Dilnozaxon Abdullajanova 1982-yil 11-dekabrda Toshkent shahrining Olmazor tumanida tug‘ilgan. D.S. Abdullajanovaning ilmiy va pedagogik faoliyati davlat tomonidan ham munosib e’tirof etilgan. U «O‘zbekiston Respublikasi Mustaqilligiga 20 yil» esdalik nishoni (2011) hamda «O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasiga 25 yil» esdalik nishoni (2017) bilan taqdirlangan. Mehnat faoliyatini 2003-yilda Mirzo Ulug‘bek nomidagi O‘zbekiston Milliy universiteti Ijtimoiy-siyosiy fanlar fakultetini tamomlagandan so‘ng 2003-2005-yillarda Mirzo Ulug‘bek nomidagi O‘zbekiston Milliy universiteti Ijtimoiy-siyosiy fanlar fakulteti magistranti sifatida tahsil olgan. 2005-2009-yillarida respublika Baynalmilal madaniyat markazi «Ma’naviyat va ma’rifat» bo‘limi bosh mutaxassisi, kasaba uyushmasi raisi lavozimida oʻz faoliyatini yuritgan. 2009-2018-yillarda O‘zLiDeP Toshkent shahar Kengashi «Ayollarning siyosiy faolligi, jamiyatdagi o‘rni va mavqeini oshirish» bo‘limi mudiri, kasaba uyushmasi lavozimida sifatida faoliyat olib borgan. 2012-2017-yillarda O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi Olmazor tibbiyot kolleji o‘qituvchisi sifatida mehnat faoliyatini olib borgan. 2019-2020-yillarda Mirzo Ulug‘bek nomidagi O‘zbekiston Milliy universiteti Ijtimoiy fanlar fakulteti, «Psixologiya» kafedrasi tayanch doktoranti. 2021-2023-yillarda Mirzo Ulug‘bek nomidagi O‘zbekiston Milliy universiteti Ijtimoiy fanlar fakulteti, «Umumiy psixologiya» kafedrasi o‘qituvchisi, katta o‘qituvchisi psixologiya fanlari bo‘yicha falsafa doktori (PhD), «Umumiy psixologiya» kafedrasi dotsenti v.b. 2023-2024-yillarda O‘zbekiston Respublikasi Jamoat xavfsizligi universiteti «Xizmat faoliyatini tarbiyaviy-psixologik ta’minlash» kafedrasi dotsenti, psixologiya fanlari bo‘yicha falsafa doktori (PhD) sifatida faoliyat yuritgan. 2024-2026-yil 7-yanvarga qadar O‘zbekiston Respublikasi Jamoat xavfsizligi universiteti «Xizmat faoliyatini tarbiyaviy-psixologik ta’minlash» kafedrasi professori, psixologiya fanlari doktori (DSc), dotsent. 2020-yilda «Boshqaruvda ayollar faolligining ijtimoiy-psixologik xususiyatlari» mavzusida 19.00.05 – Ijtimoiy psixologiya. Etnopsixologiya ixtisosligi bo‘yicha falsafa doktori (PhD) ilmiy darajasini olgan. 2023-yilda esa «O‘zbekistonda boshqaruv kadrlari zaxirasini samarali shakllantirishning ijtimoiy-psixologik omillari» mavzusidagi doktorlik dissertatsiyasini muvaffaqiyatli himoya qilib, psixologiya fanlari doktori (DSc) ilmiy darajasiga sazovor bo‘lgan. O‘zbekiston Respublikasi Oliy attestatsiya komissiyasining 2024-yil 8-maydagi qaroriga muvofiq 19.00.05 – «Ijtimoiy psixologiya. Etnopsixologiya» ixtisosligi bo‘yicha dotsent hamda 2026-yil 8-yanvardagi qaroriga muvofiq ushbu ixtisoslikdan professor ilmiy unvonini olgan. Professor D.S. Abdullajanovaning ilmiy faoliyati boshqaruv psixologiyasi, liderlik, boshqaruv kadrlari zaxirasini shakllantirish, gender tenglik, harbiy psixodiagnostika, stressga chidamlilik, psixologik xavfsizlik, ekstremal va favqulodda vaziyatlarda inson omili, psixologik energiya tejamkorlik texnologiyalari hamda shaxsning resurs salohiyatini rivojlantirish muammolariga bag‘ishlangan. Uning tadqiqotlari insonning murakkab va ziddiyatli faoliyat sharoitlaridagi psixologik holatlari, emotsional va kognitiv resurslari, ijtimoiy moslashuv mexanizmlari hamda boshqaruv samaradorligini ilmiy asosda baholashga qaratilgan. Olimaning tashabbusi bilan universitetda ilmiy-tadqiqot faoliyatini rivojlantirish, ilmiy natijalarni amaliyotga joriy etish va yosh tadqiqotchilarni qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan qator innovatsion loyihalar amalga oshirilgan. Professor D.S. Abdullajanova O‘zbekiston Respublikasi Milliy gvardiyasi huzuridagi «Xizmat faoliyatini psixologik ta’minlash» markazini tashkil etish, uning tashkiliy-huquqiy asoslarini shakllantirish hamda amaliy faoliyatini yo‘lga qo‘yishda bevosita va faol ishtirok etgan. Mazkur markazning samarali faoliyat yuritishiga qo‘shgan munosib hissasi uchun Milliy gvardiya Qo‘mondonligi tomonidan e’tirof etilgan. D.S. Abdullajanova nafaqat yetuk pedagog va psixolog olima, balki mamlakatimizda qonun ijodkorligi jarayonlarida ham faol ishtirok etib kelayotgan mutaxassislardan biridir. Xususan, uning amaldagi qonunchilik hujjatlarini yangi tahrirdagi O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi normalariga muvofiqlashtirish yuzasidan ishlab chiqqan ilmiy-amaliy taklif va tavsiyalari normativ-huquqiy hujjatlarni takomillashtirish jarayonida keng qo‘llanilgan. Jumladan, olimaning voyaga yetmaganlar o‘rtasida huquqbuzarliklar profilaktikasi tizimini takomillashtirish, ularning huquq va manfaatlarini himoya qilish hamda profilaktik faoliyatning huquqiy mexanizmlarini yanada mustahkamlashga qaratilgan takliflari «Voyaga yetmaganlar o‘rtasida huquqbuzarliklar profilaktikasi tizimi takomillashtirilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksiga o‘zgartirishlar kiritish haqida»gi O‘RQ-1024-sonli O‘zbekiston Respublikasi Qonunini ishlab chiqishda foydalanilgan. Mazkur holat D.S. Abdullajanovaning ilmiy salohiyati va amaliy tashabbuslari davlat va jamiyat hayotining muhim yo‘nalishlarida o‘zining amaliy ifodasini topayotganligini yaqqol namoyon etadi. Olima tomonidan ishlab chiqilgan «PsyTech Military» harbiy psixolog maxsus chemodani» amaliy diagnostik majmua sifatida bugungi kunda nafaqat ta’lim jarayonida, balki harbiy qismlar va bo‘linmalarda xizmat olib borayotgan psixologlar tomonidan harbiy xizmatchilar bilan ishlashda samarali qo‘llanilmoqda. Ushbu majmua psixologik diagnostika, monitoring va individual-psixologik yordam ko‘rsatish imkoniyatlarini kengaytirishga xizmat qilmoqda. Professor D.S. Abdullajanovaning ilmiy-amaliy faoliyati natijasida «Psixologik klinika»ning raqamlashtirilgan modeli joriy etilib, «Raqamli psixologning yagona reyestri» shakllantirilgan. Mazkur tizim psixologik xizmat ko‘rsatish jarayonlarini raqamli boshqarish, mutaxassislar faoliyatini monitoring qilish hamda aholiga ko‘rsatilayotgan psixologik yordam sifatini oshirish imkonini bermoqda. «Psixologik klinika» olimaning tashabbusi bilan maktab-mahalla-oila hamkorligini mustahkamlash, ta’lim muassasalarida uchrayotgan ijtimoiy-psixologik muammolarni barvaqt aniqlash va bartaraf etish, bolalar hamda ota-onalarga malakali psixologik yordam ko‘rsatishga yo‘naltirilgan tizim sifatida amaliyotga joriy etilgan. Ushbu loyiha yoshlar tarbiyasi, oilaviy munosabatlar barqarorligi va psixologik farovonlikni ta’minlashga xizmat qilayotgan innovatsion ijtimoiy-psixologik platforma sifatida e’tirof etilmoqda. D.S. Abdullajanova ilm-fan va ta’lim integratsiyasini rivojlantirish, xalqaro ilmiy hamkorlikni kengaytirish hamda zamonaviy psixologik tadqiqotlarni qo‘llab-quvvatlashga alohida e’tibor qaratib kelmoqda. Uning tashabbusi bilan respublika va xalqaro miqyosdagi ilmiy-amaliy konferensiyalar, seminarlar, treninglar va davra suhbatlari muntazam tashkil etilmoqda. Ushbu anjumanlarda xorijiy va mahalliy olimlar, ekspertlar hamda amaliyotchi mutaxassislar ishtirok etib, psixologiya fanining dolzarb muammolari yuzasidan ilmiy muloqotlar olib bormoqdalar. Shuningdek, u yoshlar bilan ishlash, ta’lim sifatini oshirish, kasbiy yo‘naltirish va psixologik madaniyatni yuksaltirish borasida ham faol jamoatchilik ishlarini amalga oshirib kelmoqda. Maktablar, oliy ta’lim muassasalari, harbiy ta’lim tizimi hamda davlat tashkilotlarida psixologik xizmat samaradorligini oshirishga qaratilgan seminar-treninglar, mahorat darslari va ilmiy-amaliy uchrashuvlarda muntazam ishtirok etadi. D.S. Abdullajanova tomonidan psixologiya fanining dolzarb yo‘nalishlari bo‘yicha 120 dan ortiq ilmiy va ilmiy-uslubiy ishlar nashr etilgan. Jumladan, 6 ta monografiya, 20 dan ortiq darslik va o‘quv qo‘llanma, 50 dan ziyod ilmiy maqola respublika va xorijiy nufuzli ilmiy jurnallarda chop etilgan. Ularning 8 tasi Scopus xalqaro ilmiy ma’lumotlar bazasida indekslangan bo‘lib, olimaning Hirsch indeksi (h-index) 21 ni tashkil etadi. Shuningdek, Intellektual mulk agentligi tomonidan berilgan 8 ta mualliflik guvohnomasi sohibasidir. Ilmiy maktab tashkilotchisi sifatida D.S. Abdullajanova rahbarligida 3 nafar fan doktori (DSc), 3 nafar falsafa doktori (PhD) tayyorlangan hamda 10 dan ortiq magistrlik dissertatsiyalari muvaffaqiyatli himoya qilingan. Hozirgi kunda u 4 nafar doktorant va 6 nafar tayanch doktorantning ilmiy rahbari sifatida faoliyat yuritmoqda. Olimaning ilmiy salohiyati davlat grantlari va innovatsion loyihalarda ham yaqqol namoyon bo‘lgan. U 2 ta xalqaro va 2 ta respublika miqyosidagi ilmiy-amaliy grant loyihalarida tadqiqotlar olib borgan, ulardan 3 tasiga ilmiy rahbarlik qilgan. Shuningdek, 2 ta xo‘jalik shartnomasi asosidagi ilmiy-amaliy loyihalarga rahbarlik qilgan va ko‘plab ilmiy dasturlar ijrosida faol ishtirok etgan. Professor D.S. Abdullajanova ilmiy jamoatchilik faoliyatida ham faol ishtirok etib kelmoqda. U ilmiy kengashlar huzuridagi ilmiy seminar va ilmiy kengash a’zosi sifatida psixologiya fanining dolzarb muammolari bo‘yicha olib borilayotgan dissertatsion tadqiqotlarni ekspertizadan o‘tkazish, ilmiy xulosalar tayyorlash, ilmiy kadrlar salohiyatini oshirish hamda respublikada yuqori malakali ilmiy-pedagogik kadrlar tayyorlash jarayonlarida munosib ishtirok etmoqda. Uning ilmiy ekspertlik faoliyati psixologiya fanining nazariy va amaliy yo‘nalishlarini rivojlantirish, ilmiy maktablar faoliyatini takomillashtirish hamda ilmiy tadqiqotlar sifatini oshirishga xizmat qilmoqda.
Pedagog sifatida D.S. Abdullajanova «Umumiy psixologiya», «Harbiy psixodiagnostika», «Ekstremal va favqulodda vaziyatlar psixologiyasi», «Eksperimental psixologiya», «Profayling asoslari» fanlaridan ma’ruza, seminar va amaliy mashg‘ulotlar olib boradi. Ta’lim jarayonida zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalari, multimedia vositalari hamda interfaol metodlardan samarali foydalanadi. Uning pedagogik faoliyati talabalarda, bo‘lajak ofitserlarda, magistr tinglovchilarda mustaqil fikrlash, kasbiy kompetensiya, fuqarolik mas’uliyati va liderlik sifatlarini shakllantirishga qaratilgan. So‘nggi yillarda professor D.S. Abdullajanova tomonidan psixologiya fanining zamonaviy va innovatsion yo‘nalishlari sifatida raqamli psixologiya, harbiy psixodiagnostikada sun’iy intellekt texnologiyalaridan foydalanish, harbiy boshqaruvda supervizorlik faoliyati hamda harbiy superviziya masalalariga alohida e’tibor qaratilmoqda. Mazkur yo‘nalishlar doirasida raqamli transformatsiya sharoitida shaxs psixologiyasining o‘zgarishlari, sun’iy intellekt asosida psixodiagnostik monitoring tizimlarini takomillashtirish, harbiy xizmatchilarning psixologik holatini prognozlash va baholashning innovatsion mexanizmlarini ishlab chiqish bo‘yicha ilmiy izlanishlar olib borilmoqda. Shuningdek, olima tomonidan harbiy boshqaruv tizimida supervizorlik faoliyatining ijtimoiy-psixologik asoslari, rahbar va bo‘ysunuvchilar o‘rtasidagi professional refleksiya, psixologik hamkorlik, kasbiy kompetentlik monitoringi hamda psixologik qo‘llab-quvvatlash mexanizmlarini takomillashtirishga qaratilgan ilmiy-amaliy konsepsiyalar ishlab chiqilmoqda. Harbiy superviziya yo‘nalishidagi tadqiqotlar esa harbiy psixologlar, komandirlar va tarbiyaviy tuzilmalar faoliyatining samaradorligini oshirish, xizmat faoliyatidagi psixologik xavflarni barvaqt aniqlash hamda harbiy jamoalarda sog‘lom psixologik muhitni shakllantirishga xizmat qiluvchi ilmiy-metodik asoslarni yaratishga qaratilgan. Professor D.S. Abdullajanovaning tashabbusi va bevosita tashkilotchiligi ostida universitet hamda respublika miqyosida 4 dan ortiq xalqaro va 20 ga yaqin respublika hamda ilmiy-amaliy konferensiyalar, seminar-treninglar va ilmiy forumlar o‘tkazilgan. Mazkur ilmiy tadbirlarda psixologiya, pedagogika, boshqaruv, harbiy psixologiya va ijtimoiy fanlar yo‘nalishlarida faoliyat yuritayotgan yetakchi olimlar, tadqiqotchilar hamda amaliyotchi mutaxassislar ishtirok etib, zamonaviy psixologik tadqiqotlar, innovatsion texnologiyalar va ilmiy-amaliy muammolar yuzasidan fikr almashganlar. Professor D.S. Abdullajanova bugungi kunda psixologiya fanining zamonaviy yo‘nalishlari, xususan, raqamli psixologiya, sun’iy intellekt asosidagi psixodiagnostika, harbiy superviziya, psixologik xavfsizlik va boshqaruv psixologiyasi bo‘yicha ilmiy tadqiqotlarni rivojlantirish, ilmiy maktablarni mustahkamlash hamda mamlakatimizda psixologiya fanining strategik rivojlanish istiqbollarini belgilashga munosib hissa qo‘shib kelmoqda. Qariyb yigirma yillik ilmiy-pedagogik faoliyati davomida D.S. Abdullajanova boshqaruv kadrlari zaxirasini shakllantirishning psixologik asoslarini takomillashtirish, rahbar kadrlarning psixologik portreti va psixologik tavsifnomasini ishlab chiqish, o‘zini o‘zi boshqarish va o‘zini o‘zi nazorat qilish mexanizmlarini tadqiq etish, harbiy xizmatchilar faoliyatining psixologik diagnostikasini tashkil etish, ekstremal va murakkab vaziyatlarda psixologik barqarorlikni ta’minlash omillarini aniqlash hamda ularning ilmiy-amaliy mexanizmlarini ishlab chiqish borasida salmoqli ilmiy natijalarga erishgan. D.S. Abdullajanovaning ko‘p yillik samarali mehnati, ilmiy-pedagogik faoliyati va innovatsion tashabbuslari respublikamizda psixologiya fanining rivojlanishiga, psixologik xizmat tizimini takomillashtirishga hamda ayniqsa harbiy va huquqni muhofaza qiluvchi oliy ta’lim muassasalarida zamonaviy psixologik ta’limning sifat jihatidan yangi bosqichga ko‘tarilishiga munosib hissa bo‘lib xizmat qilmoqda.