Bobomurot Jurayevich Ahmedov 1963-yil 4-iyunda Samarqand viloyatida ziyolilar oilasida tug‘ilgan. Otasi Jura Ahmedov va onasi Rohiya Nazarova taniqli geologlardir. Dastlab Jizzax shahrida yashagan, 1966-yilda Zarafshon geologik qidiruv ekspeditsiyasi tuzilishi munosabati bilan oilasi Samarqandga ko‘chirilgan va u shu yerda tarbiyalanib o‘sgan. Bobomurot Ahmedov 2023-yilda O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasining haqiqiy a’zosi (akademik) etib saylangan. 2021-yilda “O‘zbekiston Respublikasi fan arbobi” faxriy unvoni, 2012-yilda “Mehnat shuhrati” ordeni va bir qancha medallar, faxriy yorliqlar bilan taqdirlangan. 2018-yilda Butunjahon Fanlar akademiyasi (TWAS) akademigi, 2020-yilda Islom dunyosi Fanlar akademiyasi (IAS) akademigi, 2024-yilda “The Core Academy” (Xalqaro fan va gumanitar fanlar akademiyasi) akademigi etib saylangan. Ahmedov, shuningdek, Xalqaro astronomiya ittifoqi (IAU) a’zosi etib saylangan. 2017-yilda “Yil olimi – 2017” (Highly Cited Author, Web of Science), 2018-yilda “Yil olimi – 2018” (Researcher of the Year, Scopus), 2022-yilda “Atoqli taqrizchi” (Yevropa fizika jurnallari jamiyati) deb e’tirof etilgan. COMSTECH Best Research Paper in Physics Award 2025 sohibi; ‘2nd International TURKIC WORLD SCIENCE AWARDS: Ulugh Beg Aviation and Space Sciences Award 2025 sohibi. Top 2% Scientist: Stanford/Elsevier ro’yxatiga kiritilgan. Shuningdek, Dehli Markaziy universiteti va Lahor universitetining faxriy professori, Triestdagi Xalqaro nazariy fizika markazining relyativistik astrofizika va gravitatsiya sohasida mintaqaviy tarmog‘i koordinatori. 2001-yilda Butunjahon Fanlar akademiyasi (TWAS) va O‘zbekiston FA yosh olimlar uchun fizika mukofoti. 2012-yilda O‘zbekiston “Mehnat shuhrati” ordeni. 1996-yilda O‘zbekiston FA yosh olimlar fizika mukofoti. 1994-yilda Xalqaro fan fondi (ISF) mukofoti va boshqa bir qancha grantlar (CNR-NATO, NATO reintegratsiya, AS-ICTP Regular Associate, Volkswagen Stiftung, DAAD, UNESCO-TWAS Regular Associate, Fudan stipendiyasi va boshqalar). So‘nggi 35 yil davomida u ICTP, TWAS, CNR (Italiya), DAAD, Volkswagen, NATO, Erasmus+ va boshqa tashkilotlardan o‘nlab mahalliy va xalqaro ilmiy loyihalarga rahbarlik qilgan. Bobomurot Ahmedov 1980-yilda Samarqand shahridagi B.N. Surovtsev nomli 45-o‘rta ta’lim maktabni tugatib, Samarqand davlat universitetining fizika fakultetiga o‘qishga kirgan va 1985-yilda imtiyozli diplom bilan tugatgan. O‘sha yili O‘zbekiston Fanlar Akademiyasi Yadro fizikasi institutiga “nazariy fizika” mutaxassisligi bo‘yicha kunduzgi aspiranturaga qabul qilingan. 1988-yildan mazkur institutda muhandis (1988-1989), kichik ilmiy xodim (1989-1990), ilmiy xodim (1990-1994), katta ilmiy xodim (1994-1996), laboratoriya mudiri (1996-1999), yetakchi ilmiy xodim (1999-2012), bosh ilmiy xodim (2012-2016), 2017-2026 yillarda O‘zbekiston Fanlar Akademiyasi Astronomiya institutida bo‘lim mudiri lavozimida mehnat qilgan. U hozirda O‘zbekiston Milliy universiteti (O‘zMU) huzuridagi Nazariy fizika instituti direktori, O‘zbekiston Milliy universiteti professori, “Yangi O‘zbekiston” universiteti (NewUU) professori, Xitoydagi “Harbin Institute of Technology” (HIT) professori va “O‘zbekiston fizika jurnali” bosh muharriri. B.J. Ahmedov 1993-yilda “Umumiy nisbiylik nazariyasida uzluksiz muhitlar elektrodinamikasi” mavzusidagi nomzodlik dissertatsiyasini muvaffaqiyatli himoya qilib, fizika-matematika fanlari nomzodi ilmiy darajasini olgan. 2001-yilda O‘zbekiston Milliy universiteti “Makroskopik elektrodinamikada umumiy nisbiylik effektlari” mavzusidagi doktorlik dissertatsiyasini himoya qilgan. 2014-yilda professor ilmiy unvoni berilgan. Bobomurot Ahmedov ilmiy izlanishlar bilan bir qatorda respublikamiz uchun yuqori malakali kadrlar tayyorlashga ham munosib hissa qo‘shib kelmoqda. 2003-2009-yillarda O‘zbekiston Milliy universiteti (O‘zMU) huzuridagi K.067.02.14 sonli ixtisoslashgan kengash a’zosi, 2009-2012-yillarda D.067.02.13 sonli doktorlik himoyalari bo‘yicha ixtisoslashgan kengash rais o‘rinbosari, 2013-2021-yillarda O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Oliy attestatsiya komissiyasining “fizika” bo‘yicha ekspert kengashi a’zosi, 2018-2021-yillarda Innovatsion rivojlanish vazirligi “Matematika, fizika va mexanika fanlari” ilmiy-texnik kengashi a’zosi, 2020-2022-yillarda Astronomiya instituti huzuridagi DSc.02/30.12.2019.FM.15.01 sonli kengash a’zosi, 2021-2025-yillarda “TIIQXMMI” Milliy tadqiqot universiteti huzuridagi Fundamental va amaliy tadqiqotlar instituti qoshidagi DSc.03/31.03.2022.T/FM.10.04 sonli kengash raisi bo‘lgan. Hozirda 2025-yildan boshlab “Yangi O‘zbekiston” universiteti huzuridagi Ilg‘or tadqiqotlar instituti qoshidagi DSc.03/07.07.2025.FM/T.192.01 sonli kengash raisi va O‘zbekiston Milliy universiteti huzuridagi DSc.03/30.12.2019/FM.01.09 sonli kengash rais o‘rinbosari. Bobomurot Ahmedov 30 nafar fan nomzodi/PhD falsafa doktori va 12 nafar fan doktori dissertatsiyasiga rahbarlik qilgan. Ahmedov juda sermahsul muallif: 1993-yildan buyon uning 250 dan ortiq ilmiy maqolalari nufuzli jurnallarda (Monthly Not. R. Astron. Soc. (IF 4.961), A&A (5.014), ApJ (5.533), Phys. Rev. D (4.506), European Physical Journal C (5.331) va b.) chop etilgan. Uning nashrlarining Hirsch h-indeksi Scopus/Web of Science bo‘yicha 51, iqtiboslar soni esa ~8500ni tashkil qiladi. Ahmedov quyidagi jurnallar taqrizchisi: Physical Review D, Physical Review Letters, European Journal of Physics, European Physical Journal C, Monthly Notices of the Royal Astronomical Society, General Relativity and Gravitation, International Journal of Theoretical Physics, International Journal of Modern Physics D, Physics Letters A, Modern Physics Letters A, Physica Scripta, Classical and Quantum Gravity, Journal of Physics, Journal of Astrophysics, Plasma Phys. Control. Fusion, Pramana, Advances in Space Research, Annals of Physics, Arabian Journal of Mathematics, Canadian Journal of Physics va b. U Italiya, Germaniya, Fransiya, Hindiston, Chexiya, Tunis, Bangladesh, Polsha, Avstriya, Turkiya, Moldova, Armaniston, Belarus, Vyetnam, Isroil, Pokiston, Rossiya, Ukraina, Qozog‘iston, Xitoy, Saudiya Arabistoni, Janubiy Koreya kabi mamlakatlardagi ilmiy markazlarda ko‘p marotaba ilmiy safarlarda bo‘lgan. Ahmedov tez-tez xorijdagi seminarlar va konferensiyalarda taklif etilgan ma’ruzachi sifatida qatnashadi va Osiyo (Xitoy, Hindiston, Qozog‘iston) hamda Yevropadagi (Chexiya, Germaniya, Italiya, Rossiya) yetakchi tadqiqotchilar bilan yaqin hamkorlik qiladi. Bobomurot Ahmedov O‘zbekistonda relyativistik astrofizika sohasida yangi ilmiy maktab yaratdi. Uning rahbarligida uchta yangi yo‘nalish: rentgen astronomiyasi (kichik massali rentgen qo‘shaloq tizimlar ma’lumotlarini tahlil qilish), gravitatsion to‘lqinlar astronomiyasi (qo‘shaloq qora o‘ralar to‘qnashuvi spektrlarini tahlil qilish), radio astronomiya (submillimetr radiodiapazonida qora o‘ralar tasvirlarini tahlil qilish) yo‘lga qo‘yilgan. Bobomurot Ahmedov umumiy nisbiylik va gravitatsiya sohasida xalqaro miqyosda tan olingan mutaxassisdir. U 1999-yilda Samarqandda bo‘lib o‘tgan “Eksperimental gravitatsiya” xalqaro simpoziumi tashkilotchisi bo‘lgan. 1993-2001-yillarda Samarqand davlat universitetida, 2001-yildan esa O‘zbekiston Milliy universitetida ma’ruzalar o‘qib keladi. Springer nashriyotining “Arabian Journal of Mathematics” jurnali muharriri. Uning astrofizik muammolarga umumiy nisbiylikni qo‘llash hamda relyativistik yulduzlar va qora tuynuklarning elektrodinamikasini o‘rganishda ilg‘or sonli va analitik usullardan foydalanish bo‘yicha uzoq yillik tajribasi bor. Xususan, u magnitlangan relyativistik yulduzlar va qora tuynuklarning ichki va tashqi elektromagnit maydonlari xususiyatlariga kuchli egrilangan fazo-vaqt ta’sirini o‘rganish uchun asosiy formalizmni ishlab chiqqan. Uning tomonidan tebranuvchi va aylanuvchi magnitlangan neytron yulduzlarining kuchsiz magnitlangan (force-free) magnitosferasi ishlab chiqilgan. Shuningdek, pulsarlarning vaqtinchalik faolligini yulduzning silkinishlari (glitch) bilan davriy ravishda qo‘zg‘atiladigan tebranishlar nuqtai nazaridan tushuntiruvchi sifat modeli taklif qilingan. Aylanuvchi va tebranuvchi magnitarlarda radioemissiya sharoitlari o‘rganilgan. Magnitarlarning portlash faolligi va ularning magnitosferasida radioemissiya paydo bo‘lishi o‘rtasidagi bog‘liqlik tabiiy ravishda izohlangan. Qora tuynuk soyasini ixtiyoriy qutb egri chizig‘i sifatida tasvirlaydigan umumiy formalizm ishlab chiqilgan va bu formalizm shovqinli kuzatuv ma’lumotlarini aniq va ishonchli tavsiflash imkonini berishi ko‘rsatilgan. Turli kompakt obyektlar tomonidan gravitatsion linzalash keng o‘rganilgan. Advanced LIGO tomonidan qo‘shaloq kompakt obyektlarning qo‘shilishidan gravitatsion to‘lqinlarning kuzatilishi umumiy nisbiylikning kuchli maydon rejimiga yangi oyna ochganligi sababli, Ahmedov e’tiborini gravitatsion to‘lqinlar yordamida muqobil gravitatsiya nazariyalarining dinamik, nochiziqli rejimini tekshirishga qaratgan. Xususan, qo‘shaloq qora tuynuklarning qo‘shilishidan keyingi so‘nuvchi (quasinormal) rejimlar va galaktik halolarda markaziy o‘ta massiv qora tuynuklarning shakllanishini tushuntirish vositasi sifatida ko‘rib chiqilgan. Ahmedov hozirgi faoliyatida qora tuynuklar soyasini tavsiflash, gravitatsion linzalash, aylanuvchi va tebranuvchi magnitlangan neytron yulduzlar, shuningdek rentgen qo‘shaloq tizimlardagi elektromagnit va astrofizik jarayonlarni o‘rganmoqda. Yana bir yo‘nalishi Yer ionosferasida o‘ta past chastotali (VLF) elektromagnit to‘lqinlarning tarqalishi va turli atmosfera, yer va yerdan tashqari hodisalar natijasida kelib chiqadigan ionosfera buzilishlarini tadqiq qilishdir. Bobomurot Ahmedov - relyativistik astrofizika, umumiy nisbiylik va gravitatsiya sohasidagi yetakchi olimlardan biri. U klassik fizika maktabida tarbiyalangan yetuk nazariyotchi fizik bo‘lib, shogirdlari bilan birgalikda relyativistik astrofizikaning muhim muammolari bo‘yicha qator qiziqarli natijalarga erishgan. U Toshkentdagi Astronomiya institutida umumiy nisbiylik va relyativistik astrofizikaga ixtisoslashgan nazariy astrofizika guruhining asoschisidir. Ayniqsa, aylanuvchi astrofizik va o‘ta massiv qora tuynuklar, shuningdek tebranuvchi va aylanuvchi kuchli magnitlangan neytron yulduzlari atrofida sodir bo‘ladigan jarayonlarni tushunishga qo‘shgan hissasi qimmatlidir. U magnit maydonidagi qora tuynuklarning energetikasi bo‘yicha ishlari bilan ham mashhur. O‘zbekistonda Bobomurot Ahmedov fizika va astronomiya yo’nalishida bakalavr, magistr va PhD dissertatsiyalariga yuqori sifatli rahbarlik qiladigan olimlardan biridir. Ahmedovning O‘zbekistondagi tadqiqot faoliyatining ta’siri juda muhim. Birinchidan, u butun O‘zbekiston bo‘yicha relyativistik astrofizikaga ixtisoslashgan yagona tadqiqot guruhining asoschisidir. Ikkinchidan, uning rahbarligidagi guruh O‘zbekiston Milliy universiteti va mamlakatning yetakchi davlat universiteti bilan yaqin ilmiy aloqalarga ega. Uchinchidan, u tez-tez mahalliy ilmiy muassasalar va universitetlarga tashrif buyurib, umumiy nisbiylik va relyativistik astrofizikaning eng yangi yutuqlari bo‘yicha taqdimotlar qiladi. To‘rtinchidan, mahalliy universitetlarning doktorant va magistrantlari u bilan ishlashdan katta foyda ko‘radi. Ahmedovning O‘zbekistonda fiziklar tayyorlashdagi muhim roli alohida e’tirofga loyiqdir. Uning ba’zi shogirdlari hozirda umumiy nisbiylik va relyativistik astrofizikani tushunishga munosib hissa qo‘shmoqda. Hozirgi kunda u o‘zining ilmiy maktabi vakillari bilan birgalikda O‘zbekistonda gravitatsion va astrofizik tadqiqotlarni yanada rivojlantirish konsepsiyasi ustida ish olib bormoqda.