Alyaminov Xayrulla 1975-yil 12-sentyabrda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Nukus shahrida tug‘ilgan. Qoraqalpoq davlat universiteti Arxitektura kafedrasi dotsenti, pedagogika fanlari nomzodi. 1997-yilda Nukus davlat pedagogika institutining “Tasviriy san’at va chizmachiligi, sharq hunarmandchiligi” mutaxassisligi bo‘yicha tugatgan. O‘zining ish faoliyatini 1997-yildan Nukus davlat pedagogika institutining “Tasviriy san’at va chizmachilik” kafedrasida o‘qituvchi sifatida boshlagan. 2000-2002-yillarda Qori Niyoziy nomidagi O‘zbekiston Pedagogika fanlari ilmiy tadqiqot instituti kunduzgi bo‘lim aspirant sifatida ilmiy ish bilan shug‘ullangan. Alyaminov Xayrulla Islamovich 2003-2004-yillarda Nukus davlat pedagogika instituti “Tasviriy san’at va chizmachiligi” kafedrasining o‘qituvchisi lavozimida ish faoliyatini olib borgan. 2005-2006-yillarda O‘z PFITI ning Qoraqalpog‘iston filialida ilmiy xodimi, 2006-yildan 2015-yilgacha Nukus davlat pedagogika instituti “Tasviriy san’at va chizmachiligi” kafedrasining o‘qituvchisi, 2015-yildan Berdaq nomidagi Qoraqalpoq davlat universiteti “Arxitektura” kafedrasi dotsenti, 2019-yildan Arxitektura kafedrasi mudiri lavozimida faoliyat yuritgan. Hozirgi kunda shu kafedraning dotsenti lavozimida faoliyatini amalga oshirish bilan bir qatorda kafedrada iqtidorli talabalarga mas’ul sifatida yoshlarni ilmga tortish, ularning ilmiy dunyoqarashini shakllantirish, innovatsion tadbirkorlikka oid kompetensiyalarni rivojlantirish, ma’naviy-axloqiy ruhda tarbiyalash shuningdek, Respublikamizga ilmiy-pedagog kadrlar tayyorlash ishlariga doir koʻplab ishlarni amalga oshirib kelgan. 2000-2002-yillarda aspiranturada o‘qish davomida “O‘quvchilarga badiiy – estetik ta’lim berishda o‘lkashunoslik materiallaridan foydalanish. (Qoraqalpog‘iston Respublikasi umumiy o‘rta ta’lim maktablarining 5-7 sinflari misolida)” mavzusida ilmiy tadqiqot ishini olib borgan va 2007-yili O‘rta maxsus, kasb-hunar ta’lim tizimi kadrlarni malakasini oshirish va ularni qayta tayyorlash instituti huzuridagi K.067.68.01.raqamli kengash negizida tashkil etilgan bir martalik kengashda muvaffaqiyatli himoya qilgan. Kafedra mudiri sifatida X.Alyaminov Arxitektura kafedrasi huzuridagi O.Toreniyazov nomidagi “Ilmiy innovatsion markaz”da biznes inkubator tashkil qilgan. Talabalarni innovatsion tadbirkorlikka yo‘naltirishda texnologik biznes inkubatorining asosiy vazifasi: yangi innovatsion g‘oyalarni izlash, ularni o‘rganish va tahlil qilish, g‘oya sohiblariga tadqiqot olib borishni tashkil etish, ularga huquqiy jihatdan yordam ko‘rsatish va boshqaruvchanlik ko‘nikmalarini oshirishni tashkil etish, kashfiyotlarni amaliyotga tatbiq qilishga investorlarni jalb etish, yaratilgan texnologiyalarning transferini amalga oshirish va tijoratlashtirish, yangi mahsulotga xaridorlarni izlab topish va amaliyotga tatbiq etishda ko‘maklashishdan iborat. Mazkur markazda tashkil etilgan inkubatorda innovatsion tadbirkorlik ishlarini amalga oshirish bo‘yicha “Tadbirkorlik faoliyatining biznes-rejasi” nomli elektiv kursini tashkil qilgan. Shuningdek, X.Alyaminov o‘zining ilmga chanqoqligi bilan kafedrada masalan: 78-13-0-F/21 “Qoraqalpog‘iston Respublikasi Nukus shahridagi ko‘p qavatli turarjoy binolarini tejamkor va xavfsiz markazlashgan isitish tizimi bilan ta’minlash” atamasidagi innovatsion loyihasi, QQDU-7/1-“Orol dengizi qurigan tubida yangi texnologiyalar asosida monitoring ishlarini olib boradigan ilmiy tadqiqot stansiyasini tashkil etish” atamasidagi innovatsion loyihasi, “Energiya tejaydigan qurilish bloklari to‘plami” nomli amaliy loyihasi, “Maktab binosining atrofiga o‘quvchilarining tanaffus vaqtida hordiq chiqarish uchun zamonaviy landshaft arxitekturasini shakllantirish” nomli amaliy loyihasi, “Cho‘l va suv kam joylarda yer osti suvlaridan iqlimni mo‘tadil saqlash uchun favvoralar tashkil etish texnologiyasi” nomli amaliy loyihalarini amalga oshirishga rahbarlik qilgan.
Alyaminov Xayrulla Islamovich iqtidorli, ilmga qiziquvchan, erkin tadqiqotchilar va talaba yoshlarning ilmiy-tadqiqot ishlariga yo‘naltirishda sezilarli darajada o‘z hissasini qo‘shib kelmoqda. Qoraqalpoq davlat universiteti 2019-2023-yillarda chet davlatlar, xususan, Rossiya Federatsiyasi (NII MGSU, KFU), Belarussiya (BNTU) oliy ta’lim muassasalari bilan hamkorlik yo‘lga qo‘yilgan. Bu hamkorlikni yo‘lga qo‘yishda albatta Xayrulla Islamovichning hissasi katta.
2023-yil fevral oyida Arxitektura kafedrasi mudiri, dotsent Alyaminov Xayrulla Islamovich O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018-yil 5-iyundagi PQ-3775-sonli qarori asosida Qozon (Volga bo‘yi ) Federal universitetiga xizmat tashrifida bo‘ldi va talabalarga ma'ruzalar o‘tkazdi. Hozirgi kunda Qozon (Volga bo‘yi) Federal universiteti bilan qo‘shma ta’lim dasturi asosida talabalarga ta’lim bermoqda.
. Xayrulla Alyaminov ilmiy rahbarligida koʻplab magistrantlar oʻzlarining magistrlik dissertatsiya ishlarini himoya qilgan, bir qancha mustaqil izlanuvchi va tayanch doktorantlarning ilmiy ishlariga rahbarlik qilmoqda. 2024-yildan Qoraqalpoq davlat universiteti huzuridagi Ilmiy darajalar beruvchi PhD.03/30.07.2024.A.20.11 raqamli Ilmiy kengashi qoshidagi ilmiy seminar a’zosi sifatida ilmiy-pedagog kadrlarni tayyorlashda fidoyilik koʻrsatib kelmoqda X.Alyaminov “Arxitektura nazariyasi va tarixi”, “Kostyum pishimi hám onıń tariyxı” singari darslik va o‘quv qo‘llanmalarining muallifi hisoblanadi. Shuningdek, “Oliy ta’lim muassasalarida innovatsion tadbirkorlikka oid kompetensiyalarni rivojlantirish metodikasini takomillashtirish (arxitektura ta’lim yo‘nalishlari misolida)” mavzusida tadqiqot ishlarini olib bormoqda.
U oʻzining samimiyligi, kamtarinligi, Vatanga boʻlgan muhabbati, mehnatsevarligi, izlanuvchanligi, professional sohasiga sadoqati va yurtiga boʻlgan mehri bilan keng jamoatchilik, oilasi va mahallasi orasida katta hurmat qozongan.