Olim

ZIYODOV SHOVOSIL YUNUSOVICH

Tarix fanlari doktori, professor

Ziyodov Shovosil Yunusovich, 1973-yilda tug‘ilgan. Bo‘lajak olim 1995-yil Toshkent davlat sharqshunoslik instituti arab filologiyasi bo‘limini tamomlagan va shu yildan O‘zbekiston Respublikasi Fanlar Akademiyasi Abu Rayhon Beruniy nomidagi Sharqshunoslik institutida katta laborant (1995), kichik ilmiy xodim (1995-2002), aspirant (2002-2003), katta ilmiy xodim (2004-2008.2011-2014) lavozimlarida ishlagan. Sh.Ziyodov 2008-yildan 2011-yilgacha shu institut doktoranti (mavzusi: “XVI-XX asr boshlarida Markaziy Osiyoda kutubxonachilik tarixi (qo‘lyozmalar va ulardagi ma’lumotlar asosida)”), 2009-2014-yillar davomida Toshkent Islom Universiteti “Islomshunoslik” kafedrasi o‘qituvchisi, 2014-yildan 2017-yilgacha Imom Buxoriy xalqaro markazi direktori, 2017-yil 27-sentyabrdan Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi direktori lavozimida faoliyat ko‘rsatib kelmoqda.



Sh.Ziyodov 2003-yil aspirantlik davrida “Abu Mansur al-Moturidiy yozma merosi va “Kitob at-ta’vilot” asari” mavzusida nomzodlik dissertatsiyasini yoqlagan. 2022-yilda esa (“XV-XX asr boshlarida Markaziy Osiyoda kutubxonachilik tarixi (qo‘lyozma manbalar va ulardagi muhrlar tahlili asosida)” mavzusida tarix fanlari bo‘yicha fan doktori (DSc) ilmiy darajasiga ega bo‘lgan.



Olimning ilmiy izlanishlari islomshunoslik va manbashunoslik sohasiga bag‘ishlangan va bu borada ko‘plab ilmiy ishlar muallifidir. Xususan, olim tomonidan “Abu Mansur al-Moturidiy va uning “Kitob at-Ta’vilot” asari” nomli monografiya, mintaqamiz va xorijda kalom tarixi, sharq qo‘lyozmalariga oid 150 ga yaqin ilmiy maqola, bir necha risola va kataloglar nashr ettirilgan.



Shovosil Ziyodov bu borada xorij olimlari bilan ilmiy hamkorlik aloqalarini ham olib borgan. Jumladan, Germaniyaning Xalle universiteti va Fransiyaning “Ilmiy tadqiqotlar oliy maktabi” bilan hamkorlikda kataloglar chop qilgan (Berlin 1999, Shtutgart 2002, Rim 2007).



Shovosil Ziyodov o‘zining rahbarlik faoliyati davomida ham katta ishlarni amalga oshirib kelmoqda. Jumladan, olimning rahbarligi ostida Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi ilmiy xodimlari tomonidan 77 ta kitob va xalqchil risola nashrga tayyorlandi. Markaz kutubxonasida saqlanayotgan nodir asarlarni bosqichma-bosqich o‘zbek tiliga tarjima qilish ishlari boshlandi. Natijada, 2020-2022-yillarda buyuk allomalarimiz qalamiga mansub 14 ta yirik asari tarjima qilindi. Buyuk ajdodimiz, moturidiylik ta’limoti asoschisi Imom Abu Mansur Moturidiyning Qur’oni karim tafsiriga bag‘ishlangan mashhur “Ta’vilot al-Qur’on” asari (30-juzi) shular jumlasidandir. Ushbu kitob ham olimning bosh muharrirligi ostida nashrga tayyorlandi.



Shovosil Ziyodov o‘z sohasi bo‘yicha bir qancha tadqiqot va monografiyalar muallifidir. “Samarqandlik allomalar”, “Imom Buxoriy majmuasi kitob-al’bomi”, “Movarounnahrda moturidiya kalom ilmi maktabi”, “Materiali po sredneaziatskoy sfragistike (Tashkent. XIX-nachalo XX vv.) (monografiya)”, “O‘rta asr Sharq allomalari”  kitoblari shular jumlasidandir. Olimning “Samarqandlik allomalar” kitobida Samarqand hududidan etishib chiqqan allomalar va ularning ilmiy ma’naviy merosi haqida so‘z yuritilgan bo‘lsa, “Imom Buxoriy majmuasi kitob-albomi”da esa Markaz faoliyatiga doir ma’lumotlar bayon qilingan. Ushbu kitob-albomda Markazda erishilgan yutuqlar foto tasvirlar orqali yanada boyitilgan.



Bundan tashqari, “Movarounnahrda moturidiya kalom ilmi maktabi” kitobida yurtimizda kalom ilmining rivojlanishi, moturidiya ta’limotining paydo bo‘lishi va uning keng tarqalishi, buyuk alloma Imom Moturidiyning ushbu ta’limot rivojidagi o‘rni va roli haqida ma’lumotlar bayon qilingan.



Shovosil Ziyodov o‘zining ilmiy faoliyatini nafaqat respublika miqyosida, balki xorijiy mamlakatlarda ham olib bormoqda.  U tinimsiz mehnati va izlanishlari natijasida bir necha xalqaro grant va stipendiyalar sohibiga aylangan. Germaniya yosh sharqshunos olimlarining “Sharq qo‘lyozmalari tavsifi” dasturi, Fransiya (Parij) «Markaziy Osiyo qo‘lyozma merosi» dasturi shular jumlasidandir. Mazkur dasturlardagi faoliyati olim ilmiy salohiyatining yanada yuksalishida katta ahamiyatga ega bo‘ldi. Bundan tashqari, Shovosil Ziyodov Buyuk Britaniya (Oksford) Oksford Islom tadqiqotlari markazida “Imom Buxoriy avlodlari” stipendiyati sifatida ham malaka oshirgan.



Shovosil Ziyodov o‘zi rahbarlik qilayotgan Markaz nufuzini nafaqat yurtimizda, balki xorijiy mamlakatlarda ham oshirishga katta e’tibor berib kelmoqda. Jumladan, uning tashabbusi bilan xorijdagi 43 ta yetakchi markaz va universitet bilan hamkorlik memorandumlari imzolandi. Hamkorlar bilan dolzarb mavzularda 184 ta xalqaro konferensiya, ko‘rgazma, ilmiy seminar va davra suhbatlari tashkil etildi. Bunday tadbirlarning tashkil etilishi xorijiy ilmiy doira vakillariga Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot Markazi faoliyatini yaqindan tanishtirishda katta ahamiyatga ega bo‘ldi.



Shovosil Ziyodov nafaqat o‘zi, balki o‘z qo‘li ostida faoliyat yuritayotgan xodimlar ilmiy salohiyatini oshirish borasida ham katta ishlarni amalga oshirmoqda. Jumladan, uning tashabbusi va erishilgan kelishuvlarga muvofiq, Markazning 25 nafar xodimi Buyuk Britaniyaning Oksford, Germaniyaning Gamburg, Turkiyaning Pamukkale kabi nufuzli universitet va ilmiy muassasalarida tashkil etilgan o‘quv kurslarida ishtirok etdi. Markaz xodimlarining bunday o‘quv va malaka oshirish kurslarida ishtirok etishi ularning o‘z faoliyati doirasida eng so‘nggi ilm-fan yutuqlaridan xabardor bo‘lishida katta ahamiyatga ega bo‘ldi.



Shaxsan Davlatimiz rahbarining e’tibori va Olim rahbarligi ostidagi Markaz ilmiy xodimlari faoliyati natijasida ushbu muassasaning kundan kunga nufuzi oshib bordi. Buni shu kunga qadar Markazga BMT, SHHT, UNWTO, ISESCO, IRCICA kabi nufuzli xalqaro tashkilotlar va xorijiy davlatlardan 131 dan ziyod delegatsiya tashrif buyurganidan ham bilish mumkin. Muassasaga tashrif buyurgan nufuzli xorijiy mehmonlarni kutib olish va ularni risoladagidek kuzatish ishlarida ham Markaz rahbari Shovosil Ziyodovning xizmati kattadir. Xususan, mehmonlarni qiziqtirgan savollarga javob berish, ilmiy hamkorlikni o‘rnatish bo‘yicha muzokaralar o‘tkazish, yurtimizda so‘nggi yillarda diniy-ma’rifiy sohada amalga oshirilayotgan ishlar va ularning natijalari haqida ma’lumot berish shular jumlasidandir.



Markaz faoliyatini jahonga tanitish borasidagi ishlar natijasida ushbu muassasada ilmiy amaliyot o‘tayotgan tadqiqotchilar geografiyasi kengaydi. Xususan, shu kunga qadar Fransiya, Malayziya, Turkiya, Marokash, Pokiston, Rossiya, Qozog‘iston, Qirg‘iziston kabi davlatlarning nufuzli ilmiy muassasalaridan 14 nafar tadqiqotchi “Imom Buxoriy xalqaro stipendiyasi” sovrindori sifatida Markazda ilmiy amaliyot o‘tadi. Bu esa, o‘z navbatida, xorijiy tadqiqotchilarning Markaz faoliyatiga qiziqishning kuchayganidan dalolat berdi.



Shovosil Ziyodov yurtimiz allomalariga tegishli noyob qo‘lyozma asarlarning nafaqat o‘zini, balki ularning elektron nusxasini izlash va yurtimizga olib kelish ishlarida ham faol ishtirok etdi. Xususan, uning rahbarligi ostida Markaz ilmiy xodimlari tomonidan shu kunga qadar Misr davlatidan 130 mingta noyob qo‘lyozma asarlarning elektron nusxalari keltirildi. Misr va Turkiyadan jami 5 611 ta kitob olib kelindi. Bundan tashqari, Saudiya qo‘lyozma fondlaridan Imom Buxoriy asarlarining 34 ta elektron nusxasi va “Al-Jomi’ as-sahih” asari qo‘lyozmalarining 796 ta elektron nusxasi to‘plandi. Bunday ishlarning amalga oshirilishi Markaz qo‘lyozmalar fondining yanada boyitilishida katta ahamiyatga ega bo‘ldi.



Shovosil Ziyodov arab, ingliz va rus tillarini puxta egallagan bo‘lib, bu tillarda erkin muloqot qila oladi. Olim jamoat ishlarida ham faol ishtirok etib kelmoqda. U respublikamiz fuqarolaridan qo‘lyozmalarni xarid etish komissiyasida rahbarlik vazifasini bajarmoqda.



Shovosil Ziyodov ilmiy tadqiqot barobarida pedagogik faoliyat ham olib boradi. 2004-2010-yillar davomida ToshDSHI Xalqaro aloqalar va iqtisod fakultetining  “Islomshunoslik” kafedrasida “Islom teologiyasi” va “Islom manbashunosligi va matnshunosligi” boʻyicha, 2008-yildan Toshkent Islom universitetida “Islomshunoslik” kafedrasida 9 ta magistrant va 22 ta bakalavrga ilmiy rahbarlik qilgan va “Ilmiy ijodiyot metodologiyasi” fani boʻyicha magistratura bosqichida dars bergan.



Olim shu kunga qadar 3 nafar mustaqil izlanuvchilarga ilmiy rahbarlik qilgan va ular 2021 va 2023-yillarda tarix fanlari boʻyicha falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasini muvaffaqiyatli himoya qilgan. Bundan tashqari, olim bir qancha ilmiy kengash va ilmiy seminar a’zosi hisoblanadi. Oʻzbekiston xalqaro islom akademiyasi  huzuridagi ilmiy darajalar beruvchi ilmiy kengash, OʻzR FA Sharqshunoslik va Samarqand davlat universiteti huzuridagi ilmiy darajalar beruvchi kengashlar qoshidagi ilmiy seminarlar shular jumlasidandir.



Shu bilan birga, Shovosil Ziyodov bir qancha mahalliy va xorijiy ilmiy jurnallar tahrir hay’ati a’zosidir. Turkiya teologik tadqiqotlar jurnali (Türkiye İlahiyat Araştırmaları Dergisi (Turkey Journal of Theological Studies [TİAD]) va Islom tadqiqotlari jurnali (İslami Araştırmalar Dergisi Journal of Islamic Research), “Oʻzbekiston Islom sivilizatsiyasi markazi” va “Imom Buxoriy saboqlari” (O‘zbekiston) shular jumlasidandir. Bu o‘z navbatida, olim salohiyatining nechog‘lik katta ekanini bildiradi.



Ziyodov Shovosil Yunusovich tomonidan shu kungacha amalga oshirilgan ilmiy ishlar, nafaqat ilmiy doira vakillari, balki keng xalq ommasi uchun ham manfaatli bo‘lib, bunday olimlar faoliyati yurtimiz ilm-fani taraqqiyotida muhim ahamiyatga egadir. Mustaqillik davri ilm-fani vakili sifatida uning keyingi faoliyati bundan-da samarali va sermahsul bo‘lishiga ishonamiz.