Aramov Muzafar 1953-yil 17-avgustda Termiz tumani “Do‘stlik” shirkat xo‘jaligida ishchi oilasida tug‘ilgan. Millati o‘zbek, partiyasiz, ma’lumoti oliy. 1968-1973-yillarda Termiz Davlat pedagogika institutining ximiya va biologiya fakultetida tahsil olgan va ximiya va biologiya fanlari o‘qituvchisi mutaxassisligiga ega bo‘lgan. 1973-1976-yillarda Termiz tumanidagi 34-sonli o‘rta maktabda ximiya va biologiya fanlaridan dars bergan. 1977-1980-yillarda Sabzavot, poliz ekinlari va kartoshkachilik ilmiy-tadqiqot instituti qoshidagi aspiranturada tahsil olgan va 1980-yil “К вопросу селексии томата для механизированного возделывания и машинной уборки в Узбекистане” mavzusida nomzodlik dissertatsiyasini sobiq Butunittifoq sabzavot ekinlari seleksiyasi va urug‘chiligi ilmiy tadqiqot institutida (Moskva shahri) himoya qilgan. 1980-1981-yillarda Sabzavot, poliz ekinlari va kartoshkachilik ilmiy-tadqiqot institutida kichik ilmiy xodim, 1981–1993-yillarda sobiq Butunittifoq sabzavot ekinlari seleksiyasi va urug‘chiligi ilmiy tadqiqot instituti O‘rta Osiyo laboratoriyasida yetakchi ilmiy xodim, 1993-1996-yillarda “Ekolog” qo‘shma korxonasida yetakchi mutaxassis, 1996-yildan Sabzavot, poliz ekinlari va kartoshkachilik ilmiy-tadqiqot instituti Surxondaryo ilmiy tajriba stansiyasida rahbar lavozimida faoliyat ko‘rsatib kelgan. 2017-yildan TDAU Termiz filiali “Meva-sabzavotchilik, uzumchilik, issiqxona xo‘jaligi” kafedrasi mudiri lavozimida faoliyat ko‘rsatib kelmoqda. 1994-yilda “Эколого-генетические основы селексии томата на устойчивост к патогенам и адаптивную способност” mavzusida doktorlik dissertatsiyasini sobiq Butunittifoq o‘simlikshunoslik ilmiy tadqiqot instituti (Sankt-Peterburg shahri) qoshidagi ixtisoslashgan ilmiy kengashd himoya qilgan. Dissertatsiyada O‘zbekistonning quruq subtropik sharoitida sabzavot ekinlarining yuqori hosilli, kasallik va zararkunandalarga, xususan bo‘rtma nematodasiga chidamli nav va duragaylarini yaratishning nazariy va amaliy asoslari ishlab chiqilgan. O‘zbekiston janubi (Termiz tumani) qishloq xo‘jaligi ekinlarini bo‘rtma nematodasiga chidamliligini baholash uchun xalqaro poligon sifatida tavsiya etilgan. 1996-yildan u Xalqaro informatizatsiya akademiyasining haqiqiy a’zosi hisoblanadi. Faoliyatining asosiy yo‘nalishlari: sabzavot ekinlarining kasalliklarga chidamli, yuqori hosilli nav va duragaylarini yaratish; kam tarqalgan, noananaviy sabzavot ekinlarini introduksiya qilish; sabzavot ekinlari urug‘chiligining ilmiy asoslarini ishlab chiqish; sabzavot ekinlarining yetishtirish texnologiyasini takomillashtirish. Hozirgi paytgacha M.Aramov tomonidan 483 ta ilmiy maqolalar , 5 ta monografiya, 10 dan ko‘proq tavsiyalar, 4 ta darslik, 6 ta o‘quv qo‘llanmalari chop etilgan. U tomonidan 4 ta fan doktori va 20 ta fan nomzodlari tayyorlangan. Hozirda u 1 ta doktorantga, 3 ta tayanch doktorantga va 7 ta mustaqil tadqiqotchiga ilmiy rahbarlik qilib kelmoqda. Shogirdlari bilan hamkorlikda sabzavot ekinlarining 40 ta nav va duragaylari yaratilgan va O‘zbekiston Respublikasi hududida ekish uchun tavsiya etilgan qishloq xo‘jaligi ekinlari Davlat reestriga kiritilgan. To‘rtta yangi navlar Davlat nav sinovidan o‘tmoqda va bir qancha nav va liniyalar tanlov sinovi va seleksion bog‘chada o‘rganilmoqda. Sabzavot ekinlarining yangi 10 naviga Intellektual mulk markazi tomonidan patent berilgan. U rahbarligida QXA-10-039, QXA- 8-029-2015, QXI-024 amaliy va innovatsion loyihalari bajarilgan. U QX-A-QX-2018-130 “O‘zbekiston janubida sabzavot ekinlarining kasallik va zararkunandalarga chidamli, serhosil nav va duragaylarini yaratish va urug‘chilik texnologiyasini elementlarini ishlab chiqish” amaliy loyihasining rahbari sifatida faoliyat ko‘rsatib kelgan. Aramov Muzafar O‘zbekiston Respublikasi Oliy attestatsiya komissiyasining qarori bilan Termiz davlat muhandislik va agrotexnologiyalar universiteti qoshidagi ilmiy darajalar beruvchi PhD.03/2025.27/12/Qx.14/01 raqamli ilmiy kengash raisi va Sabzavot, poliz ekinlari va kartoshkachilik ilmiy tadqiqot instituti huzuridagi PhD.05/30.09.2022.Qx.152.01 ilmiy kengash a’zosi, Paxta seleksiyasi, urug‘chiligi va yetishtirish agrotexnologiyalari ilmiy tadqiqot institutidagi ilmiy darajalar beruvchi DSc.08/2025.27.12.Qx.01.02 ilmiy kengash qoshidagi ilmiy seminar a’zosi sifatida ham faoliyat ko‘rsatib kelmoqda. Aramov Muzafar oilali oila boshlig‘i, uch nafar farzandning otasi. Shuningdek Aramov Muzafar Termiz davlat muhandislik va agrotexnologiyalar universiteti professori va Sabzavot, poliz ekinlari va kartoshkachilik ilmiy-tadqiqot instituti Surxondaryo ilmiy tajriba stansiyasi direktor vazifasida hozirgi yoshlarga ta’lim berib, ularni ilmiy-tadqiqot ishlariga jalb qilib kelmoqda. U jamoatchilik va ilmiy faoliyati davrida qator faxriy yorliqlar va “O‘zbekiston Respublikasi konstitutsiyasining 25 yillik” ko‘krak nishoni va “O‘zbekiston Respublikasi qishloq xo‘jaligi fidoyisi” ko‘krak nishoni bilan taqdirlangan. Aramov Muzafar mehnat faoliyati davomida o‘zining yetuk olim, jonkuyar va mehribon ustoz, kamtarin, vijdonli, o‘z sohasining bilimdon mutaxassisi sifatida respublikamiz qishloq xo‘jaligi fani ravnaqi yo‘lida va yosh avlodni tarbiyalashda o‘z hissasini qo‘shib kelmoqda.