Olim

XUDAYQULOV XOL JUMAYEVICH

Pedagogika fanlari doktori, professor

   Azaldan, har bir insonning hayoti o‘zgacha bir tarix. Hayotning o‘ziga xos og‘ir, omadsiz, qayg‘uli kunlari bilan bir qatorda baxtli, shukuhli va o‘z xayotidan manmun damlari ham mavjuddir.Har qanday holatda ham o‘zini, yo‘lini yo‘qotmasdan faqat oldinga,  rivojlanish tomonga yura olgach, o‘z maqsad-muddaolariga yeta olgan insongina chin ma’nodagi jasoratli va baxtli insondir.Bunday kishilarning hayotiy tajribalaridan o‘rnak olish, o‘zi uchun kerakli xulosalar chiqarish har bir inson uchun muhim ahamiyatga ega bo‘lgan zarurat hisoblanadi. Hayotda shunday odamlar bo‘ladiki, o‘z mazmunli va ibratli umri, qoldirgan asarlari, qobil farzandlari, yaxshi nomi bilan oramizda, yangi-yangi avlodlar ichida mangu yashab qolaveradi.Hamma zamonlarning nurli, ziyoli, kamtarin va o‘rnak bo‘lgudik komil shaxs sifatida jamiyatning oldingi safida yuraveradi.Xalqimizning ana shunday kamsuqum, fidoyi, ayni paytda istiqbolni oldindan ko‘ra bilgan mo‘min-qobil farzandlaridan biri ushbu risola qahramoni Xol Jumayevich Xudayqulovdir.



    Xudayqulov Xol Jumayevich 1951-yil 3-oktabr kuni Surxondaryo viloyatining,  Boysun tumanidagi Pasurxi qishlog‘ida dehqon oilasida  dunyoga kelgan va uch yoshida Sho‘rchi tumanidagi “Komsomol 30 yillik” sovxozi (hozirgi Qumqo‘rg‘on tumanidagi “Hurriyat” mahallasi)ga ko‘chib kelishgan,  bolalik va butun hayotining yetuklik davri ana shu yerda o‘tadi. Otasi Xudayqulov Juma oddiy dehqon, onasi Ismoilova Xosiyat uy bekasi bo‘lgan. 1957 yil Pavlov nomidagi 42-maktabni 1-sinfiga o‘qishga borib, 1967 yil Alisher Navoiy nomidagi 34-o‘rta maktabni tugatgan. O‘sha yili, ya’ni 1967 yil Buxoro davlat pedagogika institutining “Boshlang‘ich ta’lim metodikasi” fakultetiga o‘qishga kirib, 1971 yil boshlang‘ich sinf o‘qituvchisi mutaxassisligi bo‘yicha bitirgan.



   Ish faoliyatini bosh pioner vojatiylikdan boshlab, keyinchalik boshlang‘ich sinf o‘qituvchisi, direktor o‘rinbosari lavozimlarida qariyb 20 yil faoliyat ko‘rsatish bilan birga kechki vaqtini Qumqo‘rg‘ondagi temir yo‘l vokzalida ham (qo‘shimcha tarzda) faoliyat olib bordi. Bu to‘qlikdan emas, nochorlikdan edi. Otadan erta yetim qolib, ona tarbiyasida bo‘lganligi, yetishmavchilikdan edi. Yaratganning inoyati va niyatning pokligi ila Xol Jumayevich Xudayqulov uyli-joyli, mashinali, mol-davlatli bo‘ldi. Shu o‘rinda rus yozuvchisi Nikolay Alekseyevich (1904-1936) ning “Hayot har bir kishiga ulkan va bebaho turfa in’om etadi. Bu kuch-quvvatga to‘la yoshlik, bilim va kurashga chaqqonlik, ishonch va orzu-umidga to‘la o‘spirinlikdir” deganda, qanchalik haqligini Xol Jumayevich Xudayqulov hayotida yaqqol ko‘rish mumkin. Darhaqiqat, hayotda xech narsa mashaqqatsiz, mehnatsiz qo‘lga kiritilmaydi. Shu bois inson faqat mehnat yordamida kamol topadi, bu hayot haqiqatidir. Xol Jumayevich Xudayqulov 27-maktabda o‘z obro‘si va salohiyatiga ega bo‘lgan, tumanda emas, balki Surxondaryo viloyatida uning ishlari ommalashtirilgan va  yil o‘qituvchisi sifatida tan olingan. Unga allaqachon O‘zbekiston xalq maorifi a’lochisi berilgan bo‘lib, O‘zbekiston o‘qituvchilar s’ezdi delegatligiga saylangan mahoratli o‘qituvchi sifatida viloyatda ko‘zga tashlangan edi.X. J. Xudayqulov 1987 yili T.N. Qori-Niyoziy nomidagi O‘zbekiston PFITIning sirtqi aspiranturasiga kirdi va ilmiy–tadqiqot ishini boshladi. U allaqachon Moskvadagi “Молодой учёный”, “Высшая школа”, “Наука и прикладной исследований” jurnalida bir nechta maqolasini chop ettirish bilan birga, yozgi mehnat ta’tillarda  X. J. Xudayqulov Moskvadagi “Xимка” kutubxonalarga borib faqat ijod bilan band bo‘ldi.



   Ko‘rsatilgan barcha jarayonlar tadqiqotchi tomonidan doimo yuqori darajada bajarilgan va ko‘plab ilmiy ishlari, OAK jurnallarida va xorijda chop etildi. Undan tashqari, ilmiy-uslubiy qo‘llanmalar chop etala  boshladi. Ilmiy raxbarlari I.T.Choriyev va sinfdosh-do‘sti Yu.G‘.Mahmudovlarning doimiy ilmiy maslahatlari tufayli Xol Xudayqulov muddatidan bir yil oldin ilmiy-tadqiqot ishini yakunladi. Yakunlangan ilmiy tadqiqot ishi ”Boshlangich sinf o‘quvchilarini ishtimoiy foydali mehnat orqali tarbiyalash” mavzusida nomzodlik ishini, 1991 yil 27 dekabrda Dushanba davlat pedagogika instituti qoshidagi K.065.02.01 maxsus ixtisoslashgan Ilmiy kengashida nomzodlik dissertatsiyasini himoya qildi. Shundan keyin tojikistonlik olimlar va instituti ma’muriyatining iltimosiga ko‘ra, Dushanba davlat pedagogika universitetida 10 yil mehnat qilib, oliygoh tajribalarini yaxshi o‘zlashtirdi. Natijada, Tojikiston xalq maorifi  a’lochisi bo‘ldi. Hozirgacha ular bilan ilmiy – ijodiy hamkorlik faoliyati davom etmoqda. Nemis publitsisti Avgust Bebel (1840-1913) “Inson tabiatida chuqur ildiz otgan ehtiyojlardan biri-ko‘ngil istagan ishni tanlash va rang-barang qilishga intilishi” deganidek,  X.J. Xudayqulov  o‘z yurti O‘zbekistonga qaytish lozimligini anglab yetib, Toshkentdagi oliygohlarda   ijodiy ishlarini davom ettira boshladi.



   U 2001-yil kelib, Toshkent  avtomobil yo‘llar institutidagi “Pedagogika va psixologiya” kafedrasida dotsent, 2003 yildan 2006 yilgacha  Toshkent davlat aviatsiya institutidagi “Ijtimoiy-gumanitar fanlar” kafedrasida dotsent, 2006 yilda 2013-yilgacha Toshkent temir yo‘l muhandislar institutidagi “Texnik ta’lim pedagogika” kafedrasida dotsent bo‘lib ishladi. 2008 yilda “Boshlang‘ich sinf o‘quvchilarini tarbiyalashda iqtisodga oid tushunchalarni shakllantirishning nazariy va amaliy asoslari” mavzusida doktorlik dissertatsiyasini himoya qildi.   2013 yildan boshlab Toshkent irrigatsiya va melioratsiya institutining “Pedagogika, Psixologiya va O‘qitish metodikasi” kafedrasida dotsent va professor  vazifasini bajaruvchi bo‘lib ishlagan. 2018 yildan to hozirgacha O‘zbekiston Milliy universitetidagi “Pedagogika va umumiy psixologiya” kafedrasida  professor vazifasini bajaruvchi  bo‘lib ishlab kelmoqda. 2018 yil 23 dekabrdan Turon Fanlar akademiyasi akademigi. Bugungacha 400 dan ortiq ilmiy ishlari xalqaro va respublika miqyosida chop etilgan. Xalq ta’limi sohasida, ta’lim-tarbiyani rivojlantirish bo‘yicha 10 dan ortiq  o‘quv-qo‘llanmasi, 10 ta monografiya, 20 ta uslubiy qo‘llanma, 130 tadan ortiq ilmiy-uslubiy maqolalari xorijiy  jurnallarda  va xalqaro anjuman materiallari va tezislarida chop etilgan. X.J.Xudayqulov Rossiyadagi “Molodoy uchyoniy”, “Visshaya shkola”, “Nauka i prikladnoy issledovaniy” jurnallarining tahriyat a’zosi hisoblanadi. X.J.Xudayqulov doimo xayriya ishlarida tashabbuskor bo‘lib, o‘z shogirdlari bilan bir necha bor 21, 22-mehribonlik uylarida va Yunusoboddagi qariyalar uyiga tashrif buyurib, ularga insonparvarlik va mehirbonlik yuzasidan ma’naviy–iqtisodiy ko‘maklar tashkil etish bilan birga, yoshlarni hamisha oqibatlik   bo‘lishga chaqiradi. Ayni paytda O‘zbekiston Milliy universiteti huzuridagi ilmiy darajalar beruvchi DSc.03/30.12.2019. Ss. 01.08. raqamli Ilmiy kengash a’zosi, 2020 yildan  to hozirgacha Termiz  davlat universiteti huzuridagi ilmiy darajalar beruvchi PhD.03/30.12.2019. Ped.78.03 raqamli  Ilmiy kengash a’zosi va Ilmiy seminar raisi hisoblanadi.



Oilali, 5 nafar farzandi va 10 dan ortiq  nevarasi bor. Rus yozuvchisi L. N. Tolstoy (1828-1910) “Odamni hech narsa mehnatchalik yuksaklikka ko‘tarmaydi” deganidek, X.J.Xudayqulov tinimsiz mehnati tufayli yuqorida keltirilgan muvaffaqiyatlarga erishdi. Darhaqiqat, mehnat insonni yuksaklikka ko‘taradi.  Har bir olim uchun o‘zi yaratgan ilmiy maktabi, shogirdlari qanchaligi, mehnat va ijtimoiy faoliyati masalaning bir tomoni hisoblansa, yana  uning uchun nihoyatda qadrli jihati, ya’ni o‘zining zamondoshlari va izdoshlari, safdoshlariga ko‘rsatgan, ijobiy ishlari bilan o‘rnak va ibrat bo‘la olganligi o‘ta muhim.