Agzamxodjayev Saidakbar Saidovich 1953-yil 2-mayda Andijon shahrida toshkentlik ziyolilar Said Agzamovich va Marg‘uba Nazirovna oilasida tavallud topdi. 1960–1970-yillarda Toshkent shahar Shayxontahur tumani Ko‘kcha dahasidagi 40 va 192-o‘rta maktablarda o‘qidi. Maktabni a’lo baholarga muvaffaqiyatli tugatgandan keyin Toshkent davlat universiteti Sharq fakultetiga o‘qishga kirdi. 1970–1977-yillarda Saidakbar Agzamxodjaev Toshkent davlat universiteti Sharq fakultetining arab filologiyasi bo‘limida sharqshunos-arabshunos mutaxassisligi bo‘yicha o‘qidi. Talaba bo‘la turib 1974−1976-yillarda Iroq davlatida arab tilidan tarjimon bo‘lib xizmat safarida bo‘ldi. Saidakbar Agzamxodjaev o‘zining ilmiy-tadqiqotchilik faoliyatini O‘zbekiston Fanlar akademiyasi Tarix institutida boshladi. 1977–1980-yillarda u O‘zFA Tarix institutida kichik ilmiy xodim lavozimida ishladi. Saidakbar Agzamxodjaev arab tilining mohir bilimdoni bo‘lganligi uchun uni yana Iroq respublikasiga taklif etishdi va 1980−1983-yillar davomida O‘zbekiston suv xo‘jaligi vazirligining irrigatsion qurilmalarida mutaxassislarga arab tili tarjimoni bo‘lib ishladi. Shunda arab mamlakatlarining tarixi va madaniy merosini o‘rganishga qaratilgan ilmiy izlanishlarni olib borishni boshladi.
1983-yilda Saidakbar Agzamxodjaev O‘zFA Tarix institutiga qaytib kelgach, ilmiy xodim lavozimida ishladi. 1983–1989-yillarda u taniqli tarixchi va sharqshunos olima tarix fanlari doktori, professor, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan fan arbobi Rahima Xodievna Aminovaning ilmiy bo‘limida ishlashni boshladi va uning rahbarligida ilmiy tadqiqotni olib borish usullarini o‘rgandi. Shuningdek uning yordamida arxiv hujjatlari bilan ishlash mahoratini oshirdi. Bu tajriba keyinchalik doktorlik dissertatsiyasi ustida ishlayotganida foydali bo‘ldi. 1988-yilda Saidakbar Agzamxodjaev O‘zbekistonning xorijiy Sharq davlatlari bilan iqtisodiy va madaniy hamkorlik masalalarini o‘rganib, “Узбекистан в сотрудничестве с СССР с развивающимися странами Азии и Африки в области здравоохранения (1961–1985 гг.)” deb nomlangan nomzodlik dissertatsiyasini muvaffaqiyatli himoya qilib, tarix fanlari nomzodi ilmiy darajasini oldi. 1986-1991-yillarda O‘zFA Tarix institutida Ra’no Yadgarovna Radjabova direktor bo‘lib ishlaganda, Saidakbar Agzamxodjaevning qobiliyatlarini e’tirof etib va uni arab yozuvidagi manbalarni o‘qiydigan mutaxassis sifatida qadrlab, unga “Turkiston Muxtoriyati: ozodlik va mustaqillik uchun kurash” mavzusini ilmiy tadqiq etishni tavsiya qildi. U bunga chuqur qiziqdi va katta ishtiyoq bilan 1917-yil oktyabr inqilobidan keyingi Turkistondagi ijtimoiy va siyosiy voqealarga oid hujjatlarni arxiv va kutubxonalardan asta-sekin to‘pladi. S.Agzamxodjaev mustaqillik sharofati bilan yurtimiz tarixini xolis va ilmiy jihatdan tadqiq etish nuqtayi nazaridan kelib chiqqan holda sobiq sovet davrida soxtalashtirilgan davr mohiyatini tom ma’noda ochib berishga muvaffaq bo‘ldi. Bu bilan u haqqoniy tarixchining bo‘ynidagi mas’uliyatini qanday his qilmoq lozimligini ham isbot qilgan edi. S.S. Agzamxodjaevning ilmiy qiziqishlari XX asrning birinchi yarmidagi Turkiston va O‘zbekistonning ijtimoiy-siyosiy tarixi, milliy ozodlik harakati, siyosiy partiyalar faoliyati, milliy matbuot tarixi, qatag‘on qilingan davlat va jamoat arboblarining hayoti, shuningdek, 1917-1924-yillarda Turkistonda Sovet hokimiyatining siyosatini o‘z ichiga olgan. 1989–1993-yillarda S.S.Agzamxodjaev Moskva va Toshkentda doktoranturani o‘tadi. Moskvaga doktoranturaga o‘qish uchun borganda, u yerda Turkiston Muxtoriyati tarixiga oid mavzu bo‘yicha noyob tarixiy hujjatlarni topdi. Ma’lumki, Sovet davrida Turkiston Muxtoriyati tarixi buzib ko‘rsatilgan edi va Saidakbar Agzamxodjaev ilgari o‘rganilmagan, ayniqsa arab yozuvidagi o‘zbek tilidagi ko‘plab manbalarni ilmiy muomalaga kiritgan ilmiy tadqiqotchi bo‘lgan. U Turkiston xalqlarining milliy o‘z taqdirini o‘zi belgilashga urinishlarida jadidlarning rolini o‘rgangan birinchi tarixchilardan edi. Turkiston Muxtoriyatini tashkil etilishi XIX asr oxiri – XX asr boshlarida vujudga kelgan jadidchilik harakatining dastlabki amaliy natijasi bo‘lgan. Bu harakat tarixini va uning yirik namoyandalari faoliyatini ham puxta o‘rganish zarur edi. Buni yaxshi tushungan Saidakbar Agzamxodjaev jadidchilik harakatining Mahmudxo‘ja Behbudiy, Munavvar qori Abdurashidxonov, Ubaydulla Xo‘jaev, Abdulla Avloniy, Saidnosir Mirjalilov, Obidjon Mahmudov, Ashurali Zohiriy, Abduqodir Shakuriy singari namoyandalarining hayoti va ijodiy, ijtimoiy-pedagogik faoliyati bilan ham yaqindan tanishdi. Bu jadid ma’rifatparvarlarining milliy taraqqiyot va hurriyat yo‘lida fidoyilarcha olib borgan ishlarini ko‘zdan kechirib, ularni o‘zbek xalqining XX asrning dastlabki choragidagi milliy davlatchilikni tuzish uchun xalq yo‘lboshchilari sifatida talqin qildi. Uning o‘zbek tilida “Turkiston Muxtoriyati” va rus tilida nashr etilgan “История Туркестанской Автономии(Turkiston Muxtoriyati)” kitoblari Turkiston tarixshunosligiga haqiqatan ham yangi va muhim hissa bo‘ldi. 1993−1994-yillarda Toshkent davlat sharqshunoslik institutining tarix fakultetida “Sharq mamlakatlari tarixi” maxsus kursdan ma’ruza va seminar darslarini o‘tkazdi. Saidakbar Agzamxodjaev nafaqat taniqli olim, balki o‘qituvchi ham bo‘lib, u o‘z talabalarini tarixiy bilim orqali vatanparvarlik ruhida tarbiyalashga, Vatanga muhabbat va hurmatni singdirishga intiladigan ustozdir. 1994–1996-yillarda OʻzR FA Tarix institutida S.Agzamxodjaev katta ilmiy xodim boʻlib ishladi. Shuningdek, Turkiston Muxtoriyati bilan bogʻliq voqealarga guvoh boʻlgan yoki ularda ishtirok etgan davr qahramonlari, millat fidoyilarining fikrlarini, tarixiy xizmatlari-yu, ayanchli qismatlarini sinchiklab oʻrgandi. Sovet mafkurasi qoralab, qatagʻon qilgan, quvgʻinga solgan tarixiy shaxslarning asl maqsadlari va xizmatlarini aniqlash uchun nafaqat manbalar, balki xotiralarni ham oʻrgandi. 1996-yilda “Туркестанская автономия: борьба за свободу и независимость (1917–1918 гг.)” mavzusida doktorlik dissertatsiyasini himoya qildi va tarix fanlari doktori ilmiy darajasiga sazovor boʻldi. 1997–1999-yillarda Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universitetida “Tarix, falsafa va madaniyatshunoslik” kafedrasi dotsenti va “Jahon ijtimoiy–siyosiy tarixi” kafedrasi mudiri boʻlib ishladi. 1999-yil 7-apreldagi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Farmoniga binoan islom diniga oid taʼlim yoʻnalishlari boʻyicha malakali kadrlar tayyorlash borasida jahondagi nufuzli oliy taʼlim muassasalarining tajribasini atroflicha oʻrganish, tahlil etish va oʻquv-tarbiya jarayoni sifatini zamonaviy talablar darajasida tashkil qilish, ularda burchga sadoqat va vatanparvarlik tuygʻusini tarbiyalash, millatimizning buyuk ilmiy, maʼnaviy qadriyatlari asosida yetuk islomshunos mutaxassis kadrlar tayyorlashni taʼminlash maqsadida Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzurida Toshkent islom universiteti taʼsis etilishi ayrim olimlardan xizmat maydonini oʻzgartirishni taqozo etdi. Saidakbar Agzamxodjaev birinchilar qatorida yangi universitetga ishga oʻtib, keyingi hayotini pedagogik faoliyatga toʻla bagʻishladi. U universitet tashkil etilgan ilk kundan boshlab hozirgi kunga qadar shu oʻquv yurtida turli lavozimlarda faol ishlab keldi. 1999–2002-yillarda Toshkent islom universitetining “Islom tarixi va falsafasi” fakulteti dekani va oʻrindoshlik asosida “Oʻzbekistonda demokratik jamiyat qurish nazariyasi va amaliyoti” kafedrasi mudiri boʻlib ishladi. 2002-yilda ilmiy-pedagogik faoliyatini samarali olib borganligi uchun Toshkent islom universitetining Ilmiy kengashi tavsiyasiga ko‘ra O‘zbekiston Respublikasi Oliy attestatsiya komissiyasi Saidakbar Saidovich Agzamxodjaevni “O‘zbekiston tarixi” ixtisosligi bo‘yicha professor ilmiy unvonida tasdiqladi. 2002–2003-yillarda Toshkent islom universitetining ma’naviyat va ma’rifat ishlari bo‘yicha prorektori, 2003–2004-yillarda “O‘zbekistonda demokratik jamiyat qurish nazariyasi va amaliyoti” kafedrasi mudiri, 2004–2006-yillarda Toshkent islom universitetining “Islom tarixi va falsafasi” fakulteti dekani, 2006–2008-yillarda Toshkent islom universiteti “Dinshunoslik” kafedrasi mudiri, 2008–2016-yillarda Toshkent islom universiteti “Tarix” kafedrasi mudiri bo‘lib ishladi. 2016-yildan O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi (O‘zXIA) “Islom tarixi va manbashunosligi IRCICA” kafedrasi professori lavozimida ishlab kelmoqda. S.S.Agzamxodjaev o‘zbek va rus tillarida “O‘zbekiston tarixi”, “O‘zbekistonning eng yangi tarixi”, “Muzeyshunoslik va arxivshunoslik”, “Markaziy Osiyo xalqlari etnologiyasi”, “Islom madaniyati va san’ati tarixi”, “Movarounnahr allomalari ilmiy merosi” va boshqa o‘quv fanlaridan ma’ruza va seminarlarni olib boradi. Mashg‘ulotlarni o‘tkazishda u o‘qitishning ilg‘or innovatsion pedtexnologiyalarini qo‘llab, o‘z kasbiy mahoratini yoshlarda Vatanga sadoqatli bo‘lish, millat tarixi bilan iftixor qilish, milliy qadriyatlarni hurmat qilish, millatlararo totuvlikni asrab avaylash kabi fazilatlarni shakllantirishga qaratib, yuksak ma’naviyatli insonni tarbiyalash uchun bor hayotiy tajribasini bag‘ishlamoqda.
Koʻp yillar davomida S.S.Agzamxodjaev OʻzR FA Tarix institutidagi 07.00.01– “Oʻzbekiston tarixi” ixtisosligi va Toshkent islom universitetidagi 24.00.02–“Islom tarixi va manbashunosligi” ixtisosligi boʻyicha Ixtisoslashgan ilmiy kengashlar aʼzosi boʻlgan. Toshkent islom universiteti Ixtisoslashgan kengash qoshidagi ilmiy seminarga raislik qildi. Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Oliy Attestatsiya Komissiyasi ekspert kengashi aʼzosi boʻldi. 2012-yildan Oʻzbekiston Respublikasi Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi huzuridagi Oʻzbekistonning eng yangi tarixi boʻyicha Jamoatchilik Kengashi aʼzosi. Akademik Yahyo Gʻulomov nomidagi “Oʻzbek xalqi va uning davlatchiligi tarixi” Respublika ilmiy seminarining doimiy ishtirokchisi. S.S.Agzamxodjaev oʻz ilmiy–pedagogik faoliyati davomida shogirdlar tayyorlashga eʼtibor bermoqda. Olimning rahbarligida 2 ta tarix fanlari doktori va 6 nafar tarix fanlari nomzodi yetishib chiqdi. Hozirgi vaqtda 3 ta mustaqil ilmiy izlanuvchi, 2 ta doktorantning dissertatsiyasiga rahbarlik qilmoqda. Bugungi kunda quyidagi tashkilotlarda Tarix fanlari boʻyicha falsafa doktori (PhD) va fan doktori (DSc.) ilmiy darajasini olishga taqdim etilgan dissertatsiyalar muhokamasi va himoyasida qatnashmoqda: 24.00.01 – “Islom tarixi va manbashunosligi” ixtisosligi boʻyicha Oʻzbekiston xalqaro islom akademiyasi huzuridagi ilmiy darajalar beruvchi DSc. 35/30.12.2019.Isl/Tar/F.57.01 raqamli Ilmiy kengash aʼzosi; 07.00.01-“Oʻzbekiston tarixi” ixtisosliklari boʻyicha Buxoro davlat universiteti huzuridagi tarix fanlari boʻyicha falsafa doktori PhD.03/27.02.2020.Tag.72.07 raqamli Ilmiy kengash aʼzosi; 07.00.03-“Jahon tarixi” va 07.00.08 – “Tarixshunoslik, manbashunoslik va tarixiy tadqiqot usullari” ixtisosliklari boʻyicha Toshkent davlat sharqshunoslik universiteti huzuridagi DSc. 03/31.01.2024. Tar.21.03. raqamli Ilmiy kengash aʼzosi. Professor S.S.Agzamxodjaev xalqaro ilmiy konferensiya va seminarlarda ilmiy maʼruzalar bilan muntazam qatnashib kelmoqda. Rossiya, Italiya, Germaniya, Fransiya, AQSh, Gollandiya, Yaponiya universitetlari olimlari bilan ilmiy aloqalar bogʻlagan.
Uning ilmiy izlanishlari XX asr boshida Markaziy Osiyodagi ijtimoiy-siyosiy, madaniy jarayonlar va jadidchilik harakati tarixi bilan bogʻliqdir. Olim Oʻzbekiston tarixi va tarixshunosligi, manbashunoslik va tarixiy tadqiqot usullari, etnografiya, dinshunoslik va islomshunoslik boʻyicha olib borgan ilmiy izlanishlari yuzasidan 8 ta monografiya, 10 ta oʻquv-uslubiy qoʻllanma, 200 dan ortiq ilmiy va ilmiy–ommabop maqolalar nashrdan chiqardi. Shular jumlasidan quyidagi kitoblar nashrdan chiqdi: Turkiston birligi uchun (mustaqilligimiz tarixidan sahifalar).–T.: FAN, 1995; Turkiston Muxtoriyati. –T.: FAN, 1996; Turkiston Muxtoriyati: milliy demokratik davlatchilik uchun kurash tajribasi.–T.: Maʼnaviyat, 2000; История Тuркестанской автономии (Тyркистон Мuxторияти).– T.: Toshkent islom universiteti. 2006; 100 Markaziy Osiyo mutafakkirlari. (hammualliflikda). – T.: YANGI NASHR, 2013.; Великие мыслители Центральной Азии (hammualliflikda)–T.: Zamon poligraf. 2025. Agzamxodjaev Saidakbar Saidovichning tashabbusi bilan turli ilmiy-amaliy grantlar amalga oshirildi. 2009-2011-yillarda “Markaziy Osiyo sivilizatsiyasining rivojlanishida islom madaniyatining oʻrni” mavzusidagi amaliy grantni bajarish jarayonida salmoqli hissa qoʻshib, quyidagi asosiy ishlarni amalga oshirdi: Respublikaning oliy oʻquv yurtlarida oʻqitiladigan “Oʻzbekiston tarixi”, “Madaniyatshunoslik”, “Maʼnaviyat asoslari”, “Dinshunoslik”, “Dunyo dinlari tarixi” fanlariga oid maʼruzalarni talabalarga koʻrgazmali shaklda yetkazish uchun zamonaviy pedagogik texnologiyalardan foydalanib, Markaziy Osiyo sivilizatsiyasida islom madaniyati, yurtimiz mutafakkirlari, oʻlkamizdagi muqaddas ziyoratgohlar haqida atroflicha maʼlumot beruvchi, audio matn, turli xaritalar, fotosuratlar bilan boyitilgan ilmiy-ommabop, oʻquv multimedia dasturlarini yaratishga qaratilgan loyihaning konsepsiyasini ishlab chiqdi; Loyihani bajarish uchun elektron moddiy-texnika bazasini yaratishda, dasturiy taʼminotini amalga oshirishda, Respublika va xorijda chop etilgan mavzuga oid dasturlarni aniqlashda, kerakli ilmiy manbalar, adabiyotlar, foto, video va audio materiallarni jamlashda, Oʻzbekiston, Qozogʻiston, Turkmaniston, Qirgʻiziston, Tojikiston va boshqa mamlakatlarning tarixiy obidalari, masjid, madrasa, ibodatxonalari, shuningdek Makka, Madina, Damashq, Bogʻdod, Toshkent, Samarqand, Buxoro va Termizning fotosuratlarini toʻplashda rahbarlik va muvofiqlashtirish vazifasini bajardi; “Markaziy Osiyo sivilizatsiyasi rivojida islom madaniyati” sarlavhasi ostida “Markaziy Osiyo mutafakkirlari” deb nomlangan multimedia elektron oʻquv qoʻllanmasining dizayni va tarkibiy tuzilishini ishlab chiqishda maslahatlar berdi; “100 Markaziy Osiyo mutafakkirlari” nomli ilmiy ensiklopedik toʻplamni nashrdan chiqardi. 2022-2023-oʻquv yili davomida professor S.S.Agzamxodjayev rahbarligida “Turkiston Muxtoriyati tarixini yorituvchi www.muxtoriyat.uz elektron platforma va mobil ilova yaratish” nomli amaliy grant loyihasi ishlab chiqildi va Innovatsiya vazirligiga topshirildi. 2025-2026-yillarda Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi ekspozitsiyalarini yaratishda “Turkiston Muxtoriyati” media loyihasi tayyorlandi. Loyiha Turkiston Muxtoriyatining qisqa, ammo muhim faoliyatini keng jamoatchilikka tanishtirish, tarixiy hujjatlar, maqolalar, fotosuratlar va videomateriallar orqali bu davrni yoritish, shuningdek, bu tarixiy tajribani yangi avlodga yetkazishni maqsad qilgan. Ushbu loyiha orqali Turkiston Muxtoriyatining demokratik qadriyatlari, milliy uygʻonish harakati va jadidlar faoliyati keng yoritilgan.
Talabalarni millatlararo doʻstlik va bagʻrikenglik ruhida tarbiyalash maqsadida Oʻzbekiston xalqaro islomshunoslik akademiyasida “Yosh maʼrifatparvar tarixchi” toʻgaragi tashkil etildi va talabalar bilan maʼrifiy suhbat va fikr almashuv oʻtkazildi, hamda devoriy koʻrgazmali stendlarni tashkil etdi. S.S.Agzamxodjaev 2022-2026-oʻquv yillari davomida Oʻzbekiston xalqaro islomshunoslik akademiyasi talabalarining shaxsiy va akademik yutuqlarini rivojlantirish maqsadida OʻzR FA Sharqshunoslik instituti, OʻzR FA Tarix instituti, Mirzo Ulugʻbek nomidagi Oʻzbekiston Milliy universiteti, Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi, Oʻzbekiston tarixi davlat muzeyi, OʻzR VM huzuridagi Qatagʻon qurbonlari xotirasi davlat muzeyi, Temuriylar davri tarixi davlat muzeyining olimlari bilan “Taniqli olimlar bilan uchrashuv” nomli uchrashuv va davra suhbatini oʻtkazdi.
OʻzXIA Yoshlar Ittifoqi bilan hamkorlikda “Millatlararo doʻstlik klubi”(MDK)ni tashkil etish ishlari olib bordi. 2023-yilda Qozogʻiston, Azarbaydjon, Tatariston va Boshkirdiston milliy-madaniy markazlari bilan maʼnaviy-maʼrifiy tadbirlar oʻtkazildi. S.S.Agzamxodjaev maʼnaviy-maʼrifiy tadbirlarni oʻtkazishda tarixiy mavzular boʻyicha radio va televideniye eshittirishlarida qatnashib kelmoqda. “Oʻzbekiston 24”, “Oʻzbekiston tarixi” va “Maʼnaviyat va maʼrifat” telekanallarida Markaziy Osiyo va Oʻzbekiston tarixiga oid mavzular boʻyicha oʻtkazilgan ilmiy–maʼrifiy koʻrsatuvlarda ishtirok etmoqda. “ZIYO” studiyasi koʻrsatuvlarida ham qatnashmoqda.
Toshkent shahri va Toshkent viloyati maktab oʻqituvchi va oʻquvchilari hamda mahalla aholisi vakillari bilan “Oʻzbekistonda millatlararo va dinlararo bagʻrikenglik holati” mavzusida ijtimoiy-maʼnaviy va maʼrifiy muhitni yanada sogʻlomlashtirish boʻyicha tadbirlarda qatnashdi. Respublika viloyatlariga borib yoshlar bilan jonli uchrashuvlarda ishtirok etmoqda. Bu xizmatlari uchun 2006-yilda “Oʻzbekiston Respublikasi Mustaqilligiga 15 yil”, 2021-yilda “Oʻzbekiston Respublikasi mustaqilligining 30 yilligi” esdalik nishoni bilan taqdirlangan. Shuningdek 2009 va 2012-yilda Oʻzbekiston Respublikasi Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligining Faxriy Yorligʻi bilan mukofotlangan.
2023-yilda O‘zbekistonda millatlararo totuvlik va diniy bag‘rikenglikni mustahkamlashga bag‘ishlangan tadbirlarda faol qatnashganligi va yoshlarga jamiyatda millatlararo do‘stlikni mustahkamlash zarurligini tushuntirganligi uchun “Do‘stlik” ordeni bilan mukofotlandi. Professor S.S.Agzamxodjaev ijodkorlik faoliyati va yoshlarga namuna bo‘ladigan shaxsiy xislatlari bilan respublikamiz ziyolilari orasida hurmat qozongan. Uning g‘oya va takliflari doimo O‘zbekiston Respublikasi ilm-fani ravnaqiga, ta’lim tizimini takomillashtirishga qaratilgan.