat kasb etadi.
Yakubov Islamjon Axmedjanovich Turkiya, Ozarbayjon, Qozog’iston, Tojikiston, Qirg‘iziston va boshqa ko‘plab mamlakatlarda o‘tkazib kelinayotgan xalqaro ilmiy-nazariy anjuman hamda amaliy seminarlarda o‘z ma’ruzalari bilan faol qatnashib kelmoqda.
I.Yakubov 60 yoshga to‘lishi munosabati bilan 2021 yilda “Umr va ijod hikmati” nomli maqolalar to‘plami nashr etildi. Ushbu kitobdan taniqli jamoat arboblari, yetuk adabiyotshunoslar, san’atshunoslar, rassomlar, shoir-u adiblar, kasbdoshlari, shogirdlari va oila a’zolari tomonidan I.Yakubov insoniy shaxsiyati, pedagogik faoliyati, ilmiy tadqiqotlarining mazmun mohiyati, nazariy konseptual asoslari haqida yozilgan 74 ta maqola o‘rin olgan. Umuman, mazkur maqolalarda I.Yakubovning mashaqqatli hayot yo‘li, yetuk adabiyotshunos, mohir pedagog, talabchan ustoz va oilaparvar inson sifatidagi fenomenal qiyofasi xolis baholangan.
I.Yakubov haqida respublika televideniyesida “Ko‘ngil obodligi” (“O‘zbekiston”, 2021), “Umr daftari” (“Madaniyat va ma’rifat”, 2022), “Ziyoliyning yo‘li” (“O‘zbekiston tarixi”, 2024) maxsus ko‘rsatuvlari efirga uzatilgan va ko‘p ming sonli tomoshabinlar olimning shaxsiyati, ilmiy ijodining o‘ziga xos jihatlari bilan yaqindan tashishish baxtiga musharraf bo‘lishgan.
Islamjon Yakubov ustoz-shogirdlik an’anasini davom ettirib kelayotgan, o‘ziga xos ilmiy maktab yaratgan olimlarimizdan biridir. Uning bevosita rahbarligida o‘nlab shogirdlar filologiya fanlari bo‘yicha falsafa doktori va fan doktori ilmiy darajasini olish uchun dissertatsiyalarini muvaffaqiyatli himoya qilishgan. Hozirda shogirdlaridan bir nechtasi esa ilmiy tadqiqot ishlarini yakunlab, rasmiy himoya qilishga hozirlik ko‘rishmoqda. Ularning aksariyati komparavistika, o‘zbek adabiyotshunosligi, janrlar nazariyasi hamda tarixiy-adabiy jarayon dolzarb muammolari bo‘yicha ilmiy izlanishlar olib borishmoqda.
Islamjon Yakubovning ijtimoiy-ma’rifiy sohalardagi faoliyati ham e’tiborlidir. 2014 yildan O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi a’zosi sifatida Respublika ijodkor yoshlari Zomin seminari, shuningdek Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi bilan hamkorlikda “Ma’rifat ulashib” loyihasi doirasida o‘tkazib kelinayotgan tadbirlarda faol ishtirok etmoqda. 2012-2023 yillarda bir necha marta “Nasr”, “She’riyat”, “Adabiyotshunoslik va adabiy tanqid” ijodiy kengashlarining yil yakuniga bag‘ishlangan hisobotlarida o‘z ma’ruzalari bilan ishtirok etgan.
Islamjon Yakubov O‘zbekiston teleradiokompaniyasining “O‘zbekiston”, “Yoshlar”, “Mahalla”, “Madaniyat va ma’rifat”, “O‘zbekiston tarixi” kanallarida dolzarb masalalar bo‘yicha tayyorlangan teleko‘rsatuv va radioeshittirishlarda muntazam tarzda o‘z chiqishlari bilan ishtirok etib keladi.
I.Yakubov oilasini tom ma’noda ziyolilar, olimlar xonadoni deyish mumkin. Turmush o‘rtog‘i T.Matyoqubova filologiya fanlari nomzodi, dotsent, qizi Sevinchoy filologiya fanlari bo‘yicha falsafa doktori (PhD), o‘g‘li Azizbek Nizomiy nomidagi TDPU va kelini Bonuxon O‘zMU 2-bosqich tayanch-doktorantlari sifatida ilmiy tadqiqot ishlarini olib borishmoqda.
Yakubov Islamjon “Alisher Navoiy” nomidagi ko‘krak nishoni sohibidir.
I.Yakubov oʻzining samimiyligi, kamtarinligi, vatanparvarligi, mehnatsevarligi, izlanuvchanligi, professional sohasiga sadoqati va yurtdoshlariiga boʻlgan mehri bilan keng jamoatchilik, oilasi va mahallasi orasida katta hurmat-e’tibor qozongan. Hozirda u o‘zbek adabiyotining o‘ziga xosligini milliy va jahoniy asoslarda yanada kengroq o‘rganish, targ‘ib-tashviq qilish ustida ilmiy izlanishlar olib bormoqda.