Ayupova Mukarram Yuldashevna Toshkent viloyati, Toshkent tumanida tugʻilgan. 1974-yilda oʻrta maktabni muvaffaqiyatli tamomlab, Toshkent shahridagi tibbiyot bilim yurtiga oʻqishga kirdi. 1976-yilda ushbu bilim yurtini imtiyozli diplom bilan tugatdi.
Shu yili Nizomiy nomidagi Toshkent davlat pedagogika instituti Pedagogika va psixologiya fakulteti Defektologiya boʻlimiga oʻqishga qabul qilindi. Oʻqish bilan birga, Kalinin (hozirgi Zangiota) tumanidagi 1-sonli kasalxonada tibbiyot hamshirasi boʻlib ishladi.
Oʻqish davomida M. Ayupova zukko, izlanuvchan, tirishqoq va aʼlochi talaba sifatida oʻrtoqlari hamda professor-oʻqituvchilar orasida hurmat qozondi. 2-kursdan 5-kursgacha fakultetdagi “Talabalar ilmiy-tadqiqot ishi” kengashiga raislik qildi. Talabalik yillaridayoq ilmiy izlanishlarga qobiliyatli ekanini namoyon etdi.
1-kursdan 5-kursgacha D. Exsonova, V. Raxmonova va M. Qahramonova rahbarligida ilmiy ishlar olib bordi hamda talabalar ilmiy konferensiyalarida ilmiy maʼruzalari bilan ishtirok etdi.
M. Ayupova 1981-yili institutni imtiyozli diplom bilan muvaffaqiyatli tugatdi. Shu yili uni yo‘llanma bilan Respublika ko‘r bolalar internatiga ishga yubordilar. M. Ayupova 1981–1985-yillar davomida mazkur internatda avval tarbiyachi, so‘ng logoped bo‘lib ishladi.
1985–1986-yillarda M. Ayupova Toshkent viloyati o‘qituvchilar malaka oshirish institutining “Maxsus maktab va maktab-internatlar” bo‘limida metodist bo‘lib ishladi. 1986-yilda M. Ayupovani Nizomiy nomli Toshkent davlat pedagogika instituti Oligofrenopedagogika va logopediya kafedrasiga ishga taklif etdilar. U 1986-yildan mazkur kafedrada faoliyatini boshladi.
M. Ayupova 1992-yilda Moskvada “5 yoshli bolalarda fonetik-fonematik kamchiliklarni bartaraf etish” mavzusidagi nomzodlik dissertatsiyasini muvaffaqiyatli himoya qildi. U o‘zining ilmiy ishida 5 yoshli bolalarda kuzatiladigan tovushlar talaffuzi va fonematik idrokdagi kamchiliklarni ilmiy jihatdan o‘rgandi va tahlil qildi, hamda bu kamchiliklarni bartaraf etish yo‘llarini ko‘rsatib berdi. Fonetik-fonematik nutq kamchiliklarini bartaraf etish usullarini amaliyotga muvaffaqiyatli tatbiq etdi.
Ushbu ilmiy ish yuzasidan “Fonetik-fonematik nutq kamchiligiga ega bo‘lgan bolalarni o‘qitish va tarbiyalash” dasturini professor L. R. Muminova bilan hammualliflikda tayyorladi. Hozir ushbu dastur nutqida kamchiligi bo‘lgan bolalar bog‘chasida amaliyotga tatbiq etib kelinmoqda.
M. Y. Ayupova 1986–1992-yillarda Oligofrenopedagogika va logopediya kafedrasi o‘qituvchisi, 1992–1994-yillarda Defektologiya kafedrasida katta o‘qituvchi, 1994–1998-yillarda dotsent vazifasini bajaruvchi, 1998–2000-yillarda kafedra dotsenti lavozimlarida faoliyat ko‘rsatdi. 2000–2007-yillarda Defektologiya kafedrasi, 2007–2010-yillarda esa “Korreksion pedagogika” kafedrasi mudiri lavozimida ishladi.
Bu davrda o‘quv rejalari va o‘quv dasturlari qayta ko‘rib chiqildi, oliy ta’lim Davlat standartlari yaratildi hamda birinchi marta Davlat standartlari asosida o‘zbek tilida fan dasturlari, ma’ruza matnlari, o‘quv qo‘llanmalar va darsliklar yozilib, nashr qilindi. Defektologiya ta’lim yo‘nalishi bo‘yicha bakalavriat va magistratura bosqichlari o‘quv rejalariga kiritilgan barcha fanlar uchun birinchi marta o‘quv-metodik majmualar yaratildi. Bu davrda o‘quv jarayoniga yangi pedagogik texnologiyalar kirib keldi, ta’limda axborot texnologiyalaridan unumli foydalanish imkoniyatlari yuzaga chiqdi.
Professor M. Y. Ayupova kafedraga rahbarlik qilgan yillarda D.Nurkeldiyeva,
M.Xamidova, Ya.Chicherina, Z. Axmedovalar nomzodlik dissertatsiyalarini muvaffaqiyatli himoya qildilar. M.YU Ayupova 2002–2003 va 2003–2004-o‘quv yillarida “Eng yaxshi kafedra mudiri” tanlovi g‘olibi bo‘ldi.
M. Ayupova tomonidan 250 dan ortiq ilmiy va o‘quv-uslubiy nashrlar chop etilgan. U 1993-yilda hammualliflikda (L. Muminova bilan) pedagogika oliy o‘quv yurtlarining “Defektologiya” ixtisosligi talabalari uchun o‘zbek tilida birinchi marta “Logopediya” o‘quv qo‘llanmasini yaratdi.
M. Ayupova tomonidan “Pedagogik amaliyot”, “Maxsus pedagogika”, “Korreksion ishlar metodikasi”, “Logopediya”, “Rivojlanishida kamchiligi bo‘lgan bolalar reabilitatsiyasi”, “Logopedik yordamni tashkil etish tizimi”, “Maxsus fanlarni o‘qitish metodikasi”, “Logopedik diagnostikada neyropsixologik yondashuv”, “Murakkab nuqsonli bolalar reabilitatsiyasi” fanlarining namunaviy dasturlari va ushbu fanlar bo‘yicha o‘quv-metodik komplekslar yaratildi.
2001-yilda M. Ayupova tomonidan tayyorlangan “Logopediya” va “Korreksion ishlar metodikasi” fanlaridan birinchi marta o‘zbek tilida ma’ruza matnlari yaratildi.
2007-yilda M. Ayupova tomonidan tayyorlangan 35 bosma taboqli “Logopediya” darsligi O‘zbekiston faylasuflari milliy jamiyati nashriyotida chop etildi. Ushbu darslik O‘zR O‘O‘MTB tomonidan oliy o‘quv yurtlari uchun chiqarilgan o‘quv adabiyotlari orasida “Yilning eng yaxshi darsligi va o‘quv adabiyoti” tanlovida birinchi o‘rinni egalladi va “Iste’dod” respublika jamg‘armasining birinchi darajali diplomi bilan taqdirlandi.
M. Yu. Ayupova hammuallifligida bir qator boshqa darsliklar ham tayyorlangan. Jumladan:
2015-yilda shogirdi Sh. Aripova bilan hammualliflikda 15 bosma taboqli “To‘g‘ri talaffuz qilamiz va yozamiz” metodik o‘quv qo‘llanma yaratildi. Ushbu qo‘llanma amaliyotda logopedlar tomonidan keng qo‘llanilmoqda.
M. Ayupova tomonidan 1995-yilda tayyorlangan “Maktabgacha yoshdagi bolalarni savodga oʻrgatish” dasturi, 1996-yilda esa ushbu yoʻnalish bo‘yicha “Maktabgacha yoshdagi bolalarni savodga oʻrgatish” metodik qoʻllanmasi amaliyotda keng qoʻllanilib kelmoqda.
M. Yu. Ayupova hammualliflikda bir qator oʻquv qoʻllanmalarni yaratgan. Jumladan, 2009-yilda “Maktabgacha tarbiya maxsus metodikasi”, 2012-yilda “Korreksion ishlar maxsus metodikasi” oʻquv qoʻllanmalari, 2007-yilda esa “Barmoqlar mashqi va logopedik oʻyinlar” nomli metodik oʻquv qoʻllanma nashrdan chiqqan.
M. Ayupova oʻzining ilmiy maʼruzalari bilan xalqaro forum va konferensiyalarda, shuningdek, Respublika miqyosida oʻtkaziladigan konferensiya va seminarlarda faol ishtirok etib kelmoqda. Uning 250 dan ortiq ilmiy maqolalari ilmiy toʻplamlar hamda Respublika va xorijiy jurnallarda chop etilgan. Hozirda ham u ilmiy va ommabop maqolalari bilan ilmiy toʻplamlar hamda Respublika va xorijiy jurnallarda muntazam qatnashib kelmoqda.
M. Ayupova talabalar bakalavr malakaviy bitiruv ishlariga rahbarlik qilib kelmoqda. Uning rahbarligidagi talabalar o‘z malakaviy bitiruv ishlarini muvaffaqiyatli himoya qilgan.
M. Ayupova magistraturaning “Logopediya” yo‘nalishida tahsil olayotgan magistrlarning dissertatsiya ishlariga, shuningdek doktorant va mustaqil izlanuvchi shogirdlarga rahbarlik qilib, qobiliyatli kadrlarni tayyorlamoqda. Uning rahbarligida 100 dan ortiq magistrlar hamda 10 dan ortiq tadqiqotchi va doktorantlar o‘z ilmiy tadqiqot ishlarini muvaffaqiyatli himoya qilgan.