Olim

ALNIYAZOV AYTMURAT ISMAILOVICH

Filologiya fanlari doktori, professor, Qoraqalpog‘iston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan fan arbobi

Filologiya fanlari doktori, professor Alniyazov Aytmurat Ismailovich 1958-yili 15-iyulda Qoraqalpogʻiston Respublikasi Qoʻngʻirot tumanidagi «Muytan» ovulida tugʻilgan. 1974-yili oʻrta maktabni tamomlab, sovxozda ishchi boʻlib ishlagan. 1976-yili Nukus davlat universitetining rus tili va adabiyoti fakultetiga oʻqishga kirib, 1981-yili Ivanovo davlat universitetining (Rossiya) filologiya fakultetini tugatgandan soʻng Nukus davlat universitetida rus tili va adabiyoti kafedrasida oʻqituvchi lavozimida ishlagan. 1982-1983-yillarda harbiy xizmatda boʻlgan va soʻng universitetda ishini davom etgan. 1985-1987-yillarda Toshkent davlat universiteti aspiranturasida taʼlim olgan. 1988-1990-yillarda Nukus davlat universitetida oʻqituvchi, 1990-1995-yillarda Nukus davlat pedagogika institutida oʻqituvchi, katta oʻqituvchi, rus tili va adabiyoti fakulteti dekanining oʻquv ishlari boʻyicha oʻrinbosari lavozimlarida ishlagan. 1992-yili Tver davlat universitetida (Rossiya) «Hozirgi rus tilidagi koʻp komponentli ergash gaplar aynanlik va farqlilik problemasi aspektida» mavzusida fan kandidati dissertatsiyasini, 2020-yilda esa «Hozirgi qoraqalpoq tilidagi bogʻlangan qoʻshma gaplarning funksional-semantik tahlili» mavzusida doktorlik dissertatsiyasini himoya qilgan. 2021-yili unga professor ilmiy unvoni berilgan. 1996-1998-yy. OʻzR FA til va adabiyot instituti doktoranturasida oʻqigan va keyin 1999-y. OʻzR FA Qoraqalpogʻiston boʻlimi til va adabiyot institutida katta ilmiy xodim, 1999-2000-yy. Toshkent pediatriya tibbiyot instituti Nukus filiali direktorining oʻrinbosari, 2001-2004-yy. – «Vesti Karakalpakstana» gazetasi bosh muharririning oʻrinbosari, 2005-2007-yy. – OʻzR FA QQB til va adabiyot instituti direktorining oʻrinbosari, 2007-2023-yy. – OʻzR FA QQB Qoraqalpoq gumanitar fanlar ilmiy-tadqiqot institutining direktori lavozimlarida ishlagan. 2023-2024-yillarda ushbu institutning qoraqalpoq tilshunosligi boʻlimini boshqargan. Hozirgi vaqtda ushbu institutning bosh ilmiy xodimi lavozimida ishlab kelmoqda. Umumiy mehnat faoliyati 51 yil. Professor A.I. Alniyazov 130 dan ortiq ilmiy maqolalar, 4 ta monografiya va 2 ta oʻquv qoʻllanmalari muallifi. Qator maqolalari xorijiy ilmiy jurnallarda eʼlon qilingan. Professor A.I. Alniyazov ilmiy izlanishlarining asosiy natijalari xalqaro ilmiy konferensiyalarda taqdim qilingan: Moskva (1995), Tver (1993), Ashgabat (2008, 2009), Almati (2010), Kazan (2011, 2012), Gorno-Altaysk (2022). A.I. Alniyazov oʻzbek, rus, qoraqalpoq tillari boʻyicha mohir tarjimon. U Abu Rayhon Beruniyning «Hindiston» asarini, P.P.Ivanovning «Qoraqalpoqlar tarixi ocherklari» asarlarini, shuningdek, umumtaʼlim maktablarining 5-6-sinflari uchun «Vatan tuygʻusi», 7-9-sinflar uchun «Milliy istiqlol gʻoyasi va maʼnaviyat asoslari» darsliklarini, «Oʻzbekiston Respublikasida nodavlat notijorat tashkilotlarni davlat roʻyxatidan oʻtkazish masalalari boʻyicha amaliy qoʻllanma», Oʻzbekiston Respublikasining «Davlat hokimiyati va boshqaruv organlari faoliyatining ochiqligi toʻgʻrisida»gi, «Jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari toʻgʻrisida»gi Qonuniga sharhlarni, Oʻzbekiston Respublikasining «Saylov Kodeksi»ni va boshqa qator kitoblarni qoraqalpoq tiliga tarjima qildi. A.I. Alniyazov 1996-yildan Oʻzbekiston jurnalistlar uyushmasi aʼzosi. Uning qoraqalpoq, oʻzbek, rus tillarida yozilgan ilmiy, ilmiy-ommabop maqolalari oʻzining dolzarbligi, chuqur tahliliy jihatlari bilan ajralib turadi. U Internet-jurnalistika boʻyicha «Oltin qalam» milliy mukofotining Qoraqalpogʻistonda birinchi sovrindori (2008) hisoblanadi. Professor A.I. Alniyazov 100 jildlik «Qoraqalpoq folklori» akademik to‘plamining masʼul muharriri sifatida deyarli 650 bosma taboq hajmidagi qoʻlyozma materiallarini bir hisobdan oʻqib chiqib, nashrga tayyorladi, ularni kitob maketi holiga keltirib, chop etishga erishdi. Professor A.I. Alniyazov ilmiy faoliyati davomida institutda bajarilgan quyidagi fundamental, amaliy va innovatsion ilmiy-tadqiqot loyihalariga ilmiy rahbar va ishtirokchi boʻldi: 1) 175-06 – Hozirgi qoraqalpoq tilidagi teng bogʻlovchilar va sintaktik yuklamalar maxsus bogʻlovchi vositalar sifatida (2006-2007); 2) FA-I8-G001 – Qoraqalpoq xalq dostonlarining («Yedige», «Qirq qiz», «Shoriyor», «Qoblan», «Maspodsho») ilgari chop etilmagan variantlarini nashrga tayyorlash va chop etish (2007-2008); 3) FA-I8-G001 - Qoraqalpoq xalq dostonlarining («Yer Shora», «Goʻroʻgʻli», «Bozugʻlan», «Gulnahar», «Davletiyarbek», «Yer Qosay», «Qaraman», «Qurbanbek», «Qiz paluan», «Munliq-Zarliq», «Gulistan», «Qanshayim») ilgari chop etilmagan variantlarini nashrga tayyorlash va chop etish (2009-2010); 4) FA-A3-G004 – Qoraqalpoq folklori leksikasining idioetnik semantikasi (xalq marosim qoʻshiqlari) (2009-2011); 5) FA-I8-G001 – Qoraqalpoq xalq dostonlarining («Bazirgen», «Qirmandali», «Auez uylengen», «Ashik Najep», «Bozaman», «Bozjigit», «Gʻarip-Ashiq», «Yer Sayim», «Yer Ziuar», «Sayatxan-Xamire», «Amanbay batir», «Menlikal», «Arep Rayxan», «Yusup-Axmet», «Shirin-Sheker», «Auezxan») ilgari chop etilmagan variantlarini nashrga tayyorlash va chop etish (2011-2012); 6) FA-A1-G007 – Qoraqalpoq naql-maqollari lingvistik tadqiqot obyekti sifatida (2012-2014); 7) I1-FK-0-24819 – 100 jildlik qoraqalpoq folklori toʻplamining keyingi kitoblarini nashrga tayyorlash va chop etish (qoraqalpoq xalq ertaklari) (2013-2014); 8) I1-FA-G006 IZ-2015 – «Qoraqalpoq folklori» toʻplamining 101-107-jildlarini nashrga tayyorlash va chop etish (qoraqalpoq xalq qoʻshiqlari va marosim poeziyasi) (2016-2017); 9) F1-FA-0-43429 – Qoraqalpoq folklori va adabiyoti janrlarining nazariy masalalarini tadqiq etish (2012-2016). Shu bilan bir qatorda, institutning musiqa fondunda eski lentalarda saqlanayotgan qoraqalpoq baxshi-jirovlari ijro etgan 10 ta doston hamda 552 ta qoʻshiq va kuylarni qayta tikladi va zamonaviy kompyuter tizimiga koʻchirib, elektron arxiv tuzish ishlarini amalga oshirdi. Professor A.I. Alniyazov qoraqalpoq folklori va musiqa meroslarini toʻplash va oʻrganish, ularni xalqaro miqyosda targʻib qilish sohasida ham samarali mehnat qilmoqda. Xususan, 2007-y. Qoraqalpogʻiston Respublikasidagi tumanlar boʻylab folklor-etnografik ekspeditsiya tashkil qilib, unga rahbarlik qildi, ekspeditsiya davomida toʻplangan qoraqalpoq milliy folklor ijrochilik namunalari 2008-yili Parij shahrida (Fransiya) «Ajdodlar sazosi» nomi bilan chiqarilgan kompakt-diskda jamlandi. Shuningdek, u 2010-yili YUNESKOning Oʻzbekistondagi vakilxonasining «Nomoddiy merosni inventarizatsiya qilish (Qoraqalpoq milliy anʼanaviy musiqasi misolida)» mavzusidagi grant loyihasi boʻyicha Qoraqalpogʻistonda birinchi marta tashkil qilingan xalqaro folklor-etnografik ekspeditsiyasiga ham rahbarlik qildi, bunda toʻplangan materiallar ham 2011-yili Parij shahrida (Fransiya) ishlab chiqarilgan «Qoraqalpoq xalqining epik merosi» nomli kompakt-diskda jamlandi. Professor A.I. Alniyazov tashabbusi va rahbarligida institutda 20 dan ortiq xalqaro va respublika ilmiy-nazariy konferensiyalar oʻtkazildi, ularda koʻplab xorijiy olimlar ishtirok etib, filologiya sohasidagi muammolar boʻyicha har tomonlama va teran tahlillar oʻrtaga tashlanib, ularning yechimlari boʻyicha muhim fikrlar bildirildi. Professor A.I. Alniyazov yuqori malakali kadrlar tayyorlashga ham munosib hissa qoʻshib kelmoqda. U institut huzurida qoraqalpoq tili va folklorshunoslik ixtisosliklari boʻyicha ilmiy darajalar beruvchi Ilmiy tashkil qilishga erishda va ushbu kengashga rahbarlik qilib kelmoqda. U 8 ta falsafa doktori va va 2 ta fan doktori dissertatsiyalariga rahbarlik qildi. Bundan tashqari, professor A.I. Alniyazov Qoraqalpog‘iston davlat universiteti huzuridagi qoraqalpoq tili va qoraqalpoq adabiyoti ixtisosliklari boʻyicha ilmiy darajalar beruvchi Ilmiy kengashning hamda qiyosiy adabiyotshunoslik, chogʻishtirma tilshunoslik va tarjimashunoslik ixtisosliklari boʻyicha ilmiy darajalar beruvchi Ilmiy kengashning aʼzosi hisoblanadi. Professor A.I. Alniyazov keng jamoatchilik ishlarida ham faol ishtirok etib kelmoqda. U – Oʻzbekiston jurnalistlar uyushmasi aʼzosi; «OʻzR FA Qoraqalpogʻiston boʻlimi Axborotnomasi» jurnali va «Uzluksiz taʼlim» jurnali tahririyati aʼzosi; OʻzR FA QQB huzuridagi «Ilim» nashriyoti direktori (jamoatchilik asosida); «Demokratiya va inson huquqlari» instituti Qoraqalpogʻiston filiali direktori (jamoatchilik asosida); Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi huzuridagi davlat tili toʻgʻrisidagi qonunni amaliy bajarish va lotin yozuviga asoslangan qoraqalpoq alifbosini joriy qilish boʻyicha Respublika komissiyasi aʼzosidir. Koʻp yillik munosib xizmatlari uchun professor A.I. Alniyazov Qoraqalpogʻiston Respublikasi Joʻqorgʻi Kengashining Faxriy Yorligʻi (2004), «Doʻstlik» ordeni (2019) bilan mukofotlangan, unga «Qoraqalpogʻiston Respublikasida xizmat koʻrsatgan fan arbobi» faxriy unvoni berilgan (2023), u Oʻzbekiston Respublikasi xalq taʼlimi aʼlochisi (2015).