Olim

AMIROV SHAVKAT KUZIBAYEVICH

Qishloq xo‘jaligi fanlari nomzodi, professor

Amirov Shavkat Kuzibayevich 1968-yil 3-iyunda Surxondaryo viloyati Jarqo‘rg‘on tumanida tavallud topgan. Millati o‘zbek. Yoshligidan mehnatsevarlik, chorvachilikka mehr va ilm-fanga qiziqish ruhida tarbiya topgan. Uning otasi – O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan chorvador Qoziboy Amirov Surxondaryodagi yirik chorvachilik majmualaridan biriga uzoq yillar rahbarlik qilgan tajribali va el orasida hurmat qozongan inson bo‘lgan. Ana shu muhit Shavkat Amirovning kelajakdagi ilmiy va pedagogik faoliyatiga mustahkam asos yaratdi. Mehnat faoliyatini 1984-yilda Surxondaryo viloyati Qiziriq tumanidagi Oxunboboyev nomli sovxozda oddiy ishchi sifatida boshlagan. 1986-yilda Samarqand qishloq xo‘jalik institutining zooinjenerlik fakultetiga o‘qishga kirgan. 1987–1989-yillarda harbiy xizmatni o‘tab, keyinchalik o‘qishini davom ettirgan va 1993-yilda institutni imtiyozli diplom bilan tamomlagan. 1993-yildan boshlab Samarqand qishloq xo‘jalik institutida assistent lavozimida faoliyat boshlagan. Keyingi yillarda katta o‘qituvchi, dotsent, kafedra mudiri, direktor o‘rinbosari kabi mas’ul lavozimlarda samarali faoliyat yuritdi. U Samarqand qishloq xo‘jaligi instituti, Samarqand veterinariya meditsinasi instituti, Samarqand veterinariya meditsinasi, chorvachilik va biotexnologiyalar universiteti hamda Toshkent davlat agrar universiteti Samarqand filialida ham ko‘p yillar davomida ilmiy-pedagogik faoliyat olib bordi. 2022-yildan buyon Samarqand agroinnovatsiyalar va tadqiqotlar instituti Dorivor o‘simliklar va oziq-ovqat texnologiyasi kafedrasi professori sifatida faoliyat ko‘rsatmoqda. Sh.K. Amirov “За отвагу”, “От благодарного афганского народа”, “70 лет ВС СССР”, “20 и 35 лет вывода советских войск из Афганистана” medallari bilan taqdirlangan. Ilmiy faoliyati Shavkat Amirov qishloq xo‘jaligi fanlari nomzodi, professor bo‘lib, chorvachilik, zootexniya, sut mahsulotlari texnologiyasi, qoramolchilik va naslchilik yo‘nalishlarida yirik ilmiy tadqiqotlar olib borgan olimlardan biridir. 2006-yilda “Xususiy zootexniya. Chorvachilik mahsulotlarini ishlab chiqarish texnologiyasi” ixtisosligi bo‘yicha nomzodlik dissertatsiyasini himoya qilgan, 2012-yilda dotsentlik hamda 2025-yilda professorlik ilmiy unvoniga sazovor bo‘lgan. Bir qator milliy va xorijiy o‘quv dasturlari hamda loyihalar doirasida faol ishtirok etib, Hindiston (2011), Germaniya (2012), Isroil (2015), Qozog‘iston (2024) va Xitoy (2026) mamlakatlarining nufuzli universitetlarida malaka oshirib kelgan. Olimning ilmiy izlanishlari nazariy tadqiqotlar bilan cheklanib qolmay, amaliyotda ham o‘zining yuqori samaradorligini ko‘rsatgan. Xususan, u QX-I-QX-2018-124 raqamli “Chetdan keltirilgan qoramollar avlodlarining mahsuldorligini oshirish usulini joriy etish” innovatsion loyihasida katta ilmiy xodim sifatida faoliyat olib bordi. Tadqiqot natijasida xorijdan olib kelingan golshtin, simmental, shvits zotli qoramollarning mahsuldorligi, iqlim sharoitiga moslashish xususiyatlari va etologiyasini o’rganish tajribalari fermer xo‘jaliklarida o’rganilgan va amaliyotga tavsiya etilgan. Shuningdek, AL 524123061 raqamli “Qorabayir zotli otlarning yangi naslli guruhlarini yaratish” loyihasida ham faol ishtirok etgan. Ushbu loyiha doirasida qorabayir zotli otlarning elektron ma’lumotlar bazasi yaratilgan, naslchilik tizimi takomillashtirilgan hamda yangi naslli guruhlarni yaratish orqali iqtisodiy samaradorlikka erishilgan. Professor Sh.K. Amirov bugungi kunga qadar 200 dan ortiq ilmiy ishlar muallifi hisoblanadi. Jumladan: • 2 ta darslik; • 1 ta monografiya; • 5 ta o‘quv qo‘llanma; • 1 ta uslubiy qo‘llanma; • 2 ta uslubiy ko‘rsatma; • xalqaro va respublika ilmiy jurnallarida ko‘plab maqolalar chop ettirgan. Uning asosiy ilmiy va uslubiy ishlari “Qoramolchilik”, “Chorvachilik asoslari”, “Sutchilik ishi”, “Quyonchilik va mo‘ynachilik”, “Turli zotga mansub sigirlarning sut mahsuldorligi” kabi mavzularga bag’ishlangan. Sh.K. Amirov zamonaviy pedagogik texnologiyalarni ta’lim jarayoniga keng joriy etgan tajribali pedagog hisoblanadi. U “Aqliy hujum”, “BBB”, “Venn diagrammasi”, “Keys-stadi” metodlari orqali talabalarga interaktiv va samarali dars o‘tib kelmoqda. Uning pedagogik mahorati talabalar va hamkasblar tomonidan yuqori baholanadi. Professor Sh.K. Amirov rahbarligida 4 nafar qishloq xo‘jaligi fanlari bo‘yicha falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasi himoya qilingan. Bundan tashqari, 3 nafar magistr va yuzdan ortiq talabalarning bitiruv ishlari ilmiy rahbari bo‘lgan. U Innovatsion rivojlanish agentligining mustaqil ilmiy eksperti sifatida ham faoliyat yuritmoqda. Erishgan yutuqlari Sh.K.Amirovning faoliyati davomida chorvachilik sohasida ilm-fan rivojiga qo‘shgan munosib hissasi, salohiyati va erishgan natijalаrigа asoslangan holda 2023-yilda “O‘zbekiston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi fidoyisi” va 2025-yilda “O‘zbekiston Respublikasi chorvachilik fidokori” va 2026-yilda “Ilm-fan fidoyisi ” ko‘krak nishonlari bilan taqdirlangan. Shavkat Amirov o‘zining samarali ilmiy va pedagogik faoliyati bilan respublika miqyosida katta hurmat qozongan olimlardan biridir. U 2015-yilda Respublikada o‘tkazilgan “Oliy ta’lim muassasasining eng yaxshi pedagogi” tanlovining respublika bosqichida “Mutaxassisligi bo‘yicha eng yaxshi pedagog” nominatsiyasi g‘olibi bo‘lgan. Olimning Scopus va Web of Science bazalarida indekslanuvchi nufuzli jurnallarda ilmiy maqolalari chop etilgan. Bu esa uning ilmiy ishlari xalqaro miqyosda ham e’tirof etilayotganidan dalolat beradi. Sh.K. Amirov nafaqat ilmiy faoliyatda, balki jamoatchilik ishlarida ham faol ishtirok etib kelmoqda. U yoshlar ma’naviyati, sog‘lom turmush tarzi, jinoyatchilik va giyohvandlikka qarshi kurash, yoshlarni vatanparvarlik ruhida tarbiyalashga qaratilgan ko‘plab tadbirlarning tashabbuskori va faol tashkilotchisi hisoblanadi. Professor talaba-yoshlar bilan ishlash, mahallalarda ma’naviy-ma’rifiy tadbirlar o‘tkazish, sport musobaqalari va seminar-treninglar tashkil etishda ham faol qatnashib kelmoqda. “Bir ziyoli – bir mahallaga ma’naviy homiy” tamoyili asosida Zarafshon mahallasida yoshlar bilan samarali ishlari olib borgan. Sh.K. Amirovning hayot yo‘li fidoyilik, mehnatsevarlik va ilm-fanga sadoqat namunasi bo‘lib, u bugungi kunda ham o‘zining boy tajribasi, ilmiy salohiyati va insoniy fazilatlari bilan yosh avlodga ibrat bo‘lib xizmat qilmoqda.