Olim

SIDDIQOV ILYOSJON BAXROMOVICH

Falsafa fanlari doktori (DSc), dotsent

   Hayotda shunday insonlar ham bo’ladiki, ular o’zlarining ham boy  ichki ma’naviy olami, ham ilm-fanga tashna o’tkir zehni, bilim olishga bo’lgan kuchli intilishu qiziqishi  bilan atrofini qurshab turgan ota-onasi, qarindosh-urug’lari, ustozu murabbiylari, do’stu yorlarining mehr-muhabbati va ishonchini ertaroq qozonib, jo’shqin yoshlik paytlaridanoq  o’zligini ko’proq namoyon eta oladilar. SHunday zamondoshimiz va  hamyurtlarimizdan biri – falsafa fanlari doktori (DSc), dotsent Ilyosjon Siddiqovdir. Kezi kelganda shuni ham aytib o’tmoq lozimki, yoshlarimizga hamisha ibrat namunalari kerak va bu ibrat namunalarini o’z vaqti-soatida namunali shakl-shamoyilda, shaffoflik va samimiylik bilan to’yingan rang-tus va ohanglarda, ta’sirchan realistik manzaralarda ko’rsata bilish ham kerak. Hayot haqiqatlarini bo’yamay-bejamay, qanday bo’lsa shunday holicha, bor bo’y-basti bilan aks ettira  olishning ayniqsa hozirgi tez o’zgarib borayotgan axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalari zamonida ahamiyati nihoyatda beqiyosdir.



   Shaxs kamoloti – noyob jarayon. Mehnatkash oilaning soddagina, hatto aytish mumkinki bo’sh-bayov, boshqa tengdoshlaridan aytarlik farq qilmaydigan oddiy qishloq yigitidan el-yurtga foydasi tegadigan, yuqori madaniyatli, o’qimishli, yuzlab zamonaviy yoshlarning sevimli ustozi maqsadi qadar yuksalgan, zakiyta’b olimning shakllanib, tobora sayqallanib borayotgani o’z-o’zidan sodir bo’lgan emas. Bu kamolot yo’lining takomil topishida, shak-shubha yo’qki,  avvalo oila muhitining betakror hissasi borligini ham ta’kidlab o’tmog’imiz joiz. Undan keyin, oila muhitiga uzviy bog’liq holda mahalla, maktab, o’quv yurtlari, sevimli piri komillarning ruhoniyatga to’liq ta’siriyu dono yo’l-yo’riqlari, bergan  oqilona maslahatlari muhim rol o’ynagan.



   Siddiqov Ilyosjon Baxromovich 1984-yil 13-avgust kuni Farg’ona viloyati Furqat tumani Qo’qonboy qishlog’idagi ziyoli oila bo’lmish - maktab muallimi va muallimasi bo’lgan Siddiqov Baxromjon va Olimova Zubaydaxonlarning to’ng’ich farzandi bo’lib dunyoga keldi. U 1991-yilning 1-sentyabr kuni – ya’ni mustaqillgimizning ilk kunida o’zi tug’ilib o’sgan qishloqdagi 18-umumta’lim maktabining 1-sinfiga o’qishga qabul qilindi. Siddiqov Ilyosjon Baxromovich maktab davridagi o’qish yillarida muntazam fan olimpiadalariga qatnashib, tuman va viloyat miqyosida sovrinli o’rinlarni egallab kelgan. 2001 yilda maktabni tamomlab, shu yili davlat granti asosida FarDUning tarix yo’nalishiga o’qishga qabul qilindi. Siddiqov Ilyosjon Baxromovich 2005 yilda FarDUning Tarix fakulteti “Tarix” ta’lim yo’nalishini, 2007 yilda FarDUning “Vatan tarixi” yo’nalishida magistraturani, 2010 yilda FarDUning “Falsafa tarixi” ixtisosligi bo’yicha aspiranturasini tamomlagan. Siddiqov Ilyosjon Baxromovich 2007 yildan boshlab falsafa fanlari doktori, professor Mahmud Abdullaev ilmiy rahbarligida ilmiy tadqiqot ishlarini boshladi. Aynan I.Siddiqovning olim sifatida shakllanishida ustozi Mahmud Abdullaevning o’rni va xizmatlari katta bo’lgan.



    Hozirgi zamon olimi eng bahsli g’oyalarni vijdoni qiynalmay himoya qilishga qodir. U biron-bir muassasa va mafkuraga nisbatan bog’iy muhabbat yoki nafrat tuyg’ularini his etmaydi. Uning maqsadlari barqaror bo’lishi yoki mulohazalar, tajribaning o’zgarishi yoki atrofdagilarda kuchli taassurot qoldirish niyati ta’sirida o’zgarishi mumkin. U maqsadga yo bir o’zi, yo uyushgan guruh yordamida erishishga harakat qilishi mumkin. Ilyosjon Siddiqovning ham ilmiy faoliyati va uning bu boradagi yutuqlarida Farg’ona davdat universiteti Falsafa kafedrasi jamoasining o’rni beqiyos. Siddiqov Ilyosjon Baxromovich 2007 yildan hozirgi kunga qadar Farg’ona davlat universitetining Falsafa kafedrasida ilmiy-pedagogik faoliyatini olib bormoqda. 2007-2019 yillarda FarDU falsafa kafedrasi o’qituvchisi, 2019-2022 yillarda katta o’qituvchisi, 2022-yildan hozirgi kunga qadar dotsent lavozimlarida ishlab kelmoqda.



   Siddiqov Ilyosjon Baxromovich 2020 yil 4 iyunь kuni O’zbekiston Milliy universiteti huzuridagi fan doktori ilmiy darajasini beruvchi DSc. 30.12.2019.F. 01.05 raqamli Ilmiy kengashda falsafa doktori (PhD) ilmiy darajasini olish yozilgan “Yoshlar intellektual madaniyatini rivojlantirishning ijtimoiy-falsafiy jihatlari” mavzusidagi dissertatsiyasini, 2022 yil 28 iyul kuni esa  Buxoro davlat universiteti huzuridagi Ilmiy darajalar beruvchi phd.03/27.02.2020.f.72.08. Raqamli bir martalik ilmiy kengashda falsafa fanlari doktori (DSc)  ilmiy darajasini olish yozilgan “O’rta asr Islom sharqidagi gnoseologik va teologik qarashlarning o’ziro sintezlashuvi: tarixiy-falsafiy tahlil” mavzusidagi dissertatsiyalarini falsafa fanlari doktori, professor Yuldashev Maxamadilxom Mamayunisovich ilmiy rahbarligi va maslahatchiligida muvafaqqiyatli himoya qilgan. «Ilm odamlari» ilmiy izlanishlarning mahsullarini faqat fan sohasida tayyorgarlikka ega, bilimdon odamlarga berishlari mumkin. Tayyorgarlikka ega bo’lmagan odamlar ularni o’zlashtira olmaydilar. Shu narsa diqqatga sazovorki, «ilm odamlari» - olimlar butun dunyo bo’ylab tarqalgan va butun insoniyatga tegishli. Ular bir-birini qidiradi, bir-biri bilan aloqa qiladi. Olimlarning uchrashuvlari va muloqotini ta’minlash shakllari har xil nom bilan ataladi – bular seminarlar va konferentsiyalar, simpoziumlar va kongresslar. Biroq muloqotning eng qulay va keng tarqalgan yo’li – olimlarning ilmiy asarlarini e’lon qilish. Shu jihatdan falsafa fanlari doktori (DSc), dotsent Ilyosjon Siddiqov tomonidan ham hozirgi kunga qadar jami 230 ta ilmiy va ilmiy-uslubiy ishlar e’lon qilingan bo’lib, jumladan,  2 ta monografiya, 2 ta darslik, 8 ta ilmiy risola, 3 ta elektron darslik va o’quv qo’llanma,  mahalliy va xorijiy jurnallarda 200 dan ortiq ilmiy maqola va tezislari nashr qilingan. Jumladan, uning ilmiy ishlari AQSH, Kanada, Rossiya, Avstriya, Ispaniya, Angliya, Hindiston, Germaniya, Xitoy kabi davlatlarning nufuzli xalqaro jurnallari, xususan Scopus va Web of Science tizimiga kiruvchi jurnallarda  nashr qilingan. Xalqaro “Science Innovation”, “Middle European Scientific Bulletin” hamda “Historical Sciences”jurnallarining tahrir hay’ati a’zosi.



   Falsafa aslida savol qo’yishni o’rganish uchun o’rganilishi lozim. Chunki savollar nima ehtimolu nima haqiqat bo’lishi to’g’risidagi tushunchamizni kengaytiradi, intellektual tasavvurimizni boyitadi va tafakkurga to’siqlik qiluvchi cheklanish, o’ziga bo’lgan mutaassibona ishonchni kamaytiradi. Falsafa mutaxassisi mehnat bozorida o’zining bilimini emas, balki ayni bilimlar vositasida shakllantirilgan malaka va ko’nikmalarini taklif qiladi. Ilyosjon Siddiqov ham ilmiy-pedagogik faoliyatining ilk kunlaridanoq Farg’ona viloyati va respublika miqyosida o’tkazilgan ma’naviy-ma’rifiy tadbirlarning faol ishtirokchisi, tashkilotchisi, ma’ruzachisi sifatida jonbozlik ko’rsatib kelmoqda. Ilyosjon Siddiqov 2016 yilda  “O’zbekiston mustaqilligiga 25 yil”, 2017 yilda  “O’zbekiston konstitutsiyasiga 25 yil” ko’krak inishonlari bilan taqdirlangan. Umuman olimlar portretiga shuni qo’shimcha qilish lozimki, ular haqiqatni hamma narsadan ustun qo’yadi, bilim – hayotning oliy in’omi, haqiqat har qanday e’tiqodlar, mafkuralar va jamoatchilik fikridan muhimroq ekanligi, olimning vazifasi haqiqatni targ’ib qilishdan iboratligi, demak, ularning shogirdlar va izdoshlarga ega bo’lish lozimligiga ishonchi komil bo’ladi.



   Yuqoridagi fikrlardan kelib chiqqan holda aytish mumkinki, falsafa fanlari doktori (DSc), dotsent Ilyosjon Siddiqov ham bugungi kunda falsafa fanining dolzarb muammolariga bag’ishlangan mavzularda shogirdlar tayyorlash ishiga alohida e’tibor qaratib kelmoqda. Xususan, uning ilmiy rahbarligi va maslahatchiligida:



1. Namangan davlat pedagogika instituti erkin tadqiqotchisi, falsafa fanlari bo’yicha falsafa doktori (PhD) Abdullaev Akmal Nasriddinovich “Yangi O’zbekistonda islomiy qadriyatlarning diniylik va dunyoviylik uyg’unligini ta’minlashdagi o’rni: ijtimoiy-falsafiy tahlil” mavzusida  09.00.04 – Ijtimoiy falsafa ixtisosligidan falsafa fanlari doktori (DSc) ilmiy darajasini olish uchun;



2.  Farg’ona politexnika instituti ijtimoiy fanlar kafedrasi katta o’qituvchisi Abduraxmonov G’ayratjon Zokirovich “Jamiyat taraqqiyotining yangi bosqichida g’oyaviy birlashuv zaruriyati: ijtimoiy- falsafiy taxlil” mavzusida 09.00.04-Ijtimoiy falsafa ixtisosligidan falsafa fanlari bo’yicha falsafa doktori (PhD) ilmiy darajasini olish uchun;



3. Qo’qon davlat pedagogika instituti mustaqil tadqiqotchisi Mavlonov Ilxomjon Xolmirzaevich   “Yangi O’zbekistonda milliy yuksalish jarayonining ijtimoiy-falsafiy omillari” mavzusida 09.00.04–Ijtimoiy falsafa ixtisosligidan falsafa fanlari bo’yicha falsafa doktori (PhD) ilmiy darajasini olish uchun;



4. Qo’qon davlat pedagogika instituti mustaqil tadqiqotchisi  Meliboev Azizjon Nizomiddinovich   “Yangi O’zbekistonda kambag’alikka qarshi kurash strategiyasining ijtimoiy-falsafiy tahlili” mavzusida 09.00.04–Ijtimoiy falsafa ixtisosligidan falsafa fanlari bo’yicha falsafa doktori (PhD) ilmiy darajasini olish uchun;



5. O’zbekiston Respublika Iqtisodiy taraqqiyot va kambag’allikni qisqartirish vazirligi huzuridagi Mahallabay ishlash va tadbirkorlikni rivojlantirish agentligini Aholini tadbirkorlikka jalb qilish boshqarma boshlig’i o’rinbosari Tadbirkorlikka o’qitish va biznes ko’nikmalarini o’rgatishni tashkil etish bo’limi boshlig’i, mustaqil tadqiqotchi   Abdillazov Farhodjon Muydinovich   “Kambag’allik fenomeni va uning ijtimoiy taraqqiyotda namoyon bo’lishi: tarixiy-falsafiy tahlil” mavzusida 09.00.03 - Falsafa tarixi ixtisosligidan falsafa fanlari bo’yicha falsafa doktori (PhD) ilmiy darajasini olish uchun;



6. O’zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi Akademiyasi sirtqi ta’lim fakulteti katta o’qituvchi-metodisti, podpolkovnik Sayidov Maxmud Xamidovich “Yoshlarda g’oyaviy birdamlik fazilatlarini rivojlantirishda vorisiylik an’analaridan foydalanishning ma’naviy-ma’rifiy texnologiyalari” mavzusida 09.00.09 – Ma’naviy jarayonlar va texnologiyalar ixtisosligidan falsafa fanlari bo’yicha falsafa doktori (PhD) ilmiy darajasini olish uchun;



7. Farg’ona politexnika instituti akademik litseyi ijrochi direktori  Boltaboev Iqboljon Tursunalievich “Temuriylar davri mutafakkirlari tasavvufiy-falsafiy qarashlarida komil insonga oid g’oyalarning namoyon bo’lishi” mavzusida 09.00.03 - Falsafa tarixi ixtisosligidan falsafa fanlari bo’yicha falsafa doktori (PhD) ilmiy darajasini olish uchun;



8. Farg’ona davlat universiteti mustaqil tadqiqotchisi  O’rinov Murodjon  Jumanovich   “Kambag’allikning tsivilizatsion ko’chish dinamikasi: tarixiy-falsafiy tahlil” mavzusida 09.00.03 - Falsafa tarixi ixtisosligidan falsafa fanlari bo’yicha falsafa doktori (PhD) ilmiy darajasini olish uchun tadqiqotlar olib bormoqda.



   Falsafa fanlari doktori (DSc), dotsent Siddiqov Ilyosjon Baxromovich falsafa fani borasidagi izlanishlar bilan cheklanmay hozirgi kunda ustozi O’zbekistonda xizmat ko’rsatgan madaniyat xodimi, pedagogika fanlari doktori, professor Egamberdieva Turg’unoy Ahmadjonovnaning ilmiy maslahatchiligida “Aralash ta’lim sharoitida bo’lajak tarix o’qituvchilarida informatsion-analitik kompetentlikni rivojlantirish” mavzusida 13.00.01 – Pedagogika nazariyasi. Pedagogik ta’limotlar tarixi ixtisosligidan pedagogika fanlari doktori (DSc) ilmiy darajasini olish uchun taqdim etiladigan tadqiqot ishini yakunlash arafasida turibdi.