Аbdukayumov Abdurashid 1943-yil 1-fevralda tavallud topgan. Аbdukayumov Abdurashidning tug’ilgan joyi Toshkent shahar Kirov tuman “Ko’rogi ota” mahallasi (hozirgi teleminora va xotira maydoni bilan temir yo’l orasi). Maktabgacha yoshda ota-ona tarbiyasida bo’lgan. 1950- yildan Yunusoboddagi Yshinski nomli 24-o’rta maktabda, 1954 -yillar va keyin Kirov tumanida ochilgan 143 -maktabga o’qib, 1960- yil 10-sinfni tugatgan. 1960 -yil O’rta Osiyo politexnika institutining Energetika fakultetiga kirib, 1962-yil shu institutda ochilgan Injener fizika fakultetining Sanoat elektronika ixtisosligini 1966-yil tugatgan. Respublikamizdagi TDTU, TDTPU va TATU universitetlarning ilmiy darajalar beruvchi Ilmiy seminar va ilmiy kengashlari aʼzosi hisoblanadi.
Mehnat faoliyatini Toshkent politexnika institutining Sanoat elektronikasi kafedrasida assistent lavozimidan boshlagan. 1967-1968-yillar Moskva energetika institutida malaka oshirgan. 1968-yil Toshkent politexnika institutining aspiranturasiga kirib, Ukraina Respublikasi Fanlar akademiyasining L’vov shahridagi Fizika-mexanika ilmiy tekshirish institutiga 3 yilga safarbar qilingan. 1972-yilning may oyida “Sanoat avtomatikasining ko’p turg’inli tarkibiy qismlarini yaratish va tadqiq qilish” mavzusida nomzodlik dissertatsiyasini himoya qilgan va Toshkent politexnika institutida assistentlik lavozimini davom ettirgan. 1973-yil katta o’qituvchi, 1975 -yil dotsent va 1987-yildan yangi tashkil qilingan “Radioelektron vositalar tuzish va tehnologiyasi” kafedrasida mudir vazifasida ishlagan. 1991-yil Toshkent politexnika institut Toshkent davlat texnika universitetiga aylantirildi va shu universitetda mudir vazifasini davom ettirdi. 1993-yil “Boshqaruv tizimlarining chastota-fazaviy elektromexanik ko’pturg’unli tarkibiy qismlari” mavzusida doktorlik dissertatsiya himoya qilgan. 1996- yil professor unvonini olgan.
1997- yildan Toshkent davlat aviatsiya institutida (TDAI) “Uchish apparatlari va aeroportlarning radioelektron jihozlari” kafedrasida mudirlik qilgan. 2008 - yil TDAI tugatilib Toshkent davlat texnika universitetiga Aviatsiya fakulteti bo’lib qo’shilgandan keyin ham 2013-yilga qadar kafedra mudiri bo’lgan. 2013-2016-yillar TDTU professori, 2016-2017 yil Toshkent temir yo’l muhandislik instituti professori, 2017-2020yillar TDTU professori, 2020-2022-yillar TDTPU “Aeronavigatsiya tizimlari” kafedra professori, 2022-yildan hozirgacha TDTPU “Radioelektron qurilmalar va tizimlar” kafedra professori lavozimida faoliyat ko’rsatib kelmoqda.
Mehnat faoliyati davomida qator faxriy yorliqlar bilan taqdirlangan. Yoshlar tarbiyasi yo’nalishi bo’yicha “O’yla, izla, top” teleko’rsatuvda bir necha yil hakam bo’lib ishtirok etgan. Shu munosabat bilan “Teleradiokompaniyaning” hamda xalq ta’limi vazirligining faxriy yorliqlarini olgan. Faoliyati davomida 1 ta fan doktori, 2 ta fan nomzodi, 2 ta falsafa doktori (PhD) tayyorlagan. Malayziyaning Mara universitetida informatsion texnologiyalar bo’yicha malaka oshirib qaytgan. O’quv ishlar bo’yicha 4 ta bakalavr yo’nalishining va 2 ta magistratura mutaxassisligining barcha me`yoriy hujjatlarini ishlab chiqqan. Ishlab chiqilgan me`yoriy hujjatlar asosida mutaxassis kadrlar tayyorlab kelinmoqda.